Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
Qarori
IKKINChI JAHON URUShI NOGIRONLARIGA VA HALOK BOʻLGAN HARBIY XIZMATChI UChUN BOQUVChISINI YOʻQOTGANLIK MUNOSABATI BILAN NAFAQA OLAYOTGAN OILALARGA UY-JOY MAYDONI VA KOMMUNAL XIZMATLAR HAQINI TOʻLAShDA IMTIYOZLAR BERIShNI TARTIBGA SOLUVChI AYRIM HUQUQIY NORMALARNING KONSTITUTSIYAGA QANChALIK MOSLIGINI TEKShIRISh TOʻGʻRISIDAGI ISh BOʻYIChA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi Rais B. Eshonov, sudyalar O. Ernazarov, Gʻ. Abdumajidov va G. Pirjanovdan iborat tarkibda,
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taraf sifatidagi vakili D. Ergʻoziyevaning ishtirokida,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi birinchi qismining 1-bandiga va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga amal qilgan holda,
Ikkinchi jahon urushi nogironlariga va halok boʻlgan harbiy xizmatchi uchun boquvchisini yoʻqotganlik munosabati bilan nafaqa olayotgan oilalarga uy-joy maydoni va kommunal xizmatlar haqini toʻlashda imtiyozlar berishni tartibga soluvchi ayrim huquqiy normalarning Konstitutsiyaga qanchalik mosligini tekshirish toʻgʻrisidagi ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Fuqarolarning oshirilgan (imtiyozli) ijtimoiy himoyaga loyiq koʻrsatib oʻtilgan toifalari tomonidan uy-joy maydoni va kommunal xizmatlar haqini toʻlashga doir ayrim huquqiy normalarning noaniqligi va qarama-qarshiligini hamda ana shu normalarning Konstitutsiyaga qanchalik mosligini tekshirish maqsadga muvofiqligini qayd etgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Nazorat inspeksiyasining murojaati munosabati bilan, “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga binoan, Konstitutsiyaviy sudning sudyalari O. Ernazarov, Gʻ. Abdumajidov va G. Pirjanov tomonidan koʻrsatilgan tashabbus masalani koʻrib chiqishga asos boʻldi.
Maʼruzachi sudya Gʻ. Abdumajidovning axborotini, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi vakilining tushuntirishini, mutaxassislarning fikrini eshitib, ish materiallarini tekshirib chiqib, Konstitutsiyaviy sud quyidagilarni aniqladi:
1. Oʻzbekiston Ministrlar Sovetining 1981-yil 7-iyuldagi 544-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga muvofiq ikkinchi jahon urushi nogironlari va halok boʻlgan harbiy xizmatchi uchun boquvchisini yoʻqotganlik munosabati bilan nafaqa olayotgan oilalar uy-joy maydoni 9 kv. metrli norma doirasida 50% miqdorida, 15 kv. metrgacha boʻlgan ortiqcha maydon uchun bir hissali miqdorda kvartira haqi toʻlashlari lozim edi. Bunda kvartira haqining pasaytirilgan miqdori ishchi va xizmatchilarga oila egallab turgan butun uy-joy maydoni uchun oilaning har bir aʼzosiga belgilangan 9 kv. metrli maydon doirasidagi stavkalar boʻyicha hisoblanishi kerak edi.
2. Oʻzbekiston Oliy Soveti Prezidiumining 1983-yil 19-dekabrdagi Uy-joy kodeksini amalga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi Farmoni bilan respublika hukumatiga oʻz qarorlarini mazkur Kodeksga muvofiq holga keltirish topshirilgan. Xususan, uy-joy maydoni normasi 10 kv. metr hajmida belgilanishi lozim edi, ammo bunday qilinmagan.
3. Oʻzbekiston Prezidentining 1990-yil 7-maydagi ikkinchi jahon urushi nogironlari va qatnashchilariga, baynalmilalchi jangchilarga va halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalariga ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 45 yilligi bayram qilinishi munosabati bilan qoʻshimcha imtiyozlar berish toʻgʻrisidagi 4-sonli Farmoni chiqarilib, fuqarolarning qayd etilgan toifalari 1990-yil 1-iyuldan boshlab kvartira haqi toʻlashdan toʻliq ozod qilingandan keyin ham kommunal xizmat xodimlari yuqorida aytilgan Nizomga amal qilaverganlar.
4. MDH mamlakatlarining hukumatlari tomonidan 1994-yil 15-aprelda tuzilgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlari, boshqa davlatlarning hududidagi jangovar harakatlarning qatnashchilari, halok boʻlgan harbiy xizmatchilarning oilalari uchun imtiyozlar va kafolatlarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi Bitimga binoan ularga kvartira haqining 50 foizi miqdoridagi imtiyoz belgilangan, ayni vaqtda MDH mamlakatlari bu imtiyozni yanada koʻpaytirishlari mumkinligi taʼkidlangan.
5. Mazkur masala Konstitutsiyaviy sudning 1996-yil 23-dekabrdagi majlisida koʻrilganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining vakili L.A. Krutsova va Kommunal xizmat koʻrsatish vaziri V.K. Mixaylov hozirda fuqarolarning koʻrsatilgan toifalariga imtiyozlar berishga doir yangi qoidalar ishlab chiqilayotganini maʼlum qilib, ishni koʻrib chiqishni keyinga qoldirishni iltimos qilgan edilar. Biroq bu qoidalar hanuzgacha qabul qilinmadi va mazkur masalaga oid 1981-yilgi Nizom oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilgani yoʻq.
6. Inson-davlat munosabatlarida ustunlik insonga, uning huquq va manfaatlariga tegishli boʻlishi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy tamoyildan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Prezidentining 1990-yil 7-maydagi Farmonining talablarini bajarish muqarrarligi shubhasizdir.
Vujudga kelgan vaziyat, toki ushbu masalani qonun yoʻli bilan tartibga solishdagi boʻshliqni bartaraf etish uchun Vazirlar Mahkamasi imkoni boricha qisqa muddatda, lekin ikki oydan kechiktirmay, yuqorida aytib oʻtilgan imtiyozlarni berishga doir mavjud qoidalarni qayta koʻrib chiqishini talab qiladi.
“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 25, 26 va 27-moddalariga amal qilgan holda, Konstitutsiyaviy sud qaror qildi:
1. Oʻzbekiston Ministrlar Sovetining 1981-yil 7-iyulda qabul qilingan 544-sonli qarori bilan tasdiqlangan ikkinchi jahon urushi nogironlariga va halok boʻlgan harbiy xizmatchi uchun boquvchisini yoʻqotganlik munosabati bilan nafaqa olayotgan oilalarga uy-joy maydoni va kommunal xizmatlar haqini toʻlashda, shuningdek ikkinchi jahon urushi nogironlariga yoʻlovchilar tashish transportida yurishda imtiyozlar berish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom konstitutsiyaga xilof deb topilsin.
2. Ushbu qaror qatʼiy, uning ustidan shikoyatga oʻrin yoʻq va u “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarida eʼlon qilingan paytdan kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
1998-yil 26-fevral