Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni
Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan
2007-yil 28-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda maʼqullangan
2007-yil 28-fevralda qabul qilingan
Senat tomonidan 2007-yil 29-martda maʼqullangan
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishdan iborat.
Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga tegishli tuzatishlar, shuningdek amaldagi qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish uchun asosdir.
Keyingi tahrirga qarang.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari
Siyosiy partiya fraksiyasi siyosiy partiyadan koʻrsatilgan deputatlar tomonidan partiya manfaatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ifodalash maqsadida tuziladigan va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan deputatlar birlashmasidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida koʻpchilik oʻrinni egallagan siyosiy partiya fraksiyasi parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻz dasturiy maqsadli vazifalarining yaqinligidan yoki mosligidan kelib chiqqan holda blok tuzadigan bir nechta siyosiy partiyalar fraksiyalari va Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar ham parlamentdagi koʻpchilikni tashkil etishi mumkin.
(2-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-194-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 510-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Yangitdan shakllantirilgan hukumatning tutgan yoʻli va dasturiga yoki uning ayrim yoʻnalishlariga qoʻshilmaydigan siyosiy partiyalar fraksiyalari, shuningdek Oʻzbekiston ekologik harakatidan saylangan deputatlar oʻzlarini muxolifat deb eʼlon qilishi mumkin.
(2-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yil 25-dekabrdagi OʻRQ-194-son Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 52-son, 510-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Siyosiy partiyalar fraksiyalarining blokka birlashishi qonunda nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirishda ularning mustaqilligini cheklab qoʻymaydi.
Oʻzini parlamentdagi muxolifat deb eʼlon qilgan siyosiy partiya fraksiyasi qonunda fraksiyalar uchun nazarda tutilgan vakolatlar bilan bir qatorda quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqilguniga qadar oʻsha masalaga doir qonun loyihasining, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qarori loyihasining muqobil tahririni kiritish;
(2-modda oltinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan oʻzining alohida fikrini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining yalpi majlisi bayonnomasiga kiritish;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun boʻyicha kelishuv komissiyasida oʻz vakillarining kafolatli ishtirok etishi.
Keyingi tahrirga qarang.
Parlamentdagi muxolifatning qonun bilan kafolatlangan huquqlari parlamentdagi koʻpchilik tomonidan kamsitilishi mumkin emas.
Siyosiy partiyadan koʻrsatilgan va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylangan deputat faqat shu partiya fraksiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlarini saylash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻz tarkibidan Qonunchilik palatasining Spikeri va uning oʻrinbosarlarini saylaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari yashirin ovoz berish orqali deputatlar umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan Qonunchilik palatasining vakolati muddatiga saylanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida tuzilgan siyosiy partiya fraksiyasi oʻz vakili Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimlaridan birini egallashida kafolatli huquqqa ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarini saylash uchun siyosiy partiya fraksiyasi, qoida tariqasida, oʻz fraksiyasi rahbarining nomzodini kiritadi.
Siyosiy partiya fraksiyasidan taqdim etilgan nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari lavozimiga saylanmagan taqdirda, siyosiy partiya fraksiyasi oʻz fraksiyasi aʼzolari orasidan boshqa nomzodni taqdim etish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari Qonunchilik palatasi qoʻmitalaridan birining tarkibiga saylanishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini tayinlash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi siyosiy partiyaning oʻz ustavi bilan vakolatli boʻlgan organ tomonidan taklif etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi toʻgʻrisidagi taklif Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlar yakunlari toʻgʻrisidagi axboroti va saylangan deputatlar roʻyxati matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran ikki haftalik muddatdan kechiktirmay Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga kiritiladi.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-396-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2015-y., 52-son, 645-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzodni koʻrib chiqqanidan keyin oʻn kun muddat ichida uni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun taklif etadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bosh vazir lavozimiga nomzod Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisida uning nomzodi koʻrib chiqilayotganda va tasdiqlanayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga moʻljallangan harakat dasturini taqdim etadi.
(4-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 16-apreldagi OʻRQ-367-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2014-y., 16-son, 177-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi uning uchun tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining yarmidan koʻpi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi yoki Senatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari yoki Senati aʼzolari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng Bosh vazir lavozimiga nomzodni yana bir marta taqdim etish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi oʻrtasida ziddiyatlar doimiy tus olgan holda Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining kamida uchdan bir qismi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga rasman kiritilgan taklif boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻshma majlisi muhokamasiga Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirish haqidagi masala kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga nisbatan ishonchsizlik votumi tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ovoz bergan taqdirda qabul qilingan hisoblanadi. Bunday holatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining butun tarkibi Bosh vazir bilan birga isteʼfoga chiqadi.
Yangi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan tegishli maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalariga koʻrib chiqish va tasdiqlashga taqdim qilish uchun taklif etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga nomzod ikki marta rad etilgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri vazifasini bajaruvchini tayinlaydi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisini tarqatib yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarqatib yuborilgan taqdirda yangi saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi.
(4-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi OʻRQ-285-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 16-son, 160-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan quyidagi hollarda lavozimidan ozod etiladi:
a) Bosh vazirning isteʼfoga chiqish toʻgʻrisidagi arizasiga binoan;
b) Bosh vazir oʻz vakolatlarini bajarishi mumkin boʻlmay qolgan taqdirda;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tarkibida uning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib boʻlmaydigan ixtiloflar yuz berganda, shuningdek Vazirlar Mahkamasi bir necha marta Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti koʻrib chiqishi uchun taqdim etgan tashabbusiga binoan. Agar zarur asoslarga ega boʻlgan bunday tashabbusni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar yetakchi fraksiyalari qoʻllab-quvvatlasa hamda mazkur tashabbus Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senatida ovozga qoʻyilganda tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari umumiy soni uchdan ikki qismidan koʻprogʻining ovozini olsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
d) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan qabul qilingan Bosh vazirga nisbatan ishonchsizlik votumi bildirilgan taqdirda.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 18-apreldagi OʻRQ-285-sonli Qonuniga asosan “d” band bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 16-son, 160-modda)
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining lavozimdan ozod etilishi bir vaqtning oʻzida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining isteʼfoga chiqishiga sabab boʻladi.
6-modda. Viloyat, Toshkent shahar hokimini tayinlash va tasdiqlash tartibi
Viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarining har biri bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini olgan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodi tasdiqlangan hisoblanadi.
Agar ovoz berish vaqtida viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlari tegishli xalq deputatlari Kengashi deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozini ololmasa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur lavozimlarga nomzodlarni partiya guruhlari bilan qoʻshimcha maslahatlashuvlar oʻtkazganidan soʻng bir oy ichida yana ikki marta taqdim etish huquqiga ega.
Tegishli xalq deputatlari Kengashi taqdim etilgan viloyat va Toshkent shahar hokimi nomzodlarini uch marta rad etgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti viloyat va Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchini tayinlash, tegishli xalq deputatlari Kengashini tarqatib yuborish huquqiga ega. Bunda xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlariga saylov tarqatib yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida oʻtkaziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlarining qaroriga muvofiq hokim nomzodi boʻyicha farmon qabul qiladi.
7-modda. Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlarining viloyat hamda Toshkent shahar hokimi faoliyati ustidan nazorat qilish vazifalari
Nazorat qilish vazifalari samaradorligini oshirish maqsadida xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhlariga viloyat va Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan xulosalar taqdim etish tashabbusi huquqi beriladi. Bunday tashabbus yetakchi partiya guruhlari tomonidan qoʻllab-quvvatlangan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bu tashabbusning xalq deputatlari Kengashidagi muhokamasini tayinlaydi va muhokama natijalariga muvofiq qaror qabul qiladi.
8-modda. Ushbu Konstitutsiyaviy Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Konstitutsiyaviy Qonun 2008-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2007-yil 11-aprel,
OʻRQ-88-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 15-son, 151-modda; 2008-y., 52-son, 510-modda; 2011-y., 16-son, 160-modda; 2014-y., 16-son, 177-modda; 2015-y., 52-son, 645-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.09.2019-y., 03/19/563/3685-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 19.12.2023-y., 03/23/883/0949-son; 19.02.2024-y., 03/24/909/0133-son; 31.07.2025-y., 03/25/1077/0674-son)