Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
BMT XAVFSIZLIK KENGASHI 1540-SON (2004) REZOLYUTSIYASINING BAJARILISHINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
BMT Xavfsizlik Kengashining davlatga qarashli boʻlmagan subyektlarning ommaviy qirgʻin qurollari va ularni yetkazib berish vositalarini olishining oldini olish, shuningdek ularning noqonuniy aylanishiga barham berish toʻgʻrisidagi 1540-son (2004) rezolyutsiyasini (keyingi oʻrinlarda Rezolyutsiya deb ataladi) bajarish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Bosh prokuraturasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Milliy xavfsizlik xizmati, Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, “Sanoatkontexnazorat” davlat agentligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda:
Keyingi tahrirga qarang.
ommaviy qirgʻin qurollari tarqalishining oldini olish masalalariga taalluqli barcha normativ-huquqiy hujjatlarni puxta xatlovdan oʻtkazsinlar;
zarurat boʻlganda milliy qonun hujjatlariga Rezolyutsiyadan kelib chiquvchi oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsinlar.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura:
davlatga qarashli boʻlmagan subyektlarning ommaviy qirgʻin qurollari va ularning komponentlarini, shuningdek ularni yetkazib berish vositalarini olishi imkoniyatining har qanday yoʻllarini istisno etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik rejimini taʼminlashga doir ishlarning ahvolini chuqur tahlil qilsinlar. Zarurat boʻlganda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatmaslik rejimini kuchaytirish yuzasidan tegishli takliflar kiritsinlar;
yadro quroli, kimyoviy qurollar va biologik qurollar hamda ularni yetkazib berish vositalari ishlab chiqarish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan moddalar, materiallar va buyumlarning saqlanishi, tashilishi ustidan nazoratni kuchaytirish yuzasidan qoʻshma chora-tadbirlar kompleksini xalqaro qoidalar va talablarni hisobga olgan holda ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va amalga oshirilishini taʼminlasinlar.
3. “Sanoatkontexnazorat” davlat inspeksiyasiga:
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi tegishli vazirliklari va idoralarining Rezolyutsiyani bajarish, shu jumladan ommaviy qirgʻin qurollari komponentlari va ularni yetkazib berish vositalari mavjud boʻlgan obyektlarni tabiiy muhofaza qilish rejimini hamda xavfsizlik tizimini kuchaytirishni tashkil etish, shuningdek ommaviy qirgʻin qurollarining har qanday turlari noqonuniy aylanishining oldini olish masalalari boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtirish;
tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Rezolyutsiya qoidalarining bajarilishi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy maʼruzalarni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik Kengashiga taqdim etish uchun oʻz vaqtida tayyorlash yuklansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 10-sentabr,
424-son