Norasmiy tarjima
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI TEMIR YOʻL USTAVINI TASDIQLASH TOʻGʻRISIDA
Bozor iqtisodiyoti sharoitida temir yoʻl transportining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish maqsadida hamda Oʻzbekiston Respublikasining “Temir yoʻl transporti toʻgʻrisida”gi Qonuni 2-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavi 2009-yil 1-yanvardan amalga kiritilsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 23-oktabr,
232-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 23-oktabrdagi 232-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl
USTAVI
I bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Temir yoʻl ustavi temir yoʻl transporti, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek, temir yoʻl transporti xizmatlaridan foydalanuvchi fuqarolarning huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi. U tashish hajmlarini prognoz qilish va prognozni bajarish, temir yoʻl transportida tashish shartnomalarini tuzish va bajarish tartibini, yoʻlovchilar, yuklar, bagaj va pochtani tashishning asosiy shartlarini, shoxobcha temir yoʻllardan foydalanish qoidalarini hamda temir yoʻl transporti korxonalarining yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar va yoʻlovchilar bilan munosabatlarini tartibga soladi.
Mazkur Ustav umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda yoʻlovchilar, yuklar, bagaj va pochtani tashishga, shu jumladan, yuklash va tushirish ishlari shoxobcha temir yoʻllarda bajariladigan yuk tashishlarga tatbiq etiladi.
Ustav talablari temir yoʻl transporti, yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar, yoʻlovchilar va temir yoʻl transporti xizmatlaridan boshqa foydalanuvchilar uchun majburiydir.
2. Qonunchilik va mazkur Ustavga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi temir yoʻl transportida yuk tashish qoidalarini (bundan buyon — Yuk tashish qoidalari) hamda temir yoʻl transporti tomonidan ishlab chiqiladigan yuklarni ortish va mahkamlash texnik shartlarini (bundan buyon — Yuklarni ortish texnik shartlari) tasdiqlaydi.
Temir yoʻl transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalari (bundan buyon — Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalari) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
3. Mazkur Ustavda quyidagi atama va tushunchalar qoʻllaniladi:
temir yoʻl transporti — tashishlarga boʻlgan ehtiyojni taʼminlaydigan, tarkibiga ishlab chiqarish va ijtimoiy soha korxonalari, muassasalari va tashkilotlari kiradigan yagona ishlab chiqarish-texnologik majmua. Temir yoʻl transportini boshqarish markazlashtirilgan tarzda amalga oshiriladi va temir yoʻl transportini davlat tomonidan boshqarish vakolatli organining vakolatiga kiradi;
tashkilotlar — Oʻzbekiston Respublikasi vazirlik va idoralarining korxona, tashkilot va muassasalari, shuningdek, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar boshqa yuridik shaxslar;
temir yoʻl stansiyasi — poyezdlar va boshqa transport vositalari bilan texnologik operatsiyalarni (qabul qilish, joʻnatish, manyovr ishlari va boshqalar), shuningdek, yuk va bagajni qabul qilish va berish hamda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni amalga oshiradigan umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti boʻlinmasi;
umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transporti — har qanday jismoniy yoki yuridik shaxs murojaatiga koʻra transport ishlari va xizmatlarini koʻrsatishi shart boʻlgan temir yoʻl transporti;
temir yoʻl transporti boʻlinmalari — temir yoʻl tarmogʻining muayyan hududlarida yoʻlovchilar, yuklar va bagajni tashiydigan, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarga boshqa transport ishlari va xizmatlarini koʻrsatadigan korxonalar;
qoʻl yuki — oʻrami turi va shaklidan qatʼi nazar, oʻlchami va ogʻirligiga koʻra (uch oʻlcham yigʻindisi 180 smdan, ogʻirligi esa, odatda, 36 kgdan oshmaydigan) yoʻlovchi vagonlarida ajratilgan joylarga qiyinchiliksiz joylashtiriladigan buyumlar;
bagaj — yoʻlovchiga tegishli va u bilan birga yoʻlovchi vagonida olib boriladigan buyumlar, tovarlar va boshqa moddiy qimmatliklar;
yuk bagaji — yoʻlovchi va pochta-bagaj poyezdlarida tashiladigan temir yoʻl tashish obyekti;
tashish taqiqlangan yuk — Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va Yuk tashish qoidalariga muvofiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashishga ruxsat etilmaydigan yuk;
umumiy foydalanishdagi joylar — temir yoʻl transporti korxonalariga tegishli yopiq omborlar, shuningdek, temir yoʻl stansiyasi hududida yuk va bagajni ortish, tushirish, saralash va saqlash uchun maxsus ajratilgan temir yoʻl uchastkalari;
umumiy foydalanishda boʻlmagan joylar — temir yoʻl stansiyasi hududida yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilarga yuklarni ortish, tushirish va saqlash uchun vaqtincha foydalanishga berilgan yopiq omborlar, maydonchalar va boshqa inshootlar, shuningdek, stansiya hududidan tashqarida joylashgan va temir yoʻl transportiga tegishli boʻlmagan shunday obyektlar;
tashish hujjatlari — yuklar, yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji va harakatdagi tarkibni tashishni rasmiylashtiradigan hujjatlar (yuk xati, yoʻl qaydnomasi, joʻnatish yuk xati, joʻnatish qaydnomasi, yoʻl hujjati (chipta), bagaj kvitansiyasi, yuk bagaji kvitansiyasi);
temir yoʻl transport yuk xati (yuk xati) — belgilangan shakldagi asosiy tashish hujjati. Yuk xati yuk joʻnatuvchi bilan temir yoʻl transporti korxonasi oʻrtasida uchinchi shaxs — yukni oluvchi manfaati uchun tuziladigan yuk tashish shartnomasining majburiy shakli boʻlib, yukni butun yoʻl davomida kuzatib boradi;
shoxobcha temir yoʻllar — bir yoki bir nechta korxonaga transport xizmati koʻrsatish uchun moʻljallangan temir yoʻllar;
Yuk tashish qoidalari — mazkur Ustavga muvofiq tasdiqlanadigan, temir yoʻl transporti, uning korxonalari, yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar va shoxobcha temir yoʻl egalari uchun majburiy boʻlgan tashish shartlarini, harakat xavfsizligi, yuklar va harakatdagi temir yoʻl tarkibining but saqlanishi hamda ekologik xavfsizlik talablarini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjat;
Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalari — mazkur Ustavga muvofiq tasdiqlanadigan, temir yoʻl transporti, uning korxonalari, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini joʻnatuvchi hamda oluvchilar uchun majburiy tashish shartlarini, harakat xavfsizligi, yoʻlovchilarni oʻz vaqtida tashish, bagaj va yuk bagajini yetkazish hamda vokzal va poyezdlarda sifatli xizmat koʻrsatish talablarini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjat;
Tarif qoʻllanmasi — umumiy foydalanishdagi temir yoʻl transportida yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish tariflari, qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun stavkalar va majburiy toʻlovlar, ularni hisoblash va qoʻllash tartibi, shuningdek, yuk va yoʻlovchi operatsiyalari bajariladigan temir yoʻl stansiyalari roʻyxati eʼlon qilinadigan tizimlashtirilgan nashr;
tijorat dalolatnomasi — Yuk tashish qoidalariga muvofiq temir yoʻl transporti tomonidan rasmiylashtiriladigan, yuk holati, massasi yoki vagon (konteyner)dagi joylar sonini tekshirish natijalari hamda ularning tashish hujjatlariga muvofiqligini qayd etadigan belgilangan shakldagi hujjat;
universal vagonlar — turli xususiyatdagi yuklarni tashish uchun moʻljallangan asosiy turdagi vagonlar (yopiq vagonlar, yarim ochiq vagonlar va platformalar);
ixtisoslashtirilgan vagonlar — maxsus konstruksiyaga ega va bir yoki bir nechta yuk guruhini tashish uchun moʻljallangan turli vagonlar (sisternalar, xopperlar, mineral tashuvchi vagonlar, bunkerli yarim ochiq vagonlar, izotermik vagonlar va boshqalar);
maxsus sisternalar — muayyan turdagi yukni tashish uchun moʻljallangan sisternalar;
xususiy vagonlar — temir yoʻl transportiga tegishli boʻlmagan, ammo belgilangan shartlarda temir yoʻlda tashish uchun foydalaniladigan vagonlar;
konteyner — bir yoki bir nechta transport turida yukni but saqlagan holda tashishni taʼminlaydigan koʻp marta foydalaniladigan transport uskunasi;
universal konteyner — qadoqlangan donali yuklarni tashish uchun qoʻllaniladi va yuk koʻtarish qobiliyatiga koʻra oʻrta tonnajli (3 — 5 tonnali) hamda yirik tonnajli (10, 20, 30, 40 futli va undan katta) konteynerlarga boʻlinadi;
ixtisoslashtirilgan konteynerlar — yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilarga tegishli, vazifasi va ayrim qismlarining konstruksiyasi bilan universal konteynerlardan farq qiladigan, maxsus tashish sharoitini talab qiladigan yuklar uchun moʻljallangan konteynerlar;
transport-ekspeditorlik xizmati — yukni joʻnatish va qabul qilish jarayonini tashkil etish, shuningdek, transport ekspeditsiyasi shartnomasiga muvofiq yuk tashish bilan bogʻliq boshqa ishlarni bajarish xizmati;
ekspeditor — transport-ekspeditorlik xizmati shartnomasiga muvofiq temir yoʻl transportida yuk tashish bilan bogʻliq ishlar majmuini tashkil etadigan yuridik shaxs;
tashish moslamalari — yukni butun yoʻl davomida mahkamlash va but saqlash uchun moʻljallangan koʻp marta foydalaniladigan moslama va qurilmalar. Ularga tagliklar, kassetalar, stroplar, turniketlar va turniket qurilmalari, toʻsiqlar, brezentlar, pechlar, non panjaralari va boshqalar kiradi;
4. Temir yoʻl transporti korxonalari, shuningdek, yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar yuk tashishda davlatning iqtisodiy manfaatlariga qatʼiy rioya qilishi, tashiladigan yuklar hajmi prognozining umumiy va har bir yuk turi boʻyicha toʻliq hamda bir maromda bajarilishini, harakatdagi tarkibdan oqilona foydalanishni, poyezdlar harakati xavfsizligini, temir yoʻl transporti vagon parki va tashilayotgan yuklarning but saqlanishini taʼminlashi shart.
5. Qurilayotgan temir yoʻl liniyalarida ular doimiy foydalanishga topshirilgunga qadar yuk tashish qonunchilikka muvofiq temir yoʻl transporti tomonidan tasdiqlanadigan qoidalar asosida amalga oshiriladi.
6. Xalqaro temir yoʻl qatnovida yuklar, yoʻlovchilar va bagaj tashish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro bitimlari (shartnomalari) asosida amalga oshiriladi.
II bob. Yuk xoʻjaligi. Yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish qurilmalari.
7. Temir yoʻl transporti tegishli operatsiyalarni bajarish uchun ochiq boʻlgan temir yoʻl stansiyalari oʻrtasida yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va pochtani tashiydi. Temir yoʻl stansiyalarida vagonli va mayda joʻnatmalar hamda konteynerlardagi yuklarni qabul qilish, ortish, tushirish va berish, shuningdek, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish bilan bogʻliq operatsiyalar bajariladi. Temir yoʻl stansiyalari texnik jihozlanishiga qarab barcha yoki ayrim operatsiyalarni bajarish uchun ochilishi mumkin. Muayyan operatsiyalarni bajarish uchun ochiq boʻlgan temir yoʻl stansiyalari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda temir yoʻl transporti rahbariyati tomonidan tasdiqlanadi va Tarif qoʻllanmasida eʼlon qilinadi.
8. Tashish hujjatlarini rasmiylashtirish va tashish toʻlovlarini undirish uchun temir yoʻl stansiyalarida yuk idoralari yoki kassalar, bagaj va chipta kassalari tashkil etiladi. Yuk idoralari va kassalarda yuklar, bagaj va yuk bagajini qabul qilish va berish, shuningdek, yoʻl hujjatlarini (chiptalarni) sotishning asosiy qoidalari koʻrinarli joyga joylashtirilishi kerak. Zarur hollarda temir yoʻl stansiyalarida maʼlumot byurolari tashkil etiladi.
Yuk idoralari yoki kassalar, yuk hovlilari (rayonlari), konteyner terminallari, omborlar va boshqa obyektlarning ish vaqti yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar va yoʻlovchilarga qulay xizmat koʻrsatish, shuningdek, vagon va konteynerlardan oqilona foydalanishni hisobga olgan holda temir yoʻl transportining tegishli boʻlinmasi rahbari tomonidan belgilanadi.
Barcha yoki ayrim operatsiyalarni bajarish uchun temir yoʻl stansiyalarini ochish va yopish temir yoʻl transporti tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9. Temir yoʻlda yuklar, yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji va pochta Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transporti va boshqa davlatlar temir yoʻllarining inventar parkiga kiruvchi vagon va konteynerlarda, tashkilotlar va jismoniy shaxslarga tegishli xususiy vagon va konteynerlarda, shuningdek, ular ijaraga olgan vagon va konteynerlarda tashiladi.
Temir yoʻl transportida yuklar, yoʻlovchilar, bagaj, yuk bagaji va pochtani tashish uchun moʻljallangan vagon va konteynerlar kimga tegishliligidan qatʼi nazar, temir yoʻl transporti sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga javob berishi kerak.
10. Yuklarni ortish va tushirish temir yoʻl transporti tasarrufidagi stansiya omborlari va maydonchalarida (umumiy foydalanishdagi joylarda), shuningdek, tashkilotlar va jismoniy shaxslar tasarrufidagi temir yoʻl yonidagi omborlar, maydonchalar va boshqa punktlarda (umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda) amalga oshiriladi.
11. Yuk tashish va yuk operatsiyalarini bajarish uchun temir yoʻl stansiyalarida ularning ixtisoslashuviga muvofiq tegishli jihozlangan inshootlar va qurilmalar boʻlishi kerak.
Ayrim turdagi yuklar bilan katta hajmda operatsiyalar bajariladigan temir yoʻl stansiyalari va temir yoʻl transporti korxonalarida bunday yuklarni ortish va tushirish uchun zarur mashinalar, moslamalar va inventarlar boʻlishi kerak (uyilgan yuklarni qabul qilish va berish uchun maxsus platformalar va maydonchalar, konteynerlarni ortish-tushirish maydonchalari va mashinalari, chorva mollarini yuklash platformalari yoki maydonchalari, sugʻorish punktlari, dezinfeksiya va yuvish qurilmalari, izotermik vagonlarni taʼminlash qurilmalari va boshqalar).
Temir yoʻl stansiyalaridagi, shuningdek, vagonlarni ortish va tushirish bilan shugʻullanadigan temir yoʻl transporti korxonalaridagi yuk xoʻjaligi inshootlari va qurilmalarining quvvati hamda oʻtkazish qobiliyati belgilangan yuk tashish hajmini bajarish, yuklarning toʻliq but saqlanishi, harakatdagi tarkibga oʻz vaqtida ishlov berish va ortish-tushirish operatsiyalarini belgilangan muddatlarda bajarishni taʼminlashi kerak.
12. Umumiy foydalanishdagi joylarda katta hajmda operatsiyalar bajariladigan temir yoʻl stansiyalarida yuk hovlilari (rayonlari) tashkil etiladi. Yuk hovlilarini (rayonlarini) obodonlashtirish va saqlash temir yoʻl transporti korxonalari tomonidan taʼminlanadi.
Yuk hovlilari (rayonlari) maydonlari va ularga kirish yoʻllari avtomobil transportining xavfsiz va toʻsqinliksiz harakatlanishini taʼminlashi, shuningdek, oʻralgan va yoritilgan boʻlishi kerak.
Yuk hovlilariga (rayonlariga) kirish yoʻllarini obodonlashtirish va saqlash mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taʼminlanadi.
13. Zarur hollarda temir yoʻl transporti stansiyalarda uyilgan, ogʻir vaznli va boshqa yuklarni qabul qilish, ortish, tushirish va berish uchun ixtisoslashtirilgan punktlar (estakadalar, mexanizatsiyalashtirilgan omborlar, konteyner maydonchalari, platformalar va boshqalar) tashkil etadi. Shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishgan holda ortish va tushirish ishlarini ayrim temir yoʻl stansiyalarida jamlashi mumkin.
14. Temir yoʻl transporti tashkilotlar va jismoniy shaxslarga yuklarni saqlash, shoxobcha temir yoʻllarni tutashtirish va boshqa inshootlarni qurish uchun ajratilgan mintaqadagi boʻsh yer uchastkalarini vaqtincha foydalanishga berishi mumkin. Bunda temir yoʻl transporti toʻlaydigan soliqlar va ushbu uchastkalarni saqlash xarajatlari tuzilgan shartnomalar asosida, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qoplanadi.
15. Tashiladigan yuklar va bagajni tortish uchun vagon, tovar (statsionar va koʻchma), elektron, avtomobil va elevator tarozilaridan foydalaniladi.
Umumiy foydalanishdagi joylarda temir yoʻl transporti, umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda esa yukni oluvchilar va yuk joʻnatuvchilar zarur miqdorda tarozi va oʻlchov asboblariga ega boʻlishi kerak.
16. Tarozilar va oʻlchov asboblari belgilangan tartibda majburiy davlat qiyoslovidan oʻtkazilishi va tamgʻalanishi kerak.
Nosoz tarozilarda, shuningdek, qiyoslash va tamgʻalash muddati oʻtgan tarozilarda yuklarni tortishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Temir yoʻl transporti tuzilgan shartnomalar asosida umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda yuklarni tortish uchun moʻljallangan yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarning tarozilarini texnik xizmatga (texnik nazorat, taʼmirlash, nazorat tekshiruvi) qabul qilishi mumkin.
17. Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagaji tashish operatsiyalarini bajarish uchun ochiq boʻlgan temir yoʻl stansiyalari ushbu operatsiyalarni bajarishni taʼminlaydigan talablarga javob berishi kerak.
Vokzallarda (stansiyaning yoʻlovchi xonalarida) va yoʻlovchi poyezdlarida shikoyat va takliflar kitobi boʻlishi shart. U birinchi talabga koʻra beriladi. Shikoyat va takliflar qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
Vokzallarda chipta kassalari, tashish hajmiga qarab esa bagaj va yuk bagajini qabul qilish va berish xonalari, qoʻl yuki saqlash kameralari, kutish zallari, tranzit yoʻlovchilar dam olish xonalari, bolali yoʻlovchilar zallari, ona va bola xonalari, restoran va bufetlar, sanitariya-gigiyena xonalari, shuningdek, yoʻlovchilarga bevosita xizmat koʻrsatuvchi xodimlar uchun xizmat xonalari boʻlishi kerak.
Yoʻlovchilarning xavfsiz chiqishi, tushishi va oʻtishi uchun yoʻlovchi poyezdlari qabul qilinadigan va joʻnatiladigan har bir temir yoʻlda, zarur hollarda esa yoʻlovchi toʻxtash punktlarida soyabon yoki pavilyon, chipta kassalari va piyodalar tonneli yoki koʻprigi boʻlgan platformalar quriladi.
Vokzal oldi maydonlari obodonlashtirilgan, piyodalar va shahar transportining qulay va xavfsiz harakatlanishi talablariga javob berishi kerak.
Vokzal oldi maydonlarini obodonlashtirish mahalliy davlat hokimiyati organlari zimmasiga yuklanadi.
III bob. Yuk tashishni prognoz qilish
18. Asosiy ommaviy yuklarni temir yoʻl transportida tashish, odatda, choraklar kesimida yillik prognozlar va oylar kesimida choraklik rejalar asosida amalga oshiriladi.
Yuk tashish hajmlari prognozlari vazirliklar, idoralar va korxonalar belgilangan shakllarda taqdim etadigan maʼlumotlar (buyurtmanomalar) asosida temir yoʻl transporti tomonidan ishlab chiqiladi.
Yuk tashish boʻyicha yillik va choraklik prognozlarni, shuningdek, asosiy oylik va qoʻshimcha rejalarni tuzish tartibi va muddatlari Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
Vazirlik va idoralar, yuk joʻnatuvchi tashkilotlar hamda temir yoʻl transporti yuk tashish prognozlari bajarilishini va asosiy oylik hamda qoʻshimcha tashish rejalarini butun temir yoʻl transporti, uning hududiy boʻlinmalari, stansiyalar va har bir yuk joʻnatuvchi kesimida bajarishda davlat manfaatlarini taʼminlashi shart.
Yuk joʻnatuvchilar asossiz oshirilgan buyurtmalar bermasligi, yuklarni asosiy oylik va qoʻshimcha rejada belgilangan hajmda oʻz vaqtida va bir maromda taqdim etishi hamda yuklashni belgilangan muddatlarda bajarishi shart.
Temir yoʻl transporti asosiy oylik va qoʻshimcha tashish rejalari hamda tuzilgan shartnomalarga muvofiq barcha yuklash va tushirish punktlariga vagonlarni oʻz vaqtida va bir maromda uzatishi shart.
19. Yuk tashishning choraklar kesimidagi yillik prognozlari yuklarning umumiy hajmi (tonnada) boʻyicha, belgilangan nomenklatura guruhlarini alohida koʻrsatgan holda tuziladi.
20. Yuk tashishning oylar kesimidagi choraklik prognozlari temir yoʻl transporti tomonidan belgilangan tartibda tuziladi.
Choraklik prognozlarda chorak uchun oʻrtacha sutkalik yuklash hajmi oylar va yuk turlari kesimida tonna va vagonlarda, shuningdek, yuklarni marshrutlar bilan tashish topshiriqlari koʻrsatiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar joʻnatadigan sabzavot, meva va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari asosiy oylik va qoʻshimcha reja asosida, shuningdek, yuklash boshlanishidan 5 kun oldin yuk joʻnatuvchi taqdim etadigan buyurtmanoma boʻyicha tashiladi.
Davlat zaxirasidan mayda partiyalar va vagonlab joʻnatiladigan oziq-ovqat, sanoat va xalq isteʼmoli tovarlari taqdim etilishi bilan tashishga qabul qilinadi.
21. Yuk joʻnatuvchilar Yuk tashish qoidalarida belgilangan muddatlarda tashish hajmlarini 3 nusxada, yuk turlari, joʻnatish stansiyalari va boshqa davlatlardagi manzil temir yoʻllari kesimida, Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻli doirasida tashiladigan yuklar boʻyicha esa manzil stansiyalari kesimida temir yoʻl transportiga taqdim etadi. Buyurtmalar tonna va vagonlarda koʻrsatiladi.
Asosiy oylik tashish rejasi bilan birga yuk joʻnatuvchilar manzil stansiyalari yoki marshrutni tarqatish stansiyalari koʻrsatilgan holda yuklarni marshrutlar bilan tashish uchun ham buyurtmanoma berishlari mumkin. Harakatdagi tarkib turi Yuk tashish qoidalariga muvofiq belgilanadi.
22. Ommaviy yuklar katta hajmda tashilganda asosiy oylik rejada yuklarni yuk joʻnatuvchilar shakllantiradigan joʻnatuvchi marshrutlari yoki bir yoʻnalishdagi vagonlar guruhini poyezd shakllantirish rejasiga muvofiq marshrut poyezdlariga birlashtirish orqali temir yoʻl transporti shakllantiradigan marshrutlar bilan tashish nazarda tutilishi kerak.
Yuk joʻnatuvchilar toshkoʻmir, koks, ruda, neft, don yuklari, mineral oʻgʻitlar, qurilish materiallari va boshqa ommaviy yuklarni, odatda, joʻnatuvchi marshrutlari bilan tashishga taqdim etishi shart.
Yuklarni marshrutlar bilan tashishni tashkil etish tartibi Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
23. Yuk joʻnatuvchilarning transport xarajatlarini kamaytirish, harakatdagi tarkib va temir yoʻl infratuzilmasining oʻtkazuvchanlik qobiliyatidan samarali foydalanish uchun yuklar oqimlarning maqbul yoʻnalish sxemalari boʻyicha tashilishi kerak.
Yuk oqimlarining maqbul yoʻnalish sxemalari temir yoʻl transporti tomonidan belgilangan tartibda ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
25. Yuk joʻnatuvchi dekada boshlanishidan 3 kun oldin stansiya boshligʻi orqali temir yoʻl transporti hududiy boʻlinmasi rahbariga dekada kunlari boʻyicha yuklash hajmi koʻrsatilgan buyurtmanoma berishi shart. Hududiy boʻlinma rahbari yuk joʻnatuvchi bilan kelishgan holda buyurtmanomalarni uzoqroq davr uchun qabul qilish tartibini belgilashi mumkin.
Temir yoʻl stansiyasi boshligʻi dekada boshlanishidan bir sutka oldin har bir yuk joʻnatuvchiga dekada kunlari, yuk turlari va boshqa davlatlardagi manzil temir yoʻllari boʻyicha vagonlar uzatish hajmini maʼlum qiladi.
26. Asosiy oylik tashish rejasining bajarilishi hisob kartochkasida qayd etiladi. Kartochka shakli va uni tuzish qoidalari temir yoʻl transporti tomonidan tasdiqlanadi.
Hisob kartochkasi har bir hisobot sutkasi yakunlangandan soʻng temir yoʻl stansiyasi boshligʻi va yuk joʻnatuvchi tomonidan imzolanadi.
27. Temir yoʻl transporti oʻz aybi bilan asosiy oylik yuk tashish rejasini bajarish uchun inventar park vagonlarini bermagan boʻlsa, yuk joʻnatuvchining talabiga koʻra keyingi oyda kam yuklangan hajmni qoplash uchun yuk vagonlarini ajratishi shart.
Chorakning oxirgi oyida berilmagan tashish vositalari keyingi chorakning birinchi oyida ajratilishi kerak.
Temir yoʻl transporti aybi bilan yuzaga kelgan kam yuklashni qoplash tartibi quyidagi tashishlar boʻyicha belgilanadi:
ichki qatnovda — temir yoʻl transporti tomonidan yuk joʻnatuvchilar bilan kelishilgan holda;
xalqaro qatnovda (eksport) — tashishda ishtirok etuvchi boshqa davlatlar temir yoʻllari bilan kelishuv mavjud boʻlganda temir yoʻl transporti va yuk joʻnatuvchi tomonidan.
Kelishilgan tartib buzilsa, inventar park yuk vagonlarini bermagan temir yoʻl transporti va yukni tashishga taqdim etmagan yuk joʻnatuvchi tashish rejasini bajarmaganlik uchun belgilangan javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.
28. Temir yoʻl transporti hududiy boʻlinmasi rahbari yuk joʻnatuvchi bilan kelishgan holda marshrutlar tuzish, tashishlarni yiriklashtirish yoki asosiy oylik reja boʻyicha kam yuklashni qoplash uchun vagon va konteynerlarni yuklashga jadalroq uzatishi mumkin.
29. Tonna va vagonlarda rejalashtiriladigan yuklar boʻyicha yuk joʻnatuvchi yuklash rejasini tonnada bajarsa, yuklanmay qolgan vagonlar kam yuklash deb hisoblanmaydi va Yuk tashish qoidalarida nazarda tutilgan hollarda keyingi sutka rejasi boʻyicha vagon uzatish hisobiga kiritiladi.
30. Rejadan ortiq yoki rejadan tashqari yuklash uchun yuk joʻnatuvchi yuklash kunidan kamida 5 kun oldin temir yoʻl transporti rahbari yoki hududiy boʻlinma rahbariga buyurtmanoma berishi shart. Buyurtmanoma stansiya boshligʻi orqali ham berilishi mumkin.
Rejadan ortiq yoki rejadan tashqari yuklash imkoni boʻlmasa, temir yoʻl transporti rahbari yoki hududiy boʻlinma rahbari 3 sutka ichida ariza beruvchiga tashish rad etilganini maʼlum qilishi shart.
31. Temir yoʻl transporti rahbari yuk joʻnatuvchilarning iltimosnomasiga koʻra quyidagilarga haqli:
b) vazirlik, idora, korxona va jismoniy shaxslarga tegishli harakatdagi tarkibning ichki qatnovda yuk tashish uchun umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarga chiqishiga, ushbu tashishlarni reja bajarilishi hisobiga kiritgan holda ruxsat berish;
32. Temir yoʻl transporti hududiy boʻlinmasi rahbari quyidagilarga haqli:
a) yuk joʻnatuvchilarning iltimosnomasiga koʻra rejada nazarda tutilgan joʻnatish stansiyasini hududiy boʻlinma doirasida oʻzgartirish;
b) agar Yuk tashish qoidalarida mazkur yukni ochiq harakatdagi tarkibda tashishga ruxsat etilgan boʻlsa, rejadagi yopiq harakatdagi tarkibni ochiq tarkibga, shuningdek, ochiq harakatdagi tarkibning bir turini boshqasiga almashtirish.
IV bob. Tashish shartnomasini tuzish va tashish haqini undirish
34. Yuk joʻnatuvchi har bir yuk joʻnatmasi uchun joʻnatish stansiyasiga belgilangan tartibda toʻldirilgan yuk xatini taqdim etishi shart. Yuk xati asosiy tashish hujjati va temir yoʻl transportida yuk tashish shartnomasi hisoblanadi.
35. Yuk tashish shartnomasiga koʻra yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi tashish uchun temir yoʻl transportiga tegishli barcha toʻlovlarni toʻliq toʻlaydi, temir yoʻl transporti esa qabul qilingan yukni manzil stansiyasiga yetkazib, yukni oluvchiga topshiradi.
Yuk xati muayyan yukni oluvchi nomiga tuziladi, yuk joʻnatuvchi tomonidan imzolanadi, yukni butun yoʻl davomida kuzatib boradi va manzil stansiyasida yuk bilan birga yukni oluvchiga beriladi. Yuk tashishga qabul qilingan vaqt yuk xatidagi stansiya kalendar shtempeli bilan tasdiqlanadi.
Yuk qabul qilinganini tasdiqlash uchun temir yoʻl stansiyasi yuk joʻnatuvchiga yuk kvitansiyasini beradi.
Ichki qatnovda yuk xati va yuk kvitansiyasining shakli hamda yuk xatini toʻldirish tartibi temir yoʻl transporti tomonidan tasdiqlanadi.
Xalqaro qatnovda yuk xati va boshqa tashish hujjatlarining shakli Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi bilan belgilanadi.
Ichki qatnovda ommaviy yuklar doimiy yoʻnalishlarda tashilganda, Yuk tashish qoidalarida nazarda tutilgan hollarda butun marshrut yoki vagonlar guruhi uchun bitta yuk xati rasmiylashtirilishi mumkin.
Temir yoʻl stansiyalari yuk joʻnatuvchilarni yuk xati blankalari bilan taʼminlashi shart.
36. Yuk joʻnatuvchi yuk xatida koʻrsatilgan maʼlumotlarning notoʻgʻri, noaniq yoki toʻliq emasligi oqibatlari uchun javob beradi.
Temir yoʻl transporti ushbu maʼlumotlarni tekshirishga haqli va yuk joʻnatuvchi koʻrsatgan yuk massasini tanlab tortish orqali muntazam tekshirib boradi.
37. Yuk joʻnatuvchi manzil stansiyasini oʻzgartirmasdan yuk xatida koʻrsatilgan yukni oluvchini oʻzgartirishga haqli.
Yukni oluvchini oʻzgartirish haqidagi ariza yuk kvitansiyasining asl nusxasi ilova qilingan holda joʻnatish stansiyasi boshligʻiga beriladi. Temir yoʻl transporti bu koʻrsatmani faqat yuk hali yukni oluvchiga berilmagan boʻlsa bajaradi.
Yukni boshqa oluvchiga berish tartibi Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
38. Temir yoʻl transporti yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi)ning yozma arizasiga koʻra tashishga qabul qilingan yukning manzil stansiyasini Yuk tashish qoidalarida belgilangan tartibda oʻzgartirishi (yukni qayta manzillashi) mumkin.
39. Yukni oluvchi yoki manzil stansiyasi oʻzgartirilgan barcha hollarda bunday oʻzgartishni soʻragan yuk joʻnatuvchi uning oqibatlari uchun dastlabki yukni oluvchi oldida javob beradi va yuk joʻnatuvchi, dastlabki hamda amaldagi yukni oluvchilar oʻrtasidagi hisob-kitoblarni tartibga solishi shart.
40. Yuklar yuk tezligida, shuningdek, oshirilgan tarif boʻyicha katta tezlikda tashishga qabul qilinadi.
Katta tezlikda tashiladigan yuklar temir yoʻl transporti belgilaydigan yoʻnalishlar boʻyicha qabul qilinadi.
41. Yuk tashish haqi, odatda, temir yoʻl transportining Tarif qoʻllanmasiga muvofiq hisoblangan masofa uchun undiriladi.
Yuk joʻnatuvchining iltimosiga koʻra, agar temir yoʻl transporti yukni u koʻrsatgan yoʻnalish boʻyicha tashishga qabul qilsa, tashish haqi amalda bosib oʻtilgan masofa uchun undiriladi.
42. Temir yoʻl transporti yuklar, yoʻlovchilar va bagajni tashish tariflarini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi:
ichki qatnovda doimiy foydalanishga qabul qilingan temir yoʻl liniyalari boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda;
xalqaro qatnovda — Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishilgan holda.
Tashish toʻlovlari va jarimalarni hisoblash qoidalari temir yoʻl transporti tomonidan ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.
43. Temir yoʻl transporti Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda quyidagilarga haqli:
a) iqtisodiy maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqib ichki, eksport, import va tranzit qatnovlarda istisno tariflarni belgilash;
b) ayrim yoʻnalishlarda tashish uchun yuk amalda bosib oʻtgan masofa boʻyicha hisob-kitob qilish tartibini belgilash.
Yuklar, yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish bilan bogʻliq boshqa qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun toʻlov stavkalari shartnoma asosida belgilanadi.
Temir yoʻl transporti yuk tashish bilan bogʻliq vagonlarni shoxobcha temir yoʻllar va yuk hovlilariga uzatish va qaytarib olish, manyovr ishlari, yuklarni tortish, vagonlarni yuvish va dezinfeksiya qilish, nomenklatura yuklarini qoʻriqlash kabi qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun majburiy toʻlov stavkalarini tasdiqlashga haqli.
44. Temir yoʻl transporti quyidagilarni tasdiqlaydi:
a) temir yoʻl transporti inventar parki harakatdagi tarkibidan foydalanish uchun ijara toʻlovi stavkalarini;
b) vaqtincha foydalanish uchun ochilgan qurilayotgan temir yoʻl liniyalarida yuklar, yoʻlovchilar va bagajni tashish tariflarini hamda ushbu tashish bilan bogʻliq qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun toʻlovlarni.
45. Tashish tariflari, qoʻshimcha ishlar va xizmatlar uchun majburiy toʻlovlar hamda jarimalar temir yoʻl transportining Tarif qoʻllanmasida eʼlon qilinadi.
46. Yuk tashish uchun temir yoʻl transportiga tegishli barcha toʻlovlar yuk tashishga qabul qilingunga qadar joʻnatish stansiyasida yoki yuk berilgunga qadar manzil stansiyasida toʻlanishi kerak.
Temir yoʻl xizmatlari boʻyicha qarzdorlik yuzaga kelsa, yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchiga Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan miqdor va tartibda penya hisoblanadi. Temir yoʻl transporti boʻlajak tashish uchun toʻlovlar toʻlangunga va oldingi tashish boʻyicha qarzdorlik uzilgunga qadar yukni ushlab turishga haqli. Ushlab turilgan barcha vaqt uchun vagon va konteynerlar bekor turishiga jarima hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilar tashish toʻlovlari, qoʻshimcha ishlar va xizmatlar haqini qonunchilikda belgilangan tartibda erkin ayirboshlanadigan valyutada toʻlaydi.
Tashishlar boʻyicha yakuniy hisob-kitoblar yuk berilganda yukni oluvchi bilan amalga oshiriladi.
Temir yoʻl transporti Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishgan holda tashishlar boʻyicha boshqa hisob-kitob tartibini ham belgilashi mumkin.
47. Oʻzbekiston Respublikasi norezidenti boʻlgan yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilar yukni temir yoʻlda tashish uchun hisob-kitoblarni Oʻzbekiston hududida transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatish boʻyicha temir yoʻl transporti bilan shartnomasi mavjud ekspeditorlik tashkilotlari orqali amalga oshirishi mumkin. Ekspeditor yuk tashish uchun temir yoʻl transporti bilan hisob-kitob qiladi va tashish jarayonida uning, yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchining aybi bilan yetkazilgan zarar uchun temir yoʻl transporti oldida javob beradi.
48. Ayrim turdagi yuklarni yoʻlda but saqlash uchun ular temir yoʻl transportining harbiylashtirilgan (idoraviy) qoʻriqlash naryadlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar boʻlinmalari yoki yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) kuzatuvchilari tomonidan qoʻriqlanadi va kuzatib boriladi.
Temir yoʻl transporti harbiylashtirilgan qoʻriqlash naryadlari tomonidan qoʻriqlanishi va kuzatib borilishi shart boʻlgan yuklar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Qoʻriqlash va kuzatib borish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻshimcha haq undiriladi. Toʻlov miqdori tarif masofasiga mutanosib boʻladi. Roʻyxatdagi yuklarni yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) kuzatuvchisi kuzatsa, qoʻriqlash uchun qoʻshimcha haq undirilmaydi.
Yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) xohishiga koʻra temir yoʻl transportining yoʻlda yuklarni qoʻriqlash boʻlinmasi mazkur roʻyxatga kirmagan yuklarni ham shartnoma asosida qoʻriqlashi va kuzatib borishi mumkin.
Alohida va maxsus yuklarni qoʻriqlash hamda kuzatib borish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boʻlinmalari va davlat boshqaruvi organlarining boshqa vakolatli boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday yuklar roʻyxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Maxsus tashish sharoitini talab qiladigan yuklar (tez buziladigan, alohida qimmatli, nogabarit va boshqalar) butun yoʻl davomida yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) kuzatuvchilari tomonidan kuzatib boriladi. Bunday yuklar roʻyxati va tashish shartlari Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
V bob. Temir yoʻl transporti, yuk joʻnatuvchilar va yukni oluvchilarning huquq va majburiyatlari
49. Tashishda yoʻqolish, kamomad, buzilish yoki shikastlanishdan himoya qilish uchun idish talab etiladigan yuklar yuk joʻnatuvchi tomonidan davlat standartlariga muvofiq soz idishda taqdim etilishi kerak. Idish va oʻrami uchun standart belgilanmagan yuklar esa ularning toʻliq but saqlanishini taʼminlaydigan soz idishda boʻlishi shart.
Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tashishda yukning but saqlanishini taʼminlaydigan nostandart idishda ham qabul qilinishi mumkin.
50. Temir yoʻl transporti yuk joʻnatuvchi eʼlon qilgan qiymat bilan yukni tashishga qabul qilishi mumkin. Eʼlon qilingan qiymat yukning haqiqiy qiymatidan oshmasligi kerak. Yuk joʻnatuvchi va joʻnatish stansiyasi oʻrtasida kelishmovchilik boʻlsa, yuk qiymati ekspertiza orqali aniqlanadi va bu haqda dalolatnoma tuziladi.
Qiymatini eʼlon qilish majburiy yoki taqiqlangan yuklar roʻyxati Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
51. Ayrim yoʻnalishlarda yuklash faqat istisno hollarda taqiqlanishi mumkin:
temir yoʻl transporti rahbarining qarori bilan, belgilangan tartibda boshqa davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlarini oldindan xabardor qilgan holda;
boshqa davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlarining tashabbusi bilan.
Yengib boʻlmaydigan kuch, tabiiy ofat, harbiy harakatlar, blokada, epidemiya yoki tashishga toʻsqinlik qiladigan boshqa favqulodda holatlarda temir yoʻl transporti rahbari yuklashni muayyan muddatga vaqtincha toʻxtatishi yoki cheklashi mumkin. Temir yoʻl transporti bu haqda yuk joʻnatuvchilarni stansiya boshligʻi orqali xabardor qiladi.
52. Vagonlarga yuk ortish va ulardan yuk tushirish quyidagicha amalga oshiriladi:
a) zarur qurilma va mexanizmlar mavjud umumiy foydalanishdagi joylarda — temir yoʻl transporti tomonidan, Yuk tashish qoidalarida koʻrsatilgan xavfli, tez buziladigan va boshqa yuklar bundan mustasno;
b) umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda — yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi tomonidan; umumiy foydalanishdagi joylarda esa xavfli va tez buziladigan yuklar, xom hayvon mahsulotlari, ogʻir vaznli (bitta joyi 0,5 tonnadan ortiq) va nogabarit yuklar, quyib, sochma va uyma holda tashiladigan yuklar, maxsus harakatdagi tarkibda hamda yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi kuzatuvchisi hamrohligida tashiladigan yuklar — ular tomonidan.
Yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi bilan alohida shartnoma tuzilsa, temir yoʻl transporti ushbu bandning “b” kichik bandida koʻrsatilgan yuklardan tashqari umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda ham ortish-tushirish ishlarini bajarishi mumkin.
Temir yoʻl transporti kuch va vositalari bilan bajarilgan ortish-tushirish ishlari uchun yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilar tuzilgan shartnomalarga muvofiq haq toʻlaydi.
53. Temir yoʻl transporti yuklash uchun soz, mazkur yukni tashishga yaroqli, yuk qoldiqlari va chiqindilardan tozalangan, zarur hollarda yuvilgan va dezinfeksiya qilingan vagon va konteynerlarni berishi shart. Istisno hollarda yuk joʻnatuvchining roziligi bilan bir turdagi yukni yuklash uchun tozalanmagan va yuvilmagan vagonlar ham berilishi mumkin.
Quyib tashiladigan yuk uchun yuk turiga mos sisterna va bunkerli yarim ochiq vagonlar berilishi kerak.
Sisterna va bunkerli yarim ochiq vagonlarni quyib yuklashga tayyorlash temir yoʻl transporti bilan yuk joʻnatuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Maxsus sisternalarni quyib yuklashga yuk joʻnatuvchi tayyorlaydi.
Harakatdagi tarkibning mazkur yukni tashishga tijorat jihatidan yaroqliligi quyidagicha aniqlanadi:
vagonlar — yuklash yuk joʻnatuvchi vositalari bilan bajarilsa yuk joʻnatuvchi tomonidan, temir yoʻl transporti vositalari bilan bajarilsa temir yoʻl transporti tomonidan;
konteynerlar, sisternalar va bunkerli yarim ochiq vagonlar — yuk joʻnatuvchi tomonidan.
54. Vagon va konteynerlarni yuklash texnik meʼyorlari ularning yuk koʻtarish qobiliyati yoki sigʻimidan imkon qadar toʻliq foydalanish va yukning but saqlanishini taʼminlashni hisobga olgan holda temir yoʻl transporti tomonidan belgilanadi. Bunda yukni tashishga tayyorlashning maqbul usullari (presslash, paketlash, idishga joylash, qismlarga ajratish va boshqalar) hamda vagon (konteyner)da joylashtirish usullari inobatga olinadi.
Yuk joʻnatuvchi vagon va konteynerlarni belgilangan texnik meʼyordan kam boʻlmagan miqdorda yuklashi shart.
Temir yoʻl transporti rahbari yuk joʻnatuvchilar bilan kelishgan holda yukning xususiyati va sifati hamda harakatdagi tarkib turiga qarab vagon va konteynerlarni yuklashning mahalliy texnik meʼyorlarini belgilashi mumkin.
Ochiq harakatdagi tarkibga yuk ortish uning hajmidan toʻliq foydalangan holda, biroq yuk koʻtarish qobiliyatidan oshirmasdan amalga oshirilishi kerak.
Ochiq harakatdagi tarkibda tashishga ruxsat etiladigan yuklar roʻyxati Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
Yuklash texnik meʼyori belgilanmagan yuklar vagon (konteyner) sigʻimidan toʻliq foydalangan holda, biroq ularning yuk koʻtarish qobiliyatidan oshirmasdan yuklanishi kerak.
Joʻnatish stansiyasida vagon (konteyner) belgilangan yuk koʻtarish qobiliyatidan ortiq yuklangani aniqlansa, yuk joʻnatuvchi temir yoʻl transporti talabi bilan ortiqcha yukni tushirishi shart.
Yuk joʻnatuvchi yuklash ishlarini Yuk tashish qoidalari va Yuklarni ortish texnik shartlariga rioya qilgan holda bajarishi shart.
Yuk ortib boʻlingandan soʻng yuk joʻnatuvchi vagonning tashqi yuzasini yuk qoldiqlaridan tozalashi shart.
55. Yuklarni ortish uchun zarur tashish moslamalari va materiallarni yuk joʻnatuvchi tayyorlaydi.
Tashish moslamalarini yuklashda oʻrnatish va tushirishda yechib olish, yuklash va tushirish kimning kuch va vositalari bilan bajarilganiga qarab, yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi yoki temir yoʻl transporti tomonidan amalga oshiriladi.
Yuk joʻnatuvchi oʻrnatilgan tashish moslamalarini yuk xatida koʻrsatishi mumkin.
Vagonlarga toʻsiq va panjaralar oʻrnatish, ularni mahkamlash, lyuklarni toʻsish, yogʻoch materiallarni bogʻlash va boshqa qoʻshimcha ishlarni yuk joʻnatuvchi bajaradi hamda tashish moslamalarining toʻgʻri oʻrnatilishi va mahkamlanishi uchun javob beradi.
Yuk joʻnatuvchiga tegishli barcha tashish moslamalari manzil stansiyasida yuk bilan birga yukni oluvchiga beriladi.
56. Yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) yuklarni ortish va tushirishni belgilangan muddatlarda bajarishi shart.
Umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi vositalari bilan yuklash va tushirish muddatlari temir yoʻl transporti tomonidan quyidagicha belgilanadi:
a) mexanizatsiyalashgan usulda — qoʻllaniladigan mexanizatsiya vositalari, ortish-tushirish qurilmalari va inshootlaridan maksimal foydalanishni hisobga olgan holda hisob-kitob asosida;
b) mexanizatsiyalashmagan usulda — Yuk tashish qoidalarida belgilangan muddatlarda.
Oraliq temir yoʻl stansiyalarida ortish va tushirish muddatlari mazkur uchastkadagi manyovr ishlarini tashkil etish xususiyatlari hisobga olingan holda belgilanishi mumkin.
57. Temir yoʻl stansiyasi boshligʻi vagonlarni yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi vositalari bilan ortish yoki tushirish uchun uzatishdan kamida 2 soat oldin ularni vagon uzatish vaqti haqida xabardor qilishi shart.
58. Yukni oluvchi vagon (sisterna) va konteynerdan yukni toʻliq tushirishi shart.
Tushirish (quyib olish)dan keyin vagon (sisterna)da yuk qoldirgan aybdor shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javob beradi.
Yuk tushirilgandan keyin vagon va konteynerlar ichi va tashqarisidan tozalanishi kerak.
Agar tushirish yukni oluvchi vositalari bilan bajarilgan boʻlsa, vagonlarni u tozalaydi; temir yoʻl transporti vositalari bilan bajarilgan boʻlsa, temir yoʻl transporti tozalaydi.
Konteynerlarni barcha hollarda yukni oluvchi tozalaydi.
Hayvonlar, parrandalar, xom hayvon mahsulotlari va tez buziladigan yuklar tashilgandan keyin vagonlarni tozalash, yuvish va zarur hollarda dezinfeksiya qilish yukni oluvchi vositalari bilan yoki uning hisobidan temir yoʻl transporti tomonidan amalga oshiriladi.
Badboʻy yoki vagonlarni ifloslantiradigan yuklar yukni oluvchi vositalari bilan tushirilgandan keyin vagonlarni yuvish yukni oluvchi yoki uning hisobidan temir yoʻl transporti tomonidan amalga oshiriladi. Bunday yuklar roʻyxatini temir yoʻl transporti belgilaydi.
Sisterna va bunkerli yarim ochiq vagonlarning tashqi yuzasini quyish va quyib olishdan keyin ifloslanishdan tegishincha yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi tozalaydi.
Sisterna va bunkerli yarim ochiq vagonlardan mahsulot toʻliq quyib olinishi, qovushqoq mahsulot qoldiqlari esa qozon va bunkerning ichki yuzasidan olib tashlanishi kerak. Standartlarda qoldiq boʻlishiga ruxsat etilgan hollar bundan mustasno.
Yuk joʻnatuvchi bilan yukni oluvchi kelishuviga koʻra maxsus sisternalarning ichki yuzasini quyib olingandan keyin tozalamaslik mumkin.
Temir yoʻl transporti yukni oluvchi tushirish yoki quyib olishdan keyin tozalamagan vagon va konteynerlarni tozalangunga qadar qabul qilmaslikka va mazkur Ustavning 132-bandiga muvofiq vagonlar bekor turishi va konteynerlar ushlab qolinishi uchun jarima undirishga haqli.
Sisterna va bunkerli yarim ochiq vagonlarda ruxsat etilgan meʼyordan ortiq mahsulot qoldiqlari aniqlansa, yukni oluvchi temir yoʻlning yuvish-bugʻlash stansiyalarida ularni tozalash vaqtidagi bekor turish uchun ham jarima toʻlaydi.
59. Uyma, sochma, quyma holda va konteynerlarda tashiladigan yuklarni yuk joʻnatuvchi topshirganda va temir yoʻl transporti qabul qilganda ularning massasi aniqlanib, yuk xatida koʻrsatilishi kerak.
Idishli va donali yuklar yuk xatida massasi va yuk joylari soni koʻrsatilgan holda tashiladi.
Idishli va donali yuklarning massasi tashishga taqdim etilishidan oldin aniqlanadi va yuk joylarida koʻrsatiladi.
Sochma, uyma va quyma holda tashiladigan, shuningdek, tovar tarozisida tortish mumkin boʻlmagan boshqa yuklar vagon tarozisida tortiladi.
Sochma va uyma holda tashish mumkin boʻlgan yuklar roʻyxati Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
Yukning umumiy massasi tarozida tortish yoki yuk joylaridagi trafaret yoxud standart boʻyicha massalarni hisoblash orqali aniqlanadi. Ayrim yuklar massasi hisob-kitob, oʻlchash yoki shartli usulda (sisternadagi neft mahsulotlari, yogʻoch yuklari va boshqalar) aniqlanishi mumkin.
Yuk joʻnatuvchi massani aniqlash usulini yuk xatida koʻrsatishi shart.
60. Yuk massasi quyidagicha aniqlanadi:
a) umumiy foydalanishdagi joylarda temir yoʻl transporti kuch va vositalari bilan yuklanganda — temir yoʻl transporti tomonidan;
b) umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda, shuningdek, umumiy foydalanishdagi joylarda yuk joʻnatuvchi kuch va vositalari bilan yuklanganda — yuk joʻnatuvchi tomonidan.
Yuk massasini trafaret, standart, hisob-kitob, oʻlchash yoki shartli usulda aniqlash barcha hollarda yuk joʻnatuvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Sochma holda tashiladigan don, moyli va dukkakli ekin urugʻlari, kepak va omuxta yem massasi yuk joʻnatuvchi tomonidan tarozida aniqlanib, yuk xatida uning imzosi bilan tasdiqlanadi. Yuk joʻnatuvchida vagon yoki elevator tarozisi boʻlmasa, massa joʻnatish stansiyasida vagon tarozisi mavjud boʻlgan taqdirda temir yoʻl transporti va yuk joʻnatuvchi birgalikda aniqlaydi hamda yuk xatida imzolari bilan tasdiqlaydi.
Temir yoʻl transporti yukni tortib bergani uchun yuk joʻnatuvchidan shartnoma asosida qoʻshimcha ishlar va xizmatlar haq undiriladi.
61. Yuklangan sisternalar, yopiq, izotermik va ixtisoslashtirilgan vagonlar quyidagicha plombalanishi kerak:
a) yuk temir yoʻl transporti tomonidan ortilgan boʻlsa — temir yoʻl transportining berkitish-plombalash qurilmalari (plombalari) bilan;
b) yuk yuk joʻnatuvchi tomonidan ortilgan boʻlsa — yuk joʻnatuvchining berkitish-plombalash qurilmalari (plombalari) bilan.
Plombasiz vagonlarda tashishga ruxsat etiladigan yuklar roʻyxati, berkitish-plombalash qurilmalarini tayyorlash texnik shartlari hamda vagon va konteynerlarni plombalash tartibi Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
Berkitish-plombalash qurilmalari (plombalar), plombalash qisqichlari va vagon hamda konteynerlarni plombalash simi yuk joʻnatuvchilarga temir yoʻl transporti tomonidan haq evaziga beriladi.
62. Mayda joʻnatmalarni stansiya omborlari orqali qabul qilish yoʻnalishlar boʻyicha yuklash kalendar jadvaliga muvofiq amalga oshiriladi. Mazkur stansiya uchun belgilangan mayda joʻnatmalarni kunlar va yoʻnalishlar boʻyicha qabul qilish jadvali yuk joʻnatuvchilarga eʼlon qilinishi kerak. Uy-roʻzgʻor buyumlari taqdim etilgan kuni tashishga qabul qilinadi.
Yuk joʻnatuvchilar mayda joʻnatmalarni alohida yigʻma vagonlarda ham yuborishi mumkin. Bunday vagonlar yigʻma vagonlarni shakllantirish rejasi va belgilangan yuklash meʼyorlariga muvofiq yuklanishi kerak.
63. Temir yoʻl transporti yuklarni belgilangan muddatlarda manzilga yetkazishi shart.
Yuklarni yetkazib berish muddatlari va ularni hisoblash qoidalari Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
Yetkazib berish muddati yuk tashishga qabul qilingan kunning soat 24:00 dan boshlab hisoblanadi.
Yuk belgilangan yuklash kunidan oldin tashishga qabul qilinsa, yetkazib berish muddati yuklanishi lozim boʻlgan kunning soat 24:00 dan boshlab hisoblanadi.
Agar yuk manzil stansiyasida temir yoʻl transporti vositalari bilan belgilangan muddat tugamasdan tushirilgan boʻlsa yoki yukli vagon (konteyner) yukni oluvchi vositalari bilan tushirishga shu muddat ichida uzatilgan boʻlsa, yuk oʻz vaqtida yetkazilgan hisoblanadi.
Agar vagon (konteyner) tushirish fronti bandligi yoki yukni oluvchiga bogʻliq boshqa sabablar tufayli kech uzatilsa, yuk manzil stansiyasiga belgilangan muddat tugamasdan kelgan boʻlsa, oʻz vaqtida yetkazilgan hisoblanadi.
64. Temir yoʻl transporti yukni oluvchiga uning manziliga yuk kelgani haqida yuk kelgan kuni, har qanday holda esa keyingi kun soat 12:00 gacha xabar berishi shart. Xabar berish tartibi va usulini stansiya boshligʻi belgilaydi. Yukni oluvchi oʻziga xabar berish usulini koʻrsatishi mumkin.
Agar temir yoʻl transporti oʻz aybi bilan yuk kelgani haqida xabar bermasa, yukni oluvchi vagon va konteynerlar bekor turishi uchun javobgar boʻlmaydi va xabar yuborilgunga qadar yukni saqlash yigʻimini toʻlashdan ozod etiladi.
65. Yukni oluvchi oʻz manziliga kelgan yukni temir yoʻl stansiyasidan qabul qilib, olib chiqishi shart. Yukni olib chiqish muddati va saqlash tartibi Yuk tashish qoidalarida belgilanadi.
Manzil stansiyasiga kelgan yuklar 24 soat davomida bepul saqlanadi. Bu muddat yuk yoki konteyner temir yoʻl transporti vositalari bilan tushirilgan kun yoxud vagon yukni oluvchi vositalari bilan tushirishga uzatilgan kunning soat 24:00 dan hisoblanadi. Ushbu muddatdan ortiq saqlash uchun shartnoma tarifi boʻyicha haq undiriladi.
Yukni stansiyadan oʻz vaqtida olib chiqmagan aybdor yukni oluvchilar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda javob beradi.
66. Yuk joʻnatuvchi bilan yukni oluvchi oʻrtasidagi yetkazib berish shartnomasida nazarda tutilmagan yuk kelsa, yukni oluvchi uni stansiyadan masʼul saqlashga qabul qilishi shart.
Yukni oluvchi yuk buzilishi yoki shikastlanishi oqibatida sifati shunchalik oʻzgarib, undan toʻliq yoki qisman foydalanish imkoni qolmagandagina yukni qabul qilishdan bosh tortishi mumkin.
Yukni oluvchining yukni oʻz vaqtida tushirmasligi va olib chiqmasligi, shuningdek, unga bogʻliq sabablar bilan vagonlarning shoxobcha temir yoʻllar va stansiyalarda ushlab turilishi oqibatida yuk buzilsa yoki shikastlansa, javobgarlik yukni oluvchi zimmasida boʻladi.
67. Yuklar manzil stansiyasida yuk xatida koʻrsatilgan yukni oluvchiga temir yoʻl transportiga tegishli barcha toʻlovlar toʻlangandan keyin beriladi.
Yukni oluvchi yukni olganini yoʻl qaydnomasida imzosi bilan tasdiqlaydi.
68. Agar manzil stansiyasiga kelgan yukni yuk xatida koʻrsatilgan yukni oluvchi mavjud emasligi sababli unga berish imkoni boʻlmasa, temir yoʻl transporti yuk bilan yuk joʻnatuvchining koʻrsatmasiga muvofiq ish tutadi. Yuk joʻnatuvchi yukni berish imkoni yoʻqligi haqida xabar olganidan keyin 3 sutka ichida koʻrsatma berishi shart.
Agar yukni manzilga yetkazish imkoni boʻlmasa (yoʻlda tashishga toʻsqinlik paydo boʻlsa), temir yoʻl transporti yuk joʻnatuvchining koʻrsatmasiga muvofiq ish tutadi. Yuk joʻnatuvchi bu haqda xabar olganidan keyin 5 sutka ichida, tez buziladigan yuk boʻyicha esa bir sutka ichida koʻrsatma berishi shart.
Yuk joʻnatuvchidan belgilangan muddatlarda koʻrsatma olinmasa, temir yoʻl transporti Yuk tashish qoidalariga muvofiq yukni sotish va tushgan mablagʻdan ushbu yuk boʻyicha xarajatlarini qoplashga haqli.
Sotilishi lozim boʻlgan yuklar qiymati belgilangan tartibda baholash faoliyatini amalga oshiradigan yuridik shaxslar tomonidan baholanadi.
69. Sotilgan yuk qiymati xaridor tomonidan temir yoʻl transportiga quyidagi tartibda oʻtkaziladi: ushbu yukni tashish va sotish xarajatlarini qoplash uchun tegishli summa temir yoʻl transportining daromad hisobvaragʻiga, qolgan qismi esa ikkilamchi jamgʻarma hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Belgilangan muddatda kelmagan yuk boʻyicha talabnoma berilsa, yukni oluvchiga faqat ikkilamchi jamgʻarma hisobvaragʻiga tushgan summa qoplanadi. Manzilga yetkazilmagan yuklar boʻyicha talab qilish muddati tugagandan keyin talab qilinmagan mablagʻ belgilangan tartibda davlat budjeti daromadiga oʻtkaziladi.
Hujjatsiz yukni sotishdan temir yoʻl transporti olgan mablagʻ yuklarni qidirish xarajatlari va manzilga kelmagan yuklar boʻyicha talabnomalar asosida toʻlangan summalarni qoplash uchun uning daromadiga oʻtkaziladi.
70. Manzil stansiyasida temir yoʻl transporti quyidagi hollarda yukning massasi, joylar soni va holatini tekshirishi shart:
yuk tashilayotgan yukning but saqlanishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan nosoz vagonda kelganda;
tashish hujjatlarida plomba borligi qayd etilgan boʻlsa-da, yuk plombasiz, shikastlangan plomba bilan yoki yoʻl-yoʻlakay stansiya plombasi bilan kelganda;
Yuk tashish qoidalarida bunday tashishga ruxsat etilgan ochiq harakatdagi tarkibda yoki plombasiz yopiq vagonda tashilgan yukda kamomad, buzilish yoki shikastlanish belgilari boʻlganda;
tez buziladigan yuk yetkazib berish muddati buzilgan holda kelganda;
temir yoʻl transporti tomonidan yuklangan yuk joʻnatish stansiyasining buzilmagan plombalari boʻlgan soz vagonda kelganda, shuningdek, Yuk tashish qoidalarida nazarda tutilgan holda ochiq harakatdagi tarkibda yoki plombasiz yopiq vagonda tashilganda kamomad, buzilish yoki shikastlanish belgilari boʻlmaganda;
temir yoʻl transporti tomonidan tushirilgan yuklar umumiy foydalanishdagi joylardan berilganda.
Ushbu hollarda idishli va donali yuklar faqat shikastlangan joylarda yuk massasi va holati tekshirilgan holda beriladi. Idish shikastlangan yoki yuk holatiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan boshqa holatlar aniqlansa, temir yoʻl transporti shikastlangan joylarni ochib, faktura va hisoblar boʻyicha tekshirishi shart.
Agar joʻnatish stansiyasida aniqlangan yuk massasi bilan manzil stansiyasidagi massa oʻrtasidagi farq tarozi koʻrsatkichlari farqi, tortish aniqligi meʼyorlari va Yuk tashish qoidalarida belgilangan tabiiy kamayish meʼyorlaridan oshmasa, yuk massasi toʻgʻri deb hisoblanadi.
Yuk joʻnatuvchi vositalari bilan yuklangan va yuk joʻnatuvchining buzilmagan plombalari boʻlgan soz vagonda, shuningdek, Yuk tashish qoidalarida nazarda tutilgan holda ochiq harakatdagi tarkibda yoki plombasiz yopiq vagonda kamomad, buzilish yoki shikastlanish belgilari boʻlmagan holda kelgan yuklar joylar soni, holati va massasi tekshirilmasdan beriladi.
Yukni oluvchining talabi boʻyicha yuk massasi va holatini tekshirgani uchun temir yoʻl transporti shartnoma tarifi boʻyicha haq undiriladi.
71. Manzil stansiyasida yuk massasi, joylar soni yoki holati tekshirilganda kamomad, buzilish yoki shikastlanish aniqlansa yoki bu holatlar yoʻlda tuzilgan tijorat dalolatnomasida qayd etilgan boʻlsa, temir yoʻl transporti haqiqiy kamomad, buzilish yoki shikastlanish miqdorini aniqlashi shart.
Ekspertiza zarur boʻlsa, temir yoʻl transporti oʻz tashabbusi bilan yoki yukni oluvchining talabi boʻyicha ekspert yoki tegishli mutaxassislarni jalb qiladi.
72. Temir yoʻl transporti yuklarni konteynerlar, transport paketlari va tagliklarda tashishni rivojlantiradi. Yuk tashish uchun universal va ixtisoslashtirilgan konteynerlar qoʻllaniladi.
Universal konteynerlar temir yoʻl transporti yoki yuk joʻnatuvchilarga (xususiy) tegishli boʻlishi mumkin.
Konteynerlarga yuk ortish va ulardan tushirish yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Konteynerlarni temir yoʻl vagonlari va avtomobillarga ortish va ulardan tushirish quyidagicha amalga oshiriladi:
a) umumiy foydalanishdagi joylarda — temir yoʻl transporti tomonidan;
b) umumiy foydalanishda boʻlmagan joylarda — yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi tomonidan.
Universal va ixtisoslashtirilgan konteynerlar oʻlchami va yuk koʻtarish qobiliyati boʻyicha standartlar talablariga javob berishi kerak.
Konteynerdagi yuk temir yoʻl transporti tomonidan yuk joʻnatuvchi koʻrsatgan massa va uning plombasi boʻyicha tashishga qabul qilinadi. Uy-roʻzgʻor buyumlari esa temir yoʻl transporti plombasi bilan konteynerlarda tashiladi.
Yuk joʻnatuvchining buzilmagan plombasi boʻlgan soz konteynerda kelgan yuk yukni oluvchiga massasi, holati va joylar soni tekshirilmasdan beriladi.
73. Temir yoʻl transporti uning xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarga shartnoma asosida transport-ekspeditorlik xizmatlari koʻrsatishi va qonunchilikda belgilangan tartibda bunday tashkilotlarni tuzishi mumkin. Yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilarga transport-ekspeditorlik xizmati koʻrsatuvchi tashkilotlar mazkur Ustavda ular uchun belgilangan huquqlardan foydalanadi, majburiyat va javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.
74. Ayrim yuklarni alohida holatlar tufayli Yuk tashish qoidalari asosida tashish mumkin boʻlmagan istisno hollarda temir yoʻl transporti manfaatdor yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchilar bilan birgalikda ushbu Ustavda nazarda tutilmagan maxsus shartlarda tashish tartibini belgilashi mumkin.
VI bob. Shoxobcha temir yoʻllar
75. Shoxobcha temir yoʻllar — alohida tashkilotlar va jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan hamda umumiy temir yoʻl tarmogʻiga uzluksiz rels izi bilan tutashgan temir yoʻllar. Ular tashkilot va jismoniy shaxslarga tegishli idoraviy shoxobcha yoʻllar yoki temir yoʻl transportiga tegishli yoʻllar boʻlishi mumkin.
76. Shoxobcha temir yoʻl qurishga, odatda, tashishni boshqa transport turlarida amalga oshirish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq boʻlmagan hollarda yoʻl qoʻyiladi.
Shoxobcha temir yoʻllarni umumiy temir yoʻl tarmogʻiga yoki boshqa shoxobcha yoʻlga tutashtirishda qurish va rekonstruksiya qilish, shuningdek, vagon va konteynerlarni ortish, tushirish va tozalash qurilmalarini barpo etish Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi bilan kelishilgan loyiha asosida amalga oshiriladi. Shoxobcha yoʻl idoraviy shoxobcha yoʻlga tutashsa, loyiha tegishli vazirlik, idora, tashkilot yoki jismoniy shaxs bilan ham kelishiladi.
Texnologik tashishlar bilan bogʻliq boʻlmagan yangi qurilgan idoraviy shoxobcha temir yoʻllar shartnoma asosida temir yoʻl transportiga texnik xizmat koʻrsatish uchun topshirilishi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti yoxud Vazirlar Mahkamasi qarorlariga muvofiq belgilangan tartibda temir yoʻl transporti mulkiga oʻtkazilishi mumkin.
Shoxobcha temir yoʻllarning yoʻl qurilmalari va texnik inshootlari konstruksiyasi hamda holati umumiy foydalanishdagi temir yoʻllarda harakatlanishiga ruxsat etilgan barcha turdagi, shu jumladan, ogʻir yuk koʻtaruvchi vagonlarni oʻtkazishni taʼminlashi kerak. Shoxobcha yoʻl temir yoʻl transporti lokomotivlari bilan xizmat koʻrsatilsa, shu maqsad uchun ajratilgan lokomotivlarni ham oʻtkazishi shart.
77. Mavjud idoraviy shoxobcha temir yoʻllarda tashish hajmi oshishi tufayli stansiya yoʻllarini rivojlantirish temir yoʻl transportining kuch va mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Idoraviy shoxobcha temir yoʻl tutashishi munosabati bilan tutashish joylarida yangi post va razyezdlar qurish, ularni jihozlash va tutashish strelkasini yotqizish tegishli tashkilot va jismoniy shaxslarning materiallari va mablagʻlari hisobidan temir yoʻl transporti tomonidan amalga oshiriladi.
Yangi qurilayotgan idoraviy shoxobcha temir yoʻl tutashishi sababli mavjud stansiyalarni rivojlantirish yoki yangi stansiyalar qurish ishlari tegishli tashkilotlarning shoxobcha temir yoʻl qurilishi loyiha-smetalarida nazarda tutilishi va ularning mablagʻi hisobidan bajarilishi kerak.
Tashkilot yoki jismoniy shaxs talabi bilan temir yoʻl transportiga tegishli mavjud shoxobcha temir yoʻlda qoʻshimcha shoxobcha yoʻl qurish ularning oʻz mablagʻi hisobidan amalga oshiriladi.
78. Yangi qurilgan shoxobcha temir yoʻlni doimiy foydalanishga ochish va unga harakatdagi tarkibni kiritish loyiha boʻyicha qurilish ishlari toʻliq bajarilgandan, yoʻl foydalanishga qabul qilingandan va temir yoʻl transporti unga xizmat koʻrsatish tartibini belgilagandan keyin ruxsat etiladi.
Shoxobcha temir yoʻl qurilayotgan davrda unga vagon uzatish temir yoʻl transporti hududiy boʻlinmasi bilan qurilishni amalga oshirayotgan, yuk va harakatdagi tarkibning but saqlanishi, ularning oʻz vaqtida qaytarilishi va harakat xavfsizligi uchun javobgar tashkilot yoki jismoniy shaxs oʻrtasidagi vaqtinchalik kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Har bir shoxobcha temir yoʻl uchun majburiy tarzda quyidagi hujjatlar rasmiylashtiriladi: texnik pasport, shoxobcha yoʻl rejasi, boʻylama profil va sunʼiy inshootlar chizmalari.
79. Shoxobcha temir yoʻllarning yoʻl tarmogʻi, inshoot va qurilmalari tashish hajmiga mos ravishda uzluksiz ortish-tushirish, manyovr ishlari hamda vagon, konteyner va lokomotivlardan samarali foydalanishni taʼminlashi kerak.
80. Idoraviy shoxobcha temir yoʻllar, shuningdek, umumiy temir yoʻl tarmogʻiga chiqadigan tashkilot va jismoniy shaxslarning lokomotiv va vagonlari Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportidan texnik foydalanish qoidalari talablariga toʻliq muvofiq boʻlishi kerak.
81. Temir yoʻl transporti yoʻllarida poyezdlar harakati va manyovr ishlari bilan bogʻliq idoraviy shoxobcha yoʻl xodimlari temir yoʻl transporti oʻz xodimlari uchun belgilagan tartib va muddatlarda texnik foydalanish qoidalari, poyezdlar harakati va signalizatsiya boʻyicha yoʻriqnomalardan imtihon topshiradi. Ochiq harakatdagi tarkibda yuklarni ortish va mahkamlashga rahbarlik qiladigan xodimlar esa Yuklarni ortish texnik shartlarini bilish boʻyicha imtihon topshiradi.
Poyezdlar harakati va manyovr ishlari bilan bogʻliq boshqa idoraviy shoxobcha yoʻl xodimlari tashkilot rahbari tayinlaydigan imtihon komissiyasida imtihon topshiradi.
Imtihondan oʻtmagan shaxslar ishga qoʻyilmaydi.
Temir yoʻl transporti yoʻllarida xizmat vazifalarini bajarayotganda idoraviy shoxobcha yoʻl xodimlari imtihon topshirganini tasdiqlovchi belgilangan namunadagi guvohnomani oʻzi bilan olib yurishi va temir yoʻl stansiyasi navbatchisi yoki stansiya (manyovr) dispetcheri koʻrsatmalarini aniq bajarishi shart.
82. Temir yoʻl stansiyasi boshligʻi, uning topshirigʻiga koʻra boshqa stansiya xodimlari va inspektorlar (revizorlar) idoraviy shoxobcha temir yoʻlda harakat xavfsizligi va temir yoʻl xoʻjaligi holatini tekshirishga haqli.
Shoxobcha temir yoʻlda harakat xavfsizligiga tahdid soluvchi nosozlik aniqlansa, stansiya boshligʻi yoki harakat xavfsizligi inspektori (revizori) koʻrsatmasi bilan nosozlik bartaraf etilgunga qadar vagon uzatish toʻxtatiladi.
83. Temir yoʻl transportining idoraviy shoxobcha temir yoʻlga ega tashkilot va jismoniy shaxslar bilan munosabatlari shoxobcha temir yoʻldan foydalanish shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Tashkilot va jismoniy shaxslarga tegishli shoxobcha temir yoʻllarda vagonlarni uzatish va qaytarib olish hamda manyovr ishlari ularning lokomotivlari bilan amalga oshiriladi.
Tashkilot yoki jismoniy shaxsning oʻz lokomotivi boʻlmasa, vagonlarni uzatish va qaytarib olish hamda manyovr ishlari belgilangan haq evaziga temir yoʻl transporti lokomotivi bilan bajariladi.
Idoraviy shoxobcha temir yoʻlda vagonlarni uzatish va qaytarib olish tartibi, shuningdek, vagon va konteynerlar aylanish muddatlari shoxobcha temir yoʻldan foydalanish shartnomasida belgilanadi.
84. Shoxobcha temir yoʻlda vagon va konteynerlarning turish vaqti nomerli usulda hisobga olinadi.
85. Kontragentlarga, yaʼni boshqa tashkilot yoki jismoniy shaxsning idoraviy shoxobcha temir yoʻli doirasida oʻz ombori yoki unga tutash shoxobcha yoʻli boʻlgan tashkilot va jismoniy shaxslarga vagon uzatish va qaytarib olish xizmati kontragent bilan shoxobcha yoʻl va lokomotiv egasi oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi. Kontragentlarda vagonlarning bekor turishi uchun temir yoʻl transporti oldida shoxobcha yoʻl va lokomotiv egasi javob beradi.
Idoraviy shoxobcha temir yoʻlga temir yoʻl transporti lokomotivi xizmat koʻrsatsa, temir yoʻl transporti bilan kontragent oʻrtasida vagonlarni uzatish va qaytarib olish shartnomasi tuziladi va barcha hisob-kitoblar bevosita ular oʻrtasida amalga oshiriladi.
Idoraviy shoxobcha temir yoʻl amortizatsiyasi va kontragentning uni taʼmirlash hamda saqlashda ishtirok etishi bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha hisob-kitoblar barcha hollarda shoxobcha yoʻl egasi boʻlgan tashkilot yoki jismoniy shaxs bilan kontragent oʻrtasida amalga oshiriladi.
86. Temir yoʻl transportiga tegishli shoxobcha yoʻllarda oʻz rels yoni omborlari va ortish-tushirish maydonchalari boʻlgan tashkilot va jismoniy shaxslar bilan munosabatlar vagonlarni uzatish va qaytarib olish shartnomasi bilan tartibga solinadi.
Temir yoʻl transportiga tegishli shoxobcha yoʻllarda vagonlarni uzatish va qaytarib olish hamda manyovr ishlari belgilangan haq evaziga temir yoʻl transporti lokomotivi bilan bajariladi.
Temir yoʻl transportiga tegishli shoxobcha yoʻllarni saqlash va joriy taʼmirlash uning kuch va mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Tashkilot yoki jismoniy shaxs hududida, shuningdek, ortish va tushirish frontlarida yoʻllarni chiqindi va qordan tozalash hamda yoritish ularning kuch va mablagʻlari hisobidan bajariladi.
87. Shoxobcha temir yoʻldan foydalanish shartnomasi va vagonlarni uzatish-qaytarib olish shartnomasi zamonaviy texnik meʼyor va vositalarga asoslangan shoxobcha yoʻl hamda tutashish stansiyasi ish texnologiyasini hisobga olgan holda ishlab chiqiladi.
Vagon uzatishlar soni va ular orasidagi intervallar belgilanganda ortish-tushirish fronti va bir uzatishdagi eng koʻp vagonlar soni hisobga olinadi.
Ortish-tushirish fronti bir turdagi yuklarni bir vaqtda ortish yoki tushirish mumkin boʻlgan ombor yoʻlining foydali uzunligiga joylashadigan vagonlar soni bilan belgilanadi.
Doimiy yuk aylanmasiga ega korxonalarda ortish-tushirish ishlari mexanizatsiyalashtirilgan boʻlishi kerak. Mexanizatsiya vositalari texnik-iqtisodiy maqsadga muvofiqlikdan kelib chiqib tanlanadi.
Mexanizatsiyalashgan ortish-tushirish fronti mexanizmlar soni va ularning qayta ishlash quvvatiga qarab belgilanadi.
Sutkasiga bir yoki undan ortiq marshrut joʻnatiladigan yoki keladigan joylarda marshrutlarni ortish-tushirish fronti marshrutni koʻpi bilan 2-3 uzatishda yuklash yoki tushirish imkonini berishi kerak.
88. Shoxobcha temir yoʻlga temir yoʻl transporti lokomotivi xizmat koʻrsatganda vagonlarning ortish-tushirishda bekor turish vaqti vagon amalda ortish yoki tushirish joyiga berilgan paytdan stansiya tashkilot yoki jismoniy shaxsdan vagonni qaytarib olishga tayyorligi haqida xabar olgunga qadar hisoblanadi.
Vagonlarni temir yoʻl transporti lokomotivi uzatib-qaytarib olganda, temir yoʻl transporti aybi bilan ortish-tushirish joyidan vagonni 15 daqiqadan ortiq kechiktirib qaytarib olgan yoki shoxobcha yoʻldan vagonni qabul qilmagan taqdirda, yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi yoki shoxobcha yoʻl egasiga mazkur Ustavning 132-bandida belgilangan miqdorda jarima toʻlaydi. Jarima shartnomada belgilangan vagonni qaytarib olish muddati tugagan paytdan kechikishning butun vaqti uchun hisoblanadi.
Tashkilot va jismoniy shaxs lokomotivlari xizmat koʻrsatadigan idoraviy shoxobcha temir yoʻllarda vagonlarning bekor turish vaqti vagonlar koʻrgazma yoʻllarida topshirilgan paytdan hisoblanadi.
Qabul-topshirish operatsiyalari joyi va tartibi shoxobcha temir yoʻldan foydalanish shartnomasida belgilanadi. Qabul-topshirish operatsiyasi uchun vaqt meʼyori har bir vagonga 1 daqiqadan va bir vaqtda taqdim etilgan barcha vagonlar partiyasi uchun 30 daqiqadan oshmasligi kerak.
Idoraviy shoxobcha temir yoʻllarda, shuningdek, temir yoʻl transportiga tegishli shoxobcha yoʻllarda tashkilot yoki jismoniy shaxs hududi va ortish-tushirish frontlarida yukli va boʻsh vagonlarni qoʻriqlash ularning kuch va mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
89. Temir yoʻl transporti manyovr ishlari, harakatdagi tarkibni qoʻyish va boshqa maqsadlar uchun idoraviy shoxobcha temir yoʻldan tashkilot yoki jismoniy shaxs roziligi bilan, temir yoʻl transportiga tegishli shoxobcha yoʻlning ular hududidagi qismidan esa oldindan xabardor qilgan holda foydalanishi mumkin.
90. Shoxobcha temir yoʻldan foydalanish va vagonlarni uzatish-qaytarib olish shartnomalari 5 yilgacha muddatga tuziladi. Stansiya yoki shoxobcha yoʻlning texnik jihozlanishi yoki ish texnologiyasi oʻzgarsa, tomonlardan birining talabi bilan shartnomaning ayrim bandlari yoki butun shartnoma muddati tugamasdan qayta koʻrib chiqilishi mumkin. Shoxobcha yoʻl egasi harakat xavfsizligi, temir yoʻl transporti harakatdagi tarkibi va yukning but saqlanishi talablarini muntazam buzsa yoki koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha debitor qarzdorligi mavjud boʻlsa, temir yoʻl transporti shartnomani bir tomonlama muddatidan oldin bekor qilishga haqli.
Shoxobcha temir yoʻldan foydalanish va vagonlarni uzatish-qaytarib olish shartnomalari quyidagilar tomonidan imzolanadi:
sutkalik yuk aylanmasi 50 vagongacha boʻlsa — temir yoʻl transporti hududiy boʻlinmasi rahbari va tashkilot rahbari;
sutkalik yuk aylanmasi 50 vagondan ortiq boʻlsa — temir yoʻl transporti rahbari (yoki uning topshirigʻiga koʻra hududiy boʻlinma rahbari) va tashkilot rahbari.
Tashkilot va jismoniy shaxslarga xizmat koʻrsatadigan, temir yoʻl transporti tizimiga kirmaydigan temir yoʻl transport birlashmasi mavjud boʻlsa, shoxobcha temir yoʻldan foydalanish shartnomasi shu birlashma bilan tuzilishi mumkin.
Shoxobcha temir yoʻldan foydalanish va vagonlarni uzatish-qaytarib olish shartnomalarida vagon aylanishini tezlashtirish chora-tadbirlari va ularni amalga oshirish muddatlari nazarda tutilishi kerak.
Shoxobcha temir yoʻldan foydalanish va vagonlarni uzatish-qaytarib olish shartnomalari boʻyicha kelishmovchiliklar quyidagicha koʻrib chiqiladi va hal etiladi:
oʻrtacha sutkalik yuk aylanmasi 50 vagongacha boʻlgan shoxobcha yoʻllar boʻyicha — temir yoʻl transporti hududiy boʻlinmasi rahbari va tashkilot rahbari tomonidan;
oʻrtacha sutkalik yuk aylanmasi 50 vagondan ortiq boʻlgan shoxobcha yoʻllar boʻyicha — temir yoʻl transporti rahbari va tashkilot rahbari tomonidan.
Yuqoridagi shartnomalar boʻyicha nizoli masalalar yuzaga kelsa, ish iqtisodiy sudda hal etiladi. Sud qarori chiqqunga qadar tomonlarning munosabatlari avvalgi shartnoma shartlari asosida tartibga solinadi.
Harakat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq nizoli masalalar temir yoʻl tashish xavfsizligini nazorat qiluvchi vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda hal etiladi.
VII bob. Boshqa transport turlari ishtirokida toʻgʻri aralash qatnov
92. Zarur boʻlganda temir yoʻl transporti yuklarni avtomobil, daryo va havo transporti bilan hamkorlikda tashib, temir yoʻl-avtomobil, temir yoʻl-suv va temir yoʻl-havo toʻgʻri aralash qatnovlarini tashkil etishi mumkin.
Toʻgʻri aralash qatnovda tashish butun yoʻl uchun rasmiylashtirilgan yagona tashish hujjati asosida amalga oshiriladi.
Uyma va quyma holda tashiladigan, shuningdek, tez buziladigan va xavfli yuklar toʻgʻri aralash qatnovda tashishga qabul qilinmaydi.
93. Toʻgʻri aralash qatnovda yuk tashish Ustavning mazkur boʻlimi va Yuk tashish qoidalari asosida amalga oshiriladi.
Ustavning mazkur boʻlimi va Yuk tashish qoidalarida nazarda tutilmagan masalalar boʻyicha toʻgʻri aralash qatnovda tegishli transport turidagi tashishni tartibga soluvchi ustav, kodeks, qoida va tarif normalari qoʻllaniladi.
94. Toʻgʻri aralash yuk qatnovida tashish quyidagi punktlar orqali amalga oshiriladi:
a) tegishli yuk operatsiyalari uchun ochiq temir yoʻl stansiyalari orqali, ularning roʻyxati temir yoʻl transporti tomonidan belgilanadi;
b) tegishli transport idoralari belgilaydigan roʻyxat boʻyicha daryo portlari, aeroportlar va avtostansiyalar orqali.
VIII bob. Yoʻlovchilar, bagaj va pochtani tashish
95. Temir yoʻl transporti hamda yoʻlovchi va bagajga xizmat koʻrsatuvchi va ularni tashuvchi korxona aholining yoʻlovchi tashishga boʻlgan ehtiyojini, temir yoʻl transportidan foydalanishda yoʻlovchilar xavfsizligini, zarur qulayliklarni, vokzal va poyezdlarda madaniy xizmat koʻrsatishni, shuningdek, bagajni oʻz vaqtida tashish va but saqlashni taʼminlashi shart.
Buning uchun temir yoʻl transporti barcha yoʻlovchi poyezdlarining jadval boʻyicha aniq harakatlanishini taʼminlashi shart. Yoʻlovchi vagonlari, vokzallar va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan boshqa inshootlar yoʻlovchi va bagaj tashishga masʼul korxona tomonidan soz, toza va tashish hajmini taʼminlaydigan holatda saqlanishi kerak.
Vokzal va yoʻlovchi poyezdlarida, odatda, yoʻlovchilarga oziq-ovqat mahsulotlari sotish tashkil etilishi kerak.
96. Yoʻlovchilarni tashish uchun moʻljallangan poyezdlar quyidagicha boʻlinadi:
a) harakat tezligiga koʻra — tez va yoʻlovchi poyezdlariga;
b) qatnov masofasiga koʻra — uzoq masofali, mahalliy va shahar atrofi poyezdlariga.
97. Vokzal binolarida yoʻlovchilar uchun poyezdlarning joʻnash va kelish jadvali, yoʻl haqi va bagaj tashish narxlari, chipta va bagaj kassalari ish vaqti, poyezdlardagi boʻsh joylar, shikoyat va takliflar kitobi joylashgan joy hamda vokzal xonalarining koʻrsatkichlari osib qoʻyilishi kerak.
98. Yoʻlovchini temir yoʻlda tashish shartnomasiga koʻra temir yoʻl transporti va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi korxona yoʻlovchini va uning bagajini manzilga yetkazish, sotib olingan yoʻl hujjati (chipta)ga muvofiq poyezdda joy berish majburiyatini oladi. Yoʻlovchi esa yoʻl haqini, bagaj topshirganda esa bagaj tashish haqini belgilangan tarif boʻyicha toʻlaydi.
Har bir yoʻlovchi poyezdda harakatlanish uchun tegishli yoʻl hujjati (chipta)ga ega boʻlishi shart. Temir yoʻl transporti yoʻlovchi koʻrsatgan va yoʻlovchi operatsiyalari uchun ochiq manzil stansiyasigacha chipta sotilishini taʼminlashi kerak.
Chipta va boshqa yoʻl hujjatlarining shakllari, ularni sotish va foydalanish tartibi, amal qilish muddati hamda temir yoʻlda yoʻlovchi qatnovi qoidalari Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilanadi.
99. Temir yoʻl transporti yoʻl hujjati (chipta)ning amal qilish muddatini quyidagi hollarda uzaytirishi shart:
a) yoʻlovchiga poyezdda (shahar atrofi poyezdi bundan mustasno) joy berilmasa — unga joy beriladigan keyingi poyezd joʻnagunga qadar;
b) almashish punktida kelishilgan poyezd kechiksa — tranzit yoʻlovchi safarni davom ettirish imkoniga ega boʻlgunga qadar;
v) yoʻlovchi yoʻlda kasal boʻlsa — tibbiyot muassasasi hujjati bilan tasdiqlangan kasallik davriga;
g) yoʻlovchi yoʻlda toʻxtasa — koʻpi bilan 10 sutkaga.
100. Shahar atrofi qatnovida bir marta qatnov chiptalaridan tashqari quyidagi chiptalar ham sotilishi kerak:
a) manzilga borish va dastlabki joʻnash stansiyasiga qaytish huquqini beruvchi qaytish chiptalari. Ular berilgan kun hisobga olinmagan holda bir sutka, shuningdek, umumiy dam olish va bayram kunlari davomida amal qiladi;
b) amal qilish muddati davomida qatnovlar soni cheklanmaydigan shaxsiy abonement chiptalari.
101. Yoʻl hujjatlari (chiptalar) quyidagi muddatlarda sotiladi:
a) oldindan sotish kassalarida — poyezd joʻnashidan 45 sutkagacha oldin;
b) yoʻlovchi poyezdlari va toʻgʻridan-toʻgʻri vagonlar shakllantiriladigan va aylanadigan stansiyalar kassalarida — poyezd joʻnashidan 24 soat oldin;
v) oraliq stansiyalarda — poyezdda boʻsh joylar haqida maʼlumot olingan paytdan, biroq poyezd kelishiga kamida 1 soat qolgunga qadar.
Shahar atrofi poyezdlari uchun chipta sotish vaqti ularning harakat jadvali hisobga olingan holda belgilanadi.
Almashish punktlarida sotuvdagi boʻsh joylarni olishda tranzit yoʻlovchilar ustuvor huquqqa ega.
102. Vokzallardagi saqlash kameralari yoʻlovchilardan qoʻl yukini chipta mavjudligidan qatʼi nazar qabul qiladi.
Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalaridagi roʻyxatga muvofiq tez yonuvchi va boshqa xavfli buyum hamda moddalarni saqlash kameralariga topshirish va qabul qilish taqiqlanadi.
Qoʻl yuki saqlash kameralarining ish vaqti poyezdlar harakat jadvali va mahalliy sharoitdan kelib chiqib belgilanadi.
103. Yoʻlovchi quyidagi huquqlarga ega:
a) boʻsh joy mavjud boʻlsa, yoʻlovchi operatsiyalari uchun ochiq koʻrsatilgan manzil stansiyasigacha istalgan poyezd va vagonga, eng qisqa yoʻnalish, eng kam almashish yoki vaqt jihatidan qulay marshrut boʻyicha chipta sotib olish;
b) 5 yoshga toʻlmagan bir nafar bolani alohida joy bermasdan bepul olib borish. 5 yoshgacha boʻlgan bir nechta bola bilan ketayotganda ulardan biri bepul, qolganlari esa alohida joy berilgan holda toʻliq chipta narxining 50 foizi miqdorida tashiladi. 5 yoshdan 10 yoshgacha boʻlgan bolalarga ham alohida joy berilgan holda chipta narxining 50 foizlik chegirmasi qoʻllaniladi;
v) 36 kggacha qoʻl yukini bepul, shahar atrofi poyezdlarida esa qoʻshimcha 50 kggacha yukni bagaj tarifi boʻyicha haq toʻlab olib borish;
g) chipta asosida bagajni belgilangan tarif boʻyicha haq toʻlab tashishga topshirish;
d) yoʻlda toʻxtab, chiptaning amal qilish muddatini koʻpi bilan 10 sutkaga uzaytirish;
e) yoʻlda kasal boʻlganda tibbiyot muassasasi maʼlumotnomasi asosida chiptaning amal qilish muddatini kasallikning butun davriga uzaytirish;
j) yoʻlda boʻsh joy mavjud boʻlsa, yuqori toifali vagondagi joyni narx farqini qoʻshimcha toʻlab egallash;
z) boʻsh joy mavjud boʻlsa, chipta sotib olingan poyezddan oldin joʻnaydigan poyezdda, chipta kassasida tegishli qayd qoʻydirib, Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda joʻnab ketish;
i) poyezdga (shahar atrofi poyezdi bundan mustasno) kech qolganda — 3 soat ichida, kasallik yoki baxtsiz hodisa tegishli hujjat bilan tasdiqlanganda esa poyezd joʻnaganidan keyin 3 sutka ichida chiptani platskarta qiymatidan tashqari qoʻshimcha haqsiz boshqa poyezdga qayta rasmiylashtirish yoki belgilangan tartibda yoʻl haqini qaytarib olish;
k) chiptani poyezd joʻnashidan kamida 24 soat oldin qaytarsa — yoʻl haqining toʻliq summasini, undan kechroq, biroq poyezd joʻnashidan oldin qaytarsa — platskarta qiymati chegirilgan yoʻl haqini olish.
Qaytish chiptasi qaytish punktida poyezd joʻnashidan kamida 3 sutka oldin qaytarilsa, yoʻlovchiga yoʻl haqi toʻliq qaytariladi; undan kechroq, biroq poyezd joʻnashidan oldin qaytarilsa, platskarta qiymati chegirilgan summa qaytariladi;
l) poyezdlar harakati uzilishi sababli safar yoʻlda toʻxtatilsa, bosib oʻtilmagan masofa uchun yoʻl haqini qaytarib olish.
Chipta qaytarilgan barcha hollarda yoʻlovchidan yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi korxona belgilagan haq undiriladi.
Foydalanilmagan chiptalar uchun tegishli summalar Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda qaytariladi.
104. Temir yoʻl transporti va yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi korxona tashkilotlarning oldindan bergan buyurtmanomalari asosida alohida yoʻlovchilar guruhini tashish uchun chiptalar sotilishini taʼminlaydi.
Tashkilotlar ushbu buyurtmanomalar boʻyicha sotib olgan chiptalarni poyezd joʻnashiga 7 sutkadan kam, biroq kamida 3 sutka qolganda qaytarsa, platskarta qiymatining 50 foizi, 3 sutkadan ham kech qaytarsa, platskarta qiymati toʻliq ushlab qolinadi.
Tashkilotlardan alohida yoʻlovchilar guruhi uchun chipta sotish buyurtmanomalarini qabul qilish va qaytarilgan chiptalar qiymatini toʻlash tartibi Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilanadi.
105. Chipta qaytarish muddatidan qatʼi nazar, poyezd joʻnashidan oldin quyidagi hollarda yoʻl haqidan ushlab qolinmaydi chiptada koʻrsatilgan poyezd bekor qilinganda, yoʻlovchi joʻnaydigan punktdan poyezd 1 soatdan ortiq kechiktirilganda, chiptada koʻrsatilgan joy berilmagani va yoʻlovchi boshqa joydan foydalanishga rozi boʻlmagani sabab safar amalga oshmaganda, yoʻlovchining kasalligi tibbiyot muassasasi hujjati bilan tasdiqlanganda.
106. Sotib olingan chiptaga muvofiq vagonda joy berilmasa, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi korxona yoʻlovchining roziligi bilan boshqa vagonda, hatto yuqori toifada boʻlsa ham, qoʻshimcha haqsiz joy berishi shart. Agar berilgan joy chipta narxidan arzon boʻlsa, narx farqi qaytariladi. Yoʻlovchi taklif etilgan joyni almashtirishdan bosh tortsa, unga yoʻl haqi qaytariladi.
Shu poyezdning oʻzida joy berish imkoni boʻlmasa, yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi korxona yoʻlovchi talabi bilan boshqa poyezdda tegishli joy berishi shart.
107. Yoʻlovchi chiptani taqdim etganda temir yoʻl transporti bagajni belgilangan haq evaziga tashishga qabul qilishi va bagaj vagonida boʻsh joy boʻlsa, uni yoʻlovchi ketadigan shu poyezdda joʻnatishi shart.
Bagaj vagoni boʻlmagan poyezdda ketayotgan yoʻlovchining bagaji tegishli yoʻnalishda bagaj vagoni bor birinchi poyezdda joʻnatilishi kerak.
Yoʻlovchining arizasiga koʻra bagaj boshqa marshrut yoki chiptada koʻrsatilmagan boshqa poyezdda joʻnatilishi mumkin. Bagaj yoʻlovchi tomonidan uni olib ketadigan poyezd joʻnashidan kamida 3 soat oldin topshirilishi mumkin.
Bagaj tashishga qabul qilinganini tasdiqlash uchun yoʻlovchiga bagaj kvitansiyasi beriladi.
Yoʻlovchi bagaj topshirganda uning qiymatini eʼlon qilishi va tarif boʻyicha yigʻim toʻlashi shart.
108. Bagaj sifatida oʻlchami, oʻrami va xususiyatiga koʻra bagaj vagoniga qiyinchiliksiz ortish va joylashtirish mumkin boʻlgan hamda boshqa yoʻlovchilar bagajiga zarar yetkazmaydigan buyumlar qabul qilinadi.
Bagaj va yuk bagaji sifatida tashish taqiqlangan tez yonuvchi va boshqa xavfli yuklar roʻyxati Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilanadi.
109. Bagaj va yuk bagajini yetkazish muddati ular joʻnatilgan poyezdning manzil stansiyasigacha harakatlanish vaqti bilan belgilanadi.
Agar bagaj yoʻlda qayta yuklanadigan marshrut boʻyicha ketsa, yetkazish muddati kelishilgan poyezdlarning shu marshrut boʻyicha harakatlanish vaqtiga har bir qayta yuklash uchun bir sutka qoʻshib hisoblanadi.
110. Agar bagaj yetkazib berish muddati tugagandan keyin 10 sutka ichida manzil stansiyasiga kelmasa, yoʻlovchi bagaj yoki yuk bagajini yoʻqolgan deb hisoblash va uning qiymatini qoplashni talab qilishga haqli.
111. Bagaj manzil stansiyasida bagaj kvitansiyasi va chiptani taqdim etgan shaxsga beriladi. Bagaj stansiya yoʻlovchi tashish operatsiyalari uchun ochiq boʻlgan butun vaqt davomida beriladi.
Tashkilot manziliga kelgan yuk bagaji rahbar va buxgalter imzolagan bir martalik yoki doimiy ishonchnoma, vakolatli shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida va yoʻl yuk bagaji qaydnomasining orqa tomonidagi uning imzosi bilan beriladi.
Jismoniy shaxs manziliga kelgan yuk bagaji pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganda, yoʻl qaydnomasining orqa tomonida pasport (ID) maʼlumotlari va yashash joyi koʻrsatilib imzo qoʻyilgan holda beriladi.
Bagaj va yuk bagajini saqlash uchun yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatuvchi korxona ishlab chiqqan tarif boʻyicha haq undiriladi.
112. 30 kun davomida talab qilib olinmagan bagaj yoki yuk bagaji Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarida belgilangan tartibda sotiladi.
Bagaj kvitansiyasini taqdim etgan shaxs bagaj sotilgan kundan boshlab 6 oy ichida talab qilib olinmagan bagaj yoki yuk bagaji sotuvidan tushgan summani temir yoʻl transportiga tegishli summalar chegirilgan holda olishga haqli.
113. Temir yoʻl transporti pochta tashishni pochta korxonalarining maxsus vagonlarida ham, yoʻlovchi poyezdlariga qoʻshiladigan temir yoʻl transporti vagonlarida ham amalga oshiradi.
Pochta tashish haqi vakolatli organ belgilangan tartibda tasdiqlaydigan tariflar boʻyicha toʻlanadi.
114. Pochta korxonalari pochta vagonlarini Oʻzbekiston Respublikasi temir yoʻl transportidan texnik foydalanish qoidalariga muvofiq soz holatda saqlashi shart. Ularga tegishli pochta vagonlari belgilangan rejali taʼmirlash muddatlariga rioya qilingan holda oʻz mablagʻlari hisobidan taʼmirlanadi.
115. Pochtani temir yoʻlda tashish tartibi Temir yoʻllarda pochta tashish va pochta vagonlaridan foydalanish qoidalarida belgilanadi.
IX bob. Temir yoʻl transporti, yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar va yoʻlovchilarning javobgarligi. Dalolatnomalar, talabnomalar va daʼvolar.
116. Temir yoʻl transporti, yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar va yoʻlovchilar tashishlar boʻyicha mazkur Ustav asosida moddiy javobgar boʻladi.
Temir yoʻl transporti, yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi yoki yoʻlovchiga yuklangan javobgarlikni oʻzgartirish yoki bekor qilishga qaratilgan oldindan tuzilgan har qanday kelishuv haqiqiy emas. Mazkur Ustav, Yuk tashish qoidalari yoki Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalarida nazarda tutilmagan bunday qaydlar yuk xatida boʻlsa ham yuridik kuchga ega emas.
117. Yoʻlovchilar yoʻlovchi vagonlari va vokzal xonalaridan foydalanishda jamoat tartibiga rioya qilishi va temir yoʻl transporti mulkiga ehtiyotkor munosabatda boʻlishi shart. Yoʻlovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalari, poyezdlar harakati xavfsizligi yoki yongʻin xavfsizligi talablari buzilsa, yoʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javob beradi.
118. Temir yoʻl transporti tashishga qabul qilingan bagajning yoʻqolishi, kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi, shuningdek, kech yetkazilishi uchun, agar bu holatlar uning aybi bilan yuz bermaganini isbotlamasa, moddiy javob beradi.
Bagaj yoʻqolishi, kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi uchun temir yoʻl transporti eʼlon qilingan qiymat miqdorida, agar eʼlon qilingan qiymat haqiqiy qiymatdan yuqori ekanini isbotlasa — haqiqiy qiymat miqdorida javob beradi.
Yoʻlovchi oʻzi bilan olib ketayotgan qoʻl yukining butligi va saqlanishi uchun oʻzi javob beradi.
119. Bagaj yoki yuk bagaji kech yetkazilsa, temir yoʻl transporti har bir sutka uchun, toʻliq boʻlmagan sutkani ham toʻliq sutka deb hisoblab, quyidagi miqdorda jarima toʻlaydi:
bagaj uchun — tashish haqining 5 foizi, biroq tashish haqining 50 foizidan koʻp emas;
yuk bagaji uchun — tashish haqining 1,5 foizi, biroq tashish haqining 30 foizidan koʻp emas.
120. Tashish rejasi bajarilmaganligi uchun temir yoʻl transporti va yuk joʻnatuvchi moddiy javob beradi.
Temir yoʻl transporti rejani bajarish uchun vagon va konteynerlarni bermaganligi, yuk joʻnatuvchi esa berilgan vagon va konteynerlardan foydalanmaganligi yoki rejada nazarda tutilganlardan bosh tortganligi uchun quyidagi miqdorda jarima toʻlanadi:
tonna va vagonlarda rejalashtiriladigan yuklar boʻyicha — yuklanmagan har bir tonna uchun eng kam ish haqining 0,1 baravari;
faqat vagonlarda rejalashtiriladigan yuklar boʻyicha — yuklanmagan har bir vagon uchun eng kam ish haqining 5 baravari;
konteynerlarda tashiladigan yuklar boʻyicha:
yuklanmagan har bir 3 — 5 tonnali konteyner uchun — eng kam ish haqining 0,5 baravari.
har bir yuklanmagan 10 va 20 futli konteyner uchun — eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida;
har bir yuklanmagan 30, 40 futli va undan katta tonnajli konteyner uchun — eng kam ish haqining 4 baravari miqdorida.
Yuk joʻnatuvchi tayinlangan temir yoʻllar boʻyicha (xalqaro temir yoʻl qatnovida) rejani bajarmaganligi uchun quyidagi miqdorda jarima toʻlaydi:
tashish hajmi tonna va vagonlarda rejalashtiriladigan yuklar boʻyicha — har bir yuklanmagan tonna uchun eng kam ish haqining 0,05 baravari;
tashish hajmi faqat vagonlarda rejalashtiriladigan yuklar boʻyicha — har bir yuklanmagan vagon uchun eng kam ish haqining 2 baravari;
konteynerlarda tashiladigan yuklar boʻyicha:
har bir 3 — 5 tonnali konteyner uchun — eng kam ish haqining 0,2 baravari;
har bir 10 va 20 futli konteyner uchun — eng kam ish haqining 1 baravari;
har bir 30, 40 futli va undan katta tonnajli konteyner uchun — eng kam ish haqining 2 baravari.
Marshrutni yuklash taʼminlanmasa, aybdor tomon tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarimadan tashqari, har bir yuklanmagan marshrut uchun boshqa tomon foydasiga eng kam ish haqining 8 baravari miqdorida jarima toʻlaydi.
121. Yuk joʻnatuvchi quyidagi hollarda tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarimadan ozod etiladi:
a) shoxobcha temir yoʻlda harakat toʻxtashiga sabab boʻlgan tabiiy ofatlar (zilzila, suv toshqini, yongʻin), amaldagi qoidalarga koʻra yuklash-tushirish ishlari taqiqlangan holatlar, shuningdek, korxonadagi avariya sabab ishlab chiqarish kamida 3 sutkaga toʻxtaganda. Bu haqda yuklash temir yoʻl stansiyasi boshligʻi yozma ravishda xabardor qilinishi shart;
b) mazkur Ustavning 51-bandiga muvofiq yuklash taqiqlangan, toʻxtatilgan yoki cheklangan hollarda;
v) yuk joʻnatuvchining oldindan roziligisiz yuklashni jadallashtirish tartibida rejadan ortiq berilgan vagonlar (konteynerlar)dan foydalanilmagan hollarda;
g) yuk joʻnatuvchi mazkur kalendar dekadasining ayrim kunlaridagi kam yuklashni shu dekada davomida qoplaganda;
d) tashish hajmi vagon va tonnada rejalashtiriladigan yuklar boʻyicha tonna rejasi bajarilganda.
Agar yuk joʻnatuvchi vagonlar (konteynerlar)ni texnik meʼyordan zichroq yuklash hisobiga rejadagidan kam vagon (konteyner) ishlatgan boʻlsa, tegishli miqdordagi vagonlar (konteynerlar) kam yuklangani uchun jarima undirilmaydi.
Agar yuk joʻnatuvchi yuklash kunidan kamida 2 sutka oldin vagonlar (konteynerlar)dan foydalanmasligi haqida stansiyani yozma ravishda ogohlantirsa, jarima miqdori uchdan bir qismga kamaytiriladi.
122. Temir yoʻl transporti quyidagi hollarda tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarimadan ozod etiladi:
a) vagon va konteynerlarni yuklash uchun berish imkoni boʻlmagan tabiiy ofatlar (qor bosishi, suv toshqini, yongʻin) sababli;
b) mazkur Ustavning 51-bandiga muvofiq yuklash taqiqlangan, toʻxtatilgan yoki cheklangan hollarda;
v) yuk joʻnatuvchi vagonlar (konteynerlar)ni tushirishda ushlab qolganda. Bunda temir yoʻl transporti ushlab qolingan yoki shu sabab yuklash uchun berib boʻlmagan miqdordagi vagonlar (konteynerlar)ni bermaganlik uchun jarimadan ozod etiladi;
g) yuk joʻnatuvchi temir yoʻl transportiga tegishli toʻlovlarni toʻlamaganda.
123. Oy yakunlangach, keyingi oyning 10-sanasidan kechiktirmay temir yoʻl stansiyasi boshligʻi tashish rejasi bajarilmaganligi uchun temir yoʻl transporti va yuk joʻnatuvchiga tegishli jarima summalari hisob-kitobini yuk joʻnatuvchiga maʼlum qiladi.
Temir yoʻl transporti yoki yuk joʻnatuvchiga tegishli summalar 5 kun ichida toʻlanishi kerak.
124. Temir yoʻl transporti yukni tashishga qabul qilgan paytdan uni yukni oluvchiga topshirgunga yoki Yuk tashish qoidalariga muvofiq boshqa korxonaga bergunga qadar yukning but saqlanishi uchun javob beradi. Agar yukning yoʻqolishi, kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi temir yoʻl transporti oldini ola olmagan va bartaraf etish unga bogʻliq boʻlmagan holatlar natijasida yuz berganini isbotlasa, javobgarlikdan ozod etiladi. Jumladan:
a) yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchining aybi;
b) tashilayotgan yukning oʻziga xos tabiiy xususiyatlari;
v) yuk qabul qilinayotganda tashqi koʻrinishidan aniqlab boʻlmaydigan idish yoki oʻram kamchiliklari yoki yuk xususiyatiga yoxud belgilangan standartlarga mos boʻlmagan idishdan foydalanish, agar yoʻl davomida idish shikastlangani belgilari boʻlmasa;
g) tashish yoki saqlashda maxsus sharoit yoki ehtiyot choralarini talab qiladigan yuk xususiyatlari yuk xatida koʻrsatilmasdan yuk tashishga topshirilganda;
d) namligi belgilangan meʼyordan yuqori boʻlgan yuk tashishga topshirilganda.
125. Temir yoʻl transporti quyidagi hollarda yukning yoʻqolishi, kamomadi, buzilishi yoki shikastlanishi uchun javobgarlikdan ozod etiladi:
a) yuk soz vagonda (konteynerda), yuk joʻnatuvchining soz berkitish-plombalash qurilmalari (plombalari) bilan yoki yoʻlda qayta yuklanmasdan soz ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida, soz himoya markirovkasi yoki bogʻlamasi bilan kelgan yoxud yuk but saqlanganini koʻrsatuvchi boshqa belgilar mavjud boʻlsa;
b) kamomad, buzilish yoki shikastlanish yukni ochiq harakatdagi temir yoʻl tarkibida tashish bilan bogʻliq tabiiy sabablar natijasida yuz bergan boʻlsa;
v) yuk yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) kuzatuvchisi hamrohligida tashilgan yoki ular tuzgan shartnomalarga muvofiq boshqa vakolatli shaxslar tomonidan qoʻriqlangan boʻlsa;
g) yuk kamomadi tabiiy kamayish meʼyoridan oshmasa;
d) yuk mazkur Ustavning 74-bandida nazarda tutilgan shartlarda tashilgan boʻlsa.
126. Temir yoʻl transporti yuk tashishda yetkazilgan zararni quyidagi miqdorda qoplaydi:
a) yuk yoʻqolgan yoki kam chiqqan boʻlsa — yoʻqolgan yoki kam chiqqan yukning haqiqiy qiymati miqdorida;
b) qiymati eʼlon qilingan yuk yoʻqolsa — eʼlon qilingan qiymat miqdorida, agar temir yoʻl transporti eʼlon qilingan qiymat haqiqiy qiymatdan yuqori ekanini isbotlasa — haqiqiy qiymat miqdorida;
v) yuk buzilgan yoki shikastlangan boʻlsa — uning qiymati qanchaga kamaygan boʻlsa, shu miqdorda.
Yoʻqolgan yoki kam chiqqan yuk uchun zararni qoplash bilan birga, agar tashish haqi yuk qiymatiga kirmagan boʻlsa, temir yoʻl transporti ushbu yuk uchun undirilgan tashish haqini ham qaytaradi.
127. Temir yoʻl transporti daʼvo talablari boʻyicha yoʻqolgan, kam chiqqan, buzilgan yoki shikastlangan yuk qiymatini yuk joʻnatuvchining hisobvaragʻi asosida, hisobvaraq boʻlmasa — uning oʻrnini bosuvchi boshqa moliyaviy hujjat (hisob-faktura, spetsifikatsiya, shartnoma va boshqalar) asosida qoplaydi.
Jismoniy shaxslarga tegishli yuk qiymati yuk topshirilishi lozim boʻlgan joy va vaqtdagi shunga oʻxshash yuk narxidan kelib chiqib aniqlanadi.
128. Yukni yetkazib berish kechiktirilgani uchun temir yoʻl transporti, agar kechikish uning aybi bilan yuz bermaganini isbotlamasa, yukni oluvchiga jarima toʻlaydi.
Kechiktirilgan har bir sutka uchun, toʻliq boʻlmagan sutkani ham toʻliq deb hisoblab, tashish haqining 6 foizi miqdorida, biroq jami tashish haqining 30 foizidan koʻp boʻlmagan jarima toʻlanadi.
Tashkilotlar va jismoniy shaxslarga tegishli yoki ular ijaraga olgan boʻsh vagonlarni yetkazib berish kechiktirilganda ham shu miqdorda jarima undiriladi.
Kechikish temir yoʻl transportiga bogʻliq boʻlmagan yengib boʻlmas kuch holatlari (harbiy harakatlar, blokada, epidemiya, zilzila, suv toshqini va boshqalar) natijasida yuz bersa, temir yoʻl transporti jarimadan ozod etiladi.
129. Agar yuk yetkazib berish muddati tugaganidan keyin 30 kun ichida yukni oluvchining talabiga koʻra topshirilmasa, yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi uni yoʻqolgan deb hisoblash va zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega.
Agar yuk mazkur muddatdan keyin yetib kelsa, yukni oluvchi uni qabul qilishi va yoʻqolgan yuk uchun temir yoʻl transporti toʻlagan summani qaytarishi shart.
130. Yuk xatida yuk nomi notoʻgʻri koʻrsatilgan, tashish taqiqlangan yuk yuklangan va joʻnatilgan yoki maxsus ehtiyot choralarini talab qiladigan yukning nomi yoki xususiyati notoʻgʻri koʻrsatilgan taqdirda, yuk joʻnatuvchidan temir yoʻl transportiga yetkazilgan zarardan tashqari, butun tashish masofasi uchun bunday yukni tashish haqining 5 baravari miqdorida jarima undiriladi.
131. Yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi yoki shoxobcha temir yoʻl egasi umumiy tarmoq parki vagon va konteynerlaridan temir yoʻl transporti ruxsatisiz ichki tashishlarda foydalansa, har bir vagon uchun sutkasiga eng kam ish haqining 10 baravari, har bir konteyner uchun 5 baravari miqdorida jarima toʻlaydi. Bu jarima vagonlar bekor turishi va konteynerlar ushlab qolinishi uchun jarimadan qatʼi nazar undiriladi. Temir yoʻl transporti tashkilotlar va jismoniy shaxslarga tegishli yoki ular ijaraga olgan vagon va konteynerlarni oʻzboshimchalik bilan egallasa, xuddi shu miqdorda jarima toʻlaydi.
132. Yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi vositalari bilan yuklash, tushirish yoki qayta yuklash uchun berilgan vagonlar belgilangan muddatdan ortiq ushlab qolinsa (vagonlar bekor tursa), yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchidan jarima undiriladi.
Oddiy vagonlar (yopiq vagonlar, yarim ochiq vagonlar, platformalar) bekor turganda jarima quyidagi miqdorda undiriladi:
1 soatdan 6 soatgacha — har bir vagon uchun soatiga eng kam ish haqining 0,05 baravari;
7 soatdan 12 soatgacha — har bir vagon uchun soatiga eng kam ish haqining 0,1 baravari;
13 soatdan 18 soatgacha — har bir vagon uchun soatiga eng kam ish haqining 0,15 baravari;
18 soatdan ortiq — har bir vagon uchun soatiga eng kam ish haqining 0,25 baravari.
15 daqiqagacha bekor turish hisobga olinmaydi, 15 daqiqa va undan ortiq vaqt toʻliq bir soat deb hisoblanadi.
Sisternalar, sement tashuvchi vagonlar, transporterlar, bunkerli yarim ochiq vagonlar va boshqa maxsus vagonlar (refrijeratorlardan tashqari) bekor turganda jarima 2 baravar, refrijerator vagonlar uchun 3 baravar oshiriladi.
Yukni oluvchi yoki shoxobcha temir yoʻl egasiga bogʻliq sabablar bilan tushirish yoki qayta yuklash uchun berishni kutib, tayinlangan, oraliq yoki qoʻshni temir yoʻl stansiyalarida vagonlar bekor turganda ham shu miqdorda jarima undiriladi.
Tashkilotlar va jismoniy shaxslarga tegishli yoki ular ijaraga olgan vagonlar temir yoʻllarda bekor turganda jarima 50 foiz miqdorida undiriladi.
Refrijerator poyezdi yoki seksiyasining bir qismidagi vagonlar yuklash, tushirish yoki qayta yuklashda belgilangan muddatdan ortiq ushlab qolinsa, yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchidan operatsiyada ushlab qolingan vagonlar uchun ham, yuk operatsiyalari tugashini kutib turgan poyezd yoki seksiya vagonlari uchun ham bekor turish jarimasi undiriladi.
Vagonlarning bekor turishi uchun jarima yuk tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarimadan qatʼi nazar undiriladi.
Temir yoʻl transportining aybi bilan vagonlarni yuklash yoki tushirishga berish shoxobcha temir yoʻldan foydalanish shartnomasida yoki vagonlarni uzatish va qaytarib olish shartnomasida belgilangan muddatdan 15 daqiqadan ortiq kechiksa, temir yoʻl transporti yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchiga har bir vagon uchun soatiga eng kam ish haqining 0,08 baravari miqdorida jarima toʻlaydi.
15 daqiqadan ortiq kechikish toʻliq bir soat deb hisoblanadi.
133. Reja va buyurtmanomada nazarda tutilgan yuklarni yuklash uchun yuk joʻnatuvchining buyurtmanomasi boʻyicha boʻsh maxsus vagonlar berilgan, ammo yuk joʻnatuvchiga bogʻliq sabablar bilan ular yuklash temir yoʻl stansiyasida ushlab qolingan boʻlsa, ushlab turilgan butun vaqt uchun mazkur Ustavning 132-bandida belgilangan miqdorda jarima undiriladi. Agar yuk joʻnatuvchi bu vagonlardan foydalanishdan voz kechganini stansiyaga xabar qilsa, jarima xabar olingan vaqtgacha hisoblanadi.
Yuk joʻnatuvchi buyurtmanomasiga muvofiq yuklash temir yoʻl stansiyasiga kelgan boʻsh maxsus vagonlarni yuklashdan voz kechsa va hisobot sutkasida ulardan boshqa yuk joʻnatuvchilar foydalana olmasa, tashish rejasini bajarmaganlik jarimasidan tashqari, vagonlar joʻnatilgan stansiyadan yuklash stansiyasigacha, biroq 300 kilometrdan oshmagan masofa uchun vagonlar yurishi haqi undiriladi.
Bunday vagonlar yurishi uchun toʻlov miqdori yuk tashish tarifi bilan belgilanadi.
134. Qurilayotgan temir yoʻl liniyalarida vagonlar ishchi parkning belgilangan meʼyoridan ortiq ushlab qolinsa yoki ushbu liniyalarga tutash stansiyalarda qurilish tashkiloti vagonlarni qabul qilmagani sabab ushlab qolinsa, mazkur tashkilot temir yoʻl transportiga har bir vagon uchun eng kam ish haqining 0,05 baravari miqdorida jarima toʻlaydi.
135. Konteynerlar belgilangan meʼyordan ortiq ushlab qolinsa, yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi tashkilotlar quyidagi miqdorda jarima toʻlaydi:
har bir 3 — 5 tonnali konteyner uchun soatiga — eng kam ish haqining 0,015 baravari;
har bir 10 va 20 futli konteyner uchun soatiga — eng kam ish haqining 0,05 baravari;
har bir 30, 40 futli va undan katta tonnajli konteyner uchun soatiga — eng kam ish haqining 0,1 baravari.
Konteynerlarni ushlab qolish uchun jarima konteynerlarda yuk tashish rejasini bajarmaganlik jarimasidan qatʼi nazar undiriladi.
136. Yukni oluvchilar yuklarni oʻz vaqtida tushirmasligi va olib chiqmasligi sabab stansiyada qiyinchilik yuzaga kelsa, temir yoʻl transporti hududiy boʻlinmasi rahbari tushirilgan yukni saqlash haqini 5 baravargacha, stansiya yoki shoxobcha temir yoʻlda belgilangan muddatdan 24 soatdan ortiq ushlab qolingan vagonlar uchun bekor turish jarimasini 2 baravargacha, boshqa davlatlar vagonlari uchun esa 10 baravargacha oshirish huquqiga ega.
Oshirilgan saqlash haqi va vagonlar bekor turishi uchun jarima bu haqda stansiyada eʼlon joylashtirilganidan 24 soat oʻtgach qoʻllaniladi.
137. Yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchi quyidagi hollarda vagonlar bekor turishi va konteynerlar ushlab qolinishi uchun jarimadan ozod etiladi:
a) vagonlar bekor turishi yoki konteynerlar ushlab qolinishi shoxobcha temir yoʻlda harakatni toʻxtatgan tabiiy ofatlar, shuningdek, amaldagi qoidalarga koʻra yuklash-tushirish ishlari taqiqlangan tabiiy ofat yoki korxonadagi avariya sabab yuz bergan boʻlsa. Avariya haqida yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) stansiya boshligʻini yozma ravishda xabardor qiladi;
b) temir yoʻl transporti shoxobcha temir yoʻldan foydalanish shartnomasida belgilangan miqdordan ortiq vagonlar (konteynerlar) bergan boʻlsa.
138. Bojxona, sanitariya va boshqa maʼmuriy qoidalarni bajarish uchun zarur hujjatlar yuk xatiga ilova qilinmagani sabab vagon va konteynerlar ushlab qolinsa (bekor tursa), yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi mazkur Ustavning 132 va 135-bandlarida belgilangan jarimani toʻlaydi hamda shu sabab temir yoʻl transporti koʻrgan zararni qoplaydi.
Sud, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa vakolatli organlar (prokuratura, ichki ishlar, bojxona, chegara organlari va boshqalar) vagon va konteynerlarni ushlab qolishi bilan bogʻliq temir yoʻl transporti xarajatlari, jumladan, vagon va konteynerlarni uzatish-qaytarib olish, yuklash-tushirish, yukni saqlash, manyovr ishlari, vagon va konteynerlardan foydalanish haqi hamda boshqa xarajatlar yuk joʻnatuvchi (yukni oluvchi) hisobidan qoplanadi.
139. Vagonlar va katta tonnajli konteynerlar texnik meʼyorga yoki toʻliq yuk koʻtarish quvvatiga (sigʻimiga)cha yuklanmasa, yuk joʻnatuvchi har bir kam yuklangan tonna uchun eng kam ish haqining 0,02 baravari miqdorida jarima toʻlaydi. Agar yuk joʻnatuvchi vagon yoki konteynerni qoʻshimcha yuklasa, jarima undirilmaydi.
Yoʻlda yoki tayinlangan stansiyada yuk koʻtarish quvvatidan ortiq yuklangan vagon (konteyner) aniqlansa, yuk joʻnatuvchidan ortiqcha yuk vazni uchun tarifning 5 baravari miqdorida jarima undiriladi. Bundan tashqari, yuk joʻnatuvchi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi va ortiqcha yuklash sabab transport hodisasi yuz bersa, temir yoʻl transportiga yetkazilgan zararni qoplaydi.
141. Tozalanmagan harakatdagi temir yoʻl tarkibini yuklashga berishga faqat yuk joʻnatuvchining roziligi bilan yoʻl qoʻyiladi. Bunda temir yoʻl transporti yuk joʻnatuvchi foydasiga har bir oddiy vagon uchun eng kam ish haqining 1 baravari, maxsus vagon uchun 2 baravari miqdorida jarima toʻlaydi. Yuk joʻnatuvchi bu vagonlarni tozalashi va yuklashi shart. Tozalash uchun zarur vaqt stansiya boshligʻi va yuk joʻnatuvchi kelishuvi bilan belgilanadi.
Yuk tushirilgandan (quyilgandan) keyin tozalanmagan harakatdagi temir yoʻl tarkibi topshirilsa, yukni oluvchi temir yoʻl transporti foydasiga xuddi shu miqdorda jarima toʻlaydi.
142. Shoxobcha temir yoʻlda, portda, pristanda, qurilayotgan temir yoʻl liniyasida yoki stansiyada yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi vositalari bilan yuklash-tushirish paytida vagon, konteyner shikastlansa yoki uning qismlari yoʻqolsa, yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi, port, pristan yoki temir yoʻl liniyasini qurayotgan tashkilot temir yoʻl transporti tasdiqlagan baholash vedomosti boʻyicha shikastlangan (yoʻqolgan) qism qiymatining 10 baravari miqdorida jarima toʻlaydi.
Yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi va temir yoʻl liniyasini qurayotgan tashkilot harakatdagi temir yoʻl tarkibining shikastlanishi, ortiqcha yuklash, notoʻgʻri yuklash, oʻrash yoki yukni notoʻgʻri mahkamlash natijasida temir yoʻl transporti koʻrgan zararni ham qoplashi shart.
143. Temir yoʻl transporti tashkilotlar va jismoniy shaxslarga tegishli yoki ular ijaraga olgan vagon va konteynerlarni shikastlasa, ularni taʼmirlashi yoki egasiga yetkazilgan zararni qoplashi shart.
Temir yoʻl transporti yoʻqotgan, tashkilotlar va jismoniy shaxslarga tegishli yoki ular ijaraga olgan vagon uchun, ularning talabiga koʻra (mazkur Ustav 147-bandi “e” kichik bandiga muvofiq), tegishli vagon vaqtincha bepul foydalanishga beriladi. Vagon 3 oy ichida qaytarilmasa, yoʻqolgan vagon oʻrniga tegishli vagon egasi mulkiga beriladi.
Temir yoʻl transportida tegishli vagon yoki konteyner boʻlmasa, ularning qiymati belgilangan tartibda qoplanadi.
144. Yuk tayinlangan temir yoʻl stansiyasiga kelganidan keyin mazkur tashish boʻyicha temir yoʻl transporti oldidagi barcha javobgarlik yukni oluvchi zimmasiga oʻtadi.
Bunda yukni oluvchi yuk joʻnatuvchining notoʻgʻri harakatlari sabab temir yoʻl transportiga toʻlagan tashish bilan bogʻliq xarajat va zararlarni yuk joʻnatuvchidan undirishga haqli.
Agar yuk tayinlangan stansiya hududida mavjud boʻlmagan yukni oluvchi nomiga joʻnatilgan boʻlsa, temir yoʻl transporti oldida yuk joʻnatuvchi javob beradi.
145. Temir yoʻl transporti, yuk joʻnatuvchilar, yukni oluvchilar va yoʻlovchilar mazkur Ustavdan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, faqat Ustavning tegishli bandlarida belgilangan doirada moddiy javobgar boʻladi.
146. Temir yoʻl tashishida temir yoʻl transporti, yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi va yoʻlovchining moddiy javobgarligiga asos boʻlishi mumkin boʻlgan holatlar stansiyalar tuzadigan tijorat dalolatnomasi yoki umumiy shakldagi dalolatnoma bilan tasdiqlanadi.
Tijorat dalolatnomasi quyidagi holatlarni tasdiqlash uchun tuziladi:
a) yuk yoki bagajning haqiqiy nomi, vazni yoki joylar soni tashish hujjatidagi maʼlumotlarga mos kelmasa;
b) yuk yoki bagaj buzilgan yoki shikastlangan boʻlsa;
v) hujjatsiz yuk yoki bagaj, yoxud yuk yoki bagajsiz hujjat aniqlansa;
g) oʻgʻirlangan yuk yoki bagaj temir yoʻl transportiga qaytarilsa;
d) tovar idorasida (kassada) hujjatlar boʻyicha yukni berish rasmiylashtirilganidan keyin 24 soat ichida temir yoʻl transporti yukni shoxobcha temir yoʻlga bermasa. Bu holda tijorat dalolatnomasi faqat yukni oluvchining talabi bilan tuziladi.
Temir yoʻl transporti yuqoridagi holatlarni oʻzi aniqlasa yoki yukni (bagajni) oluvchi yoki joʻnatuvchi ulardan kamida bittasi mavjudligini koʻrsatsa, tijorat dalolatnomasini tuzishi shart.
Tijorat dalolatnomalari va umumiy shakldagi dalolatnomalarni tuzish tartibi Yuk tashish qoidalari bilan belgilanadi.
147. Mazkur Ustavdan kelib chiqadigan daʼvo bilan sudga murojaat qilishdan oldin temir yoʻl transportiga talabnoma taqdim etilishi shart.
Tegishli hollarda temir yoʻl transportiga talabnoma va daʼvo taqdim etish huquqiga quyidagilar ega:
a) yuk yoʻqolganda:
yukni oluvchi — yuk kelmagani haqida tayinlangan stansiya belgisi qoʻyilgan yuk kvitansiyasining aslini taqdim etganda; uni taqdim etish imkoni boʻlmasa — yuk qiymati toʻlanganini tasdiqlovchi hujjat va yuk joʻnatilgani haqida temir yoʻl transporti maʼlumotnomasini, unda tayinlangan stansiyaning yuk kelmagani haqidagi belgisi bilan taqdim etganda;
yuk joʻnatuvchi — yuk kvitansiyasining aslini taqdim etganda;
b) yuk kam chiqqan, buzilgan yoki shikastlangan holda — yukni oluvchi yuk xatining asli va temir yoʻl transporti bergan tijorat dalolatnomasini, dalolatnoma yoʻqolgan boʻlsa — uning tuzilgani haqida belgi qoʻyilgan yuk xatining aslini yoki yuk xatining asli va tijorat dalolatnomasini tuzish rad etilgani ustidan Yuk tashish qoidalarida belgilangan tartibda shikoyat qilinganini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etganda;
v) yukni yetkazib berish kechiktirilganda — yukni oluvchi yuk xatining aslini taqdim etganda;
g) bagaj yoʻqolganda — bagaj egasi bagaj kvitansiyasining aslini taqdim etganda; bagaj kam chiqqan, buzilgan, shikastlangan yoki kechiktirib yetkazilganda — temir yoʻl transporti bergan tegishli dalolatnomani taqdim etganda;
d) temir yoʻl tarifi, jarima yoki yigʻim notoʻgʻri undirilganda — yuk joʻnatuvchi yoki yukni oluvchi tegishli hollarda yuk xati, vagonlarni uzatish va qaytarib olish vedomosti, qoʻshimcha yigʻimlar uchun jamgʻarma kartochkasi, umumiy shakldagi dalolatnoma va toʻlovni tasdiqlovchi hujjatlarning aslini taqdim etganda;
e) xususiy vagon shikastlangan yoki yoʻqolganda — vagon egasi yuk xatining aslini (uni taqdim etish imkoni boʻlmasa, vagonni tashishga qabul qilish kvitansiyasi yoki joʻnatish stansiyasi boshligʻining maʼlumotnomasi), vagonning texnik pasporti, shikastlanish dalolatnomasi va zarar hisob-kitobini taqdim etganda. Bunday talabnoma vagon shikastlangan yoki yoʻqolgan paytdan 12 oy ichida taqdim etiladi.
148. Yuk, yoʻlovchi va bagaj tashishdan kelib chiqadigan talabnomalar temir yoʻl transporti rahbariga taqdim etiladi.
Toʻgʻri aralash qatnovda yuk tashishdan kelib chiqadigan talabnomalar:
a) tashishning yakuniy punkti temir yoʻl stansiyasi boʻlsa — temir yoʻl transportiga;
b) boshqa hollarda — tegishli boshqa transport turi korxonasiga taqdim etiladi.
Yuk joʻnatuvchi va yukni oluvchining jarimalar boʻyicha talabnomalari temir yoʻl transporti rahbariga taqdim etiladi.
Temir yoʻl transporti rahbari bunday talabnomalarni koʻrib chiqishni hududiy va boshqa tarkibiy boʻlinmalarga yuklashi mumkin.
149. Har bir yuk xati boʻyicha summasi eng kam ish haqining 1 baravaridan kam boʻlgan talabnomalarni yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi yoki temir yoʻl transporti taqdim etishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bundan jismoniy shaxslarning temir yoʻl transportida tashilgan uy-roʻzgʻor buyumlari kam chiqqan, yoʻqolgan, buzilgan yoki shikastlangan holatlardagi talabnomalari mustasno.
150. Talabnoma va daʼvo taqdim etish huquqini boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslarga berishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bundan yuk joʻnatuvchining bu huquqni yukni oluvchiga, yukni oluvchining yuk joʻnatuvchiga, shuningdek, ularning yuqori turuvchi tarkibiy boʻlinmaga berishi mustasno.
Talabnoma va daʼvo taqdim etish huquqi tegishli tashish hujjatidagi huquqni oʻtkazish yozuvi bilan tasdiqlanadi.
151. Talabnoma arizasiga talabni tasdiqlovchi hujjatlar (mazkur Ustavning 147-bandi) ilova qilinishi kerak.
Yuk yoʻqolgan, kam chiqqan, buzilgan yoki shikastlangani boʻyicha talabnomaga talabnoma berish huquqini tasdiqlovchi hujjatlardan tashqari, joʻnatilgan yuk miqdori va qiymatini tasdiqlovchi hujjat ham ilova qilinadi.
152. Temir yoʻl transportiga talabnomalar 6 oy ichida, jarima toʻlash boʻyicha talabnomalar esa 45 kun ichida taqdim etilishi mumkin.
Mazkur muddatlar quyidagicha hisoblanadi:
a) yuk yoki bagaj buzilgani, shikastlangani yoki kam chiqqanini qoplash boʻyicha — yuk yoki bagaj berilgan kundan;
b) yuk yoʻqolganini qoplash boʻyicha — yetkazib berish muddati tugaganidan 30 sutka oʻtgach;
v) bagaj yoʻqolganini qoplash boʻyicha — bagajni yetkazib berish muddati tugaganidan 10 sutka oʻtgach;
g) yuk yoki bagajni yetkazib berish kechiktirilgani boʻyicha — yuk yoki bagaj berilgan kundan;
d) tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarimani undirish boʻyicha — jarima toʻlash uchun belgilangan 5 kunlik muddat tugagach;
e) vagonlar bekor turishi, konteynerlar ushlab qolinishi va aksepsiz tartibda undirilgan boshqa jarimalarni qaytarish boʻyicha — arizachi temir yoʻl transportining jarima hisoblangani haqidagi toʻlov talabi (hisobvaragʻi) nusxasini olgan kundan;
j) boshqa barcha hollarda — talabnoma taqdim etishga asos boʻlgan voqea yuz bergan kundan.
153. Temir yoʻl transporti talabnomani koʻrib chiqishi va uni qanoatlantirish yoki rad etish haqida arizachiga quyidagi muddatlarda xabar berishi shart:
a) temir yoʻl qatnovidagi tashishlar boʻyicha — 3 oy ichida;
b) jarima toʻlash boʻyicha — 45 kun ichida.
154. Temir yoʻl transporti talabnomani koʻrib chiqish natijasini arizachiga maʼlum qilishi shart.
Talabnoma qisman qanoatlantirilsa yoki rad etilsa, xabarnomada qaror asosi mazkur Ustavning tegishli bandlariga havola qilingan holda koʻrsatiladi. Bunday hollarda talabnoma bilan taqdim etilgan hujjatlarning asli arizachiga qaytariladi.
Yuk tayinlangan stansiyaga kelmagani haqidagi talabnoma koʻrib chiqilayotganda yuk yuk joʻnatuvchi yoki dastlabki yukni oluvchining arizasiga koʻra boshqa manzilga yoʻnaltirilgani yoki boshqa yukni oluvchiga berilgani aniqlansa, temir yoʻl transporti talabnomani arizachiga qaytaradi. Bunda yuk berilgan joy va vaqt, uni olgan shaxs, shuningdek, qayta yoʻnaltirish yoki berish kim tomonidan amalga oshirilgani koʻrsatiladi. Bu maʼlumotlar amaldagi yukni oluvchi yoki qayta yoʻnaltirish (berish) haqida ariza bergan yuk joʻnatuvchi bilan bevosita hisob-kitob qilish uchun beriladi.
155. Mazkur Ustavdan kelib chiqadigan temir yoʻl transportiga nisbatan daʼvolar faqat talabnoma toʻliq yoki qisman rad etilganda yoxud mazkur Ustavning 153-bandida belgilangan muddatda javob olinmaganda taqdim etilishi mumkin.
Bunday daʼvolar belgilangan sudlovga tegishlilik boʻyicha talabnoma berilgan temir yoʻl transporti ijro organi joylashgan joydagi iqtisodiy sudga, temir yoʻl transporti javobi olingan kundan yoki javob berish muddati tugagan kundan boshlab 2 oy ichida taqdim etiladi.
156. Temir yoʻl transportining mazkur Ustavdan kelib chiqadigan yuk joʻnatuvchi, yukni oluvchi va yoʻlovchilarga nisbatan daʼvolari belgilangan sudlovga tegishlilik boʻyicha iqtisodiy sudga 6 oy ichida taqdim etilishi mumkin.
Mazkur 6 oylik muddat quyidagicha hisoblanadi:
a) tashish rejasini bajarmaganlik uchun jarimani undirish boʻyicha — jarima toʻlash uchun belgilangan 5 kunlik muddat tugagach;
b) boshqa barcha hollarda — daʼvo taqdim etishga asos boʻlgan voqea yuz bergan kundan.