Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
XITOY XALQ RESPUBLIKASI BILAN HAMKORLIKNI YANADA RIVOJLANTIRISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Xitoy Xalq Respublikasining Raisi Xu Szintaoning Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi davomida (2004-yil 14—18-iyun) imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarini, doʻstlik va hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiya, ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo bitimlar, siyosiy, iqtisodiy, harbiy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish haqidagi erishilgan ahdlashuvlar toʻla koʻlamda va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tashrif davomida imzolangan bitimlarni va Xitoy Xalq Respublikasi bilan ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy, harbiy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan erishilgan ahdlashuvlarni amalga oshirish boʻyicha tadbirlar rejasi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligining:
Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasi uchun ajratilayotgan grantlari va kreditlari hisobiga moliyalashtiriladigan 2-ilovaga* muvofiq investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish;
* 2-ilova berilmaydi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarga berilayotgan moliyalashtirish doirasida ishlab chiqilayotgan 3-ilovaga* muvofiq loyihalar roʻyxati haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
* 3-ilova berilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 8-sentabrdagi 206-son qarori tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 34-36-son, 264-modda)
oʻn kun muddatda 2 va 3-ilovalarga muvofiq investitsiya loyihalarining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, ekspertiza qilish va Idoralararo kengash majlislarida tasdiqlash jadvalini tasdiqlasin;
Xitoy Xalq Respublikasi bilan hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishning maqbul sxemalari ishlab chiqilishini va, zaruriyat boʻlganda, ularni qoʻshimcha ravishda moliyalashtirish uchun qoʻshimcha tashqi qarz mablagʻlari jalb etish masalalari hal etilishini taʼminlasin;
Xitoy Xalq Respublikasining jalb etilayotgan grantlari va kreditlari hisobiga yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan belgilangan tartibda takliflar kiritsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy investitsiyalar departamenti:
vazirliklar va idoralarning Xitoy moliya institutlarining kredit liniyalari va grant yordami doirasida moliyalashtiriladigan loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha faoliyati muvofiqlashtirilishini, shuningdek ularning amalga oshirilishi ustidan muntazam monitoring olib borilishini;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Komlekslari bilan birgalikda barcha zarur tartibotlarning respublikaning vakolatli ekspertiza organlarida va tijorat banklarida amalga oshirilishi ustidan qatʼiy nazoratni;
qoʻshma loyihalarni amalga oshirish uchun xitoylik potensial yetkazib beruvchilarni ikkala davlatning amaldagi qonun hujjatlari hisobga olingan holda tanlab olinishi shartlarini Xitoy Xalq Respublikasining vakolatli idoralari bilan kelishib olish tartib-qoidalari amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ijtimoiy kompleksi (A.Azizxoʻjayev) bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi bilan Xitoy oʻrtasida taʼlim, madaniyat va ilmiy-texnik aloqalar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan tadbirlar rejasini tayyorlasin.
6. Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Xitoy hukumatlararo komissiyasining Oʻzbekistonga oid qismining tarkibi 4-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 4-ilova berilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi erishilgan ahdlashuvlarning amalga oshirilishini xalqaro ommaviy axborot vositalari, shuningdek Internet tarmogʻi kanallari orqali muntazam ravishda yoritsinlar.
8. Vazirlar Mahkamasining “Ikki tomonlama hukumatlararo va idoralararo komissiyalar, qoʻmitalar va kengashlar tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida” 1998-yil 14-dekabrdagi 520-son qaroriga 16-ilova oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M.Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 19-iyul,
338-son