Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DAVLAT TOMONIDAN AKSIYADORLIK JAMIYATLARINI BOShQARIShDA IShTIROK ETISh MAXSUS HUQUQI (“OLTIN AKSIYA”)DAN FOYDALANISh TARTIBI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 26-oktabrdagi 619-sonli “2021-2025-yillarda davlat ishtirokidagi korxonalarni boshqarish va isloh qilish strategiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2007-yil 20-iyuldagi PF-3897-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi (“oltin aksiya”)dan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi xususiylashtirilgan paxtani qayta ishlash sanoati korxonalari boʻyicha davlat vakillarini tayinlash uchun nomzodlar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 4-noyabrdagi 243-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 44-45-son, 381-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
3. Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi (R.S.Azimov) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizom talablariga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va Adliya vazirligi bir oy muddatda:
boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar;
vazirliklar va idoralarning oʻz normativ hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirishini taʼminlasinlar.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 24-iyul,
151-son
Davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi (“oltin aksiya”)dan foydalanish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotning strategik tarmoqlari korxonalarini xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2007-yil 20-iyuldagi PF-3897-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan hamda davlat tomonidan aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda ishtirok etish maxsus huquqi (“oltin aksiya”)dan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Mamlakat iqtisodiyoti uchun ustuvor ahamiyatga ega boʻlgan strategik tarmoqlarning xususiylashtiriladigan ayrim aksiyadorlik jamiyatlarini boshqarishda davlat ishtirokining maxsus huquqi (keyingi oʻrinlarda “oltin aksiya” deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarori asosiga koʻra joriy etiladi.
3. “Oltin aksiya” ustav kapitalida davlat ulushi boʻlmagan yoki bu ulush 25 foizdan ortiq boʻlmagan aksiyadorlik jamiyatlarida Davlat mulkini xorijiy investorlarga sotish boʻyicha tender savdolari oʻtkazuvchi davlat komissiyasining (keyingi oʻrinlarda “Davlat tender komissiyasi” deb ataladi) qarori bilan belgilanadigan muddatga joriy etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. “Oltin aksiya” qiymatga ega emas, birovning ixtiyoriga oʻtkazilmaydi va garovga qoʻyilmaydi, ustav fondi miqdorini belgilashda va dividendlarni qoʻshishda hisobga olinmaydi.
5. “Oltin aksiya” aksiyadorlik jamiyati kuzatuv kengashi tarkibiga davlat vakilini (keyingi oʻrinlarda davlat vakili deb ataladi) tayinlash yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Davlat vakili aksiyadorlik jamiyatining ustavida belgilangan kuzatuv kengashi tarkibiga lavozimiga koʻra kiradi.
6. Unga nisbatan “oltin aksiya” joriy etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan aksiyadorlik jamiyati:
jamiyatning ustaviga tegishli maʼlumotlarni kiritgan holda uni qayta roʻyxatdan oʻtkazadi, “oltin aksiya”dan foydalanishni toʻxtatish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda esa jamiyat ustavidan ushbu maʼlumotlarni chiqarib tashlaydi;
ilgari jamiyat ustavida belgilangan kuzatuv kengashi tarkibi aʼzolari sonini koʻpaytiradi;
aksiyadorlar reyestriga “oltin aksiya” egasi boʻlgan davlat vakilini kiritadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Davlat ayni bir paytda “oltin aksiya”ga hamda aksiyadorlik jamiyatining 25 foizdan ortiq boʻlmagan oddiy aksiyalariga egalik qilgan taqdirda davlat vakili “oltin aksiya” egasi boʻlgan davlat vakolatlarini amalga oshirish bilan bir qatorda davlat aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi vakolatlarini ham bajaradi.
Bunda davlat vakili aksiyadorlar reyestriga ikki marta — “oltin aksiya”dan foydalanish boʻyicha davlat vakili hamda tegishli davlat aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi sifatida kiritiladi.
Davlat vakili davlat aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi vakolatlarini davlat aktivlarini ishonchli boshqarish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq bajaradi.
II. Davlat vakilini tayinlash tartibi
8. Davlat vakili Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan tayinlanadi.
9. Davlat vakilini tayinlash uchun nomzodlar boʻyicha taklif Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksi bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Davlat vakili uch yil muddatga tayinlanadi.
III. Davlat vakilining vakolatlari va ularni amalga oshirish tartibi
11. Davlat vakiliga aksiyadorlik jamiyati ustavida belgilangan tartib-qoidaga muvofiq aksiyadorlar umumiy yigʻilishlari va kuzatuv kengashi majlislari oʻtkazilishi toʻgʻrisida yozma xabarnoma, ularda koʻrib chiqish uchun kiritilayotgan materiallar nusxalari, aksiyadorlik jamiyati faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborotlar, shu jumladan aksiyadorlik jamiyatining tijorat siri boʻlgan axborotlar majburiy tartibda taqdim etiladi.
12. Davlat vakili:
aksiyadorlik jamiyatining ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoki aksiyadorlik jamiyatining yangi tahrirdagi ustavini tasdiqlash;
aksiyadorlik jamiyatining ustav fondi miqdorini oʻzgartirish;
aksiyadorlik jamiyati faoliyatining asosiy yoʻnalishlarini oʻzgartirish;
aksiyadorlik jamiyati tomonidan yirik bitimlar tuzish hamda manfaatdorlik mavjud boʻlgan bitimlar tuzish;
Keyingi tahrirga qarang.
aksiyadorlik jamiyatining boshqa xoʻjalik jamiyatlarida ishtirok etishi;
Keyingi tahrirga qarang.
aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish va tugatish, tugatish komissiyasini tayinlash hamda oraliq va uzil-kesil tugatish balanslarini tasdiqlash toʻgʻrisidagi masalalar boʻyicha “veto” qoʻyish huquqi bilan, aksiyadorlar umumiy yigʻilishida va kuzatuv kengashi majlislarida majburiy tartibda ishtirok etadi.
Aksiyadorlik jamiyati aksiyadorlar umumiy yigʻilishi va kuzatuv kengashining davlat vakili ishtirokisiz qabul qilingan qarorlari, shuningdek davlat vakili tomonidan “veto” qoʻyilgan qarorlari ijro etilmaydi.
13. Aksiyadorlar umumiy yigʻilishi va kuzatuv kengashi tomonidan mazkur Nizomning 12-bandida koʻrsatilganlardan tashqari boshqa masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilinishida davlat vakili ovoz berishda qatnashmaydi, u ayni bir vaqtda aksiyadorlik jamiyatining oddiy aksiyalari davlat paketini boshqargan hollar bundan mustasno.
14. Davlat vakili oʻz vakolatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi takliflari hisobga olingan holda tayyorlangan yozma koʻrsatmalari asosida amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Davlat vakili kuzatuv kengashi majlisi yoki aksiyadorlar umumiy yigʻilishi oʻtkazilishi sanasigacha kamida 15 kundan kechikmay Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga kuzatuv kengashi majlisi va aksiyadorlar umumiy yigʻilishi kun tartibi toʻgʻrisidagi axborotni, shu jumladan zarurat boʻlganda “veto” qoʻyish huquqidan foydalanishga doir taklifni yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Axborotga koʻrib chiqilayotgan masalalar boʻyicha davlat vakilining nuqtai nazari asosli bayon qilingan tushuntirish xati ilova qilinadi.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi davlat vakilidan tegishli hujjatlar olingan sanadan boshlab ikki kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining “veto” qoʻyish huquqidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasini soʻraydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Davlat mulki qoʻmitasidan tegishli hujjatlar olingan sanadan boshlab 3 kun mobaynida Davlat mulki qoʻmitasiga “veto” qoʻyish huquqidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi boʻyicha oʻzining aniq nuqtai nazarini yozma shaklda taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. “Veto” qoʻyish huquqidan foydalanishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, Iqtisodiyot vazirligi yoki Moliya vazirligi oʻrtasida kelishmovchiliklar mavjud boʻlgan taqdirda Davlat mulki qoʻmitasi kelishilgan qaror qabul qilinishi uchun koʻrsatib oʻtilgan vazirliklarning vakillari va davlat vakili ishtirokida kelishuv kengashi oʻtkazadi.
Agar kelishuv qarori ishlab chiqilmagan boʻlsa Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi zarur materiallarni, shu jumladan kelishmovchiliklar roʻyxati va tomonlarning nuqtai nazarlari asosnomasi bilan birgalikda kelishuv kengashi protokolini Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasiga taqdim etadi. Komissiya belgilangan tartibda uzil-kesil qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi davlat vakilidan tegishli hujjatlar olingan sanadan boshlab 15 kundan kechikmay qabul qilingan qaror toʻgʻrisida davlat vakiliga “veto” qoʻyish huquqidan foydalanishga nisbatan aniq yozma koʻrsatmalarni yuboradi.
Keyingi tahrirga qarang.
IV. Davlat vakilining majburiyatlari
19. Davlat vakili quyidagilarga majbur:
oʻz vakolatlarini Davlat mulki qoʻmitasidan olingan koʻrsatmalarga qatʼiy muvofiq ravishda amalga oshirish;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻziga yuklangan vakolatlarni amalga oshirish paytida oʻziga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni uchinchi shaxslarga oshkor qilmaslik va ulardan davlatning, aksiyadorlik jamiyatining va uning aksiyadorlarining manfaatlariga zid boʻlgan maqsadlarda foydalanmaslik;
Davlat mulki qoʻmitasiga oʻz vakolatlarini amalga oshirish boʻyicha oʻzi olgan har bir koʻrsatmaning bajarilishi natijalari toʻgʻrisida yozma axborot taqdim etish.
Keyingi tahrirga qarang.
20. Davlat aktivlarini ishonchli boshqarish vakolatlari ayni bir vaqtda bajarilgan taqdirda davlat vakili Davlat mulki qoʻmitasiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu vakolatlarning bajarilishi toʻgʻrisida alohida hisobotlar taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
V. Davlat vakilini taqdirlash va uning faoliyatini nazorat qilish
21. Davlat vakili Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq davlat mablagʻlari hisobiga har yillik taqdirlash puli oladi.
Keyingi tahrirga qarang.
22. Davlat vakili aksiyadorlik jamiyatidan qoʻshimcha taqdirlash puli olishga haqli emas, davlat aktivlarini ishonchli boshqarish vakolatlari ayni bir vaqtda bajarilgan holat bundan mustasno.
23. Davlat vakili faoliyatini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi, shuningdek iqtisodiyot tarmoqlari korxonalari boʻyicha Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan tayyorlangan umumlashtiruvchi materiallar asosida Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
VI. Yakunlovchi qoidalar
24. Davlat vakili oʻziga yuklangan vakolatlardan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining Vazirlar Mahkamasining tegishli Kompleksi bilan kelishilgan taklifi boʻyicha Aksiyadorlik birlashmalari va kompaniyalaridagi aksiyalar davlat ulushidan samarali foydalanilishi ustidan monitoring olib borish komissiyasi tomonidan:
Keyingi tahrirga qarang.
oʻz vazifalarini bajarmaganda yoki zarur tarzda bajarmaganda;
uzoq vaqt kasal boʻlish, yashash joyining oʻzgarishi yoki boshqa sabablar natijasida u oʻz vazifalarini bundan keyin bajarishi mumkin boʻlmaganda ozod qilinadi.
25. Mazkur Nizomda belgilangan talablar buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 29-30-son, 307-modda, 2010-y., 44-45-son, 381-modda; 2013-y., 33-son, 438-modda; 2016-y., 6-son, 56-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; 07.07.2020-y., 09/20/425/1034-son)