Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
NAQD PUL MABLAGʻLARINI JALB QILISh VA UNGA BOʻLGAN EHTIYOJNI TAʼMINLASh BORASIDAGI QOʻShIMChA ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-apreldagi PF-6218-sonli “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Qayd etib oʻtilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Banklardagi depozit hisobvaraqlaridan naqd pul mablagʻlarining uzluksiz berilishini taʼminlash kafolatlari toʻgʻrisida” 2005-yil 5-avgustdagi PQ-147-sonli qarorini ijro etish borasida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi hamda tijorat banklarida va ularning filiallarida mijozlarning birinchi talabiga binoan naqd pullarning kafolatlangan va uzluksiz berilishini taʼminlovchi naqd pul mablagʻlari zaxiralarini shakllantirishga oid normativlar belgilandi.
Axborotlarni yigʻish va ularga ishlov berishning elektron tizimini joriy etish asosida tijorat banklari tomonidan naqd pul zaxiralari boʻyicha belgilangan normativlarga rioya qilinishi ustidan kundalik monitoring taʼminlanmoqda. Tijorat banklarining naqd pullarni yetarli miqdorda saqlab turishga oid faoliyatlarini ragʻbatlantirishning iqtisodiy vositalari joriy etildi.
2008-yil 1-mart holatiga koʻra tijorat banklarida shakllantirilgan naqd pul zaxiralari hajmi tasdiqlangan eng kam zaxira miqdoridan 2-martaga koʻpdir, bu esa aholiga va xoʻjalik subyektlariga ularning talabiga binoan naqd pul mablagʻlarini uzluksiz berib borish hamda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalarning oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlash imkonini beradi.
Shu bilan birga joylarda naqd pullarning bankdan tashqari aylanmasini qisqartirish, chakana savdo va aholiga pulli xizmatlar koʻrsatishni rivojlantirish, belgilangan savdo va naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilish qoidalariga qatʼiy rioya etilishi, naqd pul tushumlarining oʻz vaqtida va toʻliq miqdorda banklar kassalariga kirim qilinishini taʼminlash borasidagi ishlar hali yetarli darajada tashkil etilmagan. Natijada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida, respublikaning qator shahar va tumanlarida banklar kassalariga kelib tushayotgan naqd pullar hajmi ulardagi ish haqi, pensiya va nafaqalar toʻlovi uchun yetarli emas, bu esa naqd pul mablagʻlarini, ularni qayta taqsimlash hisobiga toʻldirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Mijozlarga oʻz vaqtida xizmat koʻrsatish uchun tijorat banklarining naqd pul mablagʻlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaroq qondirish, shuningdek, 2008-yilda pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorini oʻrtacha 1,5 baravarga oshirish tadbirlari amalga oshirilishi munosabati bilan naqd pul mablagʻlarini bank aylanmasiga qoʻshimcha ravishda jalb qilish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki:
tijorat banklari bilan birgalikda 2008-yil 1-apreldan boshlab tijorat banklari va ularning filiallari kassalarida naqd pul zaxiralarining eng kam miqdorini banklar mijozlarining naqd pul mablagʻlariga boʻlgan ikki kunlik ehtiyojlari darajasida belgilasin;
respublikaning har bir mintaqasi boʻyicha naqd pul oqimi, naqd puldagi hisob-kitoblar holati, tijorat banklari kassalariga naqd pul tushumi va xarajati hajmini chuqur tahlil qilgan holda naqd pullarni Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmalari oʻrtasida tezkor ravishda qayta taqsimlab borsin;
belgilangan naqd pul zaxiralarining eng kam miqdorini ish haqi, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar miqdorining oʻzgarishidan kelib chiqqan holda mutanosib ravishda oʻzgartirish boʻyicha tezkor choralarni koʻrsin:
banklarning aylanma kassa qoldiqlariga belgilangan limitdan oshgan pul mablagʻlari summasini naqd pul mablagʻlari zaxirasiga majburiy tarzda oʻtkazish talabiga tijorat banklari tomonidan rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirsin.
Naqd pul zaxirasi boʻyicha belgilangan normativlarga amal qilinmagan taqdirda tijorat banklarining masʼul shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 181 va 182-moddalariga muvofiq intizomiy jazo choralari qoʻllansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Markaziy bank, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va ularning amalga oshirilishini taʼminlasin:
naqd pul mablagʻlarining toʻliq tushishi ustidan doimiy monitoringni amalga oshirish, chakana savdo va xizmat koʻrsatish sohasida haqiqiy tovar aylanish hajmlarini aniqlagan holda muntazam nazorat tekshiruvlarini oʻtkazish;
naqd tushumlarning, shu jumladan, yuqori likvidli tovarlar, alkogolli va tamaki mahsulotlari savdosidan, aloqa va yoʻlovchi transportida xizmat koʻrsatishdan, kvartira haqi va kommunal toʻlovlardan, berilgan kreditlarning naqd pulda qaytarilishidan tushgan mablagʻlarning oʻz vaqtida va toʻla hajmda banklar kassalariga kelib tushishini taʼminlash;
yuridik shaxslar va yuridik shaxs boʻlmagan yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan tovarlarni naqd pulga ulgurji sotish va plastik kartochkalardan foydalangan holda toʻlovlarni qabul qilishdan qonunga xilof ravishda boʻyin tovlash hollariga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor bergan holda ularning belgilangan savdo qoidalariga soʻzsiz rioya qilishlarini, nazorat-kassa mashinalaridan va hisob-kitob terminallaridan foydalanishlarini taʼminlash ustidan nazoratni kuchaytirish.
Savdo va naqd pul tushumini banklar kassalariga topshirish, nazorat-kassa mashinalaridan va hisob-kitob terminallaridan foydalanish qoidalarini buzish holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlik choralari koʻrilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda quyidagilar boʻyicha kompleks qoʻshimcha chora-tadbirlarni ishlab chiqsin va amalga oshirilishini taʼminlasin:
Keyingi tahrirga qarang.
pul muomalasi holatini chuqur tahlil etish asosida naqd pul mablagʻlarini banklar kassalariga jalb etishning mavjud zaxiralarini aniqlash, viloyatlar, shaharlar va tumanlar boʻyicha kassa aylanmalarining choraklik va oylik prognozlarini sifatli tayyorlash;
naqd pul tushumiga ega boʻlgan mijozlarni keng darajada qamrab olgan holda inkassatsiya yoʻnalishlarini maqbullashtirish va koʻpaytirish;
Keyingi tahrirga qarang.
aholidan kommunal va boshqa toʻlovlarni qabul qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan koʻchma maxsus kassalar tarmogʻini kengaytirish.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Respublika Pul-kredit siyosati komissiyasi (F.M. Mullajonov) har oyda respublika mintaqalarida banklar kassalariga naqd pullar tushumi barqaror oshib borishini taʼminlashga doir ishlar ahvolini koʻrib chiqsin va boʻsh pul mablagʻlarini bank aylanmasiga jalb etishni kengaytirish boʻyicha tegishli qarorlar qabul qilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmalariga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 27-mart,
PQ-822-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 14-15-son, 97-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 06/18/5296/0534-son; 06.03.2019-y., 06/19/5684/2708-son)