Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
IJRO YIGʻIMINI UNDIRISH TOʻGʻRISIDAGI SUD IJROCHILARI QARORLARINI HISOBINI YURITISH VA ULARNING UNDIRILISHINI NAZORAT QILISH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMANI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 24-noyabrda 1741-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 27-avgustdagi 370-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi toʻgʻrisidagi Nizomning 11-bandiga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-722-son qarori bilan tasdiqlangan Ijro yigʻimini undirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisida Nizomning 7-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida buyuraman:
Keyingi tahrirga qarang.
1. Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi sud ijrochilari qarorlarini hisobini yuritish va ularning undirilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, sud ijrochilari ijrosiga kelib tushgan ijro hujjatlari boʻyicha ijro yigʻimi 2007-yilning 1-dekabridan boshlab undiriladi.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi (S. Sattarov) Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralari normativ-huquqiy hujjatlarining Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (A. Inanbabayev) ushbu normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kundan keyin kuchga kiradi.
5. Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti 10 kun muddat ichida ushbu normativ-huquqiy hujjatni manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari Z. Xudoyqulov zimmasiga yuklatilsin.
Adliya vazirining birinchi oʻrinbosari A. AXMEDOV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-noyabr,
226-mh-son
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi sud ijrochilari qarorlarini hisobini yuritish va ularning undirilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida
YOʻRIQNOMA
Mazkur Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-722-son qaroriga muvofiq, ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorlarni chiqarish, ijro etish va hisobini yuritish, shuningdek ularning undirilishi ustidan nazorat qilish bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soladi.
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Yoʻriqnomada mulkiy xarakterga ega boʻlgan ijro hujjatlari deyilganda qarzdor tomonidan undiruvchiga, davlat foydasiga yoxud boshqa shaxsga muayyan pul mablagʻlarini toʻlashni nazarda tutuvchi sud hujjatlari yoki boshqa organlar hujjatlari tushuniladi.
Mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjatlari deyilganda qarzdorga muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatlari yoki boshqa organlar hujjatlari tushuniladi.
2. Ijro yigʻimi sud ijrochisi tomonidan sud hujjatlari yoki boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etishda amalga oshiriladigan undiruvni nazarda tutadi.
3. Ijro yigʻimi qarzdordan ijro hujjatini ixtiyoriy ravishda ijro etish muddati oʻtgandan soʻng, quyidagi miqdorlarda undiriladi:
mulkiy xarakterga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha — jismoniy shaxsdan undirilayotgan summaning 1 foizi, yuridik shaxsdan 2 foizi miqdorida;
mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha — jismoniy shaxsdan eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida, yuridik shaxsdan eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida.
4. Ijro yigʻimini undirish uchun sud ijrochisi tomonidan chiqarilgan qaror asos boʻladi va u Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining (keyingi oʻrinlarda matnda Qonun deb yuritiladi) 7-moddasiga muvofiq ijro hujjati hisoblanadi.
Ijro yigʻimini undirish Qonunning 82-moddasiga muvofiq qarzdorga solinadigan jarimani toʻlashdan ozod etmaydi.
5. Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorni majburiy ravishda ijro etish umumiy belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-722-son qarori bilan tasdiqlangan Ijro yigʻimini undirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom va mazkur Yoʻriqnomada belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda amalga oshiriladi.
II. Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorni chiqarish va ijro etish tartibi
6. Sud ijrochisi ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror chiqarishda qarzdorga ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun 5 kundan ortiq boʻlmagan muddat belgilab, agar ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda ijro hujjatidagi talablar bajarilmagan taqdirda, qarzdordan undirilayotgan summaning yoki mol-mulk qiymatining 1 foizi (jismoniy shaxsdan) yoxud 2 foizi (yuridik shaxsdan) miqdorida, agar mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjatlari ijro etilmagan taqdirda esa, jismoniy shaxsdan eng kam ish haqining 5 baravari, yuridik shaxsdan eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida ijro yigʻimi undirilishi toʻgʻrisida qarzdorga majburiy ravishda tushuntirishi shart.
Ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun muddat belgilanganda, ushbu muddatning oʻtishi ijro ishi yurituvi qoʻzgʻatilgan kundan keyingi kundan boshlanishini nazarda tutish lozim.
Sud ijrochisi ijro hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun muddat belgilashda ijro hujjati talablari mohiyatini hisobga olishi va qonunda nazarda tutilgan doirada yetarli muddat belgilashi lozim.
7. Sud ijrochisi tomonidan ixtiyoriy ravishda ijro etish uchun belgilangan muddatda ijro hujjatida belgilangan talablar qarzdor tomonidan bajarilmasligi, qarzdorga nisbatan majburiy ijro etish choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi.
Ayni paytda sud ijrochisi qarzdordan ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
Mazkur Yoʻriqnomaning 13-bandi oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan holatlar mavjud boʻlganda, ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisida qaror chiqarilmaydi.
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qaror, qarzdorning xarajatlar smetasini roʻyxatga olgan moliya organining tegishlicha rasmiylashtirilgan va qarzdorni budjet tashkiloti deb topilishini tasdiqlovchi xati qarzdor — yuridik shaxs tomonidan qaror chiqarilguniga qadar sud ijrochisiga taqdim etilgan taqdirda ham chiqarilmaydi.
8. Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisida qaror ixtiyoriy ravishda ijro etish muddati tugagandan keyingi kundan kechiktirmasdan sud ijrochisi tomonidan mazkur Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda chiqariladi.
9. Sud ijrochisining ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarori katta sud ijrochisi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Sud departamenti yoki uning hududiy boshqarmasining sud ijrochisi maqomiga ega inspektorlari tomonidan chiqarilgan qarorlar, tegishlicha Sud departamentining Sud qarorlarini ijro etish boshqarmasi boshligʻi yoki hududiy boshqarmalarning Sud qarorlarini ijro etish boʻlimi boshligʻi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorning nusxasi uni chiqargan kunning ertasidan kechiktirmasdan qarzdorga shaxsan taqdim etiladi yoki topshirilganligi maʼlum qilinadigan buyurtma xat bilan pochta aloqasi orqali yuboriladi.
11. Ijro yigʻimini undirish boʻyicha ish yurituvi alohida ijro ish yurituvi qoʻzgʻatilmasdan amalga oshiriladi.
Ijro yigʻimini undirish boʻyicha ish yurituvi ijro yigʻimi qoʻllashga asos boʻlgan ijro hujjati (keyingi oʻrinlarda matnda asosiy ijro hujjati deb yuritiladi) bilan birgalikda yuritiladi. Bunda ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorga asosiy ijro hujjatining roʻyxat raqami beriladi.
12. Ijro hujjatlari boʻyicha majburiy ijro etish choralarini amalga oshirishda undiruv mol-mulk va pul mablagʻlariga asosiy ijro hujjati boʻyicha qarzni, ijro yigʻimi va ijro xarajatlarini qoplash uchun yetarli boʻlgan miqdor va hajmda qaratiladi.
Ijro yigʻimi Qonunning 52 va 69-moddalariga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan pul summalari va mol-mulkdan undirilmaydi.
13. Ijro yigʻimi:
mulkiy xarakterga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha — qarzdordan undirilgan pul summasiga mutanosib ravishda;
mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha — majburiy ijro etish boʻyicha choralar qoʻllashga kirishilishi bilan undiriladi.
Ijro yigʻimi quyidagi undiruvlarni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha undirilmaydi:
budjet tashkilotlaridan, shu jumladan davlatdan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkni undirish. Bunda, tashkilotning budjet tashkiloti deb topilishini tasdiqlovchi hujjat qarzdor tomonidan sud ijrochisiga taqdim qilinadigan mazkur tashkilotning xarajatlar smetasini roʻyxatga olgan tegishli moliya organining xati hisoblanadi.
Davriy toʻlovlarni (aliment undirish haqidagi, mayib boʻlish yoki sogʻliqqa boshqacha shikast yetganligi, boquvchining oʻlimi natijasida koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi va boshqa ishlar boʻyicha) undirish.
14. Solidar tartibda bir necha qarzdordan undiruvni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qaror har bir qarzdorga nisbatan chiqariladi. Ushbu holatlarda qarorlarni rasmiylashtirish, ijro yigʻimini undirish va undirilgan summalar hisobini yuritish solidar qarzdorlar boʻyicha ijro hujjatlarini ijro etish tartibida amalga oshiriladi. Bunda, barcha qarzdorlardan undirilgan ijro yigʻimining umumiy summasi asosiy ijro hujjati boʻyicha jami undiruv summasidan kelib chiqqan holda hisoblanadigan yigʻim summasidan oshib ketmasligi lozim.
15. Bir qarzdorga nisbatan bir necha ijro hujjatini ijro etishda, ijro yigʻimi har bir ijro hujjati boʻyicha alohida undiriladi.
Bir nechta talablar (ijro hujjatlari) boʻyicha qarzdordan undiriladigan ijro yigʻimlari Qonunning 80-moddasida belgilangan tartibda tegishli talabning qanoatlantirish navbatiga koʻra undiriladi. Bunda, mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha qarzdordan undiriladigan ijro yigʻimlari, shuningdek mulkiy xarakterga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha qonunda belgilangan muddatda realizatsiya qilinmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish holatlari birinchi navbatda qanoatlantiriladigan talablarga tenglashtiriladi. Mazkur xatboshi bilan belgilangan qoidalar qarzdorning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish navbatlarini belgilash vaqtida ham tatbiq etiladi.
Mazkur qoidani qoʻllash misollari ushbu Yoʻriqnomaning 2-ilovasida keltirilgan.
16. Ijro ishi yurituvi qarzdorning sotilmagan mol-mulkini undiruvchiga berilishi munosabati bilan tamomlangan taqdirda, ijro yigʻimi berilgan mol-mulk qiymatidan kelib chiqqan holda tegishli miqdorlarda undiriladi. Bunda, ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosi umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ijro ishi yurituvi qarzdorni sotilmagan mol-mulkini qabul qilishni undiruvchi rad etishi munosabati bilan tamomlangan taqdirda, ijro yigʻimi sud ijrochisi tomonidan mazkur ijro hujjati boʻyicha undirilgan summaga mutanosib ravishda undiriladi, ijro yigʻimining sotilmagan mol-mulkka toʻgʻri keladigan qolgan qismi boʻyicha ish yurituvi sud ijrochisining tegishli qarori bilan tugatiladi.
17. Asosiy ijro hujjati Qonunning 62-moddasiga muvofiq, tugatish komissiyasi (tugatuvchi)ga yuborilgan taqdirda, ijro yigʻimi sud ijrochisi tomonidan mazkur ijro hujjati boʻyicha undirilgan summaga (mol-mulk qiymatiga) mutanosib ravishda undiriladi. Ijro yigʻimining qolgan qismi boʻyicha ish yurituvi sud ijrochisining tegishli qarori bilan tamomlanadi.
18. Qarzdor ijro ishi yurituvidan taraf sifatida chiqib ketgan taqdirda (qarzdor shaxsning vafot etishi, yuridik shaxsning qayta tashkil etilishi, boshqa shaxs foydasiga talablardan voz kechilishi, qarzni boshqa shaxsga oʻtkazilishi va shu kabilar) sud ijrochisi Qonunning 12-moddasiga muvofiq, oʻzining qarori bilan qarzdorni uning huquqiy vorisi bilan qonunda belgilangan tartibda almashtirishi shart. Mazkur qarorda yigʻimni toʻlash majburiyati ushbu huquqiy vorisga oʻtishi haqida ham koʻrsatiladi.
19. Asosiy ijro hujjati Sud departamentining boshqa boʻlinmasiga yuborilgan taqdirda, ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qaror ham Qonunning 25-moddasida belgilangan tartibda yuborilishi lozim.
20. Asosiy ijro hujjati boʻyicha ijro ishi yurituvi Qonunning 37-moddasi 1—5 va 7-bandlariga asosan tugatilgan taqdirda, ijro yigʻimi sud ijrochisi tomonidan mazkur ijro hujjati boʻyicha undirilgan summaga (mol-mulk qiymatiga) mutanosib ravishda undiriladi, ijro yigʻimining qolgan qismi boʻyicha ish yurituvi sud ijrochisining tegishli qarori bilan tamomlanadi.
21. Asosiy ijro hujjati Qonunning 40-moddasi 1, 3—6-bandlariga asosan undiruvchiga qaytarilgan taqdirda, ijro yigʻimi sud ijrochisi tomonidan mazkur ijro hujjati boʻyicha undirilgan summaga (mol-mulk qiymatiga) mutanosib ravishda undiriladi, ijro yigʻimining qolgan qismi boʻyicha ish yurituvi sud ijrochisining tegishli qarori bilan tamomlanadi.
22. Undiruv qarzdorning ish haqi yoki unga tenglashtirilgan toʻlovlariga qaratilgan taqdirda, sud ijrochisi Qonunning 64-moddasida belgilangan tartibda asosiy ijro hujjati bilan birga ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorni ham tegishli tashkilotga yuboradi.
23. Asosiy ijro hujjati boʻyicha ish yurituvi ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organ tomonidan toʻxtatib turilgan taqdirda, ijro yigʻimini undirish boʻyicha ish yurituvi ham asosiy ijro hujjati boʻyicha ish yurituvi tiklangunga qadar toʻxtatib turiladi. Ushbu holatda ijro yigʻimini undirish boʻyicha ish yurituvini toʻxtatish haqida alohida qaror qabul qilish talab qilinmaydi.
Sud ijrochisi tomonidan asosiy ijro hujjati boʻyicha ijro harakatlarini keyinga qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, mazkur qarorda ijro yigʻimini undirish boʻyicha ijro harakatlarini ham keyinga qoldirish haqida koʻrsatib oʻtiladi.
III. Ijro yigʻimini qaytarish tartibi
24. Ijro yigʻimini qaytarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
qarzdorning arizasiga asosan, asos sifatida ijro hujjati berilgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatining yoxud qonun boʻyicha ijro hujjati hisoblanadigan boshqa hujjatning bekor qilinishi;
qarzdor yoki undiruvchining arizasiga asosan, asos sifatida ijro hujjati berilgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatlarining oʻzgartirilishi, agar oʻzgartirish natijasida toʻlangan ijro yigʻimi miqdorini qaytadan koʻrib chiqish lozim boʻlsa;
qarzdor yoki ijro yigʻimi undirilgan boshqa shaxsning arizasiga yoxud sud ijrochisining tashabbusiga asosan, ijro yigʻimi miqdorini notoʻgʻri yoki ortiqcha oʻtkazilganligi;
sud qaroriga asosan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijro yigʻimini qaytarish haqidagi ariza ushbu bandda koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelgan kundan boshlab uch yildan kechiktirmasdan beriladi.
25. Undirilgan ijro yigʻimi miqdorini qaytarish uchun ijro yigʻimini toʻlagan shaxs majburiy ijro harakati kim tomonidan amalga oshirilganidan kelib chiqib, Sud departamentining markaziy apparatiga yoki tegishli hududiy boshqarmaga ariza bilan murojaat qiladi. Bunda, ijro yigʻimini undirish boʻyicha ijro harakatlari turli hududlarda amalga oshirilgan boʻlsa, ariza arizachining xohishiga koʻra ijro yigʻimini undirgan Sud departamentining istalgan boʻlimiga taqdim etilishi mumkin.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ijro yigʻimi miqdori notoʻgʻri yoki ortiqcha oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hisob-kitob hujjati yoki boshqa hujjat — ijro yigʻimi mazkur Yoʻriqnoma 24-bandining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos boʻyicha qaytarilganda;
sudning qonuniy kuchga kirgan qarorining tasdiqlangan nusxasi — ijro yigʻimi mazkur Yoʻriqnomaning 24-bandi beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha qaytarilganda.
26. Ijro yigʻimini qaytarish toʻgʻrisidagi ariza Sud departamentining tegishli hududiy boshqarmasi yoki markaziy apparati tomonidan koʻrib chiqiladi va ariza berilgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddat ichida ijro yigʻimini qaytarish yoki qaytarishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qabul qilingan qaror haqida ariza beruvchini yozma ravishda xabardor qiladi.
Ijro yigʻimini qaytarish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan boshlab uzogʻi bilan ikki kun ichida qaytarish uchun Sud va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasining Ijro etuvchi direksiyasiga yuboriladi. Ijro yigʻimini qaytarish Ijro etuvchi direksiya tomonidan qaror olingan kundan boshlab besh bank kuni davomida amalga oshiriladi.
27. Ijro yigʻimini qaytarish yoki qaytarishni rad etish toʻgʻrisida qaror ustidan belgilangan tartibda sudga murojaat qilish mumkin.
IV. Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qaror hisobini yuritish
28. Sud departamentida, hududiy boshqarmalarda va sud ijrochilarining tuman (shahar) boʻlimlarida mazkur Yoʻriqnomaning 3-ilovasiga muvofiq shaklda ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorlarni hisobga olish kitobi yuritiladi.
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorlarni hisobga olish kitobi raqamlanib, tikiladi va tegishlicha Sud departamenti yoki uning hududiy boshqarmasining asosiy muhri bilan tasdiqlanadi.
29. Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan kunda roʻyxatga olinadi va tegishli asosiy ijro hujjatining majburiy ijrosini amalga oshirayotgan sud ijrochisiga imzo qoʻydirgan holda beriladi.
30. Ijro yigʻimi summalari tegishli bank muassasasida ochilgan maxsus tranzit hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Sud departamenti, hududiy boshqarmalar va sud ijrochilarining tuman (shahar) boʻlimlari har oyda tegishli bank muassasalari bilan ijro yigʻimi summalarining tushumini belgilangan shaklda solishtirib boradilar.
31. Sud departamentining hududiy boshqarmalari har chorakda kamida bir marta sud ijrochilarining tuman (shahar) boʻlimlari tomonidan mazkur Yoʻriqnoma talablariga rioya qilinishini, shu jumladan ijro yigʻimi summalarining toʻgʻri va oʻz vaqtida undirilishi va oʻtkazilishini tekshirib boradilar.
V. Yakuniy qoidalar
32. Mazkur Yoʻriqnomaning bajarilishini nazorat qilish Sud departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
Ijro yigʻimining hisobini yuritish va undirishning belgilangan tartibi ustidan doimiy nazoratni amalga oshirish Sud departamentining hududiy boshqarmasi boshligʻiga yuklatiladi.
33. Mazkur Yoʻriqnoma talablarining buzilishi qonunda belgilangan javobgarlikni keltirib chiqaradi.
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi sud ijrochilari qarorlarini hisobini yuritish va ularning undirilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga
1-ILOVA
1-ILOVA
| | |
“TASDIQLAYMAN” | ||
|
| ||||
| “__” ________ 200__ y. |
___-son |
____________ tuman (shahar) | ||
| ______________________________________________________ sud ijrochisi | ||||
|
(sud ijrochilari boʻlimining nomi) | ||||
| _______________________ tomonidan 200 __ yil “__” _______ dagi ___ -son | ||||
| (sud ijrochisining F.I.Sh.) | | | | |
| ijro hujjati boʻyicha 200 __ yil “__” _____________ da _____ -sonli ijro ish yurituvi qoʻzgʻatilgan. | ||||
| Ijro ishi yurituvini qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorda qarzdorga ijro hujjatida koʻrsatilgan talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun 200__ y. “___” ___________ga qadar muddat berilgan. | ||||
| Biroq, tegishli ogohlantirishga qaramasdan qarzdor 200__ y. “___” __________ holatiga ijro hujjatida koʻrsatilgan talablarini bajarmagan. | ||||
| Ixtiyoriy ravishda ijro etilishi lozim boʻlgan ijro hujjati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 1-noyabrdagi PQ-722-son qaroriga asosan, ___________________________ xarakterga ega. | ||||
|
(mulkiy yoki nomulkiy) |
| | ||
| Yuqoridagilarni inobatga olib hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunga asoslanib, | ||||
|
| ||||
| 1. Qarzdor _________________________________________________________ | ||||
|
(qarzdor-yuridik shaxsning nomi va manzili, qarzdor — jismoniy shaxsning | ||||
| __________________________________________________________________ | ||||
|
F.I.Sh., tugʻilgan sanasi va joyi, ish joyi) | ||||
| __________________________________________________________________ | ||||
|
(mulkiy undiruv boʻyicha undirilayotgan summaning (mol-mulk qiymatining) | ||||
| __________________________________________________________________ | ||||
|
foizi koʻrinishida | ||||
| _________________________________________________________ miqdorda | ||||
| nomulkiy talabda esa aniq miqdordagi ijro yigʻimining summasi koʻrsatiladi) | ||||
| ijro yigʻimi undirilsin va _____________________________-sonli bank hisob raqamiga oʻtkazilsin. | ||||
| Tegishli toʻlov hujjatining nusxasi sud ijrochisiga taqdim etilsin. | ||||
| 3. Mazkur qaror ____________________________________ ijro ish yurituvi | ||||
| |
(ijro ish yurituvi raqami va sanasi) |
| ||
| doirasida ijroga qabul qilinsin. | ||||
| 4. Mazkur qarorning nusxasi qarzdor _________________ yuborilsin. | ||||
| 5. Mazkur qaror ustidan 10 kunlik muddat ichida sudga shikoyat berilishi mumkin. | ||||
|
|
| |||
| | |
(F.I.Sh.) | ||
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi sud ijrochilari qarorlarini hisobini yuritish va ularning undirilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga
2-ILOVA
2-ILOVA
Bir qarzdorga nisbatan bir nechta ijro hujjatlarini ijro etishda ijro yigʻimini undirish boʻyicha misollar
1-Misol. Sud ijrochisining ish yurituviga qarzdor — yuridik shaxsdan turli navbatdagi qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida 3 ta ijro hujjati kelib tushgan: soliq boʻyicha 100 000 soʻm boqimanda qarzdorlik undirish toʻgʻrisida (birinchi navbatdagi talab); xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida shartnomaviy munosabatlardan yuzaga kelgan 60 000 soʻm qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida (oltinchi navbatdagi talab); garovga qoʻyilgan mol-mulk qiymatidan 50 000 soʻm bank kreditini undirish toʻgʻrisida (toʻrtinchi navbatdagi talab). Biroq, qarzdor tomonidan koʻrsatilgan ijro hujjatlari boʻyicha ijro hujjati talablari ixtiyoriy ravishda bajarilmagan. Shu sababli, sud ijrochisi koʻrsatilgan har bir ijro hujjati boʻyicha undirilayotgan summaning 2 foizi miqdorida ijro yigʻimi undirish toʻgʻrisida alohida qarorlar chiqargan.
Majburiy ijro etish choralarini amalga oshirish jarayonida qarzdorning mol-mulkini realizatsiya qilishdan sud ijrochilari boʻlimining depozit hisob raqamiga faqatgina 150 000 soʻm kelib tushdi. Ushbu holatda depozit hisob raqamiga kelib tushgan summadan birinchi navbatda soliqlar boʻyicha boqimanda qarzdorlik va u boʻyicha ijro yigʻimi (100 000 soʻm (boqimanda) + 2000 (yigʻim) = 102000 soʻm) undiriladi. Ayni paytda, mazkur ijro hujjati boʻyicha ish yurituvi tamomlanadi. Qolgan 48 000 soʻm hisobidan mutanosib ravishda keyingi navbatdagi talab va u boʻyicha tegishli yigʻim (47 040 soʻm (kredit boʻyicha qarzdorlik) + 960 (yigʻim) = 48 000 soʻm) qanoatlantiriladi.
2-Misol. Sud ijrochisining ish yurituviga qarzdor — yuridik shaxsdan bir xil navbatdagi qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida 3 ta ijro hujjati kelib tushgan: soliqlar boʻyicha 190 000 soʻm boqimanda qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida (birinchi navbatdagi talab); ish haqi boʻyicha 60 000 soʻm qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida (birinchi navbatdagi talab); mualliflik shartnomasi boʻyicha 50 000 soʻm mukofotni undirish toʻgʻrisida (birinchi navbatdagi talab). Biroq, qarzdor koʻrsatilgan ijro hujjatlari boʻyicha ijro hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda bajarmagan. Shu sababli, sud ijrochisi koʻrsatilgan har bir ijro hujjati boʻyicha undirilayotgan summaning 2 foizi miqdorida ijro yigʻimi undirish toʻgʻrisida alohida qarorlar chiqargan.
Majburiy ijro etish choralarini amalga oshirish jarayonida qarzdorning mulkini realizatsiya qilishdan sud ijrochilari boʻlimining depozit hisob raqamiga faqatgina 150 000 soʻm kelib tushdi. Ushbu holatda, dastlab, barcha talablarga toʻgʻri keladigan summalar mutanosib ravishda aniqlab olinadi (natija = 95000/30000/25000). Soʻngra, bu summalardan tegishli talab va u boʻyicha ijro yigʻimi mutanosib ravishda quyidagi tartibda qanoatlantiriladi:
1) 93 100 soʻm (boqimanda) +1 900 soʻm (yigʻim) = 95 000
2) 29 400 soʻm (ish haqi) + 600 soʻm (yigʻim) = 30 000
3) 24 500 soʻm (mukofot) + 500 soʻm (yigʻim) = 25 000
Depozit hisob raqamga kelib tushgan mablagʻlardan 147 000 soʻmi ijro hujjatlari talablarini qanoatlantirishga, qolgan 3000 soʻm ijro yigʻimini undirishga yoʻnaltiriladi.
3-Misol. Sud ijrochisining ish yurituviga qarzdor — yuridik shaxsga nisbatan 3 ta ijro hujjati kelib tushgan. Ushbu ijro hujjatlaridan biri mulkiy xarakterga ega boʻlmagan (boshqa shaxsga binoni topshirish), ikkitasi mulkiy xarakterga ega boʻlgan (soliqlar boʻyicha 600 000 soʻm boqimanda qarzdorlikni undirish va xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasidagi shartnomaviy munosabatlardan yuzaga kelgan 200 000 soʻm qarzdorlikni undirish toʻgʻrisida) hujjatlardir. Biroq, qarzdor koʻrsatilgan ijro hujjatlari boʻyicha ijro hujjati talablarini ixtiyoriy ravishda bajarmagan. Shu sababli, sud ijrochisi tomonidan mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjati boʻyicha eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida (183 600) ijro yigʻimi undirish toʻgʻrisida, mulkiy xarakterga ega boʻlgan qolgan ijro hujjatlari boʻyicha undiriladigan mablagʻning 2 foizi miqdorida ijro yigʻimi undirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.
Majburiy ijro etish choralarini amalga oshirish jarayonida qarzdorning mulkini realizatsiya qilishdan sud ijrochilari boʻlimining depozit hisob raqamiga faqatgina 800 000 soʻm kelib tushdi. Ushbu holatda depozit hisob raqamiga kelib tushgan summadan dastlab birinchi navbatdagi talab qanoatlantiriladi. Mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha qarzdor tomonidan toʻlanadigan ijro yigʻimi birinchi navbatdagi talabga tenglashtirilganligi sababli, u mulkiy xarakterga ega boʻlgan ijro hujjati boʻyicha boshqa birinchi navbatdagi talablar bilan birgalikda mutanosib ravishda undiriladi. Shunga koʻra, soliqlar boʻyicha boqimanda qarzdorlikni undirish haqidagi talab, u boʻyicha ijro yigʻimi, shuningdek, mulkiy xarakterga ega boʻlmagan ijro hujjati boʻyicha toʻlanadigan ijro yigʻimi birinchi navbatdagi talab hisoblanib, bu talablar avval qanoatlantiriladi, yaʼni:
183 600 soʻm (mulkiy xarakterga ega boʻlmagan hujjatlar boʻyicha ijro yigʻimi) + 600 000 soʻm (boqimanda) + 12000 soʻm (boqimanda undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjat boʻyicha undirilgan yigʻim) = 783 600 soʻm.
Qolgan 16 400 soʻm mutanosib ravishda keyingi navbatdagi talablarni (200 000 soʻm) qanotlantirishga va ular boʻyicha tegishli ijro yigʻimini (4 000 soʻm) undirishga yoʻnaltiriladi:
16078 soʻm (xoʻjalik yurituvchi subyektlar oʻrtasida shartnomaviy munosabatlardan yuzaga kelgan qarz) + 322 soʻm (u boʻyicha yigʻim) = 16 400 soʻm.
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi sud ijrochilari qarorlarini hisobini yuritish va ularning undirilishini nazorat qilish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomaga
3-ILOVA
3-ILOVA
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorlarni hisobga olish kitobi
| № | Asosiy ijro hujjatining raqami va sanasi | Asosiy ijro hujjati boʻyicha qarzdorning nomi (F.I.Sh.) | Asosiy ijro hujjati boʻyicha undiruvchining nomi (F.I.Sh.) | Asosiy ijro hujjatining mazmuni | Asosiy ijro hujjatining xarakteri (mulkiy yoki nomulkiy) | Mulkiy xarakterdagi asosiy ijro hujjati boʻyicha undirilishi lozim boʻlgan summa | Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qaror raqami va sanasi |
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 | 8 |
| Undirilishi lozim boʻlgan ijro yigʻimi summasi | Qaror chiqargan sud ijrochisining F.I.Sh., qarorni ish yurituviga olganligi toʻgʻrisidagi imzo | Amalda undirilgan ijro yigʻimi summasi | Ijro yigʻimi undirish toʻgʻrisidagi qarorni boshqa boʻlinmaga yuborilganligi haqida maʼlumot, tegishli boʻlinmani va yuborish sanasini, yigʻim boʻyicha qoldiqni koʻrsatgan holda | Ijro yigʻimi undirish toʻgʻrisidagi qarorni tugatish komissiyasiga yuborilganligi haqida maʼlumot, yuborish sanasi va yigʻim boʻyicha qoldiqni koʻrsatgan holda | Ijro yigʻimini undirish boʻyicha ish yurituvni tamomlash haqida maʼlumot, Qonunning tegishli moddasini koʻrsatgan holda | Izoh (ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qarorning ijrosiga taalluqli boshqa maʼlumotlar) |
| 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 | 15 |
| | | | | | | |
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 48-49-son, 488-modda; 2011-y., 40-son, 443-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)