Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI ADLIYA VAZIRLIGI HUZURIDAGI SUD DEPARTAMENTINING SUD QARORLARINI IJRO ETISh, MODDIY-TEXNIKA JIHATIDAN VA MOLIYAVIY TAʼMINLASh TIZIMINI YaNADA TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Oʻtkazilayotgan sud-huquq islohotlari jarayonida qabul qilingan sud qarorlarining soʻzsiz bajarilishini taʼminlashga qaratilgan sud ijrochilari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Departament (keyingi oʻrinlarda — Sud departamenti)ning faoliyatini takomillashtirish va javobgarligini oshirish boʻyicha taʼsirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 31-avgustdagi 458-sonli qarorini ijro etish yuzasidan sud ijrosi tizimini tashkiliy va tuzilmaviy jihatdan oʻzgartish boʻyicha bir qator aniq chora-tadbirlar koʻrildi.
Sud departamentining tashkiliy tuzilmasi qayta koʻrib chiqildi, uning tarkibida undiruvlarning turlari boʻyicha: xoʻjalik sudlari; umumiy yurisdiksiya sudlari; soliq, bojxona va boshqa organlar qarorlarini ijro etish boʻyicha ixtisoslashtirilgan boʻlimlar tashkil etildi. Ichki xavfsizlik inspeksiyasi, statistika va tahlil boʻlimi tashkil etildi, hududiy boʻlinmalar tuzilmasiga tegishli oʻzgartishlar kiritildi.
Kadrlar zaxirasini shakllantirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrildi, sud ijrochisi lavozimiga nomzodlarni tanlov asosida saralab olish tartibi joriy etildi.
Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markazida sud ijrochilarini tayyorlash va qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.
Ushbu sohadagi mutaxassislarni tayyorlash maqsadida oliy yuridik taʼlim muassasalari oʻquv dasturlariga “Ijro ishi yurituvi” mustaqil fani kiritildi.
Oshkoralikni taʼminlash, suiisteʼmolliklarning oldini olish maqsadida xatlangan avtomototransport vositalari va koʻchmas mulkni birjalarda ochiq kimoshdi savdolari orqali sotishning yangi tartibi, ushbu mol-mulk sotuvini amalga oshiruvchi baholovchilarni va savdo tashkilotlarini tanlov asosida saralab olish mexanizmi joriy qilindi.
Biroq, koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan Adliya vazirligi va Sud departamentining faoliyati sud qarorlarini oʻz vaqtida va toʻliq ijro etish boʻyicha belgilangan talablarga lozim darajada javob bermaydi, ishni tashkil etishda jiddiy kamchiliklar mavjud, ijro intizomi, kadrlarni tanlash va joy-joyiga qoʻyish ustidan yetarli nazorat oʻrnatilmagan, korrupsiya va taʼmagirlik holatlariga lozim darajada baho berilmayapti.
Natijada joriy yilning 9 oylik yakunlari boʻyicha qoldiq sifatida ijro hujjatlarining umumiy summasi 228,1 mlrd. soʻmlik 246 ming (19,4%) donani, muddati buzilib ijro qilinganlari esa — 238,4 dona yoki 24,6%ni tashkil etdi.
Ijro hujjatlari boʻyicha maʼlumotlar bazasini tashkil etish va yuritish uchun moʻljallangan yagona axborot-kompyuter tarmogʻini tashkil etish jarayoni kechiktirilmoqda, bu esa ushbu sohadagi hisobga olish va nazorat qilish samaradorligida namoyon boʻlmoqda.
Sud qarorlarini ixtiyoriy ravishda ijro etishdan boʻyin tovlagan qarzdorlarni moddiy javobgarlikka tortishning taʼsirchan huquqiy mexanizmlari mavjud boʻlmaganligi sababli ixtiyoriy ravishda ijro qilish koʻrsatkichlari eng past darajada boʻlib qolmoqda.
Sud ijrochilari boʻlimlarini moddiy-texnika jihatidan taʼminlash qoniqarsiz darajada boʻlib qolmoqda. Sud departamenti boʻlinmalarining 143 tasi yoki 67 foizi maʼmuriy binolari kapital va joriy taʼmirlashga muhtoj, hududiy boʻlinmalarning 16 tasi yoki 7,5 foiz maʼmuriy binolari esa ijaraga olingan binolarda joylashgan. Bularning barchasi sud qarorlarini majburiy ijro etish samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Sud qarorlarini soʻzsiz ijro etishni taʼminlovchi taʼsirchan tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni yaratish, sud ijrochilari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirish, shuningdek Sud departamentining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Sud qarorlarini ijro etish, sudlar faoliyatini moddiy-texnika jihatidan va moliyaviy taʼminlash departamenti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-sonli qarorida belgilab qoʻyilgan vazifalarni ijro etish boʻyicha ishlari qoniqarsiz deb topilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oliy sud, Oliy xoʻjalik sudi, Bosh prokuratura va boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda majburiy ijro etish sohasidagi huquqni qoʻllash amaliyotini tanqidiy tahlil qilsin va ikki oylik muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga majburiy ijro etish mexanizmini yanada takomillashtirish, shuningdek sud qarorlarini ijro etishdan boʻyin tovlash va toʻsqinlik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonun hujjati loyihasini belgilangan tartibda kiritsin;
ijro intizomini mustahkamlash va tarkibiy tuzilmalar faoliyatini samarali tashkil etish ustidan tizimli tahlil va nazoratni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan holda Sud departamenti tarkibida Tashkiliy-nazorat va tahlil boshqarmasini tuzsin;
Sud departamenti xodimlari oʻrtasida tashkiliy-kadrlar ishlarini tubdan yaxshilash, qonuniylik va intizomni mustahkamlash, profilaktika ishlarini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
3. 2007-yil 1-dekabrdan sud ijrochilari tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining majburiy ijrosi boʻyicha harakatlarning bajarilishi uchun ijro yigʻimi joriy etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Belgilab qoʻyilsinki, ijro yigʻimi qarzdordan ixtiyoriy ijro etish muddati tugaganidan keyin quyidagi miqdorlarda undiriladi:
mulkiy xarakterdagi ijro hujjatlari boʻyicha — jismoniy shaxsdan undirilayotgan summaning 1 foizi miqdorida, yuridik shaxsdan 2 foizi miqdorida;
Keyingi tahrirga qarang.
nomulkiy xarakterdagi ijro hujjatlari boʻyicha — jismoniy shaxsdan eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida, yuridik shaxsdan 10 baravari miqdorida.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki:
budjet tashkilotlaridan pul mablagʻlari yoki boshqa mol-mulkni undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha;
davriy toʻlovlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjatlari boʻyicha, shuningdek aliment undirish haqidagi, mayib boʻlish yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetganligi, shuningdek boquvchining oʻlimi natijasida koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ijro yigʻimi undirilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Belgilab qoʻyilsinki, undirib olingan ijro yigʻimi mablagʻlarining 20 foizi respublika budjeti daromadiga, ushbu mablagʻlarning 80 foizi esa Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobiga oʻtkaziladi va Sud departamentining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sud ijrochilarini ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek sud ijrochilari faoliyatini va majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirishga yoʻnaltiriladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-apreldagi PF-4211-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 102-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
6. Quyidagilar:
ijro yigʻimini undirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
Sud departamentining moddiy-texnika jihatidan bazasini mustahkamlash boʻyicha 2007—2010-yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq;
Sud departamentida yagona axborot-kompyuter tarmogʻini (YaAKT) yaratish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar dasturi; Sud departamentida axborotni yigʻish va qayta ishlashning tashkiliy-funksional sxemasi; Sud departamentida yagona axborot-kompyuter tarmogʻini yaratishga ketadigan prognoz xarajatlari 3—5-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, koʻrsatilgan dasturlarni amalga oshirish Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.
7. Sud departamentida yagona axborot-kompyuter tarmogʻini tashkil etish uchun olib kiriladigan jihozlar va dasturiy taʼminot bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan 6-ilovaga muvofiq ozod etilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 7-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi I. Abdullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-noyabr,
PQ-722-son
Ijro yigʻimini undirish va foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom ijro yigʻimi mablagʻlarini undirish, oʻtkazish va foydalanish tartibini belgilab beradi.
2. Mazkur Nizomda mulkiy xaraktyerga ega boʻlgan ijro hujjatlari deyilganda qarzdor tomonidan undiruvchiga, davlat foydasiga yoxud boshqa shaxsga muayyan pul mablagʻlarini toʻlashni nazarda tutuvchi sud hujjatlari yoki boshqa organlar hujjatlari tushuniladi.
Mulkiy xaraktyerga ega boʻlmagan ijro hujjatlari deyilganda qarzdorga muayyan harakatlarni amalga oshirish yoki ularni amalga oshirishdan oʻzini tiyish majburiyatini yuklovchi sud hujjatlari yoki boshqa organlar hujjatlari tushuniladi.
II. Ijro yigʻimini undirish tartibi
3. Sud ijrochisi tomonidan ijro hujjatini majburiy ijro etish choralari qoʻllanilganda qarzdordan quyidagi miqdorlarda ijro yigʻimi undiriladi:
Keyingi tahrirga qarang.
mulkiy xaraktyerga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha — jismoniy shaxsdan undirilayotgan summaning 1 foizi miqdorida, yuridik shaxsdan 2 foizi miqdorida (majburiy ijro harakatlarini amalga oshirish jarayonida mol-mulk undiruvchiga topshirilgan taqdirda — ushbu mol-mulkning qiymatidan kelib chiqqan holda);
Keyingi tahrirga qarang.
mulkiy xaraktyerga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha — jismoniy shaxsdan eng kam ish haqining 5 baravari miqdorida, yuridik shaxsdan eng kam ish haqining 10 baravari miqdorida.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Ijro hujjatini ixtiyoriy ravishda ijro etish muddati tugaganidan keyingi kunda sud ijrochisi tomonidan chiqarilgan qaror ijro yigʻimini undirish uchun asos boʻlib hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ijro yigʻimini undirish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq alohida ijro ishi yurituvi qoʻzgʻatilmasdan majburiy ijro etilishi lozim.
5. Ijro yigʻimi qarzdordan ijro hujjatida koʻrsatilgan undiruv summasiga qoʻshimcha ravishda undiriladi. Bunda, undiruv:
mulkiy xaraktyerga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha — qarzdordan undirilgan pul summasi yoxud undiruvchiga topshirilgan, qonunda belgilangan muddatda sotilmagan mol-mulk qiymatiga mutanosib ravishda;
mulkiy xaraktyerga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha — majburiy ijro etish boʻyicha choralar qoʻllashni boshlash bilan bir vaqtda amalga oshiriladi.
Bir nechta talablar (ijro hujjatlari) boʻyicha qarzdordan undiriladigan ijro yigʻimlari Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 80-moddasida belgilangan tartibda tegishli talabning qanoatlantirish navbatiga koʻra undiriladi. Bunda, mulkiy xaraktyerga ega boʻlmagan ijro hujjatlari boʻyicha qarzdordan undiriladigan ijro yigʻimlari, shuningdek mulkiy xaraktyerga ega boʻlgan ijro hujjatlari boʻyicha qonunda belgilangan muddatda realizatsiya qilinmagan mol-mulkni undiruvchiga topshirish holatlari birinchi navbatda qanoatlantiriladigan talablarga tenglashtiriladi. Mazkur xatboshi bilan belgilangan qoidalar qarzdorning bank hisobvaraqlaridagi pul mablagʻlarini hisobdan chiqarish navbatlarini belgilash vaqtida ham tatbiq etiladi.
6. Ijro yigʻimi:
budjet tashkilotlaridan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkni undirish. Bunda, tashkilotning budjet tashkiloti deb topilishini tasdiqlovchi hujjat qarzdor tomonidan sud ijrochisiga taqdim qilinadigan mazkur tashkilotning xarajatlar smetasini roʻyxatga olgan tegishli moliya organining xati hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
davriy toʻlovlarni (aliment undirish haqidagi, mayib boʻlish yoki sogʻliqqa boshqacha tarzda shikast yetganligi, shuningdek boquvchining oʻlimi natijasida koʻrilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi va boshqa ishlar boʻyicha) undirish boʻyicha.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 52 va 69-moddalariga muvofiq ijro yigʻimi undiruv qaratilishi mumkin boʻlmagan pul summasidan, shuningdek mol-mulklardan undirilmaydi.
7. Ijro yigʻimi undirish toʻgʻrisidagi qarorlarning hisobini yuritish va ularning undirilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
III. Ijro yigʻimi mablagʻlarini oʻtkazish va foydalanish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
8. Undirib olingan paytdan boshlab ikki bank kuni mobaynida ijro yigʻimi mablagʻlarining 20 foizi belgilangan tartibda respublika budjeti daromadiga, ushbu mablagʻlarning 80 foizi esa Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma)ga oʻtkaziladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Koʻrsatib oʻtilgan mablagʻlarning, shuningdek sud ijrochilari tomonidan undiriladigan jarimalar, mol-mulkni sotish yoki baholash boʻyicha oʻzining shartnomaviy majburiyatlarini bajarmagan (lozim darajada bajarmagan) baholovchi, ixtisoslashtirilgan savdo va rieltorlik tashkilotlari, boshqa shaxslardan undiriladigan jarimalar va penyalarning kelib tushishi va foydalanilishini hisobga olish Jamgʻarmaning boshqa manbalaridan alohida yuritiladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-fevraldagi PF-4424-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 8-9-son, 77-modda)
Yuqorida koʻrsatilgan va belgilangan miqdorlarda Jamgʻarmaga oʻtkazilgan mablagʻlar quyidagi maqsadlarda ishlatiladi:
Sud departamentining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;
ustamalar, martaba darajalari va koʻp yillik xizmati uchun qoʻshimcha toʻlovlar toʻlashga, Sud departamentining qoʻshimcha xodimlarini saqlab turish;
Sud departamenti xodimlarini ijtimoiy himoya qilish va moddiy ragʻbatlantirish;
kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tashkil etish;
Sud departamentining ijro ishi yurituvini va faoliyatini takomillashtirish boʻyicha boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-apreldagi PF-4211-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 102-modda)
9. Sud departamentining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash quyidagilarni nazarda tutadi:
Sud departamenti, uning hududiy boshqarmalari va sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlimlarining bino va xonalarini qurish, sotib olish, kapital va joriy taʼmirlash;
ularni zarur inventarlar, jihozlar, kompyuter texnikasi va boshqa zamonaviy orgtexnika hamda transport vositalari bilan taʼminlash;
texnika va avtotransport vositalariga xizmat koʻrsatish, ularni taʼmirlash;
zarur adabiyotlar va bosma nashrlar bilan taʼminlash;
Sud departamentida yagona axborot-kompyuter tarmogʻini barpo etish, uni modernizatsiyalash va foydalanish boʻyicha xarajatlar;
Sud departamenti tizimining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash boʻyicha boshqa tadbirlar.
10. Mablagʻlarni sarflash Jamgʻarma Kuzatuvchi kengashi tomonidan har yili tasdiqlanadigan Maqsadli dasturga muvofiq amalga oshiriladi.
11. Maqsadli dasturga kiritish uchun Jamgʻarma Kuzatuvchi kengashiga:
Sud departamenti hududiy boshqarmalari boshliqlari tomonidan — hududiy boshqarmalar va tegishli hududdagi sud ijrochilari boʻlimlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash qismiga oid;
Sud departamenti direktori tomonidan — Sud departamentining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha markazlashgan chora-tadbirlarni oʻtkazish qismiga oid talabnomalar beriladi.
12. Maqsadli dasturga kiritish uchun talabnomalar Jamgʻarma Kuzatuvchi kengashi tomonidan belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
13. Jamgʻarma Kuzatuvchi kengashi har yili keyingi yilning 15-yanvariga qadar kelib tushgan talabnomalarni koʻrib chiqadi va kiritilgan takliflarni Maqsadli dasturga kiritish (yoki rad etish) haqida qaror qabul qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Talabnomalarni koʻrib chiqish va ularni Maqsadli dasturga kiritish ijro yigʻimi mablagʻlarining va Sud departamenti organlari tomonidan Jamgʻarmaga undirilayotgan boshqa mablagʻlarning kelib tushish prognozi asosida amalga oshiriladi.
(13-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 29-dekabrdagi PQ-1900-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 2-son, 16-modda)
14. Jamgʻarma Kuzatuvchi kengashi oʻzining har choraklik yigʻilishlarida Maqsadli dasturning bajarilishini monitoring qilib boradi.
Monitoring natijalari boʻyicha, shuningdek Sud departamenti va hududiy boshqarmalarning murojaatlariga muvofiq Jamgʻarma Kuzatuvchi kengashi tasdiqlangan Maqsadli dasturga mablagʻlarning maqbul ravishda taqsimlanishiga va koʻzda tutilgan tadbirlarning toʻliq bajarilishiga qaratilgan oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
15. Sud departamenti xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vaziri tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Ijro yigʻimini qaytarish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
16. Ijro yigʻimini qaytarish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
(16-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-apreldagi PF-4211-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 102-modda)
qarzdorning arizasiga asosan, asos sifatida ijro hujjati berilgan sud qarori yoki boshqa organ qarorining yoxud qonun boʻyicha ijro hujjati hisoblanadigan boshqa hujjatning bekor qilinishi;
qarzdor yoki undiruvchining arizasiga asosan, asos sifatida ijro hujjati berilgan sud hujjati yoki boshqa organ hujjatlarining oʻzgartirilishi, agar ushbu oʻzgartirish natijasida toʻlangan ijro yigʻimi miqdorini qaytadan koʻrib chiqish lozim boʻlsa;
qarzdor yoki ijro yigʻimi undirilgan boshqa shaxsning arizasiga yoxud sud ijrochisining tashabbusiga asosan, ijro yigʻimi miqdorini notoʻgʻri yoki ortiqcha oʻtkazilganligi;
Keyingi tahrirga qarang.
sud hujjatlariga asosan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda;
Ijro yigʻimini qaytarish haqidagi ariza ushbu bandda koʻrsatilgan holatlar yuzaga kelganidan keyin uch yildan kechiktirmasdan beriladi.
17. Undirilgan ijro yigʻimi miqdorini qaytarish uchun ijro yigʻimini toʻlagan shaxs majburiy ijro harakati kim tomonidan amalga oshirilganidan kelib chiqib, Sud departamentining markaziy apparatiga yoki tegishli hududiy boshqarmaga ariza bilan murojaat qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ijro yigʻimi miqdori notoʻgʻri yoki ortiqcha oʻtkazilganligini tasdiqlovchi hisob-kitob hujjati yoki boshqa hujjat — ijro yigʻimi mazkur Nizom 16-bandining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan asos boʻyicha qaytarilganda;
sudning qonuniy kuchga kirgan qarorining tasdiqlangan nusxasi — ijro yigʻimi mazkur Nizomning 16-bandi beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha qaytarilganda.
18. Ijro yigʻimini qaytarish toʻgʻrisidagi ariza Sud departamentining tegishli hududiy boshqarmasi yoki markaziy apparati tomonidan koʻrib chiqiladi va ariza berilgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddat ichida ijro yigʻimini qaytarish yoki qaytarishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, qabul qilingan qaror haqida ariza beruvchini yozma ravishda xabardor qiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ijro yigʻimini qaytarish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan boshlab uzogʻi bilan ikki kun ichida qaytarish uchun Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasiga yuboriladi. Ijro yigʻimini qaytarish Ijro etuvchi direksiya tomonidan qaror olingan kundan boshlab besh bank kuni davomida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
(18-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-apreldagi PF-4211-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 102-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
19. Ijro yigʻimini qaytarish yoki qaytarishni rad etish toʻgʻrisida qaror ustidan belgilangan tartibda sudga murojaat qilish mumkin.
V. Ijro yigʻimi mablagʻlarini hisobga olish va nazorat qilish
20. Ijro yigʻimi mablagʻlarining kelib tushishi va sarflanishini hisobga olish Jamgʻarma uchun belgilab qoʻyilgan tartibda Jamgʻarmaning Ijro etuvchi direksiyasi tomonidan olib boriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
21. Ijro yigʻimi mablagʻlari toʻgʻri va oʻz vaqtida taqsimlanishini, shuningdek ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Nazorat-taftish bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
(21-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-apreldagi PF-4211-son Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 102-modda)
Sud departamentining moddiy texnika bazasini mustahkamlash boʻyicha 2007—2010-yillarda amalga oshiriladigan tadbirlar
dasturi
| T/r | Tadbirning nomi | Xarajatlarning hisob summasi (mln. soʻm) | Ajratiladigan mablagʻni oʻzlashtirish hajmi va muddati | Masʼul ijrochilar |
| 1. | Sud departamentining hududiy boʻlinmalari uchun xonalar yoki alohida binolar ajratish va sotib olish, kapital taʼmirlash ishlarini oʻtkazish | 5256,0 | 2008-y. — 516,2 mln. soʻm 2009-y. — 2369,9 mln. soʻm 2010-y. — 2369,9 mln. soʻm |
Qoraqalpogʻiston Respublikasining Vazirlar kengashi, viloyatlar, tuman va shahar hokimliklari, Adliya vazirligi, Sud departamenti |
| 2. | Sud departamentining markaziy apparati uchun bino sotib olish | 800,0 | 2007-yil yakuniga qadar | Sud departamenti |
| 3. | Sud departamentida yagona axborot-kompyuter tarmogʻini yaratish | 2660 | 2008-yil yakuniga qadar | Adliya vazirligi, Sud departamenti, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi |
| 4. | Sud departamentining hududiy boʻlinmalarini mebel jihozlari (stollar, stullar, shkaflar, seyflar) bilan taʼminlash | 562,0 | 2007-yil IV chorak | Sud departamenti va uning hududiy boshqarmalari |
| 5. | Sud departamentining hududiy boʻlinmalarini orgtexnika (shaxsiy kompyuterlar, fakslar, nusxa koʻchiruvchi mashinalar, telefon apparatlar) bilan taʼminlash | 1549,2 | 2008-y. — 774, 6 mln. soʻm 2009-y. — 774,6 mln. soʻm |
Sud departamenti va uning hududiy boshqarmalari |
| 6. | Sud departamentining hududiy boʻlinmalari uchun avtotransport sotib olish | 1773,6 | 2008-y. — 1000,0 mln. soʻm 2009-y. — 773,6 mln. soʻm |
Sud departamenti va uning hududiy boshqarmalari |
| | Jami mablagʻlar | 12600,8 | | |
Izoh: xarajat miqdori hisob-kitob boʻyichadir va bozor konyunkturasi hamda haqiqiy xarajatlarga qarab oʻzgarishi mumkin.
Sud departamentida yagona axborot-kompyuter tizimini yaratish boʻyicha tashkiliy choralar
dasturi
| T/r | Tadbirning nomi | Amalga oshirishning shakli va mexanizmi | Ijro muddati | Masʼul ijrochilar |
| 1. | YaAKT Konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash | Konsepsiya | 2007-yil noyabr | Adliya vazirligi |
| 2. | YaAKT loyihalashtirish uchun texnik topshiriqni ishlab chiqish va tasdiqlash | Loyihalashtirish uchun topshiriq | 2007-yil noyabr | Adliya vazirligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi |
| 3. | YaAKT yaratishning dastlabki texnik-iqtisodiy hisobini (TIH) ishlab chiqish va tasdiqlash | Dastlabki TIH | 2008-yil yanvar-fevral | Adliya vazirligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi |
| 4. | Asbob-uskunalarni yetkazib beruvchilarni va ishlarni bajaruvchilarni aniqlash | Tenderga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish, tender komissiyasi bayonnomasini rasmiylashtirish | 2008-yil yanvar-fevral | Adliya vazirligi, tender komissiyasi |
| Shartnomalar tuzish va ularni tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazish | 2008-yil mart | Adliya vazirligi, tender gʻolibi | ||
| 5. | YaAKT yaratishning texnik-iqtisodiy hisob-kitobini ishlab chiqish va tasdiqlash | TIH | 2008-yil mart-may | Adliya vazirligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi, tender gʻolibi |
| 6. | Asbob-uskunalarni yetkazish va ishlarni bajarish | Reja-jadval | 2008-yil mart-sentyabr | Tender gʻolibi |
| 7. | Sud departamentining ijro ish yurituvi boʻyicha maʼlumotlarni tayyorlash va yuborish uchun ishlatiladigan shifrlash kalitlari va elektron-raqamli imzolar sertifikatlarini tayyorlash va taʼminlash | Reja-jadval | 2008-yil may-iyun | Adliya vazirligi, Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi |
| 8. | Foydalanuvchilarni oʻqitish | Reja-jadval | 2008-yil sentyabr-noyabr | Adliya vazirligi, tender gʻolibi |
| 9. | Tajribali foydalanish (testdan oʻtkazish) | | 2008-yil oktyabr-noyabr | Adliya vazirligi, tender gʻolibi |
| 10. | YaAKTni foydalanishga kiritish | | 2009-yil yanvar-fevral | Adliya vazirligi, tender gʻolibi |
| 11. | Dastur va apparat taʼminotini kuzatish | | 2010-yil yakuniga qadar | Adliya vazirligi, tender gʻolibi |
Sud departamentida axborotni yigʻish va ishlash boʻyicha tashkiliy- funksional sxemasi
Oldingi tahrirga qarang.
(4-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 21-fevraldagi PF-4424-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2012-y., 8-9-son, 77-modda)
Sud departamentining yagona axborot-kompyuter tarmogʻini yaratish boʻyicha xarajatlar prognozi*
| | Bir marotabalik xarajatlar | ming soʻm |
| T/r | Nomi | Bahosi |
| 1. | Server uskunalari: — Asosiy server va zaxira server (jami 2 komplekt) — Operatsiya tizimining dastur taʼminoti va SUBD |
493 040,00 |
| 2. | Tizimning ishlashi uchun dastur mahsuloti: — IBM WebSphere Application Server Network Deployment Processor License, 4 ta litsenziya — BM WebSphere Application Server Network Deployment Processor License SW Maintenance Renewal, 8 ta litsenziya |
184 890,00 |
| 3. | Ishchilar oʻrni uchun uskunalar: — Shaxsiy kompyuterlar (minimal konfiguratsiya bilan: Celeron 2.93, I915, RAM 512, HDD 80Gb, CRT 17”, CD ROM), 700 dona — Printer – koʻp funksiyali qurilma, 700 dona — Uzluksiz taʼminot manbai, 700 dona |
736 624,0 |
| 4. | Energiya taʼminoti: — IBP (60 KVA) — Dizel-generator |
359 919,2 |
| 5. | YaAKT amaliy dastur taʼminotini ishlab chiqish (PO IBM WebSphere asosida) | 295 824,0 |
| 6. | Telekommunikatsiya va aloqa vositalariga bir marotabalik toʻlov hisobida 984,8 ming soʻm (bir bino uchun 1ta ulanish, jami 214 bino) | 209 809,5 |
| 7. | LVSni montaj qilish (bir binoga oʻrtacha 7 ta LVS joy hisobida, jami 214 bino) | 279 900,0 |
| 8. | Elektron identifikator ruToken (USB-kalit) soni 1270 dona 49,3 ming soʻmdan | 62 616,0 |
| | Jami | 2 622 622,7 |
| | Davriy xarajatlar | |
| T/r | Nomi | Bir yillik bahosi |
| 1. | Server uskunalarini texnik qoʻllash | 3 yil davomida talab qilmaydi |
| 2. | Dastur mahsulotlarini litsenziyalash | 1 yil davomida talab qilmaydi |
| 3. | Hisoblash texnikasiga texnik xizmat koʻrsatish | 1 yil davomida talab qilmaydi |
| 4. | Dizel-generatorlariga texnik xizmat koʻrsatish | 1 yil davomida talab qilmaydi |
| 5. | Amaliy dastur taʼminotini axborot kuzatuvi | 1 yil davomida talab qilmaydi |
| 6. | Aloqa kanallaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovi | 37 323,1 |
| | JAMI tizimning birinchi yilda ishlatilgani uchun | 37 323,1 |
* Hisoblar loyihaoldi oʻrganishlar asosida tuzilgan. Xarajatlarga YaAKTni yaratish ishlarini amalga oshirish boʻyicha oʻtkaziladigan tender yakunlari boʻyicha aniqlik kiritilishi mumkin.
Sud departamentining yagona axborot-kompyuter tarmogʻini tashkil etish uchun olib kiriladigan jihozlar va dasturiy taʼminot roʻyxati*
| T/r | Jihoz nomi |
| 1. | Server jihozi: — Asosiy server va zaxira server (jami 2 komplekt) — Operatsiya tizimining dasturiy taʼminoti va SUBD |
| 2. | Tizimning faoliyat olib borishi uchun zarur dasturlar: — IBM WebSphere Application Server Network Deployment Processor License, 4 dona litsenziya — IBM WebSphere Application Server Network Deployment Processor License SW Maintenance Renewal, 8 dona litsenziya |
| 3. | Ish oʻrinlari uchun jihozlar: — Shaxsiy kompyuterlar (eng oddiy konfiguratsiyasi boʻyicha: Celeron 2.93, I915, RAM 512, HDD 80 Gb, CRT 17, CD ROM), 700 dona miqdorida — Printer — Koʻp funksiyali qurilma, 700 dona miqdorida — Uzluksiz ishlovchi manba, 700 dona miqdorida |
| 4. | Energiya taʼminoti: — IBP (60KVA) — Dizel-generator |
| 5. | Telekommunikatsiya va aloqa vositalari (214 komplekt miqdorida) |
| 6. | LVSni montaj qilish uchun asbob-uskunalar va materiallar (bir binoda oʻrtacha 7 joyda LVS joylashtirishni hisobga olgan holda, jami boʻlib 214 bino uchun) |
| 7. | Elektron identifikatorlar (USB-kalitlar) — 1270 komplekt miqdorida |
* Jihozlar va dasturiy taʼminot roʻyxati, shuningdek ularning alohida xususiyatlari Sud departamentining YaAKTni yaratish boʻyicha tender natijalari boʻyicha aniqlanishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
2007-yil 1-noyabrdagi PQ-722-son qaroriga
7-ILOVA
2007-yil 1-noyabrdagi PQ-722-son qaroriga
7-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 18-martdagi 147-son “Sudlar va adliya organlarini rivojlantirish jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarorning (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 3-son, 26-modda):
a) ikkinchi band quyidagi tahrirda bayon qilingan sakkizinchi—oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“sud ijrochilari tomonidan undiriladigan ijro yigʻimlari mablagʻlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son qarori bilan tasdiqlangan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida avtomototransport vositalari va koʻchmas mulkni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 37-bandida nazarda tutilgan hollarda sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlimlarining depozit hisobiga oʻtkaziladigan ochiq auksionda ishtirok etish uchun kiritilgan zakalatlar;
mol-mulkni sotish yoki baholash boʻyicha oʻzining shartnomaviy majburiyatlarini bajarmagan (lozim darajada bajarmagan) birjalar, baholovchilar, savdo tashkilotlari, boshqa shaxslardan undiriladigan jarimalar va penyalar”;
b) qarorning 1-ilovasi 2-bandi quyidagi tahrirda bayon qilingan sakkizinchi—oʻninchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“sud ijrochilari tomonidan undiriladigan ijro yigʻimlari mablagʻlari:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 31-avgustdagi PQ-458-son qarori bilan tasdiqlangan Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish jarayonida avtomototransport vositalari va koʻchmas mulkni sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 37-bandida nazarda tutilgan hollarda sud ijrochilari tuman (shahar) boʻlimlarining depozit hisobiga oʻtkaziladigan ochiq auksionda ishtirok etish uchun kiritilgan zakalatlar;
mol-mulkni sotish yoki baholash boʻyicha oʻzining shartnomaviy majburiyatlarini bajarmagan (lozim darajada bajarmagan) birjalar, baholovchilar, savdo tashkilotlari, boshqa shaxslardan undiriladigan jarimalar va penyalar”;
v) qarorning 1-ilovasi 4-bandi quyidagi tahrirda bayon qilingan xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Jamgʻarmaga kelib tushgan ijro yigʻimlari, sud ijrochilari tomonidan undirilgan jarima summalari, shuningdek birjalar, baholovchilar, savdo tashkilotlari va oʻzga shaxslar tomonidan mol-mulkni baholash yoki sotishda zimmasiga olingan shartnoma majburiyatlarni bajarmaganlik (lozim darajada bajarmaganlik) uchun jarima va penyalar Sud departamentining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, sud ijrochilarini moddiy ragʻbatlantirish, shuningdek sud ijrochilari faoliyatini va majburiy ijro etish tizimini takomillashtirish boʻyicha boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun ishlatiladi”.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 2-apreldagi PF-4211-son Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2010-y., 14-15-son, 102-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 29-dekabrdagi PQ-1900-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2013-y., 2-son, 16-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-maydagi PQ-3016-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 22-son, 425-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 45-son, 451-modda; 2010-y., 14-15-son, 102-modda, 44-45-son, 378-modda; 2012-y., 8-9-son, 77-modda; 2013-y., 2-son, 16-modda; 2017-y., 22-son, 425-modda, 35-son, 922-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.11.2020-y., 06/20/6118/1562-son)