Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Dastur
2006 — 2008 YILLAR UChUN MADANIY ALMAShINUV BOʻYIChA
2006-yil 29-mart, Seul
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Ikki Tomon” deb ataluvchilar),
ikki mamlakat oʻrtasida madaniyat, sanʼat, sport va yoshlar ishlari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istagini bildirgan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniy hamkorlik toʻgʻrisida 1994-yil 6-iyunda imzolangan Bitimning qoidalariga asoslangan holda,
2006—2008-yillar uchun quyidagi Dastur toʻgʻrisida kelishib oldilar:
I. Madaniyat va sanʼat
1-modda
Ikki Tomon ikkala mamlakat madaniy muassasalari oʻrtasidagi bevosita aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydilar hamda sanʼatkor, ijodkorlar, shuningdek turli madaniy sohalardagi rasmiylar va mutaxassislarning oʻzaro safarlarini uyushtirishda hamjihatlik qiladilar.
2-modda
Ikki Tomon muzey, kutubxona va madaniy yodgorliklarni muhofaza qilishga oid muassasalar oʻrtasida hamkorlik oʻrnatishda hamda turli dastur va loyihalar, tegishli tadbirlar ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida, matbuot va davriy nashrlar hamda ilmiy ishlar almashinuvida koʻmaklashadilar.
Ushbu maʼnoda ikki Tomon:
a) tegishli muassasalarning kelishuvlariga muvofiq ikki mamlakat muzeylari va milliy galereyalari oʻrtasida bevosita hamkorlikni, matbuot nashrlari, koʻrgazmalar va ekspertlar almashuvini, ayniqsa etnografiya, arxeologiya, tasviriy va amaliy sanʼat, haykaltaroshlik, grafika sohalarida amalga oshiradilar;
b) manfaatdor tashkilotlar bevosita kelishuvlariga asosan madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hamda texnik va ilmiy tajriba almashish maqsadida ikki mamlakatning tegishli muassasalari oʻrtasida hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar;
v) ushbu dastur amal qilish davrida madaniy meros sohasida mutaxassislarning oʻzaro almashinuviga koʻmaklashadilar;
g) nomoddiy madaniy yodgorliklar sohasida almashinuv va hamkorlikka koʻmaklashadilar;
d) arxeologiya obyektlari, arxitektura va boshqa madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish, saqlash, taʼmirlash, qadimiy shaharlarning tarixiy markazlarida saqlash maydonlari barpo etish va boshqa sohalarda hamkorlik qiladilar.
3-modda
Ikki Tomon madaniyat va sanʼat sohasida ekspertlar almashinuvi, shuningdek ijrochilik sanʼati turlari hamda tasviriy va amaliy sanʼat, haykaltaroshlik, grafika, dizayn va fotografiya koʻrgazmalari bilan oʻzaro almashishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Ikki Tomon ikkala mamlakat hududida oʻtkaziladigan milliy va xalqaro madaniy tadbirlar haqida bir-birlarini xabardor qiladilar hamda boʻlib oʻtadigan tanlovlar, festivallar, koʻrgazmalar va boshqa madaniy va sanʼat tadbirlarida oʻzaro ishtiroklariga koʻmaklashadilar.
5-modda
Ikki Tomon ijro sanʼati, teatr, milliy va folklor, raqs, xonandachilik va musiqa sohalarida taniqli solistlar va ansambllarning gastrol almashinuvlari hamda oʻzaro qabul qilishga oid hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar.
6-modda
Ikki Tomon akademiyalar, jamgʻarmalar, rassomlar, dizaynerlar va fotosuratchilar assotsiatsiyalari oʻrtasida bevosita hamkorlikka koʻmaklashadilar.
7-modda
Ikki Tomon yozuvchilar uyushmalari oʻrtasida bevosita hamkorlik hamda yozuvchilar bilan oʻzaro almashinuvga koʻmaklashadilar.
8-modda
Ikki Tomon ikkala mamlakat nashriyotlari va nashr tarqatuvchi tashkilotlari oʻrtasida bevosita hamkorlik qilishlariga hamda ularning adabiy nashrlarga bagʻishlangan xalqaro tadbirlarida oʻzaro ishtirok etishlariga koʻmaklashadilar.
9-modda
Kino sanʼati sohasida ikki Tomon kinematografiya studiyalari, tegishli professional tashkilotlar va ijodiy assotsiatsiyalar oʻrtasida bevosita hamkorlikka, Oʻzbekiston Respublikasida Koreya kinosi kunlari hamda Koreya Respublikasida Oʻzbekiston kinosi kunlarini oʻtkazishga, ikki Tomonning qiziqishini uygʻotgan filmlarni hamkorlikda yaratishga koʻmaklashadilar.
10-modda
Ommaviy axborot vositalari sohasida ikki Tomon ikkala mamlakatning tegishli tashkilotlari va teleradioeshittirish kompaniyalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻrihamkorlikka hamjihatlik qiladilar.
Tomonlar boshqa Tomon taqdim etgan maʼlumotlarni dasturlashtirish hamda efirga uzatishda yordam koʻrsatishni va hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar bir-birlarining xalqaro eshittirish tadbirlarida ishtirok etishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
11-modda
Ikki Tomon audio-video mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va tarqatuvchilar hamda manfaatdor tashkilotlar oʻrtasida alohida kelishuvlarga asosan musiqa muassasalari va teatrlarning muallif va ijrochi guruhlari oʻrtasidagi hamkorlikka hamjihatlik qiladilar.
II. Sport va yoshlar
12-modda
Ikki Tomon sport tashkilotlari va sport oʻquv muassasalari oʻrtasida bevosita hamkorlikka, shuningdek tegishli maʼlumot va tajriba bilan almashishga hamjihatlik qiladi.
13-modda
Ikki Tomon ikki davlatning yoshlari, yoshlar tashkilotlari va delegatsiyalari oʻrtasida bevosita hamkorlikka, shuningdek tegishli maʼlumot va tajriba bilan almashishga hamjihatlik qiladi.
14-modda
Ikki Tomon xalqaro musobaqalar oʻtkazish, jismoniy tarbiya va sport boʻyicha ilmiy-uslubiy va ilmiy-tibbiy tadqiqotlarni amalga oshirish, axborot texnologiyalari, jismoniy tarbiya va sportga oid maʼlumotlarni kiritish va ular bilan ishlashda foydalaniladigan kompyuter va lokal-hisoblash sistemalarini sozlash sohalarida tajriba almashish boʻyicha bevosita hamkorlikka koʻmaklashadi.
15-modda
Ikki Tomon sport anjomlari va jihozlari, sport kiyimi, sport nishonlari va maxsus sport jihozlari va shu kabi mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarning bevosita hamkorligiga koʻmaklashadi.
16-modda
Ikki Tomon:
— sport turlari boʻyicha milliy federatsiyalar oʻrtasidagi hamkorlikka, murabbiy va boshqa mutaxassislarning oʻzaro almashinuviga, ikkala davlatning jismoniy tarbiya va sport boʻyicha tegishli tashkilotlari oʻrtasidagi bevosita aloqalarga;
— sportchilar, trenerlar va boshqa mutaxassislar, shuningdek jismoniy tarbiya va sport sohasidagi rasmiy vakillar va mutaxassislarning oʻzaro tashriflariga;
— ilmiy anjumanlar, konferensiyalar, qoʻshma mashgʻulotlar, oʻrtoqlik uchrashuvlari va boshqa tadbirlarni oʻtkazish maqsadida sport delegatsiyalarini oʻzaro qabul qilishga koʻmaklashadi.
17-modda
Ikki Tomon bir-birini boʻlajak sport turlari va xalq oʻyinlari boʻyicha milliy va xalqaro festivallar haqida xabardor etadi. Ikki Tomon, shuningdek, ikki mamlakat hududida boʻlib oʻtadigan mazkur tadbirlarda sport delegatsiyalarining oʻzaro ishtirok etishlariga koʻmaklashadilar.
III. Umumiy qoidalar va moliyaviy shartlar
18-modda
Ushbu Dastur doirasida taklif etilgan barcha faoliyat turlari va almashinuv har ikki davlat qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Ushbu Dasturda koʻzda tutilmagan hollatlar yuzasidan ikki Tomon bir-biri bilan diplomatik kanallar orqali maslahatlashadi.
Har bir faoliyat va almashuv Tomonlarning belgilangan moliyaviy manbalari doirasida amalga oshiriladi.
19-modda
Ushbu Dastur doirasida delegatsiyalar, mutaxassislar va boshqa xodimlar bilan almashinuv, agar bu vakillar ikki Tomon oʻrtasidagi alohida shartnomalarda aytib oʻtilmagan boʻlsa, quyidagi moliyaviy shartlar asosida amalga oshiriladi:
1. Joʻnatayotgan Tomon moʻljallangan mamlakatga borish va qaytish bilan bogʻliq transport xarajatlarini qoplaydi;
2. Qabul qiluvchi Tomon oʻzining ichki qoidalari asosida turarjoy, ovqatlanish, mamlakat ichidagi transport, shuningdek shoshilinch tibbiy yordam xarajatlarini qoplaydi.
20-modda
Tegishli muassasalar turli tadbirlarni amalga oshirish istagida boʻlgandan boshqa hollarda ushbu Dastur doirasida tashkil qilinadigan koʻrgazmalar quyidagi shartlarga muvofiq oʻtkaziladi:
Joʻnatadigan Tomon:
a) moʻljallangan mamlakatga borish va qaytish transport xarajatlarini qoplaydi;
b) eksponatlarning transportirovka vaqtidagi koʻrgazmani sugʻurta qilish xarajatlarini qoplaydi.
Qabul qiluvchi tomon:
a) mahalliy transport xarajatlarini qoplaydi;
b) eksponatlar butun saqlanishini taʼminlash boʻyicha barcha zarur choralarni koʻradi;
v) tadbirni oʻtkazish uchun maʼqul joy bilan taʼminlaydi;
g) eksponatlar yoʻqolgan yoki ularga zarar yetgan hollarda sugʻurta daʼvosi tayyorlash uchun barcha zarur hujjatlarni taqdim etadi;
d) tadbir oʻtkazilishi davrida eksponatlarni sugʻurta qilish bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi.
21-modda
Ushbu Dasturni bajarish jarayonida yoki uning moddalarini talqin etish boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tafovut va bahslarni ikki Tomon muzokara va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qiladi.
22-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvlariga muvofiq ushbu Dasturga uning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgarish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
23-modda
Ushbu Dastur imzolangan sanadan eʼtiboran kuchga kiradi va 2008-yilning 31-dekabrigacha amal qiladi.
Seul shahrida 2006-yilning 29-martida 3 nusxada oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi va imzolandi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Dastur moddalarining talqini uchun ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2006-y., 1-2-son)