Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida
Qishloq qiyofasini va qishloq aholisining uy-joy sharoitlarini sifatli yaxshilash, qishloq joylarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish, uy-joy qurilishini uzoq muddatli imtiyozli kreditlash tizimini keng joriy etish maqsadida hamda tasdiqlangan “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” Davlat dasturiga muvofiq:
1. “Gʻalla-bank” aksiyadorlik tijorat banki aksiyadorlari qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Markaziy bankining:
“Gʻalla-bank” aksiyadorlik tijorat banki negizida “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisidagi;
“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik-tijorat banki ustav kapitalini 150 mlrd. soʻm miqdorida shakllantirish, ulushlarni uning aksiyadorlari orasida ilovaga* muvofiq taqsimlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Belgilansinki, “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklida tashkil etiladi hamda mulkiy, moliyaviy va boshqa majburiyatlar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlarini saqlash hamda oʻz vaqtida qaytarishni kafolatlovchi talablar boʻyicha “Gʻalla-bank” aksiyadorlik tijorat bankining huquqiy vorisi hisoblanadi.
2. “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
uy-joy-kommunal, ijtimoiy soha va qishloq aholi punktlarini obodonlashtirish borasidagi ehtiyojlarni amalga oshirishda aholi hamda yuridik shaxslarga kredit berish va bank xizmati koʻrsatish;
qishloq joylarda tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha uy-joylar, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma obyektlarini qurish hamda taʼmirlashni amalga oshiradigan ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarga kredit berish va lizing xizmatlarini koʻrsatish;
yangi, zamonaviy qurilish materiallari va konstruksiyalari ishlab chiqaradigan, tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha qishloqda obyektlar qurishning industrial va yigʻma texnologiyalarini joriy etadigan barcha mulkchilik shaklidagi korxonalarga kredit berish va kompleks tarzda bank xizmatlarini koʻrsatish;
qishloq qiyofasini sifatli yaxshilashni, qishloq joylarda muhandislik hamda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish va takomillashtirishni, jumladan, yoʻllar, energiya va suv taʼminoti tizimlari, qishloq vrachlik punktlari, maktablar, bolalar sporti obyektlarini rekonstruksiya qilish, qishloq aholi punktlarini transport kommunikatsiyalari, ichimlik suvi, xizmat koʻrsatish va servis sohasi obyektlari, telekommunikatsiya tarmoqlari bilan taʼminlashni nazarda tutgan holda investitsiya faoliyatini olib borish, shuningdek loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni moliyalashtirish;
universal tijorat banki sifatida yuridik va jismoniy shaxslarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi boshqa kompleks bank xizmatlarini koʻrsatish.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankining resurs bazasini quyidagilar hisobidan qoʻshimcha shakllantirish manbalari borasidagi takliflari qabul qilinsin:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining yillik 3 foizli foiz stavkasi boʻyicha va 2010-yilda Maktab taʼlimini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratmalar hisobidan 5 yil imtiyozli davr bilan 170,0 mlrd. soʻmgacha miqdorda kamida 15 yil muddatga beriladigan maqsadli kredit liniyasi;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy moliya-kredit tuzilmalarining maqsadli, uzoq muddatga moʻljallangan imtiyozli kreditlari, investitsiyalari hamda grantlari;
“Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan qoʻshimcha chiqariladigan aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarni yuridik va jismoniy shaxslarga sotishdan tushadigan mablagʻlar.
4. Belgilansinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan, shu jumladan “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankining ustav kapitalini shakllantirish uchun ajratiladigan mablagʻlar tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishini moliyalashtirishga maqsadli tarzda yoʻnaltiriladi;
jismoniy shaxslarga namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi 50 foizi miqdoridagi foiz stavkasi bilan eng kam ish haqining 1000 barobarigacha miqdorda 15 yil muddatgacha kreditlar beriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
loyihalarni bank tomonidan bozor shartlari asosida jalb etilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish hamda boshqa bank xizmatlarini koʻrsatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tijorat asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda bankning resurs bazasini mustahkamlash uchun xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy moliya-kredit tuzilmalarining imtiyozli kreditlari, investitsiyalari hamda grantlarini jalb etishda “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat bankiga koʻmak bersin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki foyda va mulk soligʻi, shuningdek olib kelinadigan bank jihozlari va texnikasi uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) 2012-yilning 1-yanvarigacha ozod etilsin, boʻshaydigan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining bank ustav kapitalidagi ulushini koʻpaytirishga maqsadli tarzda yoʻnaltirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
oʻn kun muddatda “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki Kengashining shaxsiy tarkibini va filial shoxobchalari joylashuvini tasdiqlasin;
bir oy muddatda tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishini kreditlash tartibini tasdiqlasin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
9. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 30-mart,
1083-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2009-y., 14-son, 154-modda; 2011-y., 52-son, 561-modda; 2012-y., 5-son, 41-modda; 2013-y., 47-son, 615-modda; 2015-y., 1-son, 1-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.07.2018-y., 07/18/3863/1544-son; 04.09.2019-y., 07/19/4435/3682-son, 29.11.2019-y., 09/19/5886/4133-son; 14.12.2019-y., 06/19/5894/4161-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)