Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
PENSIONERLARNI IJTIMOIY QOʻLLAB-QUVVATLAShNI KUChAYTIRISh BORASIDAGI ChORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi PF-5597-sonli “Fuqarolarning pensiya taʼminoti tizimi samaradorligini oshirish va pensionyerlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholi daromadlari va farovonligi darajasini muttasil oʻstirib borish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan siyosatni amalga oshirishni davom ettirish, keksalar toʻgʻrisidagi gʻamxoʻrlikni har tomonlama kuchaytirish, ularning pensiyalari miqdorini oshirish, shuningdek pensiya taʼminoti tizimini izchillik bilan takomillashtirib borish maqsadida:
1. 2007-yilning 1-oktabridan pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan ish haqining maksimal miqdori eng kam ish haqi miqdorining yetti karrasidan sakkiz karrasigacha miqdorga oshirilsin.
2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, zarur hollarda, Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi pensiyani hisoblashda qabul qilinadigan ish haqining maksimal miqdori oshirilishini hisobga olgan holda pensiyalarning miqdorlari oʻz vaqtida qaytadan hisoblab chiqilishini taʼminlasin.
4. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Qonunga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartishlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
5. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 17-sentabr,
PF-3921-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 37-38-son, 381-modda)