Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
RESPUBLIKADA SAVDO TUShUMI INKASSATSIYA qilishini va NAZORAT-KASSA MAShINALARIDAN FOYDALANIShni tubdan yaxshilash ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 18-oktabrdagi PF-6325-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Aholidan naqd pul mablagʻlarini qabul qilishni va hisobga olishni yanada yaxshilash, soliqlar va boshqa toʻlovlar toʻliq yigʻilishini hamda ularning budjetga tushushini taʼminlash, shuningdek, pul muomalasini mustahkamlash va banklarning pul tushumini inkassatsiya faoliyatini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1. Belgilab qoʻyilsinki, aholi bilan naqd pulda hisob-kitob qiluvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar:
barcha korxonalar va tashkilotlar (kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlaridan tashqari) — tushum respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining bir baravaridan ortiq boʻlganda;
kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari — tushum respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqining yigirma baravaridan ortiq boʻlganda naqd pul tushumini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining inkassatsiya xizmati orqali har kuni topshirishga majburdirlar.
Koʻrsatib oʻtilgan miqdorlardan kam miqdordagi har kunlik naqd pul tushumiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar naqd pul tushumini Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining inkassatsiya xizmati orqali yoki banklarning kunduzgi va kechki kassalariga mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 2-noyabrdagi 294-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 45-46-son, 470-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda borish qiyin boʻlgan va chekka joylarda yashovchi aholi bilan pul hisob-kitoblarini amalga oshiruvchi korxonalarning savdo tushumini inkassatsiya qilish tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin, shuningdek, koʻrsatiladigan xizmatlar tariflarini kamaytirish uchun qayta koʻrib chiqsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Respublikaning tijorat banklariga aholi bilan hisob-kitob qiluvchi korxonalardan naqd pul mablagʻlarining bank kassalariga oʻz vaqtida va toʻliq tushishini nazorat qilish tavsiya etilsin. Tushum ular tomonidan kechiktirib topshirilgan va toʻliq topshirilmagan hollarda tegishli chora koʻrish uchun belgilangan tartibda soliq organlariga, pul-kredit siyosati komissiyalariga xabar qilsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi tijorat banklari bilan birgalikda tushumdan ajratiladigan naqd pul mablagʻlarini xarajat qilishning belgilangan cheklangan meʼyorlariga, kassa qoldigʻi limitlariga rioya qilinishi, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, kunlik tushumga ega boʻlgan tashkilotlar va korxonalar boʻyicha tovarlar hamda koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisob-kitoblar ustidan nazoratni kuchaytirsin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
Keyingi tahrirga qarang.
aholi bilan hisob-kitob qilishda kassa cheklarida xarid qilish va xizmatlar koʻrsatish sanasi va vaqtini koʻrsatgan holda nazorat-kassa mashinalarini majburiy qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom talablari tegishli korxonalar tomonidan ogʻishmay bajarilishi ustidan doimiy nazoratni taʼminlasinlar;
Keyingi tahrirga qarang.
korxonalarda oʻrnatilgan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanish uchun tavsiya etiladigan nazorat-kassa mashinalari Davlat reyestriga kirmagan nazorat-kassa mashinalarining foydalanish muddati 1998-yil 31-dekabrda tugashi munosabati bilan ularni ushbu reyestrga kiritilgan nazorat-kassa mashinalari bilan toʻliq almashtirishning aniq tadbirlarini va jadvallarini ishlab chiqsinlar. 1999-yil 1-yanvardan boshlab nazorat-kassa mashinalarini oʻz vaqtida almashtirishni taʼminlamagan korxonalar faoliyatini belgilangan tartibda toʻxtatib qoʻysinlar.
6. Pul-kredit siyosati boʻyicha respublika komissiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasiga pul-kredit siyosati boʻyicha hududiy komissiyalarga, tumanlar, shaharlar hokimliklari va mahalliy soliq organlariga kassa intizomining buzilishi, tushumni kechiktirib topshirish va topshirmaslik hollari hamda yuridik shaxslar oʻrtasida naqd mablagʻlar bilan oʻzaro hisob-kitob qilinishi boʻyicha tijorat banklari tomonidan taqdim etilgan materiallarni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va qonunchilikda belgilangan choralarni qoʻllash majburiyatini yuklasinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
7. “Oʻzavtotrans” davlat korporatsiyasi va “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda yoʻlovchi tashuvchi yengil avtomobillarni, ularning kimga qarashliligidan qatʼi nazar, hisoblagichlar-taksometrlar bilan taʼminlash va ularni qoʻllash tartibini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va boshqa vazirliklar va idoralar oʻzlarining meʼyoriy hujjatlarini bir oy muddatda mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari B.S.Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1997-yil 11-dekabr,
548-son