Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
Qarori
“QOʻNGʻIROT KOMPRESSOR STANSIYASIDA GAZNI QURITISh QURILMASINI QURISh” INVESTITSIYa LOYIHASINI AMALGA OShIRIShNI JADALLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Singapur Respublikasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 13-fevraldagi PQ-581-son qarorini bajarish yuzasidan, shuningdek eksportga sotilayotgan tabiiy gazning sifatini xalqaro talablargacha yetkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Singapurga 2007-yil yanvar oyidagi Davlat tashrifi davomida erishilgan ahdlashuvlar doirasida “Oʻzbekneftgaz” MXK tomonidan Singapurning “CW Singapore” kompaniyasi bilan birgalikda yiliga 13 mlrd. kub metr gazni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan, 2008-yilning IV choragida foydalanishga topshiriladigan “Qoʻngʻirot kompressor stansiyasida gazni quritish qurilmasini qurish” investitsiya loyihasini (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi) amalga oshirish boshlanganligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 25 mln. AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari, shuningdek “Oʻzbekneftgaz” MXKning oʻz mablagʻlari koʻrsatib oʻtilgan investitsiya loyihasini moliyalashtirish manbalari etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
“Oʻztransgaz” aksiyadorlik kompaniyasi — obyekt qurilishi boʻyicha buyurtmachi etib;
“Oʻzneftgazqurilishinvest” aksiyadorlik kompaniyasi — obyekt qurilishi boʻyicha bosh pudratchi etib;
“OʻzLITIneftgaz” instituti OAJ — texnologiya asbob-uskunalari yetkazib berish boʻyicha pudratchi sifatida “CW Singapore” kompaniyasini jalb qilgan hamda loyihaning TIAni “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” instituti bilan belgilangan tartibda kelishgan holda — loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha bosh loyihalashtiruvchi etib belgilansin.
3. Obyektning strategik ahamiyatini, moliyalashtirish manbalari va ishlarni bajaruvchilar mavjudligini hisobga olgan holda “Oʻzbekneftgaz” MXKning DTIA ishlab chiqmasdan loyihaning TIAni ishlab chiqish va tasdiqlash uchun kiritish haqidagi taklifiga istisno tariqasida rozilik berilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki “Qoʻngʻirot kompressor stansiyasida gazni quritish qurilmasini qurish” investitsiya loyihasining TIAni bir hafta muddatda koʻrib chiqsinlar va belgilangan tartibda ekspert xulosasi bersinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R.Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 1-aprel,
58-son