Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XALQARO SAVDO-KOʻRGAZMA KOMPLEKSINING BIZNES-MARKAZI BINOSIDAN FOYDALANISH MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekistonda akkreditatsiya qilingan xorijiy firmalar va kompaniyalarning faoliyat koʻrsatishlari uchun xalqaro talablarga mos keluvchi qulay shart-sharoitlar yaratish, Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazidan samarali foydalanilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Toshkent shahridagi Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazi binosi qurilishi nihoyasiga yetkazilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi va Davlat mulki qoʻmitasining ustav jamgʻarmasi 70,8 mln. AQSH dollari miqdorida — koʻrsatib oʻtilgan Biznes-markazning mol—mulki qiymatiga teng boʻlgan ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazi binosi, eng avvalo, unga xorijiy kompaniyalar, firmalar, banklarning va boshqa xorijiy hamda xalqaro tashkilotlar va tuzilmalarning vakolatxonalarini joylashtirish uchun moʻljallanganligi belgilab qoʻyilsin
“Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasiga Biznes-markaz mol-mulkining saqlanishini taʼminlash, shuningdek, uning samarali ishlashini va xalqaro darajada servis xizmati koʻrsatishini tashkil etish masʼuliyati yuklansin.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-avgustdagi 232-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
3. Belgilansinki, “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi aksiyalarini sotishdan tushgan barcha mablagʻlar Xalqaro savdo-koʻrgazma kompleksining Biznes-markazi qurilishi uchun jalb qilingan Turkeksimbank kreditini qaytarishga yoʻnaltiriladi.
“Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi muassislariga ustav jamgʻarmasini Turkeksimbank kreditini 2-ilovaga* muvofiq qaytarish davri mobaynida shakllantirish huquqi berilsin.
* Ilovalar berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 11-avgustdagi 232-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan)
Oldingi tahrirga qarang.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-iyundagi 235-son qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2002-y., 11-12-son, 96-modda)
6. Turkeksimbank krediti boʻyicha majburiyatlarning vaqtida qaytarilishini taʼminlash maqsadida, istisno tariqasida, “Xalqaro Hamkorlik Markazi” kompaniyasi binodan foydalanish boshlangandan boshlab foydadan olinadigan soliqdan, mol-mulk, yer soligʻidan va qoʻshilgan qiymat soligʻidan, shuningdek, Biznes-markazdan foydalanish uchun zarur boʻlgan uskunalar va materiallar importi uchun bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtirishi uchun yigʻimlar bundan mustasno), boʻshab qoladigan mablagʻlarni kreditni qaytarishga maqsadli yoʻnaltirilgan holda, 4 yil muddatga ozod qilinsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 20-aprel,
156-son