OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN XITOY XALQ RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
TEXNIK-IQTISODIY HAMKORLIK TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
doʻstona munosabatlar va texnik-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga 60 (oltmish) million xitoy yuani miqdorida begʻaraz yordam koʻrsatadi.
2-modda
Mazkur begʻaraz yordamdan ikki mamlakat hukumatlari oʻrtasida kelishilgan texnik-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish uchun foydalaniladi. Muayyan masalalar alohida bitimlar imzolash orqali Tomonlar oʻrtasida qoʻshimcha ravishda kelishib olinadi.
3-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun hisob-kitob boʻyicha tegishli qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki va Xitoy Davlat rivojlanish banki tomonidan qoʻshimcha ravishda kelishib olinadi.
4-modda
Ushbu Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va Tomonlar ushbu Bitimda belgilangan oʻziga tegishli majburiyatlarini bajargunlariga qadar amal qiladi.
Ushbu Bitim Toshkent shahrida 2007-yil 3-noyabrda ikki nusxada, ikkala Tomon uchun bir nusxadan, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzilgan, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2007-y., 4-son)