Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
SAVDO SOHASIDAGI JINOYATLAR VA BOSHQA HUQUQBUZARLIKLAR TOʻGʻRISIDAGI ISHLAR BOʻYICHA SUD AMALIYOTI HAQIDA
Mamlakatimizda madaniyatli bozor munosabatlarini rivojlantirishga suiisteʼmolliklar, monopoliyaga qarshi qonunlarni buzish, nohaq yigʻimlar olish va tovlamachilik faktlari, shuningdek savdo sohasida yoʻl qoʻyilayotgan boshqa qonunga xilof harakatlar jiddiy toʻsiq boʻlmoqda, bu esa iqtisodiyotga, fuqarolarning huquq va manfaatlariga katta zarar yetkazmoqda.
Savdo qoidalarini, monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi ayrim jinoyat va maʼmuriy huquq normalarini izohlashda bir xilda yondoshish mavjud emas. Tergov amaliyotida, soliq organlari faoliyatida koʻrsatilgan qonunlarni notoʻgʻri tatbiq etish hollari koʻplab uchramoqda.
Sud amaliyotida tovlamachilarga (reketchilarga) va tovarlarni bozorga erkin kirib kelishiga toʻsqinlik qilayotgan boshqa shaxslarga, nohaq yigʻimlar olish, talon-toroj va boshqa suiisteʼmolliklar bilan shugʻullanayotgan bozor maʼmuriyati vakillariga nisbatan asossiz ravishda yengil jinoiy jazo choralarini tayinlash, jinoyatlarni notoʻgʻri kvalifikatsiya qilish hollariga yoʻl qoʻyilmoqda. Koʻpincha savdo qoidalarining buzilishiga imkon bergan sabablar va sharoitlar aniqlanmaydi, bu turkumdagi ishlar boʻyicha sud protsesslari keng ommalashtirilmaydi.
Qonunchilikni mustahkamlash, qonunlarni toʻgʻri va bir xilda tatbiq etish, fuqarolarning huquq va manfaatlari himoyasini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Plenumi qaror qiladi:
1. Savdo sohasidagi huquqbuzarliklar jamiyat uchun katta ijtimoiy xavf tugʻdirishini nazarga olib, sudlar, tergov va soliq organlarining eʼtibori bunday harakatlar uchun javobgarlik va jazoning muqarrarligi prinsipiga qatʼiy rioya etishlari zarurligiga qaratilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Tovlamachilarga, talon-toroj, fuqarolardan nohaq yigʻimlar olish, xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilish bilan shugʻullanuvchi bozor maʼmuriyatining mansabdor shaxslariga, savdo qoidalarini buzuvchi, oʻta yuqori narxlarni sunʼiy ravishda saqlab turuvchi, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozorlardan siqib chiqaruvchi olib sotarlarga nisbatan qattiq jazolarni qoʻllash taʼminlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Sudlarga tushuntirilsinki, shaxslarning tovarlarni bozorga erkin kirib kelishiga toʻsqinlik qilishga, ularning tanqisligini vujudga keltirish maqsadida tovarlarni muomaladan olishga qaratilgan harakatlari va erkin bozor raqobatiga gʻov boʻladigan boshqa gʻayriqonuniy harakatlar Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyuldagi “Monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisida”gi Qonunini buzish deb baholanmogʻi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 178-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
Monopoliyaga qarshi faoliyat olib borish vakolati berilgan organga axborotlar bermagan, shuningdek, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlarni bila turib taqdim etgan, mazkur organning qonun-qoidalarni buzishni toʻxtatish, dastlabki holatni tiklash, shartnomalarni bekor qilish yoki oʻzgartirish toʻgʻrisidagi yoxud boshqa qonuniy koʻrsatmalarni bajarishdan boʻyin tovlagan yoki oʻz vaqtida bajarmagan shaxslar ham ushbu modda boʻyicha javobgarlikka tortilmogʻi kerak.
Jinoyat kodeksining 183-moddasi boʻyicha jinoiy javobgarlikka maʼmuriy tartibda javobgarlikka tortilganidan keyin bir yil mobaynida monopoliyaga qarshi qonunlarni takroran buzgan shaxslar tortilishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Qanday boʻlmasin mulkiy manfaatdor boʻlish maqsadida tovarlarni bozorga erkin kirib kelishiga har qanday yoʻsinda toʻsqinlik qilish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozordan siqib chiqarish, oʻta yuqori narxlarni sunʼiy ravishda saqlab turish toʻgʻrisida talab qoʻyish va tovar egasiga, bozor maʼmuriyati yoki oʻzga shaxslarga nisbatan zoʻrlik ishlatish, ularni zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish, mulkiga shikast yetkazish yoki mulkini nobud qilish bilan bogʻliq boshqa harakatlar tovlamachilik (reket) tariqasida Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim. Tovlamachilik mulkiy manfaatdor boʻlish maqsadida talab qoʻyishda yoxud tovlamachi foydasiga mulkiy xarakterdagi harakatlarni sodir etishda (tovarni past narxda yoxud tekinga berishda, tovarni zoʻrlik ishlatib olib qoʻyishda va sh.oʻ.) ifodalanishi mumkin. Tovlamachilik uchun jinoiy javobgarlikka tortishga, aybdorning zoʻrlik ishlatish toʻgʻrisidagi tahdidini amalga oshirgan boʻlishi shart boʻlmay, bunday talab qoʻyilishining oʻzi yetarlidir.
4. Savdo yoki vositachilik faoliyatini roʻyxatdan oʻtkazishdan boʻyin tovlagan, nazorat qilinmaydigan foyda olish maqsadida tovarlarni olgan va qayta sotgan holda amalga oshirish Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 176-moddasining 2-qismi, xuddi shunday huquqbuzarlikni ancha miqdorda sodir etish esa 176-moddaning 3-qismi boʻyicha maʼmuriy javobgarlikni yuzaga keltiradi. Maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin oʻshanday harakatlarni ancha miqdorda sodir etish Jinoyat kodeksi 188-moddasining 1-qismi boʻyicha jinoiy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxslar va fuqarolarga tovarlarni yoki boshqa ashyolarni olishda yoki sotishda, tomonlar oʻrtasida bitimlar tuzishda, shuningdek, boshqa vositachilik harakatlarini amalga oshirishda koʻmaklashuvchi shaxslarning roʻyxatdan oʻtishdan boʻyin tovlagan xolda sodir etadigan harakatlari ham Jinoyat kodeksining mazkur moddasi bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.
Bunday qayd etilgan harakatlar xavfli retsidivist, bir guruh shaxslar tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab yoxud koʻp yoki juda koʻp miqdorda nazorat qilinmaydigan foyda olish maqsadida sodir etilgan boʻlsa, bu harakatlar uchun Jinoyat kodeksi 188-moddasining 2 va 3-qismlarida kuchaytirilgan jinoiy javobgarlik nazarda tutilganligini eʼtiborga olmoq lozim. Bunday hollarda qonun aybdorni dastlab maʼmuriy javobgarlikka tortishni koʻzda tutmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Tushuntirilsinki, amaldagi qonunlarga muvofiq savdo faoliyatining ayrim turlari bilan shugʻullanish uchun maxsus ruxsatnoma (litsenziya) talab qilinadi. Bunday ruxsatnomaning yoʻqligi, aybdor muqaddam shunday harakatlar uchun bir yil mobaynida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 176-moddasi bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlsa, Jinoyat kodeksining 190-moddasi boʻyicha javobgarlikni yuzaga keltiradi.
Agar bunda aybdorning savdo faoliyatini faqat ruxsatnoma (litsenziya)siz amalga oshiribgina qolmay, balki roʻyxatdan oʻtishdan ham boʻyin tovlaganligi aniqlansa, uning harakatlari Jinoyat kodeksining 188 va 190-moddalari majmui bilan kvalifikatsiya qilinmogʻi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Jinoyat kodeksining 189-moddasi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 164 va 168-moddalarida javobgarlik nazarda tutilgan savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish deganda savdo va xizmat koʻrsatish sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining buzilishi tushunilmogʻi lozim.
Bunda sud aybdor tomonidan aynan qaysi savdo qoidasi buzilganligini koʻrsatishi shart.
7. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 174-moddasida javobgarlik nazarda tutilgan soliqlar yoki boshqa toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash deganda foyda (daromad)ni yoki soliq toʻlanadigan boshqa obyektlarni yashirish, kamaytirib koʻrsatish, shuningdek, davlat tomonidan belgilangan soliqlarni, yigʻimlarni, boj yoki boshqa toʻlovlarni toʻlashdan oʻzgacha boʻyin tovlash tushunilmogʻi lozim. Xuddi shunday harakatlar ancha miqdorda sodir etilganda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 174-moddasining 2-qismi boʻyicha javobgarlik yuzaga keladi.
Xuddi shunday harakatlar maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin ancha miqdorda sodir etilganda Jinoyat kodeksi 184-moddasining 1-qismi boʻyicha jinoiy javobgarlik yuzaga keladi.
Soliqlar, yigʻimlar, bojlar va boshqa majburiy toʻlovlarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan.
Bunda amaldagi qonunlarga muvofiq fuqarolarning shaxsiy yordamchi xoʻjaliklari mahsulotlarini sotishdan tushgan daromadlari soliqqa tortilmasligini eʼtiborga olish lozim. Fuqarolarning shaxsiy yordamchi xoʻjaligi mavjudligi mahalliy hokimiyat organining maʼlumotnomasi bilan tasdiqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Haq olish evaziga tovarlarni yoki mahsulot ishlab chiqaruvchilarni bozorga erkin kirib kelishiga toʻsqinlik qiluvchi, oʻta yuqori narxlarni sunʼiy ravishda saqlab turuvchi bozor maʼmuriyatining mansabdor shaxslari hamda oʻz faoliyatini savdo sohasida amalga oshiruvchi boshqa mansabdor shaxslar Jinoyat kodeksining 210-moddasi boʻyicha poraxoʻrlik uchun javobgarlikka tortilishi lozim.
Qayd etilgan harakatlar haq olish bilan bogʻliq boʻlmay, fuqarolarning huquqlari va manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazgan boʻlsa, ularni ish holatlariga qarab Jinoyat kodeksining 205-moddasi bilan mansab vakolatini suiisteʼmol qilish tariqasida yoki Jinoyat kodeksining 206-moddasi bilan hokimiyat yoki mansab vakolatidan chetga chiqish tariqasida kvalifikatsiya qilish lozim.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlardan bir martalik yoki boshqa yigʻimlar uchun belgilangan miqdordan ortiq pul mablagʻlarini berishni talab qilgan bozor maʼmuriyatining mansabdor shaxs hisoblanmaydigan xodimlari tovlamachilik yoʻli bilan haq berishni talab qilganlik uchun Jinoyat kodeksining 214-moddasi bilan javobgarlikka tortilishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Tushuntirilsinki, xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan metrologiya, sertifikatlashtirish, mahsulot belgisi egasining huquqlarini buzish tegishli ravishda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 213, 214 va 177-moddalari boʻyicha maʼmuriy javobgarlikni yuzaga keltiradi.
10. Savdo sohasidagi huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi maʼmuriy ishlarni koʻrishda sudlar soliq organlari va ichki ishlar organlaridan aybdor xuddi shunday huquqbuzarlik uchun muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligi haqida maʼlumotlar taqdim etishni talab qilishlari shart.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 44-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasining 1995-yil 30-avgustdagi “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, har bir fuqaro soliq organlari yoki har qanday boshqa mansabdor shaxsning harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda fuqaro mulkiy yoki boshqacha ziyonni undirishni talab qilsa, sud bu talablarni umumdaʼvo tartibida koʻrishi shart.
12. Sudlar savdo sohasidagi jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni toʻgʻri va tezkorlik bilan koʻrilishini taʼminlashlari, eng dolzarb ishlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish choralarini koʻrishlari shart.
13. Sudlarning eʼtibori ushbu turkumdagi jinoyat va maʼmuriy ishlarni koʻrishda tergov va soliq organlarining jinoyatni har taraflama va xolisona tergov qilish, unga aloqador boʻlgan barcha shaxslarni aniqlash va javobgarlikka tortish, maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi materiallarni toʻliq boʻlishligi toʻgʻrisidagi protsessual qonun normalariga ogʻishmay amal qilishlari ustidan talabchanlikni kuchaytirish zarurligiga qaratilsin. Fuqarolarning asossiz ravishda maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishi, ularga tegishli mulklarni qonunsiz ravishda olib qoʻyilishi hollariga jiddiy munosabat bildirilsin. Har bir qonun buzilishi, jinoyatda qatnashgan barcha shaxslarni javobgarlikka tortilmaganligi fakti boʻyicha mansabdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masala hal etilsin, savdo sohasidagi huquqbuzarliklarga imkon bergan sabab va sharoitlar sinchiklab oʻrganilsin, xususiy ajrim chiqarish yoʻli bilan ularni bartaraf etish choralari koʻrilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Qoraqalpogʻiston Respublikasi jinoyat ishlari boʻyicha Oliy sudi, jinoyat ishlari boʻyicha viloyat, Toshkent shahar sudlarining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining raislari ushbu turkumdagi ishlar boʻyicha qonunlarni toʻgʻri va bir xilda tatbiq etilishini taʼminlasinlar, doimiy ravishda sud amaliyotini umumlashtirib borsinlar, undagi kamchiliklarni bartaraf etish choralarini koʻrsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
1996-yil 15-mart,
9-son