Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO SAVDO-KOʻRGAZMA KOMPLEKSINING BIZNES-MARKAZI BINOSIDAN FOYDALANISH MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilingan xorijiy firmalar va kompaniyalarning faoliyat koʻrsatishlari uchun xalqaro talablarga mos keluvchi qulay shart-sharoitlar yaratish, Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazidan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahridagi Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazi binosi qurilishi nihoyasiga yetkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasining ustav jamgʻarmasi 70,8 mln. AQSH dollari miqdorida — koʻrsatib oʻtilgan Biznes-markazning mol—mulki qiymatiga teng boʻlgan ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazi binosi, eng avvalo, unga xorijiy kompaniyalar, firmalar, banklarning va boshqa xorijiy hamda xalqaro tashkilotlar va tuzilmalarning vakolatxonalarini joylashtirish uchun moʻljallanganligi belgilab qoʻyilsin
“Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasiga Biznes-markaz mol-mulkining saqlanishini taʼminlash, shuningdek, uning samarali ishlashini va xalqaro darajada servis xizmati koʻrsatishini tashkil etish masʼuliyati yuklansin.
2. “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi aksiyalarining kamida 50 foizi xorijiy investorlarga sotilishi belgilab qoʻyilsin.
“Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasining ustav jamgʻarmasidagi ulushlarni uning muassislari oʻrtasida dastlabki taqsimlash sxemasi 1-ilovaga* muvofiq, xorijiy investorlar ulushini keyinchalik koʻpaytirish va erkin savdoda sotish huquqini bergan holda, maʼqullansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi bilan birgalikda tanlov asosida xorijiy investorlarni aniqlasin va ularga “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi aksiyalarining kamida 50 foizi sotilishini taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki, “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi aksiyalarini sotishdan tushgan barcha mablagʻlar Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazi qurilishi uchun jalb qilingan Turkeksimbank kreditini qaytarishga yoʻnaltiriladi.
“Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi muassislariga ustav jamgʻarmasini Turkeksimbank kreditini 2-ilovaga* muvofiq qaytarish davri mobaynida shakllantirish huquqi berilsin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. “Ambassador Grupp” (AQSH), “Interkontinental” (AQSH), “Mertens Xoffman” (AQSH-Isroil) va “Merkuri FM” (Buyuk Britaniya) xorijiy kompaniyalari Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida Biznes-markazning texnik menejmentini tashkil etishga doir takliflar taqdim etganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Biznes-markaz menejmenti uchun xorijiy kompaniya-operatorni jalb qilish yuzasidan ikki oy muddatda tender oʻtkazsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 235-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 11-12-son, 96-modda)
6. Turkeksimbank krediti boʻyicha majburiyatlarning vaqtida qaytarilishini taʼminlash maqsadida, istisno tariqasida, “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi binodan foydalanish boshlangandan boshlab foydadan olinadigan soliqdan, mol-mulk, yer soligʻidan va qoʻshilgan qiymat soligʻidan, shuningdek, Biznes-markazdan foydalanish uchun zarur boʻlgan uskunalar va materiallar importi uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtirishi uchun yigʻimlar bundan mustasno), boʻshab qoladigan mablagʻlarni kreditni qaytarishga maqsadli yoʻnaltirilgan holda, 4 yil muddatga ozod qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 20-aprel,
156-son