Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining
Buyrugʻi
ELITA VA KEYINGI AVLODLARGA MANSUB URUGʻLIK PAXTA YETIShTIRISh HUQUQIGA EGA BOʻLISh UChUN XOʻJALIKLAR OʻRTASIDA TANLOV OʻTKAZISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDAGI BUYRUQQA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh TOʻGʻRISIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2007-yil 24-martda 1551-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 2-dekabrdagi 21-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3340, 03.12.2021-y.) asosan davlat reyestridan chiqarilgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Urugʻchilik toʻgʻrisida”gi va “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2006-yilda paxta yetishtirishning prognoz hajmlari va gʻoʻzani navlar boʻyicha joylashtirish toʻgʻrisida” 2006-yil 31-yanvardagi PQ-543-son qarori hamda Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish boʻyicha Respublika komissiyasining 2007-yil 29-dekabrdagi 03/1-845-sonli yigʻilishi Bayonnomasining 6-bandi topshirigʻining ijrosini taʼminlash maqsadida, buyuraman:
1. “Elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik paxta yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun xoʻjaliklar oʻrtasida tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirining 2006-yil 21-fevraldagi 39-son buyrugʻiga (2006-yil 13-mart, roʻyxat raqami 1551 — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-yil, 11-son, 88-modda) kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab 10 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
3. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari O. Ollaberganov zimmasiga yuklatilsin.
Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri S. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2007-yil 1-mart,
54-son
Elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik paxta yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun xoʻjaliklar oʻrtasida tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. “Elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik paxta yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun xoʻjaliklar oʻrtasida tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqning nomi va 1-banddagi “elita” soʻzlaridan oldin “super elita,” soʻzlari qoʻshilsin.
2. Elita va keyingi avlodlarga mansub urugʻlik paxta yetishtirish huquqiga ega boʻlish uchun xoʻjaliklar oʻrtasida tanlov oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda:
muqaddimadagi “shirkat” soʻzi “tajriba” soʻzi bilan almashtirilsin;
2-bandning ikkinchi xatboshidagi “tuman oʻsimliklarni himoya qilish boʻlimi, tuman yer tuzish va kadastr boʻlimi” soʻzlari “oʻsimliklarni himoya qilish tuman otryadlari, tuman yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
5-bandning ikkinchi xatboshi va 25-banddan “shirkat” soʻzlari chiqarib tashlansin;
6-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
V bob quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“V. Tanlov gʻoliblarining vazifalari, funksiyalari va javobgarligi
25. Tanlov gʻoliblarining asosiy vazifalari:
respublika ehtiyojini qondirish uchun navlar boʻyicha zarur miqdordagi, standart talablariga mos keluvchi nav urugʻlarining avlodlarini hisobga olgan holda yetishtirish;
koʻpaytirilayotgan navning qimmatli xoʻjalik, texnologik xususiyatlarini saqlab qolish;
yuqori sifatli va nav sofligiga ega boʻlgan super elita va elita urugʻlarini yetishtirish;
super elita va elita urugʻliklarini yetishtirish va qayta ishlash tartib va qoidalariga amal qilish;
nav mualliflari va nav originatorlari tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy asoslangan tavsiyalar asosida agrotexnik tadbirlarni belgilangan muddatlarda va meʼyorlarda sifatli oʻtkazilishini taʼminlash.
Tanlov gʻoliblari oʻzlariga yuklatilgan vazifalarga asosan quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
urugʻlik maydonlarini yuqori unumdor, mexanizmlar yordamida ishlov berishga qulay, suv bilan yaxshi taʼminlangan, shoʻrlanmagan va tekis dalalarda joylashtiradi;
almashlab ekish va agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida oʻtkazish dasturini tuzish va ularning hisobini olib boradi;
har bir gektar super elita va elita chigiti ekilgan maydonlarni bir mutaxassis hisobida bittadan yuqori malakali urugʻchi-mutaxassislar bilan taʼminlaydi;
super elita va elita maydonlarini ixcham qilib joylashtirish, belgilangan tartibda va maqbul muddatlarda oraliq himoya masofani saqlagan holda ekadi;
foydalanishga ruxsat etilgan preparatlar bilan zararsizlantirilgan urugʻlarni ekadi;
nav va tur tozaligi boʻyicha dala koʻrigi va oʻtogʻini yiliga kamida ikki marta oʻtkazishni tashkillashtiradi.
28-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi hamda” soʻzlar chiqarib tashlansin.
25—28-bandlar tegishincha 26—29-bandlar deb hisoblansin.
3. Mazkur oʻzgartish va qoʻshimchalar “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi bilan kelishilgan.
“Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi raisi F. OMONOV
Toshkent sh.,
2007-yil 28-fevral
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 13-son, 120-modda)