Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKINING BANK KOLLEJLARINI OLIY VA OʻRTA MAXSUS TAʼLIM VAZIRLIGINING OʻRTA MAXSUS, KASB-HUNAR TAʼLIMI MARKAZI IXTIYORIGA BERISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquv-metodik taʼminotini va ularni boshqarishni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi, Fargʻona, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahar hokimliklarining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga qarashli Toshkent bank hisob-kredit kollejini, Margʻilon va Termiz bank kollejlarini 2010-yil 1-yanvardan boshlab Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining tegishli hududiy boshqarmalari ixtiyoriga berish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Toshkent shahar, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining tegishli hududiy boshqarmalari ixtiyoriga berilayotgan bank kollejlarini belgilangan tartibda qabul qilish va ularning taʼsis hujjatlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritish yuzasidan 2010-yil 1-yanvargacha zarur tadbirlarni amalga oshirsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2010-yildan boshlab har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti loyihasini tuzishda Toshkent bank hisob-kredit kolleji, Margʻilon va Termiz bank kollejlari taʼminotiga zarur budjetdan ajratiladigan mablagʻlarni nazarda tutsin.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
4. Belgilab qoʻyilsinki:
berilayotgan kollejlarni moliyalashtirish, tegishli Fargʻona va Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahar mahalliy budjetlarida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi uchun nazarda tutilayotgan mablagʻlar doirasida, Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining tegishli hududiy boshqarmalari orqali amalga oshiriladi;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va uning hududiy boʻlinmalari, tijorat banklari koʻrsatib oʻtilgan bank kollejlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashda, oʻqituvchilarining tajriba orttirishini va oʻquvchilarining amaliyot oʻtashini tashkil etishda, shuningdek bitiruvchilarini ishga joylashtirishda koʻmaklashadilar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
idoraviy normativ hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S.Qosimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2009-yil 8-aprel,
101-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 15-son, 185-modda; 2016-y., 17-son, 176-modda)