O‘zbekiston Respublikasining qonuni
QIMMATLI QOG‘OZLAR BILAN AMALGA OShIRILADIGAN OPERATSIYALARDAN OLINADIGAN SOLIQ TO‘G‘RISIDA
Ushbu Qonun O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 22-dekabrdagi 179-I-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
1-modda. Qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar va soliq to‘lovchilar
Soliq to‘lovchining shartnoma tuzish va emissiya ma’lumotnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish vositasida qimmatli qog‘ozlarga nisbatan mulkiy huquqlarni yuzaga keltirishga qaratilgan harakatlari yoki niyatlari qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar deb e’tirof etiladi.
Ushbu operatsiyalarni belgilangan tartibda amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun soliq to‘lovchilar hisoblanadilar.
2-modda. Soliq solish obyektlari
Shartnomaning bahosi va emissiya ma’lumotnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish ushbu Qonunga muvofiq soliq solish obyektlari hisoblanadi.
3-modda. Soliq stavkalari
Qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliq quyidagi stavkalar bo‘yicha undiriladi:
emitentdan qimmatli qog‘ozlar emissiya (chiqarish) ma’lumotnomasini ro‘yxatdan o‘tkazishda emissiya nominal qiymatining 0,5 foizi miqdorida. Emissiya ma’lumotnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan taqdirda to‘langan soliq qaytarib berilmaydi;
davlat qimmatli qog‘ozlarini sotib oluvchilardan bitim summasining 0,1 foizi miqdorida;
bitim qatnashchilarining har biridan qimmatli qog‘ozlar oldi-sotdisi yuzasidan shartnoma tuzishda bitim summasining 0,3 foizi miqdorida.
4-modda. Soliq imtiyozlari
Qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliqni to‘lashdan quyidagilar ozod qilinadilar:
aksiyadorlik jamiyati tomonidan ilk bor chiqarilgan aksiyalarni bu jamiyat davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran sotib oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar;
mijozning hisobidan va uning topshirig‘iga binoan qimmatli qog‘ozlar bilan belgilangan tartibda vositachilik operatsiyalarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar;
Oldingi tahrirga qarang.
Samarqand, Buxoro, Xiva va Toshkent shaharlarida turistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar, tashkil etilgan paytdan boshlab dastlabki foyda olgunga qadar bo‘lgan davrda, ammo davlat ro‘yxatidan o‘tgan paytidan e’tiboran uzog‘i bilan uch yil muddatga.
(4-modda O‘zbekiston Respublikasining 1995-yil 31-avgustdagi 118-I-son Qonuniga muvofiq to‘rtinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)
5-modda. Soliq summasini belgilash
Soliq to‘lovchilar soliq summasini mustaqil ravishda, bitimlarning haqiqiy summasiga va tegishli soliq stavkasiga qarab hisoblab chiqaradilar.
Qimmatli qog‘ozlar bilan chet el valyutasida amalga oshirilgan operatsiyalardan olinadigan soliq mazkur operatsiya o‘tkazilgan kunda valyutaning rasmiy belgilangan kursiga qarab O‘zbekiston Respublikasining pul birligida hisoblab chiqariladi.
6-modda. Soliq to‘lash tartibi va muddatlari
Qimmatli qog‘ozlar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliq mazkur operatsiyalar ro‘yxatga olinayotgan chog‘da soliq to‘lovchilar tomonidan to‘lanadi va uch kunlak muddat ichida quyidagilar tomonidan respublika budjetiga o‘tkaziladi:
birja bozorida bitimlar tuzishda fond birjalari hamda tovar birjalari va boshqa birjalarning fond bo‘limlari tomonidan;
emitentlar, qimmatli qog‘ozlar bilan birjadan tashqari amalga oshiriladigan operatsiyalarni ro‘yxatga oluvchi va rasmiylashtiruvchi bank muassasalari va boshqa muassasalari, shu jumladan vositachi muassasalar tomonidan.
Qimmatli qog‘ozlar dastlabki emissiyasi amalga oshirilganda har bir tuzilgan bitim yuzasidan olinadigan haq tarzidagi soliq qimmatli qog‘ozlarni sotib oluvchilardangina undiriladi.
Davlat qimmatli qog‘ozlari bilan amalga oshiriladigan operatsiyalardan olinadigan soliq sotib oluvchilardangina har bir bitimdan undiriladi.
7-modda. Soliq to‘lovchining javobgarligi
Soliqni hisoblab chiqarish va to‘lashdagi xatoliklar uchun soliq to‘lovchilar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
8-modda. Soliq to‘lanishini nazorat qilish
Soliq to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazoratni soliq organlari amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 5-may,
1056-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1994-y., 5-son, 132-modda; Oliy Majlis Axborotnomasi, 1995-y., 9-son, 193-modda)