Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining
Qarori
XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLAR HISOBVARAGʻIDAN PUL MABLAGʻLARINI OʻChIRISh NAVBATINI TARTIBGA SOLUVChI QONUN HUJJATLARINI TAKOMILLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi sud raisi B. Eshonov, sudyalar O. Ernazarov, Gʻ. Abdumajidov, G. Pirjanovdan iborat tarkibda,
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri J. Sayfutdinov, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining raisi F. Mullajonov, ekspert, professor H. Rahmonqulov ishtirokida,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 109-moddasi birinchi qismining 1-bandiga va “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasiga amal qilgan holda,
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 784-moddasining va “Korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasi 4-bandining Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga mosligi toʻgʻrisidagi ishni ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi.
Masala Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Markaziy bankining murojaati munosabati bilan “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi toʻgʻrisida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq Konstitutsiyaviy sudning sudyalari O. Ernazarov, Gʻ. Abdumajidov va G. Pirjanovning tashabbusi bilan kiritildi.
Maʼruzachi sudya Gʻ. Abdumajidovning axborotini, ekspert, professor H. Rahmonqulovning fikrini eshitib, ish materiallarini oʻrganib chiqib, Konstitutsiyaviy sud aniqladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 784-moddasi mijozning hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini oʻchirish navbatini nazarda tutadi. Mazkur normaga muvofiq hisobvaraqda mijozga qoʻyilgan hamma talablarni qanoatlantirish uchun yetarli miqdorda pul mablagʻlari boʻlsa, bu mablagʻlarni hisobvaraqdan oʻchirish, agar qonunda boshqacha tartib nazarda tutilgan boʻlmasa, mijozning farmoyishlari va oʻchirish uchun boshqa hujjatlar tushgan tartibda (kalendar navbat) amalga oshiriladi. Hisobvaraqdagi pul mablagʻlari qoʻyilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli boʻlmagan taqdirda, oʻchirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
birinchi navbatda — mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablarni, alimentlar undirish toʻgʻrisidagi, mualliflik shartnomalari boʻyicha haq toʻlash, shuningdek hayotga va salomatlikka yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi talablarni qondirish uchun hisobvaraqdan pul oʻtkazishni yoki pul berishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha;
ikkinchi navbatda — budjetga va budjetdan tashqari fondlarga toʻlovlarni nazarda tutuvchi toʻlov hujjatlar boʻyicha;
uchinchi navbatda — boshqa pul talablarini qondirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha;
toʻrtinchi navbatda — boshqa toʻlov hujjatlari boʻyicha kalendar navbat tartibida.
“Korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasining 4-bandiga muvofiq, ish haqi toʻlash, budjetga toʻlovlar, shuningdek davlat majburiy sugʻurtasi turlari boʻyicha sugʻurta toʻlovlari va Pensiya jamgʻarmasiga toʻlovlar barcha korxonalar, shu jumladan qishloq xoʻjaligi korxonalari uchun birinchi galdagi toʻlovdir. Hisob-kitoblarning boshqa turlarini korxonalar kalendar navbat tartibga muvofiq amalga oshiradi.
Moliya vazirligi va Markaziy bank qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablarni korxonalarning soliqqa oid toʻlovlar va budjetdan tashqari fondlarga toʻlovlar boʻyicha majburiyatlariga nisbatan imtiyozli tarzda qondirish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ziddir va Oliy Majlisning “Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisida”gi Qarorini bajarishga toʻsqinlik qiladi deb eʼtirof etmoqdalar.
Moliya vazirligi va Markaziy bankning xatida koʻrsatilishicha, korxonalar yuqorida koʻrsatilgan huquqiy normalarga asoslanib, birinchi navbatda mehnatga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan talablarni qondirish uchun mablagʻlarni oʻchirmoqdalar va budjetga toʻlovlar boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarmayaptilar. Bundan tashqari, korxonalar oʻz mahsulotining isteʼmolchilari bilan kelishib, yetkazib berilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun pulni ish haqi toʻlanadigan muddatda olmoqdalar, shu tarzda budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar qilishdan boʻyin tovlash hollari koʻplab boʻlyapti. Bularning hammasi budjetga toʻlovlar boʻyicha boqimandalar oʻsishiga olib kelyapti. Bu Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan belgilangan davlat budjeti koʻrsatkichlari bajarilishini xavf ostida qoldiradi, eng asosiysi, budjetdan taʼminlanadigan tashkilotlar xodimlariga ish haqini, pensiyalarni, stipendiyalarni, bolalarga, kam taʼminlangan oilalarga, vaqtincha ishsizlarga nafaqalarni hamda fuqarolarni moddiy qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlarini oʻz vaqtida va toʻliq hajmda toʻlash imkoniyatini, binobarin aholi ijtimoiy nochor qatlamlarining konstitutsiyaviy huquqlarini cheklab qoʻyadi. Vaholanki, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga birinchi navbatda oʻchirishni qonun hujjatlarida belgilab qoʻyish aholi talay qismining konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini davlat tomonidan kafolatlash imkonini bergan boʻlar edi.
Konstitutsiyaviy sud Moliya vazirligining va Markaziy bankning dalillarini muhokama qilib aniqladiki, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 784-moddasini va “Korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 24-moddasining 4-bandini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga nomuvofiq deb topish uchun asos yoʻq. Shu bilan birga xoʻjalik yurituvchi subyektlar hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini oʻchirish navbatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirishni taqozo etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari ustuvorligidan iborat eng muhim prinsipga asoslanadi. Konstitutsiya davlat zimmasiga pensionerlar, koʻp bolali oilalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa tabaqalari toʻgʻrisida alohida gʻamxoʻrlik qilish majburiyatini yuklagan. Faqat iqtisodiyoti qudratli davlat fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini roʻyobga chiqarishga, odamlar turmushi uchun munosib shart-sharoit yaratishga qodirdir.
Maʼlumki, korxonalar budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga ajratadigan mablagʻlar fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga rioya etish hamda ularni himoya qilish, shuningdek davlatning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasidan, 13, 14, 45-moddalaridan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirishini taʼminlaydigan eng muhim manba hisoblanadi. Soliq toʻlovlari budjetga tushmasa, davlat buyurtmasini bajarayotgan korxonalarga, soliqni saqlash, taʼlim muassasalariga, armiyaga, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga mablagʻ ajratish, milliy xavfsizlikni taʼminlash imkoniyati boʻlmaydi.
Kreditorlarning talablarini qondirishning mavjud tartibi (Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 78 moddasi) budjetning daromad qismini shakllantirish qiyinchiliklar tugʻdiradi. Bu ish haqini toʻlashda, ijtimoiy maqsadlarga mablagʻlar ajratishda qarzdorlikka olib kelishi mumkin.
Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolar kodeksining 3, 56, 783, 784-moddalari, Mehnat kodeksining 67-moddasi 6-qismini, “Korxonalar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasini hamda boshqa huquqiy hujjatlarda mavjud boʻlgan fuqarolik qonun hujjatlari normalarini tahlil etib, korxonalar hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini oʻchirish navbatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish zarurligi toʻgʻrisida xulosaga keldi.
Shundan kelib chiqib hamda fuqarolarning iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarini himoya qilishning konstitutsiyaviy prinsiplarini roʻyobga chiqarish, budjetning toʻldirilishini, Oliy Majlisning “1998-yilgi Davlat budjeti toʻgʻrisidagi qarori soʻzsiz bajarilishini taʼminlash maqsadida, Konstitutsiyaviy sud Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 82-moddasiga amal qilgan holda, qonunchilik tashabbusi bilan chiqish tartibida qaror qildi:
Budjetga va budjetdan tashqari jamgʻarmalarga toʻlovlar boʻyicha mablagʻlarni birinchi navbatda oʻchirishni nazarda tutgan holda, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning hisobvaragʻidan pul mablagʻlarini oʻchirish navbatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini takomillashtirish toʻgʻrisidagi masala Oliy Majlisga kiritilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi
Konstitutsiyaviy sudi
Toshkent sh.,
1998-yil 16-yanvar