Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
IQTISODIYOT REAL SEKTORI KORXONALARINING MOLIYAVIY BARQARORLIGINI YaNADA OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Iqtisodiyot real sektori korxonalarining kapitallashuv darajasini yanada oshirish va moliyaviy barqarorligini mustahkamlash, iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash jarayoniga investitsiyalarni, shu jumladan, tijorat banklarining mablagʻlarini keng jalb etish maqsadida:
1. Quyidagilar belgilansin:
2009-yilning 1-yanvaridan boshlab yangi tashkil etiladigan ochiq va yopiq aksiyadorlik jamiyatlari uchun ustav jamgʻarmasining eng kam miqdori jamiyat davlat tomonidan roʻyxatga olingan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha ekvivalenti 400,0 ming AQSh dollariga teng summani tashkil etadi;
Keyingi tahrirga qarang.
faoliyat yuritayotgan ochiq va yopiq aksiyadorlik jamiyatlari 2010-yilning 1-yanvarigacha oʻzlarining ustav jamgʻarmalari miqdorini ular qayta roʻyxatga olingan sanada Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining kursi boʻyicha ekvivalenti kamida 400 ming AQSh dollariga teng summaga yetkazishlari yoki xususiy mulkchilik shakliga oʻtishni taʼminlashlari shart.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda oʻzlarining ustav jamgʻarmalarini mazkur Farmonda belgilangan miqdorgacha koʻpaytira olmaydigan aksiyadorlik jamiyatlari oʻrtasida ularni boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarda qaytadan tashkil etish boʻyicha keng tushuntirish ishlarini olib borsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston Banklar uyushmasining iqtisodiy nochor korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish mexanizmini takomillashtirish toʻgʻrisida quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflari qabul qilinsin:
bankrot deb eʼlon qilingan ishlab chiqarish korxonalarini auksion va tanlov savdolarida tijorat banklariga mulk sifatida sotish;
Keyingi tahrirga qarang.
banklar tomonidan bankrot korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish va qayta tiklash, ularni texnik va texnologik jihatdan modernizatsiyalash hamda qaytadan jihozlashni taʼminlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha investitsiya majburiyatlarini qabul qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
keyinchalik korxonalarni strategik investorlarga bozor qiymatida sotish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 14-fevraldagi PF-4602-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 8-son, 80-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish boʻyicha Respublika komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari hamda vakolatlari etib belgilansin:
auksion va tanlov savdolarida tijorat banklariga sotilishi lozim boʻlgan bankrot korxonalar roʻyxatini aniqlash;
banklar tomonidan korxonani qayta tiklash, modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etishni taʼminlash majburiyatini qabul qilish sharti bilan tijorat banklariga bankrot korxonalarni sotish boʻyicha auksion hamda tanlov savdolarining shartlari va natijalarini tasdiqlash;
bankrot korxonalarni tijorat banklariga sotish boʻyicha auksion savdolari oʻtkazilishini tashkil etish, tanlov savdolarida bankrot korxonalarni tijorat banklariga sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
tijorat banklari tomonidan qabul qilingan investitsiya majburiyatlari bajarilishi, ushbu korxonalarning moliyaviy faoliyati sogʻlomlashtirilishi va keyinchalik ularning strategik investorlarga sotilishi ustidan monitoring natijalarini koʻrib chiqish;
tijorat banklari shartnomada nazarda tutilgan muddatlarda investitsiyalar kiritish va korxonaning ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklash boʻyicha qabul qilingan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda ushbu bank bilan oldi-sotdi shartnomasini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Komissiyaning ishchi organi etib belgilansin.
(3-bandning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 28-avgustdagi PF-4561-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 36-son, 477-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
auksion va tanlov savdolarida bankrot korxonalarni tijorat banklariga sotish Tartibini;
iqtisodiy nochor korxonalarni tijorat banklariga sotish boʻyicha Respublika komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Banklar uyushmasi, tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda:
sotib olingan bankrot korxonalarda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash boʻyicha investitsiya loyihalarini ishlab chiqish, ekspertiza qilish va sotish borasida tijorat banklari faoliyatini takomillashtirish;
loyihalarni investitsiyalash, investitsiyaviy kreditlarni berish va xizmat koʻrsatish masalalari bilan shugʻullanuvchi tijorat banklarining tarkibiy boʻlinmalarini yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2003-yil 24-yanvarda qabul qilingan PF-3202-son Farmoni 3-bandining ikkinchi, uchinchi va beshinchi xatboshilari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 18-noyabr,
PF-4053-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 47-son, 461-modda; 2010-y., 17-son, 130-modda; 2013-y., 36-son, 477-modda; 2014-y., 8-son, 80-modda; 2017-y., 17-son, 286-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.05.2018-y., 06/18/5447/1269-son; 19.03.2020-y., 06/20/5968/0331-son)