Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
“BUDJET TIZIMI TOʻGʻRISIDA”GI HAMDA “DAVLAT BUDJETINING GʻAZNA IJROSI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNLARIGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 26-sentabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 30-noyabrda maʼqullangan
Senat tomonidan 2007-yil 30-noyabrda maʼqullangan
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-361-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi Qonuni bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2000-yil 14-dekabrda qabul qilingan “Budjet tizimi toʻgʻrisida”gi 158-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2001-yil, № 1-2, 6-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 5, 152-modda, № 12, 413, 418-moddalar; 2007-yil, № 4, 168-modda, № 9, 420-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 3-moddaning ikkinchi xatboshisi “moliya yilida” degan soʻzlardan keyin “respublika budjeti” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) 5-moddaning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat budjeti xarajatlarini budjetdan ajratiladigan tasdiqlangan mablagʻlar doirasida va xarajatlar smetalarida koʻrsatilgan maqsadlarda amalga oshirish”;
3) 32-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlari budjetdan ajratiladigan mablagʻlar doirasida moliya yili uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasi asosida tayinlash sertifikatini muayyan davrga va summaga rasmiylashtirish orqali, shuningdek budjet mablagʻlari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) bilan tuzilgan, ushbu Qonunga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomasi asosida:
respublika budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar boʻyicha — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi yoki uning hududiy boʻlinmalari tomonidan;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjetidan yoki mahalliy budjetlardan moliyalashtiriladigan tashkilotlar boʻyicha — Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligining hududiy boʻlinmalari tomonidan toʻlanadi.
Tayinlash sertifikatlarini tayyorlash, rasmiylashtirish, berish, ijro etish va hisobga olish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Respublika budjeti, Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va barcha darajadagi mahalliy budjetlarning yagona gʻazna hisobvaragʻidagi budjet mablagʻlari qoldiqlari tasdiqlangan miqdorda aylanma kassa mablagʻi meʼyorini shakllantirishga yoʻnaltiriladi.
Respublika budjeti budjet mablagʻlari qoldiqlarining aylanma kassa mablagʻi meʼyorining tasdiqlangan miqdoridan ortiq qismi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sarflanadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti va barcha darajadagi mahalliy budjetlar budjet mablagʻlari qoldiqlarining aylanma kassa mablagʻi meʼyorining tasdiqlangan miqdoridan ortiq qismi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining hamda tegishli hokimlarning qaroriga koʻra qoʻshimcha xarajatlarni amalga oshirishga yoʻnaltirilishi mumkin.
Yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan budjet tashkiloti tomonidan tejab qolingan budjet mablagʻlari olib qoʻyilmaydi va ular Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasiga oʻtkaziladi, kapital qoʻyilmalarni moliyalashtirish uchun nazarda tutilgan mablagʻlar bundan mustasno. Budjet tashkilotining rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi”;
4) 33-moddaning birinchi qismi:
ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“boshlangan moliya yilidagi xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda avvalgi moliya yilining oxirgi choragidagi budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning uchdan bir qismidan ortiq boʻlmagan miqdorlarda, ularni boshlangan moliya yilida amalga oshirilishi rejalashtirilmagan xarajatlar summasiga aniqlashtirilgan holda, har oyda amalga oshiriladi”;
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlari har choraklik oyma-oy boʻlingan muvaqqat xarajatlar smetasi va budjet mablagʻlari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) bilan tuzilgan, ushbu Qonunga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan shartnomasi asosida amalga oshiriladi”;
uchinchi va toʻrtinchi xatboshilari toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar deb hisoblansin;
5) 37-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Davlat budjetining kassa ijrosini tashkil etish, shuningdek uning davlat daromadlari va xarajatlarini hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari Davlat budjetining kassa ijrosini taʼminlaydi. Banklar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining topshirigʻiga binoan Davlat budjetining kassa ijrosi operatsiyalarini bajaradi.
Budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlari ularning Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligida yoki uning hududiy boʻlinmalarida ochilgan shaxsiy hisobvaraqlaridagi budjetdan ajratilgan mablagʻlar qoldiqlari doirasida toʻlov topshiriqnomalari boʻyicha amalga oshiriladi”;
6) 38-moddaning birinchi qismi:
quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“budjet mablagʻlari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) bilan tuzilgan shartnomasini, shuningdek buyurtmachining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kapital qurilish uchun tuzilgan shartnomasini ushbu Qonunga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazadi”;
toʻrtinchi—oltinchi xatboshilari tegishincha beshinchi—yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
beshinchi xatboshisi kuyidagi tahrirda bayon etilsin:
“tovar yetkazib beruvchining (ish bajaruvchining, xizmat koʻrsatuvchining) bevosita hisobvaragʻiga budjet mablagʻlarini oluvchilar nomidan toʻlovlarni amalga oshiradi”;
7) 39-modda:
quyidagi mazmundagi uchinchi qism bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi va uning hududiy boʻlinmalari Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi belgilagan muddatlarda tuzadi va ushbu hisobotni tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligiga, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar moliya organlariga taqdim etadi”;
uchinchi—oʻn toʻrtinchi qismlari tegishincha toʻrtinchi—oʻn beshinchi qismlar deb hisoblansin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yil 26-avgustda qabul qilingan “Davlat budjetining gʻazna ijrosi toʻgʻrisida”gi 664-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-yil, № 9, 164-modda) 7-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Gʻaznachilikning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Davlat budjetining kassa ijrosi;
Davlat budjeti mablagʻlarining tushumi va sarfi ustidan nazoratni amalga oshirish;
Davlat budjeti mablagʻlarini boshqarish, yagona gʻazna hisobvaragʻini va hududiy gʻazna hisobvaraqlarini yuritish;
budjet mablagʻlari oluvchining tovar yetkazib beruvchi (ish bajaruvchi, xizmat koʻrsatuvchi) bilan tuzilgan shartnomasini, shuningdek buyurtmachining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan kapital qurilish uchun tuzilgan shartnomasini majburiy roʻyxatdan oʻtkazish;
Davlat budjetida qaysi yuridik yoki jismoniy shaxslar uchun mablagʻlar nazarda tutilgan boʻlsa, oʻsha yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan va ularning topshirigʻiga binoan toʻlovlarni amalga oshirish;
Davlat budjeti gʻazna ijrosining buxgalteriya hisobini yuritish;
Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi axborotni yigʻish, qayta ishlash, tahlil qilish va hisobotni tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat ichki va tashqi qarzlariga xizmat koʻrsatish, Oʻzbekiston Respublikasining kafolatlarini ijro etish”.
3-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 17-dekabr,
OʻRQ-130-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 50-51-son, 509-modda)