Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining
Qarori
“PROKURATURA TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI AMALGA KIRITISH TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni eʼlon qilingan kundan boshlab amalga kiritilsin.
2. Ushbu Qonunning prokuratura va sud idoralarining oʻzaro munosabatlarini tartibga soluvchi meʼyorlari prokuratura idoralari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining oʻzaro munosabatlariga daxl qilmaydi.
3. Uqtirib oʻtilsinki:
Oliy Majlisning Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonunida nazarda tutilgan vakolatlarini tegishli tartibda saylangunga qadar Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Kengashi amalga oshiradi;
Ushbu Qonun 6-moddasining uchinchi qismida, 10-moddasining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi qismlarida, 24-moddasining birinchi qismida, 30-moddasida, 32-moddasining ikkinchi qismida, 35, 36-moddalarida, 45-moddasida (toʻrtinchi xatboshisidan tashqari), 46, 47-moddalarida, 48-moddasining birinchi, uchinchi va beshinchi qismlarida, 50-moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida, 51-moddaning birinchi qismida “prokuror” atamasi ishlatilganda: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, oʻzining huquq va vakolatlari doirasida faoliyat koʻrsatuvchi quyi pogʻonadagi barcha prokurorlar, ularning oʻrinbosarlari, boshqarma va boʻlim boshliqlari, prokurorning katta yordamchilari va yordamchilari, boshqarma va boʻlimlarning katta prokurorlari hamda prokurorlari tushuniladi.
4. Qonunda belgilangan tartibda lavozimga tayinlangunga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Prokurori, uning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlari tegishlicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi oʻrinbosari va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurorining oʻrinbosarlari deb hisoblansin.
5. Prokuratura idoralari prokuror-tergovchi xodimlari qasamyodining matni quyidagi tahrirda tasdiqlansin:
“Men, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi, prokuratura xodimlari safiga kirar ekanman:
Oʻzbekiston xalqiga sodiq boʻlishga;
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga;
qonun kim tomonidan buzilishidan qatʼi nazar, qonunning har qanday tarzda buzilishiga qarshi murosasiz kurashishga, prokuror nazoratining samaradorligini oshirishga, huquq-tartibotni mustahkamlashga;
fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, ularning taklif, ariza va shikoyatlarini jiddiy eʼtibor bilan xolis va adolatli ravishda koʻrib chiqishga;
davlat va xizmat sirini, qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni oshkor etmaslikka;
mahalliychilik va mahkamachilik taʼsirini keskin yengishga;
kasb mahoratimni muttasil oshirib borishga, prokuratura xodimi shaʼnini ulugʻlashga, vijdonan pok boʻlishga, prokuraturaning eng yaxshi anʼanalarini asrab-avaylashga va yanada boyitishga;
qonuniylikni, xizmat intizomini har qanday tarzda buzishim, noloyiq xulq-atvorim prokuratura obroʻ-eʼtiboriga putur yetkazishi, Oʻzbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar keltirishi mumkinligini unutmaslikka qasamyod qilaman.
Ushbu qasamyodni buzgan taqdirimda prokuratura xodimi degan yuksak nomga oʻzimni noloyiq deb bilaman.
___________________________________Imzo
(familiyasi, ismi, otasining ismi)
Sana Manzili”
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi Sh. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
1992-yil 9-dekabr,
747-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 1-son, 30-modda)