Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Yerlarning meliorativ holatini yaxshilash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-noyabrdagi PF-231-sonli “Qonunchilikdagi huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Keyingi yillarda qishloq xoʻjaligini isloh qilish, fermer xoʻjaliklarini rivojlantirish, ishlab chiqarish va bozor infratuzilmasini barpo etish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar qishloqda haqiqiy mulkdorlar sinfini shakllantirish, qishloq xoʻjalik mahsulotlari ishlab chiqarishni hamda qishloq aholisining daromadlarini koʻpaytirish imkonini berdi.
Shu bilan birga, sugʻoriladigan yerlarning hozirgi meliorativ holati qishloq xoʻjalik ekinlari hosildorligini yanada oʻstirishga va qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining daromadlarini oshirishga toʻgʻanoq boʻlmoqda. Melioratsiya sohasidagi tadbirlarning loyihalarini, shuningdek ularni moliyalashtirishning aniq manbalarini shakllantirishda tizimli ravishda kompleks yondoshilmayotganligi, suv xoʻjaligi tuzilmalari va suvdan foydalanuvchilar uyushmalarining sust ishlashi keyingi yillarda melioratsiya ishlari hajmlarining kamayishiga, sizot suvlarning darajasi koʻtarilishiga va minerallashuvi oshib ketishiga olib keldi.
Buning oqibatida hozirgi vaqtda sugʻoriladigan yerlarning yarmidan koʻprogʻini turli darajada shoʻr bosgan, ayni vaqtda fermer xoʻjaliklariga qarashli sugʻoriladigan yerlarning 16 foizidan ortigʻi qoniqarsiz holatdadir.
Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishini yanada barqaror rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ularning unumdorligini oshirish va shu asosda qishloq xoʻjaligi ekinlari hosildorligini koʻpaytirish, shuningdek melioratsiya ishlarini tashkil qilish va moliyalashtirish mexanizmini takomillashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:
1. Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini tubdan yaxshilash 2008—2012-yillar davrida qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning quyidagilarni nazarda tutuvchi eng muhim ustuvor vazifalari etib belgilansin:
melioratsiya ishlarining buyurtmachilari va ijrochilari oʻrtasida vazifalarni qatʼiy taqsimlash hamda ularning javobgarligini oshirish asosida sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturlarini shakllantirish va amalga oshirishga yondoshuvlarni tubdan oʻzgartirish;
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha ishlarni moliyalashtirishning ishonchli mexanizmini taʼminlash;
melioratsiya shohobchalarining samarali ishlashini, drenaj va oqava suvlarning kollektor-drenaj tarmogʻi orqali normativga muvofiq chiqarilishini taʼminlaydigan ushbu shoxobchalarni saqlash mexanizmini sifat jihatidan takomillashtirish;
Oldingi tahrirga qarang.
lizing operatsiyalarini keng joriy etish yoʻli bilan suv xoʻjaligi tashkilotlari va suv isteʼmolchilari uyushmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, melioratsiya texnikasi saroyini yangilash.
(1-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 2-fevraldagi PF-4273-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 4-5-son, 32-modda)
2. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Fermer xoʻjaliklari uyushmasining Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzurida Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi tuzilmasini, uning Kengashi tarkibini, shuningdek uning ijro etuvchi organi — Jamgʻarmani boshqarish Departamenti tuzilmasini tasdiqlasin.
Quyidagilar mazkur Jamgʻarmaning asosiy vazifalari deb hisoblansin:
budjet va budjetdan tashqari manbalar hisobidan melioratsiya ishlarini oʻtkazish uchun moʻljallangan mablagʻlarni toʻla hajmda Jamgʻarma hisobvaragʻida jamlash;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda ixtisoslashtirilgan tashkilotlar bilan birgalikda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilashning uzoq muddatli va oʻrta muddatli Davlat dasturlarini ishlab chiqish;
Keyingi tahrirga qarang.
tasdiqlangan dasturlarga muvofiq melioratsiya ishlarini, magistral (viloyatlararo), tumanlararo va xoʻjaliklararo kollektor-drenaj tarmoqlarini mukammal taʼmirlash va tiklash maqsadida joriy taʼmirlash ishlarini tashkil qilish hamda tizimli asosda aniq, maqsadli moliyalashtirish;
yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hisobiga ularning unumdorligini oshirish borasidagi ishlarni moliyalashtirish yoʻli bilan qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilariga davlat madadini koʻrsatish;
melioratsiya texnikasini, jumladan, lizing shartlari asosida sotib olish uchun qaytarib berish asosida mablagʻlar ajratish yoʻli bilan suv xoʻjaligi tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
Jamgʻarmaning ajratib berilgan moliyaviy mablagʻlaridan maqsadli, aniq va samarali foydalanilishi ustidan doimiy asosda monitoringni amalga oshirib borish.
(2-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-iyundagi PF-5074-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 23-son, 449-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Quyidagilar Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasining har yili tasdiqlanadigan asosiy parametrlari doirasida qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari tomonidan toʻlanadigan yagona yer soligʻi tushumlariga teng keladigan budjet mablagʻlari;
maqsadli budjet mablagʻlari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning imtiyozli kreditlari;
mahalliy va xorijiy grantlar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 8-iyuldagi PF-4631-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 29-son, 356-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
4. Belgilansinki, Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi mablagʻlaridan faqat quyidagi maqsadlarga:
Oldingi tahrirga qarang.
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash davlat dasturlari doirasida magistral (viloyatlararo), tumanlararo, xoʻjaliklararo ochiq kollektorlar va ulardagi inshootlarni, yopiq gorizontal drenaj tarmoqlarini, vertikal drenaj quduqlarini, meliorativ nasos stansiyalar hamda kuzatuv tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash va tozalash;
(4-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 19-apreldagi PF-4533-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 17-son, 221-modda)
ixtisoslashtirilgan loyiha tashkilotlari tomonidan sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturiga kiritiladigan loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan loyiha-qidiruv hujjatlarini ishlab chiqishga;
Oldingi tahrirga qarang.
ixtisoslashtirilgan qurilish va ekspluatatsiya tashkilotlari, suv isteʼmolchilari uyushmalarining melioratsiya texnikasi saroyini yangilashga mablagʻni qaytarib berish asosida, shu jumladan uzoq muddatli imtiyozli lizing shartlarida moliyalashtirish tadbirlariga;
(4-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 2-fevraldagi PF-4273-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 4-5-son, 32-modda)
sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturlarida nazarda tutilgan boshqa ishlarga yoʻnaltirilgan holda foydalaniladi.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Davarxitektqurilish” qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda 2007-yilning 15-noyabrigacha boʻlgan muddatda 2008-yilda birinchi navbatda rekonstruksiya qilinadigan va quriladigan obyektlarni belgilab bergan holda 2008—2012-yillarda sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturini ishlab chiqsin hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2008-yilning 1-yanvarigacha ixtisoslashtirilgan qurilish va ekspluatatsiya tashkilotlari, suvdan foydalanuvchilar uyushmalarini melioratsiya texnikasi bilan taʼminlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasini tashkil etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrsin.
7. Quyidagilar:
Oldingi tahrirga qarang.
Sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash jamgʻarmasi — barcha turdagi soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlashdan, yagona ijtimoiy toʻlov, shuningdek bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno;
(7-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 27-fevraldagi PF-4087-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2009-y., 10-11-son, 105-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
2008 — 2022-yillar mobaynida jamgʻarma mablagʻlari hisobidan sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash boʻyicha pudrat va boshqa xizmat koʻrsatish tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan ishlar va xizmatlar — qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan;
(7-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-iyundagi PF-5074-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 23-son, 449-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
tashkil etiladigan ixtisoslashtirilgan lizing kompaniyasi oʻn yil muddatga — boʻshaydigan mablagʻlarni melioratsiya texnikasi yetkazib berilishini moliyalashtirish manbalarini toʻldirishga maqsadli yoʻnaltirilgan holda umumdavlat va mahalliy soliqlar toʻlashdan, shuningdek sotib olinadigan melioratsiya texnikasi uchun bojxona toʻlovlari (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) toʻlashdan ozod etilsin.
(7-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 19-apreldagi PF-4533-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 17-son, 221-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
2013 — 2017-yillar mobaynida “Oʻzmeliomashlizing” Davlat lizing kompaniyasining “Meliomashlizingservis” shuʼba korxonasi Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatlar boʻyicha olib kiriladigan tovarlar, melioratsiya texnikasiga, mashina va mexanizmlarga texnik hamda servis xizmati koʻrsatish uchun xarid qilinadigan ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun boj toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod qilinadi.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 19-apreldagi PF-4533-sonli Farmoniga asosan beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2013-y., 17-son, 221-modda)
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 29-oktabr,
PF-3932-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 44-son, 440-modda; 2008-y., 6-7-son, 25-modda; 2009-y., 10-11-son, 105-modda; 2011-y., 4-5-son, 32-modda; 2013-y., 17-son, 221-modda; 2014-y., 29-son, 356-modda; 2017-y., 23-son, 449-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.11.2017-y., 06/17/5250/0284-son; 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)