O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
OROL DENGIZINING O‘ZBEKISTON QISMINI GEOLOGIK JIHATDAN O‘RGANISH VA KEYINCHALIK YANGI OCHILADIGAN UGLEVODOROD KONLARINI MAHSULOTNI TAQSIMLASH TO‘G‘RISIDAGI BITIM SHARTLARI ASOSIDA QAZISH HAQIDA
[Ko‘chirma]
Uglevodorod xomashyosi zaxiralari ildam sur’atlarda o‘sishini ta’minlashga, yangi neft va gaz konlarini qazishga hamda uglevodorodlar qazib chiqarishni oshirishga yo‘naltirilgan geologaya-qidiruv ishlarini jadal o‘tkazish maqsadida:
1. “O‘zbekneftgaz” Milliy xolding kompaniyasi, Koreya Milliy Neft Korporatsiyasi, “Lukoyl Oversiz Xolding Ltd.” (Rossiya), “Petronas Charigali Oversiz Sdn. Bxd.” (Malayziya) va “Si-En-Pi-Si Interneshnl Ltd” (XXR) kompaniyalari tomonidan Orol dengizining O‘zbekiston qismida qidiruv va razvedka ishlarini o‘tkazish, keyinchalik yangi ochiladigan uglevodorod konlarini yuridik shaxs tashkil etilmagan holda Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim shartlari asosida qazish bo‘yicha investorlar Konsorsiumi tashkil etilgani;
yer osti maydonlaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maxsus davlat komissiyasi tomonidan investorlar Konsorsiumi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi bilan investorlar Konsorsiumi o‘rtasida Orol dengizining O‘zbekiston qismiga nisbatan Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimning loyihasi kelishib olingani va imzolashga tayyorlangani ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilarni:
dastlabki 3 yil davomida va investorlar Konsorsiumining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari tavakkalchiligida 2300 pogon kilometr hajmida 2D usulidagi seysmik razvedka ishlari va umumiy summasi kamida 99,8 mln. AQSh dollariga teng ikkita qidiruv qudug‘ini burg‘ulashni o‘z ichiga olgan qidiruv va razvedka ishlarining minimal dasturini o‘tkazishni;
ishlarning minimal dasturi bajarilmagan taqdirda investorlar Konsorsiumi belgilangan muddat o‘tgach uch oy mobaynida minimal dasturga kiritilgan bajarilmagan ishlar hajmi qiymati miqdorida O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organiga jarima to‘lashni;
seysmik razvedka ishlari natijalari bo‘yicha loyihaning ko‘p variantli texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishni, keyinchalik uning belgilangan tartibda kelishib olinishi va tasdiqlanishini;
loyihaning ko‘p variantli texnik-iqtisodiy asosi tasdiqlangandan so‘ng Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi Bitimning tijorat shartlari, shu jumladan soliqlar va to‘lovlar stavkalari miqdori kelishib olinishini;
Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim va qazib olingan (ishlab chiqarilgan) mahsulotni sotish bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining yuridik shaxslari sifatida operator va marketing kompaniyasini tashkil etishni;
O‘zbekiston Respublikasi tashkilotlariga boshqa teng shartlar bilan bir qatorda, neftgaz operatsiyalarida pudratchi, yetkazib beruvchi, tashuvchi sifatida ustunlik huquqi berilishi, bunda O‘zbekiston Respublikasidan jalb etilgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) jami jalb etilgan tovarlar (ishlar va xizmatlar) hajmining kamida 60 foizini tashkil etishini nazarda tutuvchi Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim loyihasi ma’qullansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.R. Shoismatovga Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimni O‘zbekiston Respublikasi nomidan imzolash vakolati berilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
4. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organi etib belgilansin.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)
5. Yer osti maydonlaridan foydalanish shartlarini ishlab chiqish va mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maxsus davlat komissiyasi (E.R. Shoismatov) O‘zbekiston Respublikasining “Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitimi haqida”gi Qonuniga muvofiq investorlar Konsorsiumiga yer osti maydonlaridan foydalanish huquqini beradigan litsenziyani belgilangan tartibda topshirsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki hafta muddatda Mahsulotni taqsimlash to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha ishlarni amalga oshirish tartibi va mexanizmi haqidagi qaror loyihasini taqdim etsin.
9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2006-yil 30-avgust,
PQ-457-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006-y., 8-son, 477-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son)