O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
O‘ZINI O‘ZI O‘LDIRISH DARAJASIGA YETKAZISH JINOYAT ISHLARI BO‘YICHA SUD AMALIYOTI TO‘G‘RISIDA
Shaxslarni o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish jinoyat ishlari to‘g‘risidagi qonunlar sudlar tomonidan asosan to‘g‘ri qo‘llanilmoqda. Shu bilan birgalikda ushbu jinoyatlarning sodir etilishiga ko‘maklashuvchi sabablar va shart-sharoitlar har doim ham chuqur va atroflicha aniqlanmaydi, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish to‘g‘risida jamoatchilik xabardor qilinmaydi. Oqibatda jinoyatlarning oldini olish uchun zaruriy choralar ko‘rilmasdan qolinmoqda.
Sud amaliyotida aybdorlarning harakatlarini noto‘g‘ri tavsiflash, dalillarga yuzaki baho berish hollari uchramoqda.
Kelgusida ana shunday kamchiliklarga barham berish, har bir aniq ishga protsessual va moddiy qonun me’yorlarini to‘g‘ri tatbiq qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish va o‘zini o‘zi o‘ldirishga undashga oid har bir jinoyat ishini ko‘rishda sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirish to‘g‘risidagi qonun talabiga rioya qilish zarur.
(1-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
2. Shakl va mazmuni bo‘yicha qonuniy bo‘lgan harakatlar natijasida o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki unga suiqasd qilish sodir etilgan taqdirda, bu harakatlarni sodir etgan shaxsga nisbatan JKning 103-moddasi tatbiq etilmasligi sudlarga tushuntirilsin.
Bu o‘rinda oddiy haqoratlash, shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish bo‘yicha yagona bir arzimas gaplar bu xil harakatlarning muttasil (bir necha bor) sodir etilishini talab qiluvchi JKning 103-moddasida ko‘zda tutilgan jinoyat tarkibini tashkil etmaydi va bunday hollarda javobgarlik shaxsga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni taqozo qiluvchi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bo‘yicha kelib chiqadi.
3. Rahmsiz muomala deganda, jabrlanuvchiga nisbatan qo‘pol va ayovsiz munosabatda bo‘lib, unga jismoniy yoki ruhiy azob yetkazish (masalan, muttasil kaltaklash, oziq-ovqatdan, suvdan va boshqalardan mahrum etish) hollarini tushunish lozim.
Shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda tahqirlash deganda, jabrlanuvchining sha’ni va g‘ururini bir necha marta tahqirlashni (masalan, tuhmat qilish, haqoratlash, ta’qib etish va hokazolarni) tushunish kerak.
4. Sudlanganlarning harakatini Jinoyat kodeksi 103-moddasining tegishli qismlari bo‘yicha to‘g‘ri tavsiflash zarurligi sudlarga uqtirilsin, chunki ushbu moddaning 2-qismi jabrlanuvchining moddiy tomondan yoki boshqa jihatlardan aybdorga qaramligining mavjudligini talab qiladi, bu esa ushbu shaxslar o‘rtasida haqiqatan ro‘y bergan va mavjud bo‘lgan munosabatlarga baho bergan holda aniqlanishi lozim.
Moddiy qaramlik deganda jabrlanuvchining aybdordan qonun bilan belgilangan moddiy yordam (pul, oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar va hokazolar) olib kelganligini yoki uning bevosita qaramog‘ida bo‘lganligi holatlari tushunilishi lozim.
Boshqacha qaramlik deganda, xizmat yoki boshqacha qaramlikni (masalan, boshliqqa, o‘qituvchiga, rahbarga, qarindoshlarga, vasiylik va tarbiyalashni amalga oshirish va boshqalar bilan bog‘liq qaramlikni) tushunish zarur.
Oldingi tahrirga qarang.
41. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qo‘rqitish, rahmsiz munosabatda bo‘lish yoki shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini muttasil ravishda kamsitish yo‘li bilan sodir etiladigan o‘zini o‘zi o‘ldirish yoki o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilishdan farqli ravishda o‘zini o‘zi o‘ldirishga undashda (JK 103-1-moddasi) aybdor ko‘ndirish, aldash yoki insonning erkini sindiruvchi boshqa yo‘l bilan (masalan, tushkunlikka soluvchi g‘oyaviy tashviqot orqali) qasddan boshqa shaxsda o‘zini o‘zi o‘ldirishga nisbatan qat’iyatni qo‘zg‘atadi.
(41-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
5. Sudlarga tushuntirilsinki, agar o‘zini o‘zi o‘ldirish va shu darajaga yetkazish aybdor tomonidan jabrlanuvchiga nisbatan boshqa og‘irroq jinoyat sodir etilganligi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, lekin ushbu jinoyat tarkibi bunday harakatlarni qamrab olmasa, o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazishdagi aybdorning harakatlari qo‘shimcha tavsiflashni talab qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
6. Subyektiv tomondan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish egri qasd yoki oqibatiga nisbatan ehtiyotsizlik bilan, o‘zini o‘zi o‘ldirishga undash esa, qasddan sodir etiladi.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
7. JK 103-moddasida nazarda tutilgan jinoyat sodir etilishi oqibatida qandaydir sabablarga ko‘ra inson o‘limi kelib chiqmagan hollarda aybdorning harakatini JK 25-moddasi bilan qo‘shimcha kvalifikatsiya qilish talab etilmaydi, chunki JK 103-moddasi nafaqat o‘zini o‘zi o‘ldirish, balki, o‘zini o‘zi o‘ldirishga suiqasd qilish darajasiga yetkazish uchun ham javobgarlikni nazarda tutadi.
JK 103-1-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxsga nisbatan ham JK 25-moddasini qo‘llash talab etilmaydi, chunki mazkur jinoyat shaxs o‘zini o‘zi o‘ldirishga undalgan paytdan boshlab tugallangan hisoblanadi.
(7-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017-yil 29-noyabrdagi 46-sonli qarori tahririda)
8. Sudlar dastlabki tergov hujjatlariga talabni kuchaytirsinlar, xususiy ajrimlar chiqarish yo‘li bilan ushbu jinoyatlarning kelib chiqishiga ko‘maklashgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rsinlar.
9. Ushbu qarorning qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1965-yil 29-iyundagi “O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 29-son qarori 1983-yil 12-dekabrda kiritilgan o‘zgartirishlar bilan o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
1998-yil 11-sentabr,
20-son