Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurashda hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
suverenitet, teng huquqlilik va oʻzaro manfaatni oʻzaro hurmat qilish asosida, Terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurash boʻyicha 2001-yil 15-iyunda imzolangan Shanxay konvensiyasi doirasida (bundan keyin “Shanxay konvensiyasi” deb ataladi) terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmga qarshi kurashda Ahdlashuvchi Tomonlarning hamkorliklarini yanada mustahkamlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
1. Ushbu Bitim maqsadlarini amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar Shanxay konvensiyasining prinsip va qoidalariga rioya qiladilar.
2. Ushbu Bitim orqali tartibga solinmagan masalalar, Shanxay konvensiyasi qoidalariga muvofiq tartibga solinadi.
2-modda
Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlar terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlarning tashkil etilishi, boshqaruvi va ishtirokini ham oʻz ichiga oladi.
3-modda
Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlar terrorchi, ayirmachi va ekstremist faoliyatga moliya, texnik vositalar, qurol-yarogʻ yetkazib berish va oʻqitishni oʻz ichiga oladi.
4-modda
Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlar tegishli vositalarning asl xarakteri, manbai, foydalanish maqsadi, tasarruf etish va olib oʻtish usullarini yashirish va berkitishni oʻz ichiga oladi. Agar ular terrorizm, ayirmachilik va ekstremizm faoliyatidan olingan yoki shu uchun foydalanilganligi maʼlum boʻlsa.
5-modda
Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlar zaharli, zaharlovchi va portlovchi moddalardan, radioaktiv va yuqumli materiallardan foydalanishni ham oʻz ichiga oladi.
6-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlari oʻrtalaridagi munosabatlarda Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlarni tutib topshirishni taqozo etadigan jinoyatlar sifatida qaraydilar.
2. Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlar ularning ogʻirligiga muvofiq darajasidagi jazoga tortilishini taʼminlash uchun Ahdlashuvchi Tomonlar koʻrilishi zarur boʻlib qolishi mumkin boʻlgan, shu jumladan milliy qonunchilik sohasidagi tegishli hollarda choralarni koʻradilar.
7-modda
1. Shanxay konvensiyasining 4-moddasiga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar tayinlagan Markaziy vakolatli organlar ushbu Bitimning ham Markaziy vakolatli organlari hisoblanadi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning Markaziy vakolatli organlari ushbu Bitimda koʻzda tutilgan tegishli qoidalarni bajarish boʻyicha bevosita oʻzaro aloqalar hamda oʻzaro hamjihatlikni amalga oshiradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning Markaziy vakolatli organlari aloqalarning muayyan shakllari, jumladan, doimiy aloqalarga javob beruvchi organlarning nomlari, shuningdek ularning kundalik telefon, faks raqamlari, elektron pochta manzillari va hokazolar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar. Yuqorida zikr etilgan aloqa shakllari oʻzgargan holda, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni bu haqda zudlik bilan xabardor qiladi.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning Markaziy vakolatli organlari oʻzaro kelishuvga koʻra ikkala Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli idoralari oʻrtasida muntazam uchrashuv va maslahatlashuvlarni tashkil etadilar, shuningdek Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlarga qarshi kurash masalalari boʻyicha, shu jumladan xalqaro tashkilotlar doirasida fikr almashadilar, pozitsiyalarni kelishadilar.
9-modda
Shanxay konvensiyasining 7-moddasida qayd etilgan axborot sohasiga quyidagilar kiradi:
1) terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlar hamda ularning aʼzolari, mumkin qadar tashkilotlarning nomi, tuzilishi va asosiy faoliyati toʻgʻrisida axborot, shuningdek ularning aʼzolari familiyalari, fuqaroligi, turar joyi yoki qayerdaligi, tashqi qiyofasining xos qirralari, fotosurati, barmoq izlari toʻgʻrisida maʼlumot va bu shaxslarni aniqlash hamda tanish uchun foydali boʻlgan boshqa maʼlumotlar;
2) istalgan bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlarni amalga oshirishga qaratilgan terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlarning rejalari toʻgʻrisida axborot, shuningdek ularning aʼzolarini oʻqitish va ularni tayyorlash joylari (bazalari) toʻgʻrisida maʼlumot;
3) terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlar tomonidan uchinchi mamlakat hududida va Ahdlashuvchi Tomonlarning istalgan biriga qarshi qaratilgan tayyorlanayotgan, amalga oshirilayotgan va amalga oshirilgan Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlar toʻgʻrisida axborot;
4) terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlar hamda ularning aʼzolari tomonidan ularning yaratilganida foydalanilishi mumkin boʻlgan zaharli, zaharlovchi, radioaktiv, yuqumli materiallar, portlovchi moddalar, portlatish qurilmalari, oʻqotar qurol va oʻq-dorilar, yadro, kimyo, biologik hamda ommaviy qirgʻin quroli, materiallar va uskunalarning boshqa turlarini noqonuniy tayyorlash, sotib olish, saqlash, topshirish, olib oʻtish, sotish, foydalanish yoki foydalanish orqali tahdid solish toʻgʻrisida axborot;
5) terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlar hamda ularning aʼzolari tomonidan davlat rahbarlari va boshqa davlat arboblari, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlarning xodimlari, istalgan bir Ahdlashuvchi Tomonning delegatsiyalari va boshqa muhim obyektlariga qarshi qaratilgan terrorchilik faoliyatini amalga oshirish yoki amalga oshirishga tahdid solish toʻgʻrisida axborot;
6) terrorizm, ayirmachilik va ekstremizmning mafkuralari toʻgʻrisida terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlari tomonidan targʻibot materiallari (bosma, audio- va video materiallar)ni noqonuniy tayyorlash, tarqatish toʻgʻrisida axborot;
7) terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlarning moliya bilan taʼminlash manbalari va kanallari toʻgʻrisida axborot;
8) terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlarining xos fazilati, qonuniyligi, faoliyat usullari va yoʻsinlari toʻgʻrisida axborot;
9) terrorchilik, ayirmachilik va ekstremistik faoliyatini oldini olish, fosh qilish va bartaraf etish tajribasi toʻgʻrisida axborot, maʼlumot va materiallar;
10) Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan xatti-harakatlarni amalga oshirganlikda shubhalanayotgan shaxslar toʻgʻrisida axborot, ularning tashqi qiyofalari, shaxsini aniqlovchi hujjatlar, turar joyi yoki qayerdaligi toʻgʻrisida maʼlumot, fotosurati va Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqaroligiga ega boʻlgan hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida joylashib olgan shaxslar toʻgʻrisida boshqa maʼlumotlar;
11) terrorchi, ayirmachi va ekstremist tashkilotlarga moliya, texnika, qurol-yarogʻ hamda oʻqish bilan taʼminlayotgan tashkilotlar yoki shaxslar toʻgʻrisida axborot.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning istalgan biri uning hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga qarshi qaratilgan Shanxay konvensiyasining 1-modda 1-bandida qayd etilgan faoliyatni amalga oshirayotgan tashkilotlar toʻgʻrisida ishonchli axborotga ega boʻlsa, uni yoʻq qilishi lozim.
11-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar Shanxay konvensiyasi va ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida politsiya (ichki ishlar organlari)ning ilmiy-tadqiqot faoliyati, texnika almashinuvi, politsiya texnikasini oʻzlashtirish va takomillashtirish, texnika vositalari hamda uskunalarni birgalikda ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlaydilar, bunga zarur hollarda bir-birlariga texnik va moddiy yordam berish ham kiradi.
2. Ushbu Bitim doirasida bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomondan olgan materiallar, maxsus vositalar, uskuna va texnika ularni bergan Ahdlashuvchi Tomonning oldindan bergan yozma roziligisiz uchinchi tomonga berilishi mumkin emas.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan Shanxay konvensiyasi va ushbu Bitimga muvofiq oʻzaro yordam doirasida foydalanilayotgan tezkor-qidiruv tadbirlarining usullari, maxsus kuchlar hamda texnika vositalari, til taʼminoti materiallarining tavsiflari toʻgʻrisida ularni taqdim etgan Ahdlashuvchi Tomonning oldindan bergan yozma roziligisiz uchinchi tomonga berilishi yoki eʼlon qilinishi mumkin emas.
12-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, oʻzgacha tartib kelishib olinmasa, ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni mustaqil ravishda qoplaydilar.
13-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning Markaziy vakolatli organlari oʻrtasidagi hamkorlikning ushbu Bitim doirasidagi ishchi tili — xitoy va rus tillari hisoblanadi.
14-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning ushbu Bitim predmeti hisoblangan, Bitimning gʻoya va maqsadlariga zid kelmaydigan hamda Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirok etgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydigan masalalar boʻyicha boshqa xalqaro shartnomalar tuzishga boʻlgan huquqlarini cheklamaydi.
15-modda
Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday bahslar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali maslahatlashuvlar oʻtkazish yoʻli bilan hal qilinadi.
16-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan va alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va toʻldirishlar kiritilishi mumkin.
17-modda
Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarining bajarilganligi toʻgʻrisida Ahdlashuvchi Tomonlar diplomatik kanallar orqali bir-birlarini xabardor qilganlaridan soʻng oʻttizinchi kuni kuchga kiradi.
18-modda
1. Ushbu Bitim belgilanmagan muddatga tuzilgan.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonni diplomatik kanallar orqali 12 oy ilgari xabardor qilib, ushbu Bitimni denonsatsiya qilishi mumkin.
3. Shanxay konvensiyasi Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchun oʻz kuchini yoʻqotsa, ana shu Ahdlashuvchi Tomon uchun Shanxay konvensiyasi kuchini yoʻqotgan kundan boshlab ushbu Bitim ham oʻz kuchini yoʻqotadi.
Toshkent shahrida 2003-yil 4-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, Ahdlashuvchi Tomonlar rus tilidagi matndan foydalanadilar.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son)