Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING 2009 YILGI DAVLAT BUDJETI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan taqdim etilib, muhokama qilish mobaynida Qonunchilik palatasi deputatlarining fikr-mulohazalari va takliflari hisobga olingan holda maromiga yetkazilgan Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi Davlat budjeti loyihasini koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yilgi Davlat budjeti hamda soliq va budjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori darajasi yalpi ichki mahsulot hajmiga nisbatan 1,0 foiz miqdorida belgilangan holda qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati:
makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotning izchil va mutanosib oʻsish surʼatlarini, inflatsiya darajasining belgilangan eng yuqori darajadan oshmasligini taʼminlasin, toʻgʻridan toʻgʻrichet el investitsiyalarini jalb etish hisobiga iqtisodiyotdagi tarkibiy oʻzgarishlarni, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish va yangilashni ragʻbatlantirishga doir chora-tadbirlarni davom ettirsin;
korxonalarga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka soliq yukini kamaytirish va soliq maʼmuriyatchiligini yanada soddalashtirishga doir ishlarni davom ettirsin, shuningdek yangi ish oʻrinlarini yaratishga eʼtibor qaratsin;
davlat budjeti xarajatlarini ustuvor tarzda ijtimoiy sohaga va aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirsin;
budjet xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish tamoyilini saqlab qolsin;
taʼlimni, sogʻliqni saqlashni va ilm-fanni isloh qilishga doir Davlat dasturi doirasida qabul qilingan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini taʼminlasin;
iqtisodiyotni, ayniqsa qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilangan budjet parametrlari doirasida moliyalashtirishga doir barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
budjet mablagʻlaridan samarali va maqsadli foydalanilishini taʼminlash maqsadida davlat budjeti ijrosining gʻaznachilik tizimini joriy etishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishini jadallashtirsin;
Davlat budjetining taqchilligi noinflatsiyaviy manbalar hisobiga moliyalashtirilishini nazarda tutsin.
3. Mahalliy davlat hokimiyati organlari budjet daromadlarining tasdiqlangan koʻrsatkichlari bajarilishini taʼminlasin, mintaqalarning soliq solinadigan bazasini kengaytirish va moliyaviy salohiyatini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin, budjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatsin.
4. Ushbu Qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuborilsin.
5. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri D. TOShMUHAMEDOVA
Toshkent sh.,
2008-yil 11-noyabr,
895-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2008-y., 11-son, 572-modda)