Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZBEKSUVQURILISh” KONSERNINING JIZZAX POLITEXNIKUMI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yangi tashkil qilingan Jizzax politexnika institutining oʻquv-moddiy negizini yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbeksuvqurilish” konserni, Jizzax politexnika institutining oʻquv-moddiy negizini yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Jizzax viloyati hokimining Jizzax politexnikumining binolari, asosiy va yordamchi fondlari, transport vositalari, oʻquv-laboratoriya va boshqa uskunalarini Jizzax politexnika instituti tasarrufiga berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Jizzax politexnikumida hozirgi kunda taʼlim olayotgan oʻquvchilar Jizzax industrial texnikumiga oʻtkazilib, ularning egallayotgan mutaxassisliklari boʻyicha oʻqishni tamomlashlari taʼminlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (J. Abdullayeva) va “Oʻzbeksuvqurilish” konserni (F.B. Xasanov) Jizzax viloyati hokimi (A. Toshkenboyev) bilan birgalikda:
shu yilning 15-avgustiga qadar texnikumga tegishli bino va uskunalarni institutga berish yuzasidan tegishli tadbirlarni amalga oshirsinlar;
texnikumning tugatilishi munosabati bilan boʻshab qoladigan oʻqituvchi va xodimlarni oʻz mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashtirish chorasini koʻrsinlar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining budjetiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy masalalar, fan va madaniyat boʻlimiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1993-yil 12-avgust,
407-son