Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat Ishlari Vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat Vazirligi oʻrtasida
Dasturi
2004-2007-yillar uchun madaniy almashuv
2004-yil 15-iyun, Toshkent
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi bilan Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat vazirligi, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki tomonlama madaniy hamkorlikni kengaytirishga kuch-gʻayratlarini qaratib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Tomonlar ushbu Dastur amal qilish muddati davomida oʻzarolik asosida oʻz davlatlari hududlarida Madaniyat kunlarini oʻtkazadilar.
2004-yilda Oʻzbekiston Respublikasida Xitoy Xalq Respublikasi Madaniyat kunlari oʻtkaziladi.
2005-yilda Xitoy Xalq Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat kunlari oʻtkaziladi.
Madaniyat kunlari tadbirlarining shartlari va dasturlarini Tomonlar qoʻshimcha ravishda diplomatik kanallar orqali ahdlashib olinadi.
2-modda
Tomonlar ushbu Dastur amal qilish muddati davomida koʻpi bilan 7 kunga qadar 30 kishidan iborat boʻlgan badiiy jamoalarni va muddati 15 kunga qadar 2 kishi hamrohligida badiiy koʻrgazmalarni oʻzarolik asosida almashadilar.
3-modda
Tomonlar oʻzlarining badiiy ansambllari, artistlari, mutaxassislari va olimlarining boshqa Tomon tashkil etadigan konkurslar, badiiy festivallar, simpoziumlar, ilmiy anjumanlar va madaniyat sohasidagi boshqa xalqaro tadbirlarda ishtirok etishlariga, shuningdek gastrol chiqishlarni hamda madaniy almashuv maqsadidagi chiqishlarni oʻtkazish uchun oʻzlarining ijodiy jamoa va tashkilotlarini oʻzaro yuborishga koʻmaklashadilar.
4-modda
Tomonlar madaniyat xodimlarining oʻzaro tashriflariga koʻmaklashadilar, madaniyat, sanʼat va badiiy tajriba toʻgʻrisida axborot almashuvini faollashtiradilar.
5-modda
Tomonlar bevosita almashuv hamda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda ikki davlatning muzey va kutubxonalariga yordam beradilar.
6-modda
Tomonlar madaniy-tarixiy qadriyatlarni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga ahdlashib oldilar.
7-modda
Tomonlar ushbu Dastur doirasida tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazib va bayonnomalar imzolangandan soʻng, madaniyat sohasidagi boshqa tadbirlarni oʻtkazishlari mumkin.
8-modda
Xodimlar, delegatsiyalar va badiiy jamoalarni almashishda:
— yuboruvchi Tomon oʻz delegatsiyalari va badiiy jamoa aʼzolarining boshqa Tomon poytaxtiga qadar boʻlgan xalqaro yoʻnalish, shuningdek rekvizit va yukni xalqaro tashish bilan bogʻliq xarajatlar toʻlovini oʻz zimmasiga oladi;
— qabul qiluvchi Tomon ularning mamlakatdagi boʻlishi (mehmonxona, ovqatlanish, ichki transport va madaniy dasturlar, chiqish zallari, tarjimon hamda tibbiy tez yordam koʻrsatish) boʻyicha xarajatlarni qoplaydi.
Tadbirlarni birgalikda tashkil etish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan masalalar Tomonlarning tegishli vakolatli organlari oʻrtasida muzokaralar orqali hal qilinadi.
9-modda
Tomonlar ikki davlatning muzeylarida saqlanayotgan haykallar, amaliy sanʼat, rassomchilik va sanʼatning boshqa turlari eksponatlarining koʻrgazmalarini oʻtkazadilar.
Koʻrgazmalarni ayirboshlashda:
— yuboruvchi Tomon eksponatlarni boshqa Tomon poytaxtiga qadar boʻlgan xalqaro tashish va sugʻurta qilish bilan bogʻliq xarajatlarni oʻz zimmasiga oladi, shuningdek reklama materiallari va eksponatlar katalogini tayyorlab beradi;
— qabul qiluvchi Tomon koʻrgazmani tashkil etish, reklamani tayyorlash, eksponatlarni oʻrnatish va koʻrgazmadan olish, ichki tashish boʻyicha xarajatlarni qoplaydi, shuningdek koʻrgazmalar uchun joy beradi, eksponatlarni sugʻurta qilishni va koʻrgazmalarning xavfsizligini taʼminlaydi.
Tomonlarning tegishli muassasalari koʻrgazmalarni ayirboshlash boʻyicha boshqa masalalarni hal qilish uchun alohida maslahatlashuvlar olib boradilar.
10-modda
Ushbu Dasturni bajarish yoki uning moddalarini talqin qilish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahs va kelishmovchiliklarni Tomonlar muzokara hamda maslahatlashuvlar orqali hal qiladilar.
11-modda
Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra ushbu Dasturga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin. Ular alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi hamda ushbu Dasturning ajralmas qismi hisoblanadi.
12-modda
Ushbu Dastur imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va 2007-yilning 31-dekabriga qadar amal qiladi.
Toshkent shahrida 2004-yil 15-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, xitoy va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Dasturning qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
(Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalari toʻplami, 2004-y., 2-son)