Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“ELEKTRON HISOBLASh MAShINALARI UChUN YaRATILGAN DASTURLAR VA MAʼLUMOTLAR BAZALARINING HUQUQIY HIMOYaSI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran amalga kiritilsin.
2. “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va maʼlumotlar bazalari yaratish hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan, mazkur Qonun amalga kiritilganidan keyin yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Belgilab qoʻyilsinki, 1996-yil 1-yanvarga qadar Oʻzbekiston Respublikasi hududida ushbu Qonun amalga kiritilishidan ilgari bosib chiqarilgan (eʼlon qilingan) elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalaridan ilmiy-tadqiqot, oʻquv-maʼrifiy hamda shaxsiy maqsadlarda foyda (daromad) orttirmagan tarzda muallifning (huquqiy egasining) roziligisiz va unga haq toʻlamay fodalanishga yoʻl qoʻyiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddat ichida:
Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirish toʻgʻrisidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga kiritsin;
Hukumatning qarorlarini “Elektron hisoblash mashinalari uchun yaratilgan dasturlar va maʼlumotlar bazalarining huquqiy himoyasi toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirsin, vazirlik, davlat qoʻmitalari va idoralar oʻzlarining mazkur Qonunga zid normativ hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Raisi vazifasini bajaruvchi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1994-yil 6-may,
1061-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 137-modda)