O‘zbekiston respublikasi oliy kengashining
Qarori
“O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA TADBIRKORLIK TO‘G‘RISIDA”GI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNINI KUChGA KIRITISh TARTIBI HAQIDA
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999-yil 14-apreldagi 755-I-son “Tadbirkorlik va tadbirkorlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish xaqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi qaror qiladi:
1. “O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni matbuotda e’lon qilinishi bilanoq kuchga kiritilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, bundan buyon O‘zbekiston Respublikasi qonunlari “O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga moslashtirilgunga qadar O‘zbekiston Respublikasining ushbu Qonunga zid bo‘lmagan amaldagi qonun hujjatlari qo‘llanaveradi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Kabinetiga quyidagi vazifalar topshirilsin:
— uch oy muddat ichida sotib olinadigan, sotiladigan hamda aksiyador jamiyatga va cheklangan darajada javobgar bo‘ladigan jamiyatga aylantiriladigan davlat korxonalari va tashkilotlarining mol-mulkini narxlash to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqish;
— bir oy muddat ichida “O‘zbekiston Respublikasidagi xususiy tadbirkorlik to‘g‘risida Nizom”ni ishlab chiqish;
— ro‘yxatdan o‘tmagan tadbirkorlik tashkilotlari orttirgan daromadlarni davlat foydasiga olib qo‘yish tartibini belgilash;
— 1991-yilning 1-martiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qo‘mitalari bilan kelishilgan holda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi man etiladigan mansabdor shaxslarning ro‘yxatini tasdiqlash;
— 1991-yilning 1-iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini “O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga moslashtirish haqidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosatiga kiritish;
— uch oy muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarini “O‘zbekiston Respublikasida tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq holga keltirish;
— O‘zbekiston Respublikasi vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining ushbu Qonunga zid normativ hujjatlari qayta ko‘rib chiqilishi va bekor qilinishini ta’minlash,
4. O‘zbekiston Respublikasining xalq deputatlari mahalliy Sovetlari, ularning ijroiya idoralari korxonalar, birlashmalar, tashkilotlarning xo‘jalik faoliyatiga noto‘g‘ri aralashishdan iborat odatni tark etsinlar, tadbirkorlik subyektlari bilan o‘z munosabatlarini amaldagi qonunlar hamda tuzilgan shartnomalar asosida qursinlar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Raisi M. IBROHIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 15-fevral,
208-XII-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 4-son, 61-modda)