Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“DAVLAT BOSHQARUVINI YANGILASH VA YANADA DEMOKRATLASHTIRISH HAMDA MAMLAKATNI MODERNIZATSIYA QILISHDA SIYOSIY PARTIYALARNING ROLINI KUCHAYTIRISH TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYAVIY QONUNI QABUL QILINGANLIGI MUNOSABATI BILAN OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING AYRIM QONUN HUJJATLARIGA OʻZGARTISH VA QOʻSHIMCHALAR KIRITISH HAQIDA
Qonunchilik palatasi tomonidan
2007-yil 28-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda maʼqullangan
2007-yil 28-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda maʼqullangan
Oldingi tahrirga qarang.
(1-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 25-oktabrdagi OʻRQ-982-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2024-y., 03/24/982/0854-son)
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 2-sentabrda qabul qilingan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi 913-XII-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, № 9, 320-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 9, 241-modda; 1999-yil, № 1, 20-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2005-yil, № 12, 418-modda) 2-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Viloyat va Toshkent shahar hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.
Viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish vaqtida viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur lavozimlarga nomzodlarni partiya guruhlari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng bir oy ichida yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
Tegishli xalq deputatlari Kengashi taqdim etilgan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlarini uch marta rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti viloyat va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchini tayinlash, tegishli xalq deputatlari Kengashini tarqatib yuborish huquqiga ega. Bunda xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining qaroriga muvofiq hokim nomzodi boʻyicha farmon qabul qiladi.
Tuman, shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Viloyat, tuman, shahar hokimlari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari orasidan tayinlanadi va tasdiqlanadi.
Shahardagi tuman, tumanga boʻysunuvchi shahar hokimlari tegishincha shahar, tuman hokimi tomonidan tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi hamda xalq deputatlari shahar, tuman Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Viloyat hokimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda shahar hokimini tuman (shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar bundan mustasno) hokimiga boʻysundirish va yagona boshqaruv organlarini tuzish vakolatiga ega boʻlib, bu xususdagi qaror keyinchalik xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
Xalq deputatlari Kengashi va hokimlarning vakolat muddati — besh yil”.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 26-dekabrda qabul qilingan “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi 337-I-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1997-yil, № 2, 36-modda; 1999-yil, № 2, 229-modda; 2004-yil, № 1-2, 18-modda, № 5, 90-modda; 2005-yil, № 1, 18-modda) quyidagi qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 13-moddaning ikkinchi qismi:
quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisidagi tashabbus bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish”;
uchinchi — yettinchi xatboshilari tegishincha toʻrtinchi — sakkizinchi xatboshilar deb hisoblansin;
oltinchi xatboshisi “palatasining” degan soʻzdan keyin “Spiker oʻrinbosarligiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin;
2) quyidagi mazmundagi 131-modda bilan toʻldirilsin:
“131-modda. Parlamentdagi koʻpchilik va parlamentdagi muxolifat. Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan siyosiy partiya fraksiyasi parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta siyosiy partiyalar fraksiyalari va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar ham parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari, shuningdek saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining tegishli masala boʻyicha maʼruzasi bilan bir vaqtda qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi koʻpchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas”;
3) 14-moddaning ikkinchi qismi:
quyidagi mazmundagi yettinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“viloyat va Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi”;
yettinchi xatboshisi sakkizinchi xatboshi deb hisoblansin.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2002-yil 12-dekabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida”gi 434-II-sonli Konstitutsiyaviy Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-yil, № 12, 215-modda; 2003-yil, № 5, 67-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 15-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari Qonunchilik palatasi deputatlari orasidan yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi. Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarligiga nomzodlar koʻrsatish va saylash tartibi qonunda hamda Qonunchilik palatasi Reglamentida belgilanadi.
Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiya oʻz vakili Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimlaridan birini egallashida kafolatli huquqqa ega.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarini saylash uchun fraksiya, qoida tariqasida, oʻz fraksiyasi rahbarining nomzodini kiritadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Qonunchilik palatasi qoʻmitalaridan birining tarkibiga saylanishi mumkin.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari Qonunchilik palatasi Spikerining topshirigʻiga binoan uning ayrim vazifalarini bajaradi va Qonunchilik palatasi Spikeri yoʻqligida yoki oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan hollarda uning vazifasini bajarib turadi”;
2) 23-moddaning oltinchi qismidagi “yoki hech bir fraksiya yoxud deputatlar guruhiga kirmaslikka haqli” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
3) quyidagi mazmundagi 251-modda bilan toʻldirilsin:
“251-modda. Parlamentdagi koʻpchilik va parlamentdagi muxolifat. Fraksiyalarning blokka birlashishi
Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan fraksiya parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta fraksiyalar va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar ham parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan fraksiyalar, shuningdek saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
Fraksiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiya qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining tegishli masala boʻyicha maʼruzasi bilan bir vaqtda qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
Senat tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi koʻpchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas”.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi 522-II-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10, 136-modda) quyidagi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin:
1) 4-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunchilik palatasining birinchi majlisi Qonunchilik palatasi Spikerini saylashdan boshlanadi.
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlarini saylash uchun deputatlar orasidan koʻpi bilan oʻn besh kishidan iborat Oksoqollar kengashi tuziladi, mazkur kengash vakolatlari Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari saylangach tugaydi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi toʻgʻrisidagi taklifni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi kiritadi.
Oqsoqollar kengashi tarkibiga: Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi; deputatlik faoliyatida katta tajribaga ega boʻlgan, yoshi eng ulugʻ deputatlar; nomzodlari Qonunchilik palatasiga saylangan siyosiy partiyalar deputatlarining vakillari; Qonunchilik palatasiga saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlarning vakillari kiritiladi.
Oqsoqollar kengashining tarkibi toʻgʻrisidagi qaror Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Oqsoqollar kengashi Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari lavozimlariga nomzodlarni siyosiy partiyalar yoki saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar orasidan koʻrsatadi.
Nomzod, agar u yashirin ovoz berish natijasida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan koʻp ovozini olgan boʻlsa, Qonunchilik palatasining Spikeri etib saylangan hisoblanadi.
Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlarining soni Oksoqollar kengashining tavsiyasi boʻyicha Qonunchilik palatasi tomonidan belgilanadi. Bunda, Qonunchilik palatasida tuzilgan fraksiya oʻz vakili Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimlaridan birini egallashida kafolatli huquqka ega ekanligi inobatga olinadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarini saylash uchun fraksiya, qoida tariqasida, oʻz fraksiyasi rahbarining nomzodini kiritadi.
Fraksiyadan taqdim etilgan nomzod Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimiga saylanmagan taqdirda, fraksiya oʻz fraksiyasi aʼzolari orasidan boshqa nomzodni taqdim etish huquqiga ega.
Qonunchilik palatasi Spikeri va uning oʻrinbosarlari saylanganligi toʻgʻrisida qarorlar qabul qilinadi, qarorlarni palata majlisida raislik qiluvchi imzolaydi”;
2) 7-moddaning ikkinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunchilik palatasi Spikeri Qonunchilik palatasi qoʻmitalarining tarkibiga saylanishi mumkin emas”;
3) 9-moddaning:
beshinchi qismidagi “yoki hech bir fraksiya yoxud deputatlar guruhiga kirmaslikka haqli” degan soʻzlar chiqarib tashlansin;
oltinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Qonunchilik palatasi Spikeri oʻz vazifalarini bajarish davrida siyosiy partiyaga aʼzolikni toʻxtatib turadi va fraksiya yoki deputatlar guruhi tarkibiga kirishi mumkin emas”;
4) quyidagi mazmundagi 91-modda bilan toʻldirilsin:
“91-modda. Parlamentdagi koʻpchilik va parlamentdagi muxolifat. Fraksiyalarning blokka birlashishi
Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan fraksiya parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta fraksiyalar va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar ham parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan fraksiyalar, shuningdek saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
Fraksiyalarning blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan fraksiya qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
Qonunchilik palatasi masʼul qoʻmitasining tegishli masala boʻyicha maʼruzasi bilan bir vaqtda qonun loyihasining muqobil tahririni kiritish;
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
Senat tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi koʻpchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas”;
5) 22-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylanganidan va organlari shakllantirilganidan keyin bir oy ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Qonunchilik palatasidagi fraksiyalarning har biri bilan hamda saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng Qonunchilik palatasi va Senat koʻrib chiqishi hamda tasdiqlashi uchun taqdim etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini tasdiqlash toʻgʻrisidagi taqdimnomasi mazkur taqdimnoma kiritilgan kundan eʼtiboran yetti kun ichida Qonunchilik palatasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Qonunchilik palatasida Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti fraksiyalar va saylovchilar tashabbuskor guruhlaridan saylangan deputatlar bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodlarni yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
Qonunchilik palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini tasdiqlash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Qonunchilik palatasi taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini uch marta rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchini tayinlaydi, Qonunchilik palatasini tarqatib yuboradi va yangi saylov tayinlaydi.
Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan taqdirda, yangi saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi”.
6-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2003-yil 29-avgustda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi 523-II-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2003-yil, № 9-10,137-modda) 18-moddasining matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini tasdiqlash toʻgʻrisidagi taqdimnomasi Senat tomonidan uning yaqin oradagi majlisida koʻrib chiqiladi.
Senat aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Senat tomonidan tasdiqlangan hisoblanadi.
Senatning Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini tasdiqlash masalasi yuzasidan qarori mazkur qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi.
Senat taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini uch marta rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchini tayinlaydi, Senatni tarqatib yuboradi va yangi saylov tayinlaydi.
Senat tarqatib yuborilgan taqdirda, yangi saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi”.
7-modda. Ushbu Qonun 2008-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 11-aprel,
OʻRQ-90-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 153-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 26.10.2024-y., 03/24/982/0854-son)