Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
IQTISODIY RIVOJLANISh HAMKORLIK FONDI (EDCF) TOMONIDAN KREDIT AJRATILIShI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati (bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati oʻrtasida Iqtisodiy Rivojlanish Hamkorlik Fondi tomonidan kreditlar ajratilishi toʻgʻrisida 1999-yil 8-iyulda imzolangan Bitimga muvofiq,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
1. Koreya Respublikasi Hukumati oʻrta maxsus kasb-hunar taʼlimini rivojlantirish loyihasini (bundan keyin “Loyiha” deb ataladi) amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga Iqtisodiy Rivojlanish Hamkorlik Fondi (bundan keyin “EDCF” deb ataladi) uchun hukumat agentligi boʻlgan Koreya Eksport-Import banki (bundan keyin “Bank” deb ataladi) kreditining (bundan keyin “Kredit” deb ataladi) taqdim etilishini taʼminlaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Kredit oluvchi hisoblanadi.
3. Kredit summasi Koreya vonida taqdim etiladi. Kredit summasi yigirma yetti million AQSh dollari ($27,000,000)ga teng miqdoridan oshmasligi va Kredit oluvchi bilan Bank oʻrtasida tuziladigan kredit bitimi (bundan keyin “Kredit Bitimi” deb ataladi)ning tegishli qoidalariga muvofiq belgilanishi lozim.
2-modda
Kredit shartlari va talablari, hamda uni oʻzlashtirish protsedurasi quyidagi prinsiplarni inter alia oʻz ichiga olgan Kredit Bitimiga muvofiq tartibga solinadi:
(1) Kreditni qaytarish muddati oʻttiz (30) yil, oʻn (10) yillik imtiyozli muddat shu jumladan;
(2) Foiz stavkasi yillik ikki foiz (2.0 %)ni tashkil etadi;
(3) Kreditni qoplash muddati Kredit Bitimi kuchga kirgan sanadan yoki Kredit oluvchi bilan Bank kelishib olgan boshqa bunday muddatdan boshlab oʻttiz (30) oyni tashkil etadi;
(4) Xizmat haqi toʻgʻridan toʻgʻritoʻlash hollarida har bir qoplash summasining bir foizining oʻndan biri (0.1%) miqdorida, yoki majburiyat hollarida kafolat xatida koʻrsatilgan summa miqdorda Bankka toʻlanadi. Barcha bank toʻlovlari va/yoki Kredit tushumlarini qoplash, asosiy summani qaytarish yoki Kredit Bitimiga muvofiq bankka toʻlanadigan foizlarni toʻlash bilan bogʻliq bank tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar uchun xarajatlar ikkala davlatning tegishli banklari oʻrtasida tuziladigan bank bitimi bilan tartibga solinadi; va
(5) Agar Kredit oluvchi Kreditning asosiy summasining toʻla yoki har qanday bir qismini yoxud Kredit Bitimida koʻrsatilgan har qanday boshqa summani toʻlay olmasa, toʻlanmay qolgan summaga yiliga yuqorida keltirilgan foiz stavkasining ikki foizi (2.0%) miqdorida ustama toʻlanadi.
3-modda
1. Loyiha uchun talab qilinadigan konsalting xizmatlaridan tashqari, tovar va xizmatlarni yetkazib beruvchi manba davlatlar Oʻzbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hisoblanadi.
2. Loyiha uchun talab qilinadigan konsalting xizmatlarini sotib olish uchun manba davlat Koreya Respublikasi hisoblanadi va konsultant Bank tomonidan taʼminlangan EDCF Krediti boʻyicha konsultantlarning ish faoliyatini tashkil etish Qoʻllanmasiga muvofiq Koreya konsultantlari orasidan cheklangan raqobat tanlovi asosida tanlab olinadi.
3. Loyihani amalga oshirish uchun zarur boʻlgan tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar Koreya yetkazib beruvchilari orasidan cheklangan raqobat tanlovi asosida tanlab olinadi.
4. Kredit Bitimi kuchga kirgan sanadan oʻn sakkiz (18) oy ichida yetkazib berish shartnomasi tuziladi.
5. Etkazib berishning batafsil usullari va tartibi Kredit Bitimi bilan tartibga solinadi.
4-modda
Loyihani toʻliq amalga oshirish uchun Kredit tushumlaridan olingan mablagʻlar yetarli boʻlmagan holda, Kredit oluvchi zarur boʻlgan mablagʻlarni taʼminlash uchun darhol bitim tuzishi lozim.
5-modda
Kredit tushumlari Bank tomonidan Kredit oluvchiga yoki Kredit oluvchi nomidan harakat qilayotgan yetkazib beruvchiga Loyihaning bajarilishiga koʻra, Kredit summasi doirasida, Kredit Bitimida koʻrsatilgan qoplash muddati mobaynida va Kredit Bitimining qoplash tartibiga muvofiq toʻlanadi.
6-modda
Kredit Bitimida koʻrsatiladigan boshqa shartlar va talablar Kredit oluvchi va Bank oʻrtasidagi muzokaralar orqali belgilanadi.
7-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzgacha kelishib olmagan boʻlsalar, Kredit oluvchi Kredit Bitimida belgilangan barcha majburiyatlarni bajarguniga qadar amal qiladi.
Ushbuni tasdiqlab, oʻzlarining tegishli Hukumatlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda vakolatlangan quyida imzo chekuvchilar ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 2004-yil 2-iyulda ikki nusxada, oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Talqin qilishda har qanday kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn asosiy hisoblanadi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 3-4-son)