Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
ODAM SAVDOSIGA QARShI KURAShISh SAMARADORLIGINI OShIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida” 2008-yil 17-apreldagi Qonuniga muvofiq hamda odam savdosiga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish maqsadida:
1. 2008—2010-yillarda odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha Milliy tadbirlar rejasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari 2008—2010-yillarda odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish boʻyicha Milliy tadbirlar rejasiga kiritilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlasin.
3. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika Idoralararo komissiyasi 2-ilovaga* muvofiq tarkibda tuzilsin.
Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasining “Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq Respublika Idoralararo komissiyasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
odam savdosiga qarshi kurashish sohasida davlat organlari, fuqarolarning oʻz-oʻzini boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish;
odam savdosiga imkoniyat yaratuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish ishlari samaradorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tashkil qilish;
odam savdosi koʻlami, holati va tendensiyalari toʻgʻrisida axborot toʻplash va tahlil etish;
hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish;
odam savdosi jabrdiydalariga yordam koʻrsatish va himoya qilish ishlarini yaxshilash boʻyicha takliflar tayyorlash;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
odam savdosiga qarshi kurashish masalalari toʻgʻrisida aholini xabardor qilish tadbirlarini tashkil etish.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
4. Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika Idoralararo komissiyasi toʻgʻrisidagi nizom 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha Respublika Idoralararo komissiyasining vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlari barcha vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, jamoat tashkilotlari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan bajarilishi shart.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalarni tuzsin va faoliyatini tashkil etsin.
Belgilab qoʻyilsinki, odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha hududiy idoralararo komissiyalarga tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchilik qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda odam savdosi jabrdiydalariga yordam koʻrsatish va himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasalar tuzish va ularning faoliyatini tashkil etish, ushbu muassasalar tomonidan odam savdosida jabr koʻrganlarni ijtimoiy jihatdan tiklash ishlarini amalga oshirish yuzasidan qaror qabul qilsin hamda odam savdosi jabrdiydalariga yordam koʻrsatish va himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasalar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
7. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I.B. Abdullayev zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 8-iyul,
PQ-911-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 28-son, 268-modda; 2017-y., 21-son, 388-modda)