Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
Buyrugʻi
MEHNAT DAFTARChALARINI YURITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI YOʻRIQNOMAGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 14-aprelda 402-3-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Amalda boʻlgan Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish maqsadida, buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining 1998-yil 7-yanvardagi 8004-1-sonli va Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi tomonidan 1998-yil 7-yanvarda 32/01-son bilan tasdiqlangan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga (1998-yil 29-yanvar, roʻyxat raqami 402) ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng oʻn kundan keyin kuchga kiritilsin.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri v.b. A. XAITOV
Toshkent sh.,
2007-yil 23-mart,
M-25-son
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
2007-yil 23-martdagi M-25-son buyrugʻiga
ILOVA
2007-yil 23-martdagi M-25-son buyrugʻiga
ILOVA
Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1.3-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Har bir korxona oʻz ehtiyojlaridan kelib chiqib, lekin shtat jadvalida nazarda tutilgan xodimlar sonidan oshmagan holda, mehnat daftarchalari sotib olish huquqiga ega.
Mehnat daftarchalari va mehnat daftarchalariga qoʻshimcha varaqlar korxonalar tomonidan mahalliy mehnat organlaridan oldi-sotdi shartnomasi asosida sotib olinadi. Mehnat daftarchalarini boshqacha tartibda sotish, shuningdek, fuqarolar tomonidan mehnat daftarchalarini sotib olish taqiqlanadi.
Mehnat daftarchalari va mehnat daftarchalariga qoʻshimcha varaqlarni sotib olish shartnomasini tuzish uchun korxonalar mahalliy mehnat organlariga yozma murojaat qilishlari lozim. Yozma murojaatda shtat jadvali boʻyicha xodimlar soni, vakant lavozimlar (joylar) soni, shuningdek, mehnat daftarchasi (mehnat daftarchasi dublikati) yoki mehnat daftarchasiga qoʻshimcha varaq berilishi lozim boʻlgan xodimlar toʻgʻrisida maʼlumotlar koʻrsatiladi.
Mehnat daftarchasi va mehnat daftarchasiga qoʻshimcha varaqlarni korxonalar tomonidan qayta sotishga yoki boshqacha tartibda begonalashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.”.
2. VI-boʻlim quyidagi tahrirdagi 6.3-band bilan toʻldirilsin:
“Mazkur Yoʻriqnomada belgilangan tartibda shartnoma boʻyicha mehnat daftarchalari, mehnat daftarchasiga qoʻshimcha varaqlari sotib olgan korxonalar bunday shartnoma tuzilganidan keyin bir oydan kechikmasdan ular maqsadli ishlatilganligi toʻgʻrisida mehnat organlariga maʼlumot taqdim qilishlari lozim. Maʼlumot mehnat daftarchalari, mehnat daftarchasiga qoʻshimcha varaqlari berilgan (yuritilgan) xodimlar toʻgʻrisida maʼlumotlar, ishga qabul qilish toʻgʻrisida buyruq rekvizitlari koʻrsatilgan holda erkin shaklda beriladi.
Korxona tuzilgan mehnat shartnomasi asosida belgilangan tartibda faqat ishga qabul qilingan xodimlarga mehnat daftarchasi berishi shart. Begona shaxslarga mehnat daftarchasi berish taqiqlanadi.”.
3. VII-boʻlim quyidagi tahrirdagi 7.3-band bilan toʻldirilsin:
“Mehnat daftarchalari, mehnat daftarchasiga qoʻshimcha varaqlarni sotib olish, hisobotini olib borish va tasarruf etish tartibiga rioya qilishni nazorat qilish mahalliy mehnat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.”.
4. VIII-boʻlimning nomi hamda birinchi xatboshidagi “yuritish” soʻzlaridan keyin “sotib olish, hisobotni olib borish va foydalanish” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
5. Ushbu Yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari Kengashi bilan kelishilgan.
Kasaba uyushmalari Kengashi raisi D. JAHONGIROVA
Toshkent sh.,
2007-yil 23-mart
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 16-son, 165-modda)