Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“FUQAROLAR SOGʻLIGʻINI SAQLASH TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTISHLAR KIRITISH HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 29-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 24-avgustda maʼqullangan
Senat tomonidan 2007-yil 24-avgustda maʼqullangan
1-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 29-avgustda qabul qilingan “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi 265-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, № 9, 128-modda; 1999-yil, № 5, 124-modda; 2001-yil, № 5, 89-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-yil, № 10, 536-modda) quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
1) 5-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi:
sogʻliqni saqlash va tibbiy sugʻurtaning normativ bazasini, tibbiy yordam sifati va hajmi davlat standartlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi;
barcha tibbiy muassasalarning fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
fuqarolar sogʻligʻini saqlash sohasida maqsadli davlat dasturlarini amalga oshiradi;
davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami koʻrsatilishini tashkil etadi;
tibbiyot va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalashni belgilangan tartibda amalga oshiradi;
davlat sogʻliqni saqlash tizimi muassasalarida tibbiy xizmatlar tariflari darajasini tartibga soladi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida qoʻllanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari va preparatlarini standartlashtirish hamda sertifikatlashtirishni amalga oshiradi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi”;
2) 10-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari jumlasiga xususiy tibbiyot amaliyoti yoki xususiy farmatsevtika faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar, oʻz mablagʻlari va jalb etilgan mablagʻlar, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan davolash-profilaktika, dorixona muassasalari hamda tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaradigan korxonalar kiradi.
Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlariga taalluqli davolash-profilaktika muassasalari fuqarolarning ayrim guruhlariga bepul tibbiy xizmat koʻrsatadilar. Bunday xizmatlarning hajmi, roʻyxati, ularni koʻrsatish tartibi hamda kompensatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlarida faqat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoʻllanilishiga ruxsat etilgan profilaktika, tashxis qoʻyish hamda davolash vositalaridan foydalaniladi.
Sogʻliqni saqlashning xususiy va boshqa xil tizimlari belgilangan tartibda tibbiy hujjatlarni yuritishi hamda statistika maʼlumotlarini taqdim etishi shart”;
3) 11-modda birinchi qismining oʻzbekcha matnidagi “tabobat” degan soʻz “tibbiyot” degan soʻz bilan almashtirilsin;
4) 14-moddaning ikkinchi qismidagi “basharti Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida oʻzgacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
5) 30-moddaning uchinchi qismidagi “davlat” degan soʻz chiqarib tashlansin.
2-modda. Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 2-oktabr,
OʻRQ-118-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 40-son, 411-modda)