Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
dastur
Madaniyat sohasida 2005 — 2007-yillarga moʻljallangan hamkorlik
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniyat sohasida hamkorlik toʻgʻrisida Dehli shahrida 1994-yil 5-yanvarda imzolangan Bitimga asoslanib,
2005—2007-yillar uchun madaniyat sohasida hamkorlik dasturini tuzish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
Madaniyat va sanʼat
1-modda
Oʻzbekiston Davlat konservatoriyasi va Hindiston madaniy aloqalar kengashi oʻzbek hamda hind mumtoz musiqasidan tahsil berish maqsadida oʻqituvchilar va mutaxassislar almashinuvin amalga oshiradilar.
2-modda
Hind tomoni Milliy Bal Bxavan orqali rassomchilik asarlari va chizmalarini Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan tashkil etiladigan Kamoliddin Behzod xotirasiga bagʻishlangan xalqaro bolalar rassomchilik konkursiga yuboradi.
3-modda
Oʻzbek tomoni rassomchilik asarlari, chizmalari, annotatsiyalari va boshqa materiallarni Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi orqali Hindiston bolalar rassomchilik qoʻmitasi tomonidan Hindistonda tashkil etiladigan Shankar xalqaro bolalar konkursiga yuboradi.
4-modda
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining zamonaviy sanʼat markazi va Hindiston zamonaviy sanʼat asarlari milliy galereyasi birgalikda boshqa davlatda oʻzlarining taniqli milliy rassomlari hamda sanʼatkorlarining jamoa koʻrgazmalarini tashkil qiladilar.
5-modda
Sangit Natak akademiyasi 2005—2007-yillarda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan “Sharq taronalari” V va VI xalqaro musiqa festivalida ushbu tadbir shartlariga muvofiq ravishda qatnashadi hamda Oʻzbekistonning musiqa guruhlari va gastrollarini qabul qiladi.
6-modda
Tomonlar har ikki mamlakat kutubxonalarida mavjud boʻlgan noyob qoʻlyozmalarni nominalizatsiya qilish boʻyicha mutaxassislar almashinuvini amalga oshiradilar.
7-modda
Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek Milliy kutubxonasi va Hindistonning Kolkata milliy kutubxonasi oʻzaro hamkorlikni olib borish maqsadida kitoblar hamda boshqa tegishli materiallar almashinuvini amalga oshiradilar.
Ikkala kutubxona Oʻzbekiston va Hindistonda kitoblar hamda elektron axborot materiallar koʻrgazmasini tashkil etadilar.
8-modda
Hindiston Madaniy aloqalar kengashi har yili oʻzaro kelishilgan vaqtlarda 12—16 kishidan iborat amaliy sanʼat guruhlarini oʻzaro tashriflarini tashkil etadi.
9-modda
Oʻzbekiston Arxeologiya instituti Hindiston Arxeologik tadqiqotlar idorasi bilan birgalikda sanʼat, arxeologiya va arxitektura sohalarida hamda uch oygacha boʻlgan davr mobaynida mazkur sohalarning ikki mutaxassisini almashishda hamkorlik qiladilar.
10-modda
Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyi Hind Milliy muzeyi bilan birgalikda muzey koʻrgazmalarini asrab-avaylash boʻyicha ikki mutaxassisni almashishni amalga oshiradilar.
Sport sohasi
11-modda
Oʻzbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi Sahitya Akademiyasi bilan birgalikda madaniyat, sanʼat va sport sohalarida nashrlar, adabiyot hamda tadqiqot materiallarini almashadilar.
12-modda
Tomonlar sport tashkilotlari oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni, shu jumladan sportchilar, murabbiylarni almashish ishlarini qoʻllab-quvvatlaydilar.
13-modda
Barcha qoʻshimcha takliflar diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi.
14-modda
Tomonlar 2006-yil avgustda Dehli shahrida oʻtkaziladigan uchrashuvda ushbu Dasturni amalga oshirish jarayonini koʻrib chiqadilar.
15-modda
Ilovada koʻrsatib oʻtilgan moliyaviy va umumiy shartlar ushbu Dasturning ajralmas qismi hisoblanadi.
16-modda
Ushbu Dastur imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va 2007-yil dekabrga qadar amal qiladi.
Dehli shahrida 2005-yil 5-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar autentikdir. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida madaniyat sohasida hamkorlik dasturining umumiy hamda moliyaviy shartlari
I. Umumiy shartlar
Individual vakillar/koʻrgazmalar/delegatsiyalar almashinuvi.
(a) Har bir Tomon delegatsiya/individual vakillarning taxmin etilayotgan kelish sanasidan kamida ikki oy ilgari hamda agar ijrochi guruhlar va koʻrgazmalar borayotgan boʻlsa, kelishidan kamida toʻrt oy ilgari ushbu Dastur boʻyicha ajratib olingan tarjimai holga doir maʼlumotlarni va taklif etilayotgan tashrif dasturini boshqa Tomon mamlakatiga joʻnatadi.
(b) Qabul qiluvchi Tomon taklifnoma qabul qilingani toʻgʻrisida xabardor qilishi lozim, aks holda taklifnoma bir oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
(c) Tasdiq javobi olingandan soʻng yuboruvchi Tomon kamida uch hafta ilgari qabul qiluvchi Tomonni vakil/vakillarning kelishi toʻgʻrisidagi aniq usul (transport koʻrinishi)ni va vaqtini xabardor qilishi lozim.
(d) Taklif qilinadigan vakillar qabul qiluvchi tomonning tilini yoki ingliz tilini bilishlari lozim.
2. Ikkala Tomon yuboruvchi Tomonning delegatsiyalari va individual vakillari uchun qabul qiluvchi Tomonning madaniyati va hayot tarzi bilan tanishish maqsadida shart-sharoitlarni yaratadilar.
3. Tomonlar oʻz ekspertlariga qabul qiluvchi Tomon davlatida boʻlgan davri uchun sogʻliq va hayotni sugʻurtalash lozimligi toʻgʻrisida maslahat beradilar.
II. Moliyaviy shartlar
1. Ikki haftaga moʻljallangan yakka vakillar va delegatsiyalar almashinuvi.
Ikkala Tomon ushbu dastur boʻyicha quyidagi shartlarga muvofiq yakka vakillar va delegatsiyalarni almashadilar:
(a) Yuboruvchi Tomon:
I) xalqaro transportning kelish joyigacha va undan keyingi xarajatlarini qoplaydi. Tashrif dasturi boshlanadigan joy kelish joyi hisoblanadi;
II) milliy qonun-qoidalarga binoan yashash xarajatlarini qoplaydi;
III) kerak boʻlganda gonorar beradi.
(b) Qabul qiluvchi tomon quyidagilarni taqdim etadi:
I) Bepul yashash;
II) Bepul ovqatlanish;
III) tarjima xizmatlari;
IV) qabul qiluvchi tashkilot ruxsati asosida mamlakat ichida harakatlanish va mahalliy transport vositalaridan foydalanish xarajatlari ushbu dasturga kiritiladi.
V) guruhlar ijodiy namoyishlar qilgan hollarda namoyishni tashkil etish narxi toʻlanadi.
2. Jurnallar va nashrlar almashuvi.
Ushbu Dasturda koʻzda tutilgan nashrlar, jurnallar va boshqa materiallar almashinuvi bilan boʻlgan barcha xarajatlar yuboruvchi davlat tashkilotlari tomonidan qoplanadi.
3. Koʻrgazmalarni almashish.
a) Yuboruvchi Tomon:
I) Yuboruvchi Tomon koʻrgazma ochilgan birinchi joydan yakuniy joyiga qadar transport xarajatlarini qoplaydi, va
II) Koʻrgazma oʻzi tegishli boʻlgan davlat hududidan tashqarida boʻlganda sugʻurta xarajatlarini qoplaydi.
b) Qabul qiluvchi tomon:
I) Koʻrgazmani tashkil qilish, eʼlon qilish, kataloglar va plakatlarni nashr etish;
II) Agar koʻrgazma bir necha joyda uyushtirilsa, oʻz hududi ichidagi harakatlanishni tashkil etadi, va
III) Koʻrgazmani kerakli himoya ostiga oladi va xavfsizligini taʼminlaydi.
s) Yuboruvchi tomonning bitta eksperti koʻrgazmaga hamrohlik qiladi. Ekspert bilan bogʻliq xarajatlar ushbu dasturning moliyaviy shartlarni tartibga solish bandiga asosan qoplanadi. Ekspertning safar muddati oʻzaro kelishuv asosida belgilanadi.
d) Koʻrgazmaga zarar yetkazilgan taqdirda qabul qiluvchi tomon tegishli sugʻurta agentligi orqali zararni qoplash ishlarini olib borish uchun yuboruvchi tomonga yetkazilgan zarar bilan bogʻliq boʻlgan barcha hujjatlarni yuboradi.
e) koʻrgazmaga zarar yetganda yuboruvchi tomonning ruxsatisiz taʼmirlanmaydi.
Yuqoridagi shartlar ushbu Dastur imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi. Tomonlar zarur boʻlganda oʻzaro maslahatlashuvlar orqali moliyaviy xarajatlar bilan bogʻliq ushbu qoidalarni qayta koʻrib chiqadilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2005-y., 2-4-son)