Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “DEHQONOBOD KALIY OʻGʻITLARI ZAVODI QURILIShINI JADALLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA” 2007-YIL 17 DEKABRDAGI PQ-748-SON QARORINING BAJARILIShINI TAʼMINLASh ChORA-TADBIRLARI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi qurilishini jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 17-dekabrdagi PQ-748-son qarorining bajarilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodining tashqi infratuzilma obyektlari: elektr taʼminoti, gaz taʼminoti, suv taʼminoti, tashqi aloqa, avtomobil va temir yoʻl obyektlari, shuningdek mutaxassislar uchun uy-joylar ular tugallangandan keyin belgilangan tartibda ushbu obyektlarning tegishli buyurtmachilari balansiga qabul qilinadi.
2. “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga zavod foydalanishga topshirilgungacha qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi direksiyasi xarajatlarini “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan smeta doirasida Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga amalga oshirishga ruxsat etilsin.
3. “Oʻzkimyosanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi va “Oʻzogʻirneftgazkimyoloyiha” institutining “VNII Galurgii” (Rossiya) yopiq aksiyadorlik jamiyatini loyiha hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazish hamda zavodni loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish ishlarini texnik kuzatish boʻyicha, xizmatlar uchun Kimyo sanoati tashkilotlarini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobiga haq toʻlagan holda, kontrakt asosida mustaqil konsultant sifatida jalb etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tuziladigan kontraktni narx jihatidan ekspertizadan oʻtkazsin.
4. Qashqadaryo viloyati hokimligi maydonni tanlash dalolatnomasiga muvofiq Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi obyektlari qurilishi uchun ikki hafta muddatda yerlar ajratsin.
5. “Oʻzgidromet” markazi qurilayotgan Dehqonobod kaliy oʻgʻitlari zavodi direksiyasiga obyektlarni loyihalashtirish uchun qurilish rayonining meteorologiya sharoitlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va E.R. Shaismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 29-dekabr,
272-son