Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
BOJXONA IMTIYOZLARINING QOʻLLANILISh TARTIBINI TAKOMILLAShTIRISh MAQSADIDA OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTIShLAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2008-yil 21-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2008-yil 27-martda maʼqullangan
Senat tomonidan 2008-yil 27-martda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1997-yil 29-avgustda qabul qilingan “Boj tarifi toʻgʻrisida”gi 470-I-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 9, 228-modda; 1998-yil, № 9, 181-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; 2003-yil, № 1, 8-modda, № 5, 67-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-yil, № 7, 322-modda, № 9, 419-modda, № 12, 608-modda) 33-moddasi birinchi qismining oʻn uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“chet ellik investorlar va ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi kamida oʻttiz uch foiz boʻlgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan mol-mulk”.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 30-aprelda qabul qilingan “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”gi 609-I-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 5-6, 91-modda; 1999-yil, № 9, 229-modda) 12-moddasining oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Chet ellik investorlar va ustav fondida chet el investitsiyalarining ulushi kamida oʻttiz uch foiz boʻlgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar tomonidan oʻz ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun Oʻzbekiston Respublikasiga olib kiriladigan mol-mulk boj undirishdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ozod qilinadi. Chet ellik investorlarning va chet ellik investorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasida turgan chet davlatlar fuqarolarining shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan mol-mulkdan boj undirilmaydi”.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 7-aprel,
OʻRQ-143-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 14-15-son, 86-modda; 2016-y., 3(I)-son, 32-modda)