OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BILAN MISR ARAB RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI OʻRTASIDA
Anglashuv memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Misr Arab Respublikasi Markaziy banki, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar, teng, barqaror va uzoq muddatli ikkiyoqlama hamkorlikni mustahkamlash manfaatini koʻzlab, moliyaviy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishning zarurligini tan olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar monetar, valyuta siyosati, shuningdek bank tizimi, banklarni tartibga solish va nazorat qilish masalalari boʻyicha ochiq va ishonchli fikr almashishda ishtirok etadilar.
2-modda
Tomonlar ikkala mamlakatda bank faoliyatini rivojlantirish maqsadida davlatlarning milliy qonunchiligi doirasida uzviy hamkorlikni mustahkamlashga harakat qiladilar.
3-modda
Tomonlar ikkala mamlakatda barqaror oʻsishni taʼminlash maqsadida pul-kredit va valyuta siyosati masalalari boʻyicha ikkiyoqlama muloqotga, ikkala mamlakatda ishonchli bank tizimini taʼminlashga koʻmaklashadigan bank ishi faoliyati, xalqaro bank prudensialligi tamoyillarining bajarilishi, shuningdek banklarni tartibga solish va konsolidatsiyalashgan nazorat qilish boʻyicha fikr almashishga, ikkala Markaziy bank oʻrtasida xodimlar tajribasi bilan oʻzaro almashish, xodimlarni oʻqitish va tayyorlash sohasida hamkorlikni oʻrnatishga kelishib oldilar.
4-modda
Tomonlar almashadigan axborot maxfiy hisoblanadi va ushbu Memorandumni amalga oshirish maqsadida ishlatiladi.
Tomonlar ushbu Memorandum doirasida olingan axborotni boshqa Tomonning yozma roziligisiz uchinchi tomonga bermaydilar.
5-modda
Ushbu Memorandum qoidalarini bajarish va talqin qilish bilan bogʻliq nizo va kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal qilinadi.
6-modda
Tomonlarning kelishuvi asosida ushbu Memorandumga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin, ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi va ushbu Memorandumning ajralmas qismi hisoblanadi.
7-modda
Ushbu Memorandum imzolangan sanadan kuchga kiradi va ikki yil davomida amal qiladi. Tomonlardan birontasi ushbu Memorandumning navbatdagi amal qilish muddati tugashidan kamida uch oy oldin uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, u bir yillik muddatga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Qohira shahrida 2007-yil 18-aprelda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan hollarda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 2-3-son)