Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI (ASOSIY QONUNI)GA OʻZGARTISHLAR VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga quyidagi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilsin:
1. 89-moddaning 5-qismidagi “va davlat hakamlari” degan soʻzlar chiqarib tashlansin.
2. 102-moddaning:
9-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq nazorati komitetining Raisini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, oblast va Toshkent shahar sudlarini, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Hakamlik sudi Raisi saylaydi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat komitetining raisini, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat banki Boshqaruvining raisini tayinlaydi”;
20-bandi chiqarib tashlansin.
105-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti navbatdagi sessiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovet Prezidiumi tomonidan bir yilda kamida uch marta chaqiriladi.
Navbatdan tashqari sessiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti Prezidiumi oʻz tashabbusi bilan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat hokimiyati oliy organining yo boʻlmasa Oʻzbekiston Respublikasi xalq deputatlarining kamida uchdan bir qismining taklifiga muvofiq chaqiriladi”.
4. 106-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti birinchi majlisga saylovdan keyin ikki oy kechiktirmay oldingi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovet Prezidiumi tomonidan chaqiriladi”.
5. 107-modda:
birinchi qismidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat hakami” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
Ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ham qonun loyihalarini taklif etish huquqiga ega”.
6. 110-moddaning uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetining, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovet Prezidiumining qarorlarini imzolaydi va farmoyishlar chiqaradi”.
7. 116-moddaning 1-qismi 5-bandidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat hakami” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 118-4-moddada:
6-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetiga Oʻzbekiston Respublikasi Xalq nazorati komitetining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Raisi, Oʻzbekiston Oliy hakamlik sudi Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Prokurori va uning oʻrinbosarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat komitetining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat banki Boshqaruvining raisi lavozimiga nomzodlar taqdim etadi; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining Raisi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisidan tashqari yuqorida sanab oʻtilgan mansabdor shaxslarni vazifasidan ozod etish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sovetiga taqdimnomalar bilan kiradi”;
7-bandi quyidagi mazmunda boʻlgan xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlarini, oblast hakamlik sudlarining raislarini tayinlaydi va ozod etadi”;
11-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Oʻzbekiston Respublikasi grajdanligiga qabul qiladi, boshpana berish toʻgʻrisidagi masalani hal etadi; Oʻzbekiston Respublikasi sudlari tomonidan hukm qilingan grajdanlarga amnistiya berish va ularni afv etish toʻgʻrisida hujjatlar qabul qiladi”:
9. IX boʻlim va 20-bobning sarlavhasidagi “hakamlik” degan soʻzlar “hakamlik sudi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
10. 120-modda quyidagi mazmunda boʻlgan uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oltmish yoshdan oshmagan grajdanlar Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining aʼzosi boʻlishi mumkin. Aynan bir kishi aynan bir lavozimda surunkasiga ikki muddatdan ortiq Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzosi boʻla olmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining aʼzosi oltmish besh yoshdan katta boʻlmasligi kerak”.
Ushbu moddaning amaldagi uchinchi va toʻrtinchi qismlari tegishlicha toʻrtinchi va beshinchi deb hisoblansin.
11. 174-modda quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar xoʻjalik nizolarini hal etish Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlari tomonidan ularning vakolat doirasida amalga oshiriladi.
Hakamlik sudlarining nizolarni hal etishga doir faoliyatiga birorta idora, tashkilot yoki mansabdor shaxsning aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Soveti tomonidan 10 yil muddatga saylanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hakamlik sudining Raisini Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi kiritgan taqdimnomaga binoan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy Soveti saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisining oʻrinbosarlari, oblast hakamlik sudlarining raislari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudi Raisining taqdimnomasiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining hakamlari, oblast hakamlik sudlari raislarining oʻrinbosarlari va hakamlari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy hakamlik sudining Raisi tomonidan tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi hakamlik sudlarini tashkil etish va ularning faoliyat koʻrsatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-iyun,
297-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 195-modda)