Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Belarus Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BILAN BELARUS RESPUBLIKASI OʻRTASIDA IKKI TOMONLAMA HAMKORLIK BOʻYIChA QOʻShMA HUKUMATLARARO KOMISSIYA TUZISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Belarus Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchi,
ikki davlat oʻrtasida doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida,
1991-yil 6-noyabrda Toshkentda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasida davlatlararo munosabatlarning asoslari toʻgʻrisidagi shartnomaga amal qilib,
teng huquqlilik, oʻzaro manfaatdorlik tamoyillari va xalqaro huquq normalari asosida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha Qoʻshma Hukumatlararo komissiya tuzadilar (bundan keyin — Komissiya).
2-modda
Komissiyaning asosiy vazifalari quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari va tamoyillarini amalga oshirilishi jarayonini tahlil qilish;
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlariga savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikni takomillashtirish, rivojlantirish va samaradorligini yanada oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish va taqdim etish;
savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlikni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalarni koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Belarus Respublikasi oʻrtasida tuzilgan xalqaro shartnomalar va boshqa ikki tomonlama kelishuvlar, shu jumladan Komissiya yigʻilishida qabul qilingan qarorlar bajarilishini monitoring qilish;
ikki davlat hukumatlariga ikki tomonlama munosabatlar rivojini optimallash boʻyicha takliflar kiritish;
savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va gumanitar hamkorlik dasturlarini tayyorlash va kelishish, va shuningdek ularni amalga oshirish boʻyicha kelishilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish.
Komissiya ushbu Bitim qoidalariga muvofiq oʻz reglamentini va ish dasturini belgilaydi.
3-modda
Komissiya ikki milliy qismdan — Oʻzbekiston qismi va Belarus qismidan iborat boʻladi.
Komissiyaga Oʻzbekiston va Belarus qismlari raislari boshchilik qiladilar. Komissiya milliy qismlari raislari va tarkiblarini Tomonlar oʻz davlatlari qonunchiligiga muvofiq tasdiqlaydilar.
Komissiya har bir Tomondan teng miqdordagi aʼzolardan iborat boʻladi.
4-modda
Komissiya oʻz yigʻilishlarini ish dasturiga muvofiq milliy qismlar raislari oʻrtasida kelishilgan holda yiliga kamida bir marta oʻtkazadi.
Komissiya yigʻilishlari navbati bilan har bir tomon davlati hududida oʻtkaziladi, shu bilan birga yigʻilish qaysi davlat hududida oʻtkaziladigan boʻlsa, oʻsha milliy qism Raisi yigʻilishga raislik qiladi.
Komissiyaning navbatdagi yigʻilishi kun tartibi Komissiyaning navbatdagi yigʻilishidan kechi bilan bir oy ilgari Tomonlar oʻrtasida kelishiladi.
Zaruriyat boʻlganda Komissiyaning milliy qismlari raislari, oʻzaro kelishib, navbatdan tashqari yigʻilishlarni, milliy qismlari raislarining ishchi uchrashuvlarini oʻtkazishlari mumkin.
Tomonlar Komissiya yigʻilishi oʻtkazish toʻgʻrisida va Komissiya milliy qismlari raislarining uchrashuvlari toʻgʻrisida har bir holat yuzasidan alohida qaror qabul qiladi.
Komissiya yigʻilishiga har bir Tomon kerakli sonda mutaxassislar yoki ekspertlarni taklif qilishi mumkin. Komissiya milliy qismlari raislarining oʻzaro kelishuvi asosida yigʻilish boshlanishida kun tartibiga kiritilgan masalalar ham yigʻilishda koʻrib chiqilishi mumkin.
5-modda
Komissiya qarorlari konsensus asosida qabul qilinadi va Komissiya yigʻilishi bayonnomasi imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi. Tomonlarning davlat hukumatlari maʼqullashini talab qiluvchi qarorlar, ularning maʼqullangani toʻgʻrisida Tomonlar xabarnoma olgan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Komissiya qarorlari Tomonlar davlatlarida oʻrnatilgan tartibga muvofiq bajariladi.
Komissiya yigʻilishlari va uning hujjatlarini tayyorlash rus tilida olib boriladi.
6-modda
Komissiya oʻz vazifalarini bajarish maqsadida, zaruriyat tugʻilganda, kichik komissiyalar va ishchi guruhlar tuzishi mumkin. Bunday organlarning vazifalari, vakolatlari va tarkibini Komissiya belgilaydi.
7-modda
Komissiya milliy qismlarining har biri masʼul kotib tayinlaydi, bu kotib Komissiya milliy qismlari ishchi guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirishni, yigʻilishga materiallar tayyorlashni taʼminlaydi va shuningdek tashkiliy xususiyatga ega boʻlgan boshqa vazifalarni bajaradi.
Bunday vazifalarni bajarish uchun masʼul kotiblar oʻzaro doimiy aloqada boʻladilar.
8-modda
Komissiya va ishchi guruhlarning yigʻilishlari bilan bogʻliq xarajatlarni qaysi Tomon davlati hududida yigʻilish oʻtkazilsa, oʻsha Tomon qoplaydi.
Har qaysi Tomon Komissiya yigʻilishlari ishtirokchilari uchun xarajatlarning oʻz qismini qoplaydi.
9-modda
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda yoki qoʻllashda yuzaga keladigan munozarali masalalar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar va muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro roziligi bilan ushbu Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadi.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi. Agar Tomonlardan birortasi boshqa Tomonni navbatdagi muddat tugashidan kechi bilan olti oy ilgari uning amalini toʻxtatish toʻgʻrisida niyatini yozma ravishda xabardor qilmasa, besh yillik muddat tamom boʻlgandan keyin Bitim kelgusi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2007-yil 24-mayda, ikki nusxada, har biri oʻzbek, belarus va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matn qoʻllanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 2-3-son)