Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT BOJI STAVKALARIGA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Davlat boji toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni)” qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ikkilamchi bozorda Vatanimizda ishlab chiqarilgan avtotransport vositalarini sotishni tartibga solish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Davlat boji stavkalari haqida” 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining 4-bandiga 2008-yil 1-apreldan boshlab ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda davlat bojlarining yangi stavkalarini yagona tarzda va toʻgʻri qoʻllash maqsadida notariuslarga tushuntirish va yoʻriqnoma berish, shuningdek avtotransport vositalarining foydalanish muddatlarini aniqlash tartibini belgilash chora-tadbirlarini amalga oshirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Bosh vazir oʻrinbosari Q.S. Sanaqulov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2008-yil 29-fevral,
35-son
Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 29-fevraldagi 35-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining 4-bandiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. “k” kichik bandga “boj undiriladi” soʻzlaridan keyin “ushbu bandning “k1” kichik bandida belgilangan hollar bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin.
2. Bandga quyidagi mazmundagi “k1” kichik band qoʻshilsin:
“k1”) mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar korxonalar, muassasalar va tashkilotlar oʻrtasida, fuqarolar oʻrtasida, shuningdek fuqarolar, korxonalar va tashkilotlar oʻrtasida Vatanimizda ishlab chiqarilgan, foydalanish muddati ishlab chiqaruvchining rasmiy dilerlaridan xarid qilingan kundan boshlab bir yildan oshmagan yengil avtotransport vositalarining oldi-sotdi, almashtirish, hadya etish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun boj har bir ot kuchi uchun eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida undiriladi.
Izoh. Almashtirish shartnomasini rasmiylashtirishda boj shu bojning koʻp summasi olinadigan faqat bir mashinadan undiriladi.
Ushbu kichik bandda belgilangan stavka ishlab chiqaruvchining rasmiy dilerlaridan xarid qilingan kundan boshlab bir yil mobaynida bitimlar sonidan qatʼi nazar yengil avtotransport vositalarining oldi-sotdi, almashtirish, hadya etish shartnomalarini tasdiqlashda qoʻllaniladi.
Er-xotinlar, ota-onalar, bolalar va nabiralar, tugʻishgan aka-ukalar va opa-singillar oʻrtasida avtomototransport vositalarining oldi-sotdi, almashtirish va hadya etish shartnomalari rasmiylashtirishda boj ushbu bandning “k” kichik bandiga muvofiq undiriladi.
3. “l” kichik bandga “tasdiqlaganlik uchun” soʻzlaridan keyin “ushbu bandning “l1” kichik bandida belgilangan hollar bundan mustasno” soʻzlari qoʻshilsin.
4. Bandga quyidagi mazmundagi “l1” kichik band qoʻshilsin:
“l1”) Vatanimizda ishlab chiqarilgan, foydalanish muddati ishlab chiqaruvchining rasmiy dilerlaridan xarid qilingan kundan boshlab bir yildan oshmagan yengil avtotransport vositalaridan foydalanish va/yoki tasarruf etish huquqini beruvchi ishonchnomalarni tasdiqlaganlik uchun boj har bir ot kuchi uchun eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida undiriladi.
Izoh. Ota-onalar, er-xotin va ularning ota-onalari, bolalar va ularning er-xotinlari, aka-ukalar, opa-singillar, nabiralar, jiyanlarga ishonchnomalarni tasdiqlaganlik uchun boj ushbu bandning “l” kichik bandiga muvofiq undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 10-11-son, 59-modda, 43-son, 434-modda)