Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2001-yil 12-mayda qabul qilingan “Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi 222-II-sonli Qarorining 1-ilovasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining OʻRQ-102-son Qonuniga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida axborotning kriptografik himoyasini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 3-apreldagi PQ-614-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2002-yil 28-iyundagi 236-son qaroriga 1-ilovaga quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi” boʻlimining yettinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
“Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki” boʻlimidan keyin quyidagi mazmundagi boʻlim qoʻshilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati
Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish”.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.N. Aripov va Milliy xavfsizlik xizmati raisi R.R. Inoyatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.MIRZIYOEV
Toshkent sh.,
2007-yil 21-noyabr,
242-son
Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Axborotning kriptografik himoyasi sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi oʻrinlarda litsenziyalovchi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-maydagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son)
3. Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyati yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
4. Quyidagilarning:
davlat siri boʻlgan maʼlumotlarga ega boʻlgan axborotning;
egasi davlat tashkilotlari boʻlgan maxfiy axborotning;
idoraviy mansubligidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, tashkilotlar tomonidan davlat tashkilotlari uchun tovarlar yetkazib berishda va xizmatlar koʻrsatishda ulardagi maxfiy axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyati litsenziyalanadi.
5. Elektron hujjatda elektron raqamli imzo yaratilishini va elektron raqamli imzoning haqiqiyligi tasdiqlanishini taʼminlaydigan elektron raqamli imzo vositalari qismini qoʻllanish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat litsenziyalanmaydi.
6. Litsenziya faoliyatning har bir turi uchun alohida beriladi. Litsenziya talabgorining arizasiga muvofiq litsenziya faoliyat turining bir qismiga (qismlariga) berilishi mumkin.
7. Litsenziya besh yildan kam boʻlmagan muddatga beriladi. Talabgorning arizasiga koʻra litsenziya besh yildan kam boʻlgan muddatga berilishi mumkin. Litsenziyaning amal qilish muddati litsenziya berilgan kundan hisoblanadi.
II. Litsenziya talablari va shartlari
8. Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlariga quyidagilar kiradi:
litsenziat tomonidan axborotning kriptografik himoyasi sohasidagi qonun hujjatlariga majburiy rioya qilish;
litsenziyalanadigan faoliyatning arizada koʻrsatilgan turi boʻyicha axborotning kriptografik himoyasi sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi texnik va metodik hujjatlarning, shu jumladan ichki nizomlar, yoʻriqnomalar, metodikalarning mavjud boʻlishi;
axborotning kriptografik himoya vositalarini tayyorlash va ishlab chiqarishda Oʻzbekiston Respublikasi davlat standartlari hisoblanadigan kriptografik algoritmlarni yoxud axborotning kriptografik himoya vositalari sohasidagi vakolatli organ tomonidan tavsiya qilinadigan standartlarni qoʻllanish;
muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlgan axborotlarni kriptografik himoya qilish vositalaridan, shuningdek axborotlarni kriptografik himoya qilish sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda foydalaniladigan kriptotizimlardan foydalanish;
davlat sirlariga tegishli deb topilgan maʼlumotlarga ega boʻlgan axborotni, shuningdek himoya qilinishi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa axborotni kriptografik himoya qilish sohasidagi faoliyatni amalga oshirishda davlat sirlaridan foydalanish uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan ruxsatnomaga ega boʻlgan mutaxassislarning litsenziya talabgorida mavjud boʻlishi;
buyumlarni tayyorlash, ishlab chiqarish va realizatsiya qilishning borishini, ularning texnik va texnik-iqtisodiy tavsifnomalarini, litsenziyaga muvofiq amalga oshirilgan tadbirlar hamda koʻrsatilgan xizmatlar soni va sifatini aks ettiruvchi oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni belgilangan shaklda litsenziyalovchi organga taqdim etish;
davlat siriga tegishli deb topilgan maʼlumotlarni, himoya qilinishi zarurligi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa axborotni, amaliy faoliyati davomida ishonilgan tijorat sirlarini oshkor qilmaslik;
yuridik shaxs uchun — litsenziya talabgorining doimiy shtatida axborotni himoya qilish sohasida maxsus tayyorgarlikka va kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan kamida ikki nafar mutaxassisning mavjud boʻlishi, shuningdek talab qilinadigan mutaxassislar boʻlmagan taqdirda ayrim ish turlarini bajarish uchun mutaxassislarni jalb etish boʻyicha tegishli shartnomaning mavjud boʻlishi;
jismoniy shaxs uchun — bajariladigan ishlar (xizmatlar) talablariga va xarakteriga muvofiq boʻlgan oliy maʼlumotning, maxsus tayyorgarlikning, shuningdek faoliyatning litsenziyalanayotgan turi boʻyicha ish tajribasining mavjud boʻlishi;
mutaxassislar uchun huquqlarni, funksional vazifalarni, maxfiylik rejimi boʻyicha talablarni belgilovchi ichki qoidalarning mavjud boʻlishi;
mutaxassislarning har ikki yilda kamida bir marta malaka oshirishdan oʻtishi;
mutaxassislarning litsenziyalovchi organda attestatsiyadan oʻtgan boʻlishi. Attestatsiyadan oʻtish tartibi va muddatlari litsenziyalovchi organ tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi;
tayyorlanayotgan va ishlab chiqarilayotgan axborotning kriptografik himoya vositalarida turli darajalardagi protokollarning amalga oshirilishini nazarda tutuvchi, axborotning kriptografik himoya vositalari maʼlumotlarini, shuningdek ular negizida qurilgan axborot-kommunikatsiya tizimlarini umumiy foydalaniladigan tarmoqqa va tizimga kiritish imkonini beruvchi texnik va texnologik yechimlarni qoʻllanish;
litsenziyalanayotgan faoliyatning arizada koʻrsatilgan turi boʻyicha barcha zarur ishlarni amalga oshirish uchun binolar va ishlab chiqarish quvvatlarining, shu jumladan axborotni texnik himoya qilish sohasidagi normativ hujjatlar va standartlar talablariga muvofiq boʻlgan axborotlashtirish binolari va (yoki) obyektlarining mavjud boʻlishi;
normativ hujjatlar talablariga muvofiq ish yuritishni va obyektning ichki rejimini amalga oshirish;
normativ talablarga muvofiq boʻlgan texnik oʻlchash va nazorat qilish vositalarining, instrumentlar va priborlarning mavjud boʻlishi.
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
litsenziya berish toʻgʻrisida ariza, unda quyidagilar koʻrsatiladi: yuridik shaxs uchun — yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bank muassasasidagi hisob raqami; jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari; talabgor amalga oshirishni moʻljallayotgan faoliyatning litsenziyalanadigan turi (uning qismi) hamda faoliyatning koʻrsatib oʻtilgan turi amalga oshiriladigan muddat;
Oldingi tahrirga qarang.
(9-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son)
litsenziya talabgori tomonidan ariza koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat;
litsenziyalanadigan faoliyatning arizada koʻrsatilgan turi boʻyicha barcha zarur ishlarni amalga oshirish uchun bino va ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
mutaxassislarning maʼlumoti boʻyicha mutaxassisligi, egallab turgan lavozimi, litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha ish staji koʻrsatilgan holda litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha ishlarni bevosita amalga oshiradigan mutaxassislar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
davlat sirlariga tegishli deb topilgan maʼlumotlar bilan xodimlarning tanisha olishini tasdiqlaydigan hujjatlar (ishlarning tegishli turini amalga oshirishda).
10. Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita yoxud olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqasi vositasi orqali yetkazib beriladi.
12. Litsenziya olish uchun litsenziyalovchi organga yuborilgan hujjatlar masʼul shaxs tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi koʻrsatib oʻtilgan organ tomonidan hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda ariza beruvchiga yuboriladi (topshiriladi).
13. Notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizalarni koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
Oldingi tahrirga qarang.
14. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrib chiqilganligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan yoki litsenziyalovchi organ litsenziya berishni rad etgan taqdirda toʻlangan yigʻim qaytarilmaydi.
(14-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash ushbu Nizomga ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
15. Litsenziyalovchi organ litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarorni ariza olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qiladi.
Litsenziyalovchi organ qaror qabul qilish uchun zaruriyat boʻlsa oʻz mablagʻlari hisobiga:
joyning oʻziga borib faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun talab qilinadigan shart-sharoitlar talabgorda mavjud ekanligini baholash;
tegishli xulosalarni tayyorlash uchun ekspertlarni shartnoma asosida jalb etish huquqiga ega.
16. Litsenziyalovchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun mobaynida litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan hamda litsenziatning imzolashi uchun litsenziya bitimi ilova qilingan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun litsenziya berish va litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziya berilganligi uchun davlat boji respublika budjetiga oʻtkaziladi.
17. Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilaydigan litsenziya bitimida quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, egallab turgan lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini litsenziyalovchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
18. Litsenziyalar qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblangan, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻlgan maxsus blankalarda rasmiylashtiriladi.
Litsenziya blankasi namunasi litsenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlanadi va litsenziyalovchi organ buyurtmanomasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan bosmaxona usulida tayyorlanadi. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar blankalari saqlanishi uchun javob beradi.
Litsenziya litsenziat tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda rasmiylashtiriladi va beriladi.
Rasmiylashtirilgan litsenziyalar litsenziyalovchi organning rahbari (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi. Ushbu Nizomning VIII boʻlimida belgilangan tartibda reyestrga tegishli yozuv qayd etiladi.
19. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa, litsenziyalovchi organ koʻrsatib oʻtilgan litsenziyani bekor qilish huquqiga ega.
20. Litsenziya berish faqat “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida belgilangan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori litsenziyalovchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Litsenziya berishning rad etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish haqidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib boʻlishi kerak.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
22. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi. Talabgorlarning arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya yigʻimi undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
23. “Litsenziya talabgorining arizasini qayta koʻrib chiqishda ilgari litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilmagan yangi asoslar boʻyicha litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatishgan muddat tamom boʻlgandan keyin berilgan ariza yangi berilgan ariza deb hisoblanadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-noyabrdagi 313-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 44-son, 507-modda)
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish, uning amal qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
24. Yuridik shaxs — litsenziat oʻzgartirilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(24-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
Jismoniy shaxs — litsenziatning familiyasi, ismi, otasining ismi yoki yashash joyi oʻzgargan taqdirda, litsenziat qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir oy muddatda litsenziyalovchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
Yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega yuridik shaxslar — litsenziatlar qoʻshib yuborilgan taqdirda, litsenziyani ushbu bandning birinchi xatboshida nazarda tutilgan tartibda qayta rasmiylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
Litsenziyaning amal qilishi litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun toʻxtatilgan taqdirda, litsenziya qayta rasmiylashtiriladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qaroriga asosan xatboshilar bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
25. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish litsenziyalovchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan yoki litsenziyaning amal qilishini litsenziyalanadigan faoliyat turining bir qismi (qismlari) uchun toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
(25-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-oktabrdagi 884-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son)
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi litsenziyalovchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi.
26. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza litsenziyalovchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
27. Yoʻqolgan yoki amal qilish muddati oʻtmagan yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin. Litsenziyalar dublikatlari berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi.
Dublikat berishda litsenziyalovchi organ tomonidan “DUBLIKAT” belgisi qoʻyilgan yangi litsenziya beriladi, unda oldingi litsenziyada koʻrsatilgan amal qilish muddati qayd etilgan boʻlishi kerak.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziyalovchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
29. Litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda litsenziyalovchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish yoki toʻxtatish.
Nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻz vakolatlari doirasida litsenziat tomonidan litsenziya talablari va shartlari buzilishlari aniqlanganda litsenziyalovchi organga aniqlangan buzilishlar toʻgʻrisida xabar qiladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, toʻxtatish va litsenziyani bekor qilish
30. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, uni bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22—24-moddalarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda amalga oshiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish va toʻxtatish, uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilish mumkin. Litsenziyalovchi organ qarorining asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
VIII. Litsenziyalar reyestri
31. Litsenziyalovchi organ litsenziyalar reyestrini yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida yuritadi.
Litsenziyalarning har bir reyestrida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
litsenziatlar toʻgʻrisidagi asosiy maʼlumotlar;
litsenziyaning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asoslari va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asoslari va sanasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytida joylashtiriladi va tanishish uchun ochiq boʻladi.
(31-bandning toʻqqizinchi va oʻninchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan toʻqqizinchi xatboshiga almashtirilgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(32-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 1-fevraldagi 26-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2012-y., 6-son, 57-modda)
Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomga
ILOVA
ILOVA
Axborotning kriptografik himoya vositalarini loyihalashtirish, tayyorlash, ishlab chiqarish, realizatsiya qilish, taʼmirlash va ulardan foydalanish faoliyatini litsenziyalash sxemasi
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 46-47-son, 471-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2017-y., 10/17/1001/0447-son; 01.06.2018-y., 09/18/396/1287-son, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son; 26.02.2022-y., 09/22/88/0165-son)