Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan Koreya texnologiya va standartlar agentligi oʻrtasida
ANGLAShUV MEMORANDUMI
STANDARTLAShTIRISh, METROLOGIYA, MUVOFIQLIKNI BAHOLASh VA AKKREDITATSIYA SOHASIDA HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan Koreya texnologiya va standartlar agentligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasida savdo hamda sanoatdagi toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida,
Xalqaro huquq meʼyorlariga muvofiq standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya sohasida hamkorlikni rivojlantirish istagida,
ikkala Tomon davlatlarning iqtisodiy manfaatlarini koʻzlab, oʻzaro yetkazib berilayotgan mahsulotlarning inson hayoti va salomatligi, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish uchun xavfsizligini va sifatini taʼminlaydigan oʻzaro manfaatlarini hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash hamda akkreditatsiya sohasidagi birgalikdagi faoliyatda quyidagi hamkorlikni amalga oshiradilar:
— ilmiy va texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashish va savdodagi toʻsiqlarni bartaraf etish uchun milliy standartlarni xalqaro standartlar bilan uygʻunlashtirishni taʼminlash;
— Tomonlarning standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya boʻyicha ilmiy-tadqiqot institutlari oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga koʻmaklashish;
— Talablar asosida, sertifikatlashtirish tartibotlariga, milliy standartlashtirishga va tegishli qonunlarga kiritilayotgan muhim oʻzgartirishlar haqida maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish;
— Standartlashtirish, sertifikatlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya sohasida oʻzlarining vaziyatlarini birlashtirish va ikkala Tomonning xalqaro faoliyatdagi oʻrnini oshirish maqsadida standartlashtirish, sertifikatlashtirish, metrologiya va akkreditatsiya boʻyicha xalqaro tashkilotlar doirasida uzviy hamkorlik qiladilar;
— Tomonlardan biri aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlarda qatnashishda yoki ularga aʼzo boʻlishda bir-birlariga yordam koʻrsatadilar.
2-modda
Tomonlar:
— standartlashtirish, metrologiya, muvofiqlikni baholash va akkreditatsiya sohasida meʼyoriy hujjatlar, axborotlar va davriy nashrlar,
— milliy standartlar kataloglari va milliy standartlarni ishlab chiqish meʼyorlari va uslublari,
— sertifikatlashtirish, sinov va kalibrlash laboratoriyalarini akkreditatsiyalash, sertifikatlashtirish idoralari hamda majburiy sertifikatlashtirish lozim boʻlgan mahsulotlar roʻyxati toʻgʻrisida umumiy axborot va nashrlar,
— standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohasida mutaxassislarni oʻqitish va malakasini oshirish dasturi boʻyicha maʼlumot hamda materiallar;
standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va akkreditatsiya sohasida tajriba almashish maqsadida mutaxassislarga maslahatlar berish va oʻqitish boʻyicha delegatsiyalar va mutaxassislar almashinuvini tashkil qiladilar.
3-modda
Tomonlar, agar hujjatlarning maxfiyligidan Tomonlardan biri xabardor qilingan boʻlsa, olingan hujjatning va mazkur Anglashuv Memorandumi doirasida amalga oshiriladigan ishlar toʻgʻrisidagi axborotning hamda erishilgan ilmiy-texnikaviy natijalarning maxfiyligini taʼminlaydilar.
Hamkorlik davomida Tomonlardan biri olgan ilmiy-texnikaviy axborot uchinchi tomonga faqat ushbu axborot bergan Tomonning roziligi bilangina berilishi mumkin.
4-modda
Tomonlar ushbu Anglashuv Memorandumini bajarishning barcha moliyaviy shartlarini mustaqil ravishda amalga oshiradilar.
5-modda
Mazkur Anglashuv Memorandumi Tomonlar qatnashadigan boshqa xalqaro bitimlar va shartnomalar asosida vujudga keladigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga taʼsir qilmaydi.
6-modda
Ushbu Anglashuv Memorandumi qoidalarini qoʻllash va talqin qilishda yuzaga kelgan kelishmovchiliklar oʻzaro maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal qilinadi.
7-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga koʻra mazkur Anglashuv Memorandumiga, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ushbu bayonnomalar mazkur Anglashuv Memorandumining ajralmas qismi hisoblanadi.
Anglashuv Memorandumi ikkala Tomon imzolagandan soʻng besh yil muddatga amal qiladi va oʻzgartirishlar kiritilmaganiga yoki amal qilishi toʻxtatilmaganiga qadar oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzayaveradi.
Mazkur Anglashuv Memorandumi imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. Har bir Tomon boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda Anglashuv Memorandumini amal qilishini toʻxtatishi mumkin. Ushbu holda Anglashuv Memorandumi ikkinchi tomondan shunday yozma xabar olgan kundan boshlab (6) olti oydan keyin oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Anglashuv Memorandumining amal qilishini toʻxtatilishi, amal qilishi toʻxtatilgan vaqtda tugallanmagan va ushbu Anglashuv Memorandumda kelishilgan asosda Tomonlarning dastur va loyihalarning bajarishlariga taʼsir etmaydi.
Toshkent shahrida 2008-yil 12-mayda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, koreya va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Memorandumni talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlganda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2008-y., 1-2-son)