Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
DINIY TAʼLIM MUASSASALARINING FAOLIYATINI LITSENZIYALASH TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga hamda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Diniy taʼlim muassasalarining faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Vazirlar Mahkamasining diniy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
*2-ilova berilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining diniy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasi ikki hafta muddatda:
Komissiya toʻgʻrisidagi nizomni;
Diniy taʼlim muassasasi pasporti shaklini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2004-yil 1-mart,
99-son
Diniy taʼlim muassasalarining faoliyatini
litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom diniy taʼlim muassasalari (diniy oʻquv yurtlari)ning faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Litsenziyalar berish va ularni bekor qilish, ularning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarorlar Vazirlar Mahkamasining diniy taʼlim muassasalari faoliyatini litsenziyalash komissiyasi (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb yuritiladi) tomonidan qabul qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiya faoliyati Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq tashkil etiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Komissiyaning ishchi organi funksiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb yuritiladi) amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Faqat yuridik shaxslar litsenziya talabgori boʻlishlari mumkin.
5. Diniy taʼlim sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.
6. Diniy taʼlim sohasida faoliyatni amalga oshirishga litsenziya 5 yil muddatga beriladi. Litsenziya faqat litsenziya talabgorining arizasiga koʻra 5 yildan kam muddatga berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
II. Litsenziya talablari va shartlari
7. Quyidagilar diniy taʼlim sohasida faoliyatni amalga oshirishning litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga majburiy rioya qilish;
litsenziya talabgorida litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish uchun belgilangan talablarga javob beruvchi mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan unga tegishli boʻlgan binolar (xonalar) mavjud boʻlishi;
diniy fanlarning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan oʻquv konsepsiyasi, oʻquv rejalari va dasturlariga muvofiq oʻqitilishi;
voyaga yetmagan shaxslarni ularning irodasiga, ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar (vasiylar)ning xohishiga xilof ravishda oʻqitishga, taʼlim jarayonida urush, zoʻravonlik, prozelitizm va har qanday missionerlik faoliyati targʻib qilinishiga, mamlakat xavfsizligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlik, jamiyatning huquqiy va maʼnaviy asoslari, fuqarolar tinchligi, millatlararo va dinlararo totuvlik buzilishiga, Oʻzbekiston toʻgʻrisida notoʻgʻri axborotlar tarqatilishiga hamda uning tarixiy, madaniy va maʼnaviy boyliklari buzib koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik;
diniy taʼlim muassasalarida diniy fanlarning diniy maʼlumotga hamda diniy tashkilotlarni boshqarish tegishli markaziy organining ruxsatnomasiga ega boʻlgan shaxslar tomonidan oʻqitilishi;
bitiruvchilari diniy fanlarni oʻqitishga qoʻyilishi mumkin boʻlgan diniy taʼlim muassasalari, shu jumladan xorijiy diniy taʼlim muassasalari roʻyxatini ishchi organ bilan kelishish;
diniy fanlarni oʻqitayotgan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita bilan kelishilgan muddatlarda davriy attestatsiyadan oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan davlat taʼlim standartlari va talablariga muvofiq dunyoviy fanlarni oʻqitish;
oʻquv jarayonini taʼminlash uchun zarur moddiy mablagʻlar (yoki ularning aniq manbalari) mavjud boʻlishi;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga, uning talabiga koʻra, litsenziyalanadigan faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq zarur axborotlar berish;
oʻquv jarayonida chet elda nashr etilgan, belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtgan diniy adabiyotdan foydalanish;
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirishlar oʻtkazilganda litsenziyani nazorat organlariga koʻrsatish.
8. Litsenziya bitimida ushbu Nizomning 7-bandida sanab oʻtilganlardan kelib chiquvchi aniq litsenziya talablari va shartlari nazarda tutilishi mumkin.
III. Litsenziya olish uchun zarur boʻlgan hujjatlar
9. Litsenziya olish uchun litsenziya talabgori quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami, litsenziyalanadigan faoliyat turi koʻrsatilgan litsenziya berish toʻgʻrisidagi ariza;
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
Keyingi tahrirga qarang.
diniy tashkilotlarni boshqarish markaziy organining iltimosnomasi;
Komissiya tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha diniy taʼlim muassasasi pasporti;
Keyingi tahrirga qarang.
litsenziyalanadigan faoliyat amalga oshiriladigan binolar (xonalar)ga mulk huquqini yoki boshqa ashyoviy huquqni, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan binolar (xonalar)ning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlar;
mavjud binolar va xonalarning yongʻin xavfsizligi qoidalari talablariga va sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqligi toʻgʻrisida yongʻindan saqlash va sanitariya-epidemiologiya organlarining xulosalari;
Keyingi tahrirga qarang.
oʻquv konsepsiyasi, oʻquv rejalari va dasturlari;
oʻquv jarayonini taʼminlash uchun zarur boʻlgan moddiy mablagʻlar (yoki ularning aniq manbai)ning mavjudligini tasdiqlovchi hujjatlar;
bitiruvchilari diniy fanlarni oʻqitishga qoʻyilishi mumkin boʻlgan diniy taʼlim muassasalari, shu jumladan xorijiy diniy taʼlim muassasalari roʻyxati;
diniy fanlarni oʻqituvchi shaxslarning diniy maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatlarning va mazkur faoliyatni amalga oshirishga diniy tashkilotlarni boshqarish markaziy organi ruxsatnomalari nusxasi;
ariza koʻrib chiqilganligi uchun litsenziya talabgori tomonidan yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
10. Litsenziya talabgoridan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarning taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya talabgori tomonidan ishchi organga bevosita yoxud olinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan pochta aloqa vositasi orqali yetkazib beriladi.
Hujjatlar ishchi organning masʼul shaxsi tomonidan roʻyxat boʻyicha qabul qilinadi, roʻyxatning nusxasi hujjatlar qabul qilib olingan sana toʻgʻrisida belgi qoʻyilgan holda litsenziya talabgoriga yuboriladi (topshiriladi).
12. Notoʻgʻri yoki buzilgan maʼlumotlar taqdim etilganligi uchun litsenziya talabgori qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
IV. Arizalarni koʻrib chiqish va litsenziya berish yoki litsenziya
berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
berishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilish
13. Litsenziya talabgori arizasi koʻrib chiqilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining besh baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziatning litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim summasi ishchi organning hisob raqamiga oʻtkaziladi. Litsenziya talabgori berilgan arizadan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
14. Diniy taʼlim muassasalarining faoliyatini litsenziyalash ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror litsenziya talabgorining arizasi olingan kundan boshlab oʻttiz kundan ortiq boʻlmagan muddatda qabul qilinadi.
Ishchi organ ariza olingan kundan boshlab yigirma kundan ortiq boʻlmagan muddatda hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular boʻyicha ekspert xulosasi tayyorlaydi hamda litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga taklif taqdim etadi.
Komissiya ishchi organning taklifi olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda uni koʻrib chiqadi hamda qabul qilingan qaror protokolini tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan tegishli qaror protokoli Komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
15. Ishchi organ tegishli qaror qabul qilingandan keyin uch kun muddatda litsenziya talabgorini qabul qilingan qaror toʻgʻrisida xabardor qiladi.
Litsenziya berishga qaror qilinganligi toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga bank hisob raqami rekvizitlari, davlat boji toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziya berish toʻgʻrisida qabul qilingan qaror toʻgʻrisidagi bildirishnoma bilan bir vaqtda litsenziya talabgoriga imzolash uchun litsenziya bitimi yuboriladi.
Litsenziyalovchi organ va litsenziatning oʻzaro huquq va majburiyatlarini belgilovchi litsenziya bitimi ishchi organ bilan litsenziat oʻrtasida tuziladi, unda quyidagilar boʻlishi kerak:
bitimni imzolagan shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi, lavozimi;
tomonlarning rekvizitlari;
amalga oshirilishiga litsenziya berilayotgan faoliyat turining nomi;
litsenziyaning amal qilish muddati;
litsenziatga qoʻyiladigan litsenziya talablari va shartlari;
litsenziya bitimi talablari va shartlari buzilganligi uchun tomonlarning javobgarligi;
litsenziat tomonidan litsenziya bitimi talablari va shartlari bajarilishini ishchi organ tomonidan nazorat qilish tartibi.
Litsenziya bitimi ikki nusxada — litsenziat va litsenziyalovchi organ uchun bir nusxadan tuziladi.
16. Litsenziyalar blankalari qatʼiy hisobda turadigan hujjatlar hisoblanadi, hisobga olish seriyasiga, tartib raqamiga va himoyalanganlik darajasiga ega boʻladi. Litsenziya blankasi namunasi ishchi organ tomonidan ishlab chiqiladi, Komissiya tomonidan tasdiqlanadi va ishchi organ buyurtmanomasiga koʻra “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasida tayyorlanadi. Litsenziya blankalari hisobga olinishi, saqlanishi va maqsadli foydalanilishi uchun masʼuliyat ishchi organ rahbariga yuklanadi.
Litsenziyalar ishchi organ tomonidan rasmiylashtiriladi va Komissiya raisi tomonidan imzolanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
17. Litsenziya litsenziya talabgori tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan keyin uch kun muddatda beriladi.
18. Agar litsenziat litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi bildirishnoma yuborilgan (topshirilgan) vaqtdan boshlab uch oy mobaynida ishchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasa yoxud litsenziya bitimini imzolamasa Komissiya litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
19. Litsenziya berish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha rad etilishi mumkin.
Litsenziya talabgori ishchi organning litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qarori, shuningdek ishchi organ mansabdor shaxsining xatti-harakati (harakatsizligi) yuzasidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga egadir.
20. Litsenziya berish rad etilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgori koʻrsatib oʻtilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran koʻrib chiqishga taqdim etishi uchun yetarli boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Keyingi tahrirga qarang.
21. Litsenziya talabgori tomonidan litsenziya berish rad etilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, hujjatlarni takroran koʻrib chiqish litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab oʻn kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bunda ishchi organ hujjatlar takroran taqdim etilgandan keyin yetti kun mobaynida ular yuzasidan ekspert xulosasi tayyorlaydi va litsenziya talabgoriga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisida tegishli qaror protokoli loyihasi bilan tasdiqlash uchun Komissiyaga taklif taqdim etadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Komissiya ishchi organning taklifi olingandan keyin uch kun muddatda uni koʻrib chiqadi va qabul qilingan qaror protokolini tasdiqlaydi. Komissiya tomonidan qabul qilingan qaror protokoli Komissiya raisi (uning oʻrinbosari) tomonidan imzolanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran koʻrib chiqilganligi uchun yigʻim undirilmaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
Litsenziya berish rad etilganligi toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat oʻtgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.
V. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal
qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
qilish muddatini uzaytirish, dublikat berish
22. Litsenziat qayta tashkil etilgan, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgargan taqdirda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtkazilgandan keyin bir hafta muddatda ishchi organga koʻrsatib oʻtilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza berishi shart.
Keyingi tahrirga qarang.
23. Litsenziat litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar unda koʻrsatilgan faoliyatni ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi.
24. Litsenziyani qayta rasmiylashtirishda ishchi organ litsenziyalar reyestriga tegishli oʻzgartirishlar kiritadi. Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish ishchi organ tomonidan tegishli hujjatlar ilova qilingan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza olingan kundan boshlab besh kun mobaynida amalga oshiriladi.
Litsenziyalarni qayta rasmiylashtirishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
25. Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish litsenziatning arizasiga koʻra amalga oshiriladi.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ishchi organga litsenziyaning amal qilish muddati oʻtgunga qadar ikki oydan kechikmay berilishi kerak.
Litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish yoki uzaytirishni rad etish haqidagi qaror litsenziya berish uchun nazarda tutilgan tartibda qabul qilinadi.
26. Amal qilish muddati oʻtmagan yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan litsenziya oʻrniga litsenziatning arizasiga koʻra uning dublikati berilishi mumkin.
Litsenziya dublikati berishda litsenziya talabgorining litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilganligi uchun toʻlanadigan summaning yarmi miqdorida yigʻim undiriladi. Yigʻim summasi ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
VI. Litsenziya talablari va shartlariga rioya
etilishini nazorat qilish
etilishini nazorat qilish
27. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
28. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirishda ishchi organ oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziat tomonidan litsenziya talablari va litsenziya bitimlari shartlariga rioya etilishini rejali tekshirish;
litsenziya talablari va shartlari litsenziat tomonidan buzilganligidan dalolat beruvchi hollar mavjud boʻlgan taqdirda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda litsenziatlar tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini rejadan tashqari tekshirish;
litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirish chogʻida paydo boʻladigan masalalar yuzasidan litsenziatdan zarur axborotni soʻrash va olish;
tekshirishlar natijalari asosida, litsenziya talablari va shartlarining aniq buzilishlarini koʻrsatgan holda dalolatnomalar (maʼlumotnomalar) tuzish;
litsenziatga aniqlangan buzilishlarini bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlar chiqarish, bunday buzilishlarni bartaraf etish muddatlarini belgilash;
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish yoxud uni bekor qilish toʻgʻrisida Komissiyaga taklif kiritish.
Keyingi tahrirga qarang.
29. Litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishda ishchi organ xodimlari tomonidan ikki nusxada dalolatnoma tuziladi, ularning bittasi litsenziatga beriladi, ikkinchi nusxasi litsenziyalovchi organda qoladi.
VII. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish,
toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
toʻxtatish, litsenziyani bekor qilish
30. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda ishchi organ tomonidan amalga oshiriladi.
Ishchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, ishchi organ litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
.
31. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
32. Litsenziyani bekor qilish “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 24-moddasida nazarda tutilgan hollarda va tartibda Komissiya qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Komissiyaning litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Litsenziyani bekor qilish asossiz ekanligi sud tomonidan eʼtirof etilgan taqdirda, Komissiya litsenziat oldida litsenziat koʻrgan zarar miqdorida javob beradi.
Keyingi tahrirga qarang.
VIII. Litsenziyalar reyestri
33. Ishchi organ litsenziyalar reyestrini yuritadi.
Reyestrda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
yuridik shaxsning nomi, uning tashkiliy-huquqiy shakli, pochta manzili, telefoni;
litsenziyalarning berilgan sanasi va tartib raqami;
litsenziyalarning amal qilish muddati;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilish muddatini uzaytirish, toʻxtatib turish va tiklashning asoslari va sanasi;
litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatish asosi va sanasi;
litsenziyalarni bekor qilishning asosi va sanasi;
dublikat berish asosi va sanasi.
34. Litsenziyalar reyestridagi maʼlumotlar ular bilan yuridik va jismoniy shaxslarning tanishishi uchun ochiq hisoblanadi, ular toʻlov asosida ishchi organdan aniq litsenziatlar toʻgʻrisida litsenziyalar reyestridan koʻchirmalar sifatida axborot olishlari mumkin.
Litsenziyalar reyestridan maʼlumot berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdoridagi toʻlov ishchi organ hisob raqamiga oʻtkaziladi.
Litsenziyalar reyestridan maʼlumotlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga bepul beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
IX. Davlat boji toʻlash tartibi
35. Diniy taʼlim muassasalariga litsenziya berilganligi va uning amal qilish muddati uzaytirilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida davlat boji undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Davlat boji respublika budjeti daromadiga oʻtkaziladi.
Diniy taʼlim muassasalarining faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
SXEMASI
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 9-son, 106-modda; 2006-y., 20-21-son, 181-modda; 2012-y., 6-son, 57-modda, 44-son, 507-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.10.2018-y., 09/18/884/2128-son, 23.02.2019-y., 09/19/161/2600-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 20.11.2021-y., 09/21/694/1075-son; 22.02.2022-y., 09/22/80/0154-son)