Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2007 — 2010-yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 20-iyuldagi PQ-672-son qarori)
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-yanvardagi 16-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Valyuta siyosatini liberallashtirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 2-sentabrdagi PF-5177-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 12-sentabrdagi PQ-3270-son qarori)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2007—2010-yillarda xususiylashtirish jarayonlarini yanada chuqurlashtirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 20-iyuldagi PQ-672-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 12-sentabr,
192-son
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 29-iyundagi 245-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 6-son, 33-modda) bilan tasdiqlangan Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotish tartibining 3-bandiga quyidagi mazmundagi “j” kichik bandi qoʻshilsin:
“j) davlat aktivlarini investitsiya majburiyatlari qabul qilinishi sharti bilan bepul berishda investor tomonidan xorijiy valyutadagi pul mablagʻlari tarzida kiritiladigan va korxonaning alohida hisob raqamiga oʻtkaziladigan investitsiyalar”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 26-avgustdagi 368-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 8-son, 78-modda) bilan tasdiqlangan Past rentabelli, zarar koʻrib ishlayotgan, iqtisodiy nochor davlat korxonalarini, past likvidli obyektlarni investor tomonidan investitsiya majburiyatlari qabul qilinishi sharti bilan investorlarga tanlov asosida bepul berish toʻgʻrisida nizomda:
a) 2-bandning ikkinchi xatboshidagi “past likvidli” soʻzlaridan keyin “shu jumladan qurilishi tugallanmagan” soʻzlari qoʻshilsin;
b) 6-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“obyektni ommaviy savdolarga qoʻyishda sotish narxi pasaytirilishi hisobga olingan holda taklif etilayotgan sotish narxiga investorlardan talab yoʻqligi”;
toʻrtinchi xatboshidagi “surunkali zarar koʻrib ishlashi” soʻzlaridan oldin “ishlamayotganligi” soʻzi qoʻshilsin;
v) 21-banddagi ikkinchi xatboshidagi “past likvidli” soʻzlaridan keyin “shu jumladan qurilishi tugallanmagan” soʻzlari qoʻshilsin;
g) 24-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“toʻlov topshirigʻi nusxalari, yuklarning bojxona deklaratsiyalari, solishtirish dalolatnomalari, bajarilgan ishlar dalolatnomalari, topshirish-qabul qilish dalolatnomalari, oʻrnatish dalolatnomalari, asbob-uskunalarning texnik holati koʻrsatilgan holda ularni ishga tushirish dalolatnomalari”;
d) 28-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“28. Komissiya ishlari yakunlari boʻyicha protokol tuziladi, uning asosida Sotuvchi investorning sotilgan obyektga boʻlgan mulk huquqini (orderni) belgilangan tartibda rasmiylashtiradi”.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 37-38-son, 385-modda; 2014-y., 41-son, 506-modda)